Odil Ahmedov: Faoliyatimni Navbahorda yakunlasam kerak
10 jan 2016 18:00
Yangiliklar
Odil Ahmedov: Faoliyatimni Navbahorda yakunlasam kerak
Hamkasblarimiz yarim himoyachi bilan o'tgan mavsum va keyingi rejalar haqida suhbatlashishdi.
- Terma jamoa sardori sifatida taassurotlaringiz qanday?
- Sardorlik bog'ichi har bir futbolchi zimmasiga ulkan masuliyat yuklaydi. Mamlakat terma jamoasini o'z ortidan ergashtirish oson ish emas. Maydondagi futbolchilar, qolaversa zaxira o'rindig'idagilar ham, sardorning o'yinidan kelib chiqib to'p tepishadi. Agar sardor yaxshi o'yin ko'rsatmasa jamoa o'yiniga ham bu o'z tasirini o'tkazishi mumkin. Terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan birga Paxtakor jamoasida ham faoliyat olib borganman. O'sha kezlarda murabbiy jamoa sardori o'zini qanday tutishini va jamoani ortidan qanday ergashtirishni o'rgatgan. SHu bois terma jamoada ham o'rganganlarim as qotmoqda. Babayan boshchiligida termamiz beshta o'yinda beshta g'alabaga erishdi. Albatta, bu yaxshi ko'rsatkich. Kelgusi o'yinlarda ham ijobiy natijalar qayd etib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Samvel Babayanning takidlashicha ayni paytdagi terma jamoa 25 yil ichidagi eng kuchli terma jamoa ekan. Bunga munosabatingiz?
- Haqiqatdan ham hozirgi terma jamoa avvalgilaridan kuchliligini bosh murabbiydan tashqari ko'pchilik takidlamoqda. Hatto futbolchilar bilan bir qatorda muxlislar ham shunday fikrda. SHu bois Rossiyada bo'lib o'tadigan jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritib, haqiqatdan ham kuchli terma ekanligimizni isbotlamoqchimiz. Bizni qo'llab-quvvatlab turganlarning ishonchini oqlab mundial yo'llanmasini qo'lga kiritamiz, degan umiddamiz.
- Yanvar oyida Qatarda yoshlarimiz Osiyo chempionati bahslariga kirishishadi. Olimpiya terma jamoasi haqida fikringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- O'zbekiston futbol federaciya prezidenti Mirabror Zufarovich tomonidan qo'yilgan eng katta vazifa bu - Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritish. Olimpiyachilarimizning bu vazifani uddalay olishlariga ishonaman. Murabbiylar tomonidan qo'yilgan barcha talablarni yoshlarimiz bajarishsa, albatta, Olimpiya o'yinlarida ishtirok etamiz.
- O'zbek futbolchisining Evropa ligasi musobaqasida ishtirok etishi katta yutuq. Odil Krasnodar jamoasida o'ynash qiyinchilik tug'dirmayaptimi?
- Osiyo futboli bilan Evropa futboli o'rtasida farq bor. Albatta, qiyinchiliklar bor. CHunki, kuchli jamoaga qarshi to'p tepish o'z-o'zidan bo'lmaydi. SHu bilan bir qatorda Evropada to'p surishning o'zgacha zavqi ham bor. Evropada kurashlarga bosh haqiqiy erkakcha futbol o'ynaladi. Futbol muhiti, muxlislar olqishi o'zgacha. Osiyoda esa bazi davlatlarda arabcha futbol o'ynaladi. Ayyorlik vaqtni cho'zish singari holatlar Evropada kuzatilmaydi. SHuning uchun, garchi qiyin bo'lsada, futboldan zavqlanganim uchun qiyinchiliklar sezilmaydi.
- Kelajakda kuchli beshlik chempionati jamoalari safida to'p tepishni istarmidingiz?
- Albatta, agar imkoniyat bo'lsa kuchli beshlik chempionatida ham o'z kuchimni sinab ko'rardim. Holbuki, Rossiyada ham futbolga jiddiy etibor qaratilgan. Jamoalar kuchli legionerlarni saflari qo'shib olishmoqda.
- Futbolchilik faoliyatini yakunlagach murabbiylik sohasida ish olib borasizmi?
- Ayni paytda rejalarim orasida murabbiylik bilan shug'ullanish yo'q. CHunki, bu kasb qanchalik mashaqqatli ekanligini juda yaxshi bilaman. Balki kelajakda fikrim o'zgarib, o'zimni murabbiylik sohasida sinab ko'rishib ham mumkin. Buni vaqt ko'rsatadi. Ayni paytda futbolchi bo'lganim uchun bu haqida jiddiy o'ylab ko'rmaganman.
- Orzularingiz haqida gapirib o'tsangiz.
- Har bir kishi hayotda nimanidir orzu qilib yashaydi. Eng katta maqsadlarimdan biri O'zbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etish. Xudo xohlasa, buni albatta uddalaymiz, degan umiddaman. Yoshligimda professional futbolchi bo'lishni orzu qilardim. Xudoga shukr, bu orzumga etishdim.
- Yurtimizda futbol bilan shug'ullanayotgan yoshlarga qanday maslahat berasiz.
- Yurtimizda sportga, ayniqsa, futbolga bo'lgan etibor hukumat darajasiga olib chiqildi. Yoshlar sport bilan shug'ulanishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Ulardan faqat o'z ustida ishlash talab qilinadi xolos. Yosh futbolchilarga maslahatim har qanday qiyinchiliklarni engib o'tib, mukammal sportchi bo'lishsin. O'zbekiston iqtidorlar diyori hisoblanadi. SHu bois yoshlar ko'proq mehnat qilishsa, albatta, maqsalariga etishadi.
- Hozirgi yoshlarga yaratilgan sharoitlar haqida nima deya olasiz?
- Hozirda mamlakatimiz yoshlari baxtli. CHunki, ularga yoqtirgan sport turlari bilan shug'ullanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Bizning yoshligimizda birorta musobaqada ishtirok etish uchun xorijga chiqish, juda katta muammo bo'lgan. Hozir esa buning aksi. Yoki bo'lmasa futbol o'ynash uchun oddiy maydonlar ham yo'q edi. Hozir esa deyarli har bir mahallada kichik futbol maydonlari barpo etilgan. Faqat yoshlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishsa bo'lgani.
- O'zingizni qaysi mashhur futbolchiga o'xshatasiz?
- To'g'risi, biror-bir futbolchiga o'xshashni yoqtirmayman. Ampluadoshimlarim orasida yoqtirgan futbolchilarim bor. Misol uchun Barselona jamoasidan Andres Inesta o'yinlaridan zavqlanaman. Mohir futbolchilarning yaxshi taraflarini o'zlashtirishga harakat qilaman.
- Odil ayni paytda tatildasiz. Dam olish qanday o'tyapti?
- Tatilning ko'p qismini oila davrasida o'tkazyapman. CHunki, faoliyatimni xorijda olib borganim sabab oilamdan uzoqda bo'lish talab etiladi. SHu sabab yurt sog'inchini bosishga harakat qilyapman.
- Qachondir Siz uchun begona bo'lmagan Navbahor jamoasi safida to'p tepishingiz mumkinmi?
- Albatta, namanganlik bo'lganim uchun Navbahor jamoasiga befarq emasman. Namanganlik futbol muxlislari cheksiz hurmatga loyiq. Bu erda futbolni juda qattiq yoqtirishadi. Balki futbolchilik faoliyatimni yakunlashim Navbahor jamoasi bilan bog'liq bo'lar. Buni vaqt ko'rsatadi.
- Barchaga malum Namangan viloyati iqtidorlarga boy. Kelajakda Namanganda futbol maktabi ochish niyatingiz bormi?
- Bu haqida avval ham aytib o'tgandim. Haqiqatdan ham Namanganda iqtidorli futbolchilar ko'pchilikni tashkil etadi. Albatta, kelajakda Namanganda futbol maktabi ochish rejam bor.
- Yilning eng yaxshilarini aniqlashda terma jamoa sardorlari ham ovoz berishadi. Sir bo'lmasa Siz kimlarga ovoz berdingiz?
- Eng yaxshi futbolchi sifatida Messini, eng yaxshi murabbiy deb esa Gvardiolani tanladim.
Muhammadjon ISMATULLAEV, Ikromjon DEDASHEV suhbatlashdi.
Fikrlar