OFK prezidenti Jahongir Usmonov bilan uchrashdi
14 may 2022 14:23
Yangiliklar
OFK prezidenti Jahongir Usmonov bilan uchrashdi
Martabali mehmonga tashkilot Bosh kotibi Datuk Seri Vindsor Jon va uning o'rinbosari Voxid Kardani, shuningdek, bir necha masullar hamrohlik qilishyapti. OFK prezidenti tashrif doirasida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi, mamlakat futbol associaciyasida bo'lib, bir nechta rasmiy tadbirlarda ishtirok etdi. SHayx Salmon O'zbekistonda futbolni rivojlantirish yo'lida olib borilayotgan islohotlar, xususan, kelasi oy Toshkent va Qarshi shaharlarida o'tkaziladigan 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishdi, mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qildi.
SHuningdek, Osiyo futboli rahbarining taklifi bilan O'zbekiston futbol associaciyasi Ijroiya qo'mitasi azosi, yurtimiz futzali rivojiga katta hissa qo'shgan Jahongir Usmonov bilan ham uchrashuv o'tkazildi. "Hilton" mehmonxonasida o'tgan uchrashuvda SHayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa O'zbekiston futboli, xususan futzali va albatta marhum Mirabror Usmonov haqida iliq fikrlarni bildirdi.
- Avvalo, siz bilan ko'rishib turganimdan xursandman, - deya so'z boshladi OFK prezidenti. -Otangiz bilan juda yaqin do'st edik. Mirabror Usmonov nafaqat O'zbekiston va Osiyo, balki butun dunyo sportida ham o'z o'rniga ega tarixiy inson edi. U kishining jahon sporti rivojiga qo'shgan xissasi juda katta. Bunday insonlar jahon sportida barmoq bilan sanarli. Bir narsani alohida mamnuniyat bilan aytishim kerak, biz o'zaro hamkorlik masalalarida rasmiyatchilik uchun ham memorandumlar imzolamasdik. Og'zaki suhbatlarimiz amalda hujjat vazifasini bajarardi. Bir-birimizni juda yaxshi tushunar edik. OFK va O'zbekiston o'rtasidagi kelishuvlarimizning bari amalga oshgan. Bizning sohada bunday so'zida turadigan insonni shaxsan men ko'rmaganman. SHu sababli ham Mirabror Usmonovga hurmatim juda baland edi. Uning O'zbekistonda amalga oshirgan xayrli va xayriya ishlarini ko'pchilik bilishi mumkin. Lekin ayrim musulmon davlatlarning kambag'al qatlami uchun qilgan yordamidan sanoqli odamlarning xabari bor. Ichimlik suvi chiqarish, ko'prik qurish va hokazo xayriya ishlari keng ommaga oshkor qilinmagan. Bulardan mening xabarim bor edi. Farzand sifatida siz otangiz amalga oshirgan ishlarni bilishingiz lozim. Usmonovning vafotidan keyin ilk bor O'zbekistonga keldim va guvohi bo'ldimki, o'sha paytda boshlangan islohotlar munosib tarzda davom ettirilyapti. U 23 Osiyo chempionati final bosqichi mezbonligi ham bejiz yurtingizga berilmadi. Bugungi kunda Sanjar Rizaev OFKda samarali ishlayapti. Uning Mirabror Usmonov qo'lida ishlagani hozirda o'ziga katta yordam beryapti.
Qizg'in kechgan suhbat chog'ida janob Salmon yurtimizdagi o'zgarishlar, Toshkent shahri qiyofasining keskin o'zgarganini alohida urg'uladi.
"O'zbekiston nafaqat sport, balki boshqa jabhalarda ham o'sishga erishyapti. Iqtisodiyoti sezilarli tarzda o'sgan. Bu o'zgarishlarni anglash uchun iqtisodchi bo'lish shart emas. Toshkent shahri chiroy ochib boryapti. SHahar markazida qad rostlayotgan "Toshkent Siti", osmono'par binolar, yashil zonalar fikrimni isbotlaydi. Aeroportdan chiqishingiz hamonoq bu o'zgarishlar ko'zga tashlanadi".
Uchrashuv yakunlanganidan so'ng biz Jahongir Usmonov bilan qisqa suhbat qildik.
- Jahongir Mirabrorovich, bugungi uchrashuvdan qanday taassurot qoldi?
- Ochig'ini aytaman, SHayx Salmonni bu darajada oddiy, samimiy inson deb o'ylamagandim. Uchrashuvga taklif olganimda, alohida tayyorgarlik bilan boraman deb harakat qildim. Lekin suhbatimiz boshlanishi bilan bu inson haqidagi fikrim tamomila o'zgardi. Kiyinishidan hech kim uni Qirollik oilasi vakili deb o'ylamaydi. Juda oddiy kiyinib olgani, kechki taom vaqtidagi oficiant bilan muomalasidan xayron qoldim. Rahmatli otam haqida shu kungacha bilmagan malumotlarni oldim. Ha, ajablanishingiz mumkin, lekin bu aynan shunday. Otam insonlarga qilgan yaxshiliklarini aytmasdilar.
- Futbolimizning bugungi kuni haqida qanday fikrdasiz?
- Superliga, Pro-liga, birinchi liga, mamlakat kubogi, turli yosh toifasidagi chempionatlarning muntazam o'tkazilayotgani kishini xursand qiladi. PFL direktori Diyor Imomxo'jaev yaxshi ishlayapti. Futzal bo'yicha chempionatimiz ham haqida ham shu fikrdaman. Orada ikki yil pasayish kuzatildi. Lekin Xose Mariya Mendesdan ko'p narsa o'rgangan Bahodir Ahmedov bu bilimlarini amaliyotga tadbiq eta boshladi. Terma jamoamizning natijalari ham fikrimga isbot bo'lsa kerak. Avlodlar almashinuvi davrida hamma terma jamoalarda ham shunday holat kuzatiladi.
- O'zbek futzaliga yangi ob-havo olib kira olgan "Ardus" klubini qayta ochish rejasi bormi?
- Hozircha yo'q. Lekin hech qachon hech qachon dema deganlaridek, bu mavzuda yakuniy qarorni aytmayman. O'sha paytda asosiy maqsadimiz istedodli yoshlarni tarbiyalab, boshqa klublarimizga berish bo'lgan. Ular uchun esa pul olmaganmiz. Endi bu ishga astoydil kirishish kerak. SHunchaki, klubni ochib qo'yib, uni kimgadir topshirib, masofadan boshqarish menga to'g'ri kelmaydi. Jamoa bilan birga yashash kerak. Hozirgi holatda bunga tayyor emasman.
Fikrlar