

Mazkur memorandum asosida yurtimizdagi Oliy talim muassasalari o'rtasida futbol bo'yicha “O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Kubogi” musobaqalarini o'tkazish Nizomi tasdiqlan.
Bugun, O'FA majlislar zalida ushbu musobaqa tashkiliy qo'mitasining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda O'FA va O'zPFL xodimlari, hududiy federatsiya rahbarlari, Oliy va maxsus-o'rta talim vazirligi vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Bosh kotibi Sardor Raxmatullaev, Professional Futbol Ligasi Bosh direktori Omon G'afurov musobaqaning mohiyati, tashkil etish va o'tkazish qonun-qoidalari xususida gapirar ekan, mazkur musobaqani o'tkazishdan ko'zlangan maqsad yoshlarni manaviy boy va jismonan sog'lom etib tarbiyalash, ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tishini taminlash, yoshlarni sog'lomlashtirish uchun futbol o'yinlariga jalb etish, ular orasidan iqtidorlilarini tanlab olib, turli terma jamoalarga tavsiya etishdan iborat ekanligini takidlashdi.
O'FA Kubogi musobaqasi 3 bosqichda o'tkazilib, yakunda g'olib aniqlanadi va musobaqa tashkilotchilari tomonidan taqdirlanadi. Musobaqaning 1-bosqichi shu yilning mart oyida boshlanib, unda hududlarda joylashgan Oliy o'quv yurtlari futbol jamoalari uy-mehmon tizimida bahs olib borishadi.
2-bosqich aprel oyida to'rt mintaqada tashkillashtiriladi. Unga ko'ra Namangan shahrida Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatlari bo'yicha 1-bosqich g'oliblari o'zaro kuch sinashishsa, qolgan mintaqalar quyidagicha taqsimlangan: Samarqanda shahrida Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand, Urganch shahrida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm, Toshkent shahrida esa Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahri vakillari kurash olib borishadi.
3-bosqich - final qismi may oyida poytaxtda o'tkaziladi. Tabiiyki, unda 2-bosqich g'oliblari bosh sovrin uchun maydonga tushishadi.



