So’nggi yangiliklar

09:10Миллатлар лигаси. Португалия - Хорватия, Роналду терма жамоа сафидаги 131-голини урди  0 08:58Дахшатли нархлар. "Барселона" мухлисларга футболкаларни тарихдаги энг қиммат нархларда сотмоқда   1 08:30ЖЧ саралаши. Аргентина - Чили, Аргентина ўз уйида йирик ғалаба қозонди, Ди Мариа терма жамоа билан хайрлашди  2 08:26Машариповнинг голи, Юсуповнинг қаҳрамонлиги. Ўзбекистон - КХДР учрашувидан ГАЛEРEЯ  0 07:59Роналду: "Португалиянинг Евро-2016даги ғалабаси жаҳон чемпионатидаги ғалабага тенг"  10 07:28Миллат қаҳрамонлари! ФИФАнинг энг кучсиз жамоаси тарихида илк бор расмий учрашувида ғалаба қозонди  6 01:47Миллатлар лигаси. Роналду 900-голини урган ўйинда Португалиядан ғалаба ва бошқа натижалар  6 01:10Сенсация! Манчинининг Саудияси Индонезияни мағлуб қила олмади  6 00:55Жалолиддин Машарипов: "Ўйинимиздан кўнглим тўлмади, бундан яхшироқ ўйнай оламиз"  4 00:36Бу даҳшат! Роналду фаолиятидаги 900-голини урди  10 00:22Ўзбекистон термасида Сречко Катанец қўл остида илк марта шундай ҳолат кузатилди  11 00:05Шерзод Насруллаев: "Майдоннинг ҳолати яхши эмаслиги бугунги ўйинга таъсир қилди"  18 23:40Элдор Шомуродов: "Ҳар бир учрашувда фақатгина уч очко учун ўйнаймиз"  9 23:22ЖЧ саралаши. Эрондан кичик ғалаба, БАА Қатарда камбек амалга оширди  21 22:59Миллатлар лигаси старт олмоқда! Португалия - Хорватия ва бошқа учрашувларнинг асосий таркиблари билан танишинг  4

Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yil davom etadi, Odilni men kashf qildim deguvchi murabbiylar va Nepomnyashiyning xotiralari Yangiliklar

Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yil davom etadi, Odilni men kashf qildim deguvchi murabbiylar va Nepomnyashiyning xotiralari

Oliy liganing 1-davra o'yinlari ancha qiziqarli kechdi. Bu paytga kelib Odil Ahmedov tilga tusha boshladi.

Lekin uni Rauf Inileev Osiyo Kubogiga boradigan yakuniy tarkibga kiritmadi. Endi bevosita Ahmedov haqida. Men u bilan qanday tanishdim va uni qanday kashf qilishdi?


Kim bilan gaplashma, Odilni kashf qilganini aytib beradi. Babayan, Agamurodov, Abramov...


Aslida qanday bo'lgan? Aslida, har bir murabbiyning o'ziga yarasha hissasi bor. Ammo aniq bir kishi kashf qilgan deb bo'lmaydi. Xullas, 2005 yil Samvel Babayan Olimpiya zaxiralari kollejiga selekciya uchun tashrif buyuradi. O'zi bilan Tachmurod Agamurodovni ham olgan. Ikkiga bo'linib o'ynayotgan jamoa ichida Agamurodov Odilni Babayanga tavsiya qiladi. Babayan o'z navbatida uni “Paxtakor”ga jalb qiladi. 2006 yil uni Abramov OTJga taklif qiladi. Valeriy Nepomnyashiy esa O'zbekiston Kubogida unga imkoniyat beradi va “Qizilqum” – “Paxtakor” o'yinida asosiy tarkib bilan qolishini aytadi. 2-bo'limda Uche o'rniga Magdeev tushadi. 84-daqiqada Ildar jarohat oladi, uning o'rniga Ahmedov tushadi. SHundan keyin Valeriy Kuzmich sekin-asta uni asosiy tarkibga qo'ya boshlaydi. Aynan u aslida “Paxtakor”da imkoniyat bergan insondir. Lekin faqat ugina Odilni kashf bo'lishida o'zining hissasi yo'qligini aytgan. 2014 yil ijodiy safar bilan Moskvaga borganimda, Valeriy Kuzmich bilan CSKA ofisida ko'rishganmiz. SHunda men u kishiga “Odil uchun Sizga katta rahmat”, deganimda, uning javobidagi kamtarlikka besh ketganman. “Men uni bor yo'g'i asosiy tarkibga qo'ydim, qolgani o'zining mehnati”. SHaxsan men Odilning muvaffaqiyatida hamma murabbiylarning o'rni bor deb bilgan holda Nepomnyashiy xizmatini yuqoriroq baholayman.


Yana bir bo'lgan voqea Odil bilan. U juda qiynalgan oiladan chiqqanini barchangiz bilasiz.


“2005 yil JAR stadionida “Lokomotiv” mashg'ulot o'tkazardi. Ravshan Muqimov va To'ra SHoymardonov gaplashib turishibdi. SHoymardonov Odilga javob berib yuborish kerakligini, Muqimov esa bu bolada nimadir ko'rayotganini, uni “Lokomotiv”da olib qolish kerakligini tinmay gapirar edi. Keyin “Paxtakor” bazasiga borganimda bir bola ko'zimga tanish. Oldiga borib “Sen “Lokomotiv”dagi bolamisan” deb so'radim, “Ha” dedi. Yaxshi ham o'shanda “Lokomotiv” uni ketkazib yuborgan ekan. Keyin “Paxtakor”da gullab ketdi. Oradan yillar o'tib “Lokomotiv”ning o'sha paytdagi rahbariyati qarori qanchalik noto'g'ri bo'lganini kelajak ko'rsatdi”, — deya xotirlab bergandi hozir “Paxtakor” muxlislar klubi sardori aka Ilhom.


Men esa uni Behzod Nazarov bilan tanishtirganman. Bir kuni o'qishda Odildan intervyu olishga kelishib qo'ydik. Seni so'radi, suratlari bo'lsa chiqarib berar ekansan. Men unga qo'shilib “O'zbekiston” mehmonxonasiga bordim. Bahrom Yuldashev bilan bir xonada turardi. Behzod intervyu qilib bo'lgach, “pullik ishga o'tdik”. SHundan keyin Odil bilan salom-alik paydo bo'ldi.




Kamoliddin Alimovning qo'lida men eslagan apparatlar. Avvallari radioga reportaj qilish uchun mana shunday yuk bilan ko'chaga chiqishga majbur edilar. Bu surat 2007 yil yanvari. "Paxtakor" MDH Kubogidan qaytgan kun. Kamoliddin Alimov, Norbek Niyozov, "Paxtakor" muxlisi, Server Jeparov, Baxtiyor SHirinov va Hasan Pirmuhamedov.


Abramovning aytishicha, u Inileevdan Osiyo chempionatiga olib ketadigan yoshlarni o'ynatmasa, uni OTJ bilan tashlab ketishini aytgan. SHunda Inileev Odil zaxirada o'tirishi mumkinligini aytgan, Abramov esa uni o'zi bilan olib qolgan. Yana bir gap chiqqan keyin, Abramov Inileevga Ahmedovni bermagan. Xullas, ko'p axborotga ega bo'lmagan yillarim. Bor yo'g'i 3-kursman va menga Norbek Niyozovdan taklif tushdi: “Radioda ishlaysanmi?”.


Norbek aka bilan myp.uz da ishlab yurgan paytlarim tanishgandim. “Mashal” radiokanali etakchi boshlovchisi. Meni “Yoshlar” radio kanalida faoliyat olib boradigan ukalari Oybek akaning bo'limiga taklif qildi. Aynan shu erda Kamoliddin Alimov bilan yaqindan tanishdim. U paytlar  Kamoliddin Alimovning “Spartak shou” eshittirishini bilmaydigan futbol shinavandasi bo'lmasdi. CHorsu bozoridagi “Spartak” do'konida katta kalonkalarni qo'yib qo'yishardi. Har xil qiziqarli savol-javoblar o'ynalardi. Jurnalistik faoliyatimda yangi yo'nalish ochildi. Lekin ko'p cho'zilmadi. Men azaldan tanish-bilishlikni yoqtirmayman. Hatto tog'am  “eshakni ham tog'a deydigan” zamon desa ham. Men “Million”dagi Mirkomil aka bir vaqtda radioga kelganmiz. Mehnat qilamiz, efirga chiqqimiz keladi. Lekin rejissyor o'zinikilarga “simpatiya” qilaverdi. Bizdan xato topaverardi. O'rgatish esa yo'q. Tanishiga esa boshqacha munosabat. 2007 yilning kuzlari edi. Keyin radioga kirib-chiqish uchun beriladigan ruxsatnomalarni aynan Mirkomil aka ikkimizga berishni istashmasdi. Nima yomonlik qilganmiz ularga bilmayman. “Bor-ey“, dedik-da, ikkimiz ketdik. Lekin radio menga yoqardi. U erdagi ijodiy muhit. Eski zamon mashinkalari. Kompyuter faqat rahbarning xonasida. Internetdan navbat bilan foydalanish. Lekin tabiiy edi. Hozirgi radio jurnalistlar tayyor axborotni o'qib berishadi. U paytlar katta yozma magnitofon bilan yugurib yurilardi.


2007 yil xotiralari cho'zilib ketdi. Men o'sha yillari “Barselona”ning eng ashaddiy muxlislaridan biri edim. Bu jamoaga 1998 yil Rivaldoning o'yinlari uchun muxlislik qila boshlaganman. Patrik Klyuyvert ham eng yaxshi ko'rgan o'yinchilarimdan biri edi. Angliyadan «Arsenal»ni yoqtirardim. Terri Anrining o'yinlarini ko'rmasdan iloji yo'q edi. Italiyadagi jamoam – «Inter»! Toldo men uchun eng yaxshi darvozabon, Ronaldo esa eng yaxshi hujumchi edi. Yolg'on bo'lmasa 5 yillar bo'ldi, xorij futboliga qiziqmay qo'yganman. Menga Pushkin bir jahon.


Osiyo chempionati O'zbekiston uchun alamli yakuniga etgan. Saudiya Arabistoni bilan o'yinda hakam istagan ishini qildi. U paytlar OFK men uchun eng yomon tashkilot edi. Xuddiki O'zbekiston unga begona. Guruhda Eronga mag'lub bo'lib, Malayziya va Xitoyni mag'lubiyatga uchratib keyingi bosqichda Saudiya Arabistoni bilan o'ynagan edik. To'g'ri, Al Qahtoni davridagi Saudiya Arabistoni kuchli terma jamoa edi. Ammo O'zbekiston o'sha o'yinda aniq to'xtatilgan. Har holda men uchun shunday edi. Undan avval Olma Otada “Alma TV” musobaqasi bo'lgan. So'nggi turda Qozog'istonni mag'lubiyatga uchratsak turnir bosh sovrini bizniki bo'ladi. Bu o'yinda ham tashkilotchilar O'zbekiston g'alaba qozonmasligi uchun bor “mehnat”ni ishga solishgan. O'yin oxirigacha futbol UFCga aylanib ketgan edi. Bu yillar Andrey SHevchenko deganda butun MDH shlyapasini echardi. 22 avgust kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi “Valeriy Lobanovskiy” stadionida Ukraina terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi. O'yin qaydnomasi quyidagicha bo'lgan:


Ukraina — O'zbekiston — 2:1 (1:0)

22.08.2007. Kiev. V.Lobanovskiy stadioni. 35000 tomoshabin.

Bosh hakam: BANARI Vyacheslav (Makedoniya)

Gollar: GLADKIY Aleksandr, (30), ROTAN Ruslan, (65) — GEYNRIX Aleksandr, (90+2)

Ukraina: Pyatov Andrey, Rusol Andrey (Gricay Aleksandr, 46), Kucher Aleksandr, Nesmachnyy Andrey, Ezerskiy Vladimir, Kalinichenko Maksim (Rotan Ruslan, 62), Nazarenko Sergey, Mixalik Taras (Gusev Oleg, 46), Gladkiy Aleksandr (Voronin Andrey, 46), SHevchenko Andrey (Vorobey Andrey, 55), Danilovskiy Sergey (SHelaev Oleg, 46)

O'zbekiston: Nesterov Ignatiy, Karimov Xayrulla, Karimov Hamza (Xoshimov Hikmat, 55), Suyunov Ilhom, G'ofurov Anvar, Bayramov Renat, Hasanov Jasur (Solomin Pavel, 46), Karpenko Viktor (Geynrix Aleksandr, 58), Inomov Islom, Kapadze Timur, SHackix Maksim (Baqoev Ulug'bek, 46)


Yil so'nggida esa muxlislarni super o'yin kutib turardi. Bu o'yin keyinchalik “loy jangi” sifatida tarixdan joy oldi.



 

Bosh hakam Noil Lutfulin Baxtiyor Ashurmatov va Server Jeparov o'rtasida bo'layotgan bahsni to'xtatmoqchi. Abdumajid Toirov esa ikkii futbolchini ajratib qo'ymoqda. Bu o'yin Server Jeparovni "Paxtakor" libosida O'zbekiston musobaqalarida so'nggisi ekanligini hali bilmasdim. 2008 yil Server mavsumni "Bunyodkor"da boshladi.


O'zbekiston Kubogi finaliga “Paxtakor” va “Quruvchi” jamoalari chiqqan edi. MHSK stadioni mezbon. Uchrashuv kuni ertalabdan maydalab yomg'ir yog'a boshladi. SHunga qaramay stadion muxlis bilan to'lgan. Bunaqa finalni men hali ko'rmadim. Maydonning rasvosi chiqib yotgan bo'lsa-da, ikki jamoa ham Kubok uchun ovga chiqqan sherga o'xshardi. Birinchi bo'limda “Paxtakor”dan Uche, keyingi bo'limda esa “Bunyodkor”dan Aziz Haydarov qizil kartochka oldi. Aziz Sahob Jo'raev ikkisi inqiroz ko'chasiga kirib qolgan “Lokomotiv”dan “Quruvchi”ga o'tgan edilar. O'yin 0:0 hisobida yakuniga etdi. Yomg'ir tezlashgan. Qo'shimcha daqiqalar ham durang, penalti! Stadiondan birov ketay demasdi. Ilhom Mo'minjonov esa keyinchalik faoliyatini tugatishiga sabab bo'ladigan jarohatini oladi. “Paxtakor” darvozasi yaqinida paydo bo'lgan chuqurchaga oyog'i bilan noto'g'ri tushadi va tamom.


MDH Kubogi – 2007 finalida qahramonlik ko'rsatgan Timur Jo'raevdan “Paxtakor” murabbiylari ikkinchi marotaba shu ishni takrorlashi uchun 116-daqiqada Nesterov o'rniga maydonga tushirishadi. Qizig'i oldinda edi, 5tadan berilgan dastlabki barcha zarbalar golga aylanadi, 5:5. Faqat Asror Aliqulov bir qo'rqitdi. Keyin Magdeev va Salomov bittadan gol urishdi. Birinchi xato “Quruvchi”da bo'ldi, Rashid G'ofurov gol ura olmadi. “Paxtakor”da shuncha o'yinchi turib, yakuniy bo'lishi mumkin zarbani berish uchun to'p oldiga Timur Jo'raev yaqinlashdi. Xuddi “Paxtakor”da bo'lgani kabi penaltilar seriyasiga yaqin Bugalo o'rniga maydonga tushgan Belyakov bu safar ham to'pni qaytara olmadi va “Paxtakor” oltin dubl bilan mavsumni yakunladi.


Yarim finalda ham qiziq voqea bo'lgan edi. Safarda “Mashal” bilan 0:0 hisobida durang o'ynab qaytgan “Quruvchi” ikkinchi o'yinda gol o'tkazib yuboradi. Hisob 1:1 bo'lib turgan paytda yosh Kuzinni jamoa homiylari chigalyozdi mashg'ulotlarni o'tkazayotganini ko'rib qoladilar. SHunda futbolchini chaqirishadi:

- Mashinang bormi?

- Yo'q!

- Gol ursang, bo'ladi!


2007 yil qahramon jamoadoshi Timur Jo'raevni tabriklayotgan Anvar Soliev, oradan bir yil o'tib "Bunyodkor" libosida "Paxtakor" darvozasiga 2ta gol urib yangi jamoasiga kubokni taqdim qilgan edi. 


SHu tariqa 16 yoshli futbolchi maydonga tushadi. Buni qarangki, navbatdagi to'p uzatilishidan so'ng, maydonga tushganiga ko'p bo'lmagan Dmitriy Kuzin boshi bilan “Mashal” darvozasini ishg'ol qiladi. Afsuski, keyinchalik bu o'yinchi yo'q bo'lib ketdi.

Xullasi, bu 2007 yilgi voqealarni kun davomida yodga olganim. 2008 yil meni “Nasaf”ga ishga chaqirishdi...


Avvalgi yillarni o'tkazib yuborganlar uchun:

Nodirxo'ja Yuldashev: 2006 yil voqealari. O'yinni berishni so'ragan murabbiy, to'y o'rniga futbol va salom texnika asri! 

Nodirxo'ja Yuldashev: 2005 yilning alamli xotiralari - Toshimucu Yoshida! 

Nodirxo'ja Yuldashev: 2007 yildayoq katta sakragan "Quruvchi", bog'chada yashagan "Traktor"

Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика