So’nggi yangiliklar

21:21Ўзбекистон МТЖ Тошкентда йиғинни бошлади. Кулаётган Бобир, хаёл сураётган Ҳожиакбар  0 21:00Эксклюзив интервью. Сречко Катанец: "10 та ўйиннинг барчасида ғалаба қозонмоқчимиз"   3 20:20Умар Эшмуродов: "Ҳеч ким уч очкони осонгина бериб қўймайди. Суперлигамиз Малайзия чемпионатидан анча кучлироқ экан"  2 20:02"Ал Иттиҳод" ПСЖ ярим ҳимоячиси билан шартнома имзолади, here we go!  1 19:38Виктор Осимхеннинг янги жамоаси маълум  4 19:25Рустам Ашурматов: "КХДР терма жамоаси ҳақида тўлиқ маълумотга эга эмасмиз"  7 18:53"Реал"нинг яна бир футболчиси жароҳат олди ва 8 ҳафтага сафдан чиқди  1 18:22Гари Невилл: "Бугун топ-футболчилар МЮга ўтишни истамаяпти"  2 17:37Ильдар Маматказин: "Навбаҳор" билан зўр финал бўлади. Мухлислар? Яхшиси "Бобур Арена"га келинг"   7 17:22Футзал. Венесуэла футзал терма жамоаси Тошкентга етиб келди  3 16:46Расман: Легионерлардан бири "Ал Насср" билан шартномасини бекор қилди  1 16:00⚡️Сречко Катанец бўлажак рақиб КХДР терма жамоаси ҳақида нималар деди?   7 15:49Де Росси маълумотни тасдиқлади  0 15:19"Ал Иттиҳод" "Арсенал" ярим ҳимоячиси бўйича расмий таклиф юборган  1 15:00⚡️Юсупов ёки Неъматов? Сентябрь ойидаги ўйинларда терма жамоа дарвозасини ким қўриқлайди? Катанец жавоб берди  17

Nodir Eliboev sportga qaytishi, oilaviy sharoiti va murabbiylikni boshlashi haqida Yangiliklar

Nodir Eliboev sportga qaytishi, oilaviy sharoiti va murabbiylikni boshlashi haqida

Teglar :  FutzalNodir Eliboev
Yaqinda futzal bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi va "Ardus" azosi hisoblangan Nodir Eliboev futzalchilik faoliyatini yakunlagani haqida xabar bergan edik.

SHu munosabat bilan Eliboevni ofisimizga taklif qilib suhbatga chorladik. Quyida ana shu suhbatni etiboringizga havola etamiz.

FUTZALGA KIRIB KELISHI VA FAOLIYATI

2005 yilda savdo sohasida ishlab yurgan paytimda bir do'stim mini futbol bo'yicha turnir bo'layotganini va uning jamoasi uchun o'ynab berishimni so'radi. Bu musobaqa O'zbekiston kubogi bo'lib chiqqan va unda biz "Naytov" havaskor jamoasi tarkibida to'p tepganmiz. O'shanda tarkibimizda bugungi kunda "Bunyodkor" azosi hisoblangan Javlon Ibrohimov va uning akasi ham bor edi. Kubokda yaxshi ishtirok etganmiz va o'sha paytdagi futzal murabbiylari meni chaqirishgan. O'sha paytda "Ardus" va "Stroitel Zarafshon" jamoalari bo'lardi. Aleksandr Koralev meni "Stroitel"ga taklif etgan va men bu taklifni qabul qilganman. Ikki yil ana shu murabbiy qo'lida o'ynadim, keyin u klubdan ketdi. Uning o'rniga yordamchisi Iskandar aka Mahmudov murabbiy bo'ldilar va ular bilan ham ishladik. 2007 yilda Bahodir Ahmedov va Nikolay Odushev o'ynaydigan "Paxtachi" jamoasiga o'tdim. "Paxtachi"dan keyin yana "Stroitel Zarafshon"ga qaytdim. 2009-2011 yillarda "Bunyodkor"da, 2011-2012 yilgi mavsumda "Ardus"da, 2012-2013 yili "Lokomotiv"da o'ynadim. 2013-2014 yilgi mavsumni esa Qozog'istonning "O'zenmunaygaz" jamoasi tarkibida o'tkazdim. U erga meni klub bosh murabbiyi o'zbekistonlik Aleksandr Petrov chaqirgan edi. 2013 yil dekabr oyi oxirlarida kasallikka chalindim va Toshkentga qaytib keldim. Bu erda davolanishim juda ham jo'zilib ketdi. Deyarli bir oy davomida shifoxonada yotdim. Tuzalib chiqqanimdan keyin "O'zenmunaygaz" yana chaqirdi, lekin o'sha paytda o'zimga-o'zim sportdan ketaman deb qaror qabul qilib bo'lgan edim. Terma jamoa murabbiylari va rahbarlari ham ketishga hali erta ekanligini aytishdi, lekin men futzalni tugatish haqida bir qarorga kelganimni bildirdim.



Oradan ko'p vaqt o'tmay, sentyabr oyida Qarshining "Do'stlik-AIN" jamoasi boshlig'i Xolbek Yo'ldoshev meni taklif qildi. Rad javobini berishimga qaramay, mashg'ulotlarda qatnashmasam ham, hech bo'lmasa o'yinlarga kelib jamoaga yordam berib turishimni so'radilar va futzalga qaytishimga qaysidir manoda sababchi bo'lib qoldilar. "Do'stlik-AIN" tarkibida o'yinlarda ishtirok etib yugurib turdim. Keyin Pulpis (Xose Mariya Mendez) keldi va meni chaqirib suhbatlashdi. Agar chaqirsa u uchun qo'limdan kelgancha harakat qilib o'ynashimni aytdim. U esa shu gapni kutganini va meni terma jamoaga chaqirishini aytdi. Deyarli yarim yil sportdan chetda yurganim bois terma jamoada avvaliga juda ham qiyin bo'ldi, ikki barobar ko'proq ishlashni boshladim. CHunki, jismoniy holatim yaxshi emas edi. Sekin-asta yaxshi formaga kirib bordim. O'sha yili "Ardus"ga o'tdim, sababi menga aynan Mendezning mashg'ulotlari kerak edi. SHu tariqa, mavsumni poytaxt klubida yakunladim. Afsuski, "Ardus"da oxirigacha o'ynay olmadim. Sababi, Toshkentda o'tgan Osiyo chempionatida shamolladim, mendagi kasallik bilan esa bu umuman mumkin emas edi. SHamollaganim natijasida eski kasallik yana qo'zg'aldi va uzoq vaqt qayta davolanishimga to'g'ri keldi. Lekin, ikkinchi safar bu jarayon biroz osonroq o'tganini aytishim mumkin. Sababi, o'zim ham, shifokorlar ham nima qilishni bilishardi. Ana o'sha paytda futzalchilik faoliyatimdagi orzuyim bo'lgan Jahon chempionatida qatnashishdan umidim uzdim. SHunga qaramay, Mendez meni yana terma jamoaga taklif qildi va mashg'ulotlarga zo'r berdim. "Olmaliq" klubining klublar o'rtasidagi Osiyo chempionatiga ketishi menga qo'l keldi desam ham bo'ladi. Sababi, terma jamoaning asosiy o'yinchilari olmaliqliklar bilan musobaqaga yo'l oldi va biz Toshkentda yosh futzalchilar bilan mashg'ulot o'tkazdik. Aynan yoshlar bilan birga formaga kirib oldim.

TERMA JAMOADAGI O'YINLARI

Terma jamoa bilan yaxshi kunlarimiz ham, yomon kunlarimiz ham bo'ldi. Yomon kunlar sifatida 2012 yil BAAning Dubay shahrida o'tgan Osiyo chempionatini aytishim mumkin. O'sha qita birinchiligi mundialga yo'llanma berar edi. Biz musobaqaga juda yaxshi tayyorgarlik ko'rdik va yo'llanmani qo'lga kiritishimizga ishonardik. O'yin jihatidan bunga qodir edik. Afsuski, birinchi turda Quvayt bilan o'yindagi durang bizni yakunda 2012 yilgi Jahon chempionatidan mahrum etdi.

Yaxshi kunlarimizga kelsak, 2010 va 2016 yillardagi Toshkentda o'tgan Osiyo chempionati bahslari. CHunki, o'z uyingda butun xalq va muxlislar ko'z o'ngida o'ynash boshqacha bo'ladi. Bu narsani faqatgina maydonga tushganingizda his qilasiz. Bu holatni so'z bilan tasvirlab berish qiyin, muxlislarimizning qay darajada qo'llashlarini his etish uchun maydonda bo'lish kerak.



Bundan tashqari, 2007 yili Makaoda o'tgan yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlaridagi ishtirokimizni ham yaxshi xotiralar bilan eslayman. O'shanda, asosiy tarkibimiz Braziliyadagi Gran-priga yo'l olgani bois, Makaoga asosan ikkinchi tarkib borganmiz. SHavkat Abduraimov bosh murabbiyligida Osiyo o'yinlarining bronza medallarini qo'lga kiritganmiz. Makaodagi musobaqa men, SHuhrat Tojiboev va Javlon Anorov uchun katta tajriba bo'lgan.

"TO'RTLIK"DAGI ENG YAXSHI JAMOADOSHLARI

Terma jamoadagi faoliyatimni yarmidan ko'pida bir xil to'rtlikda harakat qilganmiz. 2009 yildan 2016 yilgacha SHuhrat Tojiboev, Dilshod Irsaliev, Artur Yunusov va men bitta to'rtlik bo'lib o'ynab keldik. 2016 yilda esa Mendez to'rtliklarni biroz o'zgartirdi.

OILAVIY SHAROITI VA SPORTGA QAYTISHI

Katta futbol bilan shug'ullanib yurganman, lekin ishlab ketishimga sabab bor edi. Oilaviy sharoitimiz tufayli ishlab pul topishim kerak edi. O'sha paytlarda futbolchilarning moddiy holati hozirgidek emas edi. Taxminan, 22 yoshgacha nomingizni chiqarguningizgacha pulsiz yurishingizga to'g'ri kelardi. Hozir esa yosh futbolchilarga ham, agar u iqtidorli bo'lsa yaxshi shartnomalar taklif qilishyapti. Oldin esa vaziyat boshqacha edi, shuning uchun 16 yoshimdan ishlashni boshlaganman.

Ana shunday vaziyatda onam asosiy suyanchig'im bo'ldilar. Futzalga qaytishimga ham onam sababchi bo'lganlar. Agar onam bo'lmaganlarida aniq ayta olamanki, Oliy o'quv yurtida ham o'qimasdim, mini futbolga ham kirib kelmagan bo'lardim. Sababi, o'sha paytda tayinli ishim bor edi, onam esa hech narsani o'ylama, pul topishing ham shart emas, sportga qayt va borib mashg'ulotlaringda qatnashaver deb meni qo'llab-quvvatlaganlar. CHunki, dodamiz va otamni meni futbolchi bo'lsin degan orzulari bo'lgan. Meni Sayfiddin Ermatovga olib borishgan va ularni qo'llarida shug'ullanganman. Taqdir charxpalagi bilan futboldan ketganimdan keyin mini futbolga kirib kelishimda onam asosiy sababchilar.



MURABBIYLIKNI BOSHLASHI

Futzalchilikni tugatish haqidagi qarorimdan keyin "Ardus" prezidenti Jahongir Usmonov meni klubda katta murabbiy lavozimiga taklif qildilar. Bu taklif men uchun yana bir imkoniyat deb o'ylayman, sababi, bu mehrimiz tushgan kasb. Mendez esa dunyodagi eng kuchli murabbiylardan biri, unga yordamchi bo'lishga rad javobini bersam, keyinchalik afsuslanishimni bildim va taklifni qabul qildim.

SO'NGGI SO'Z

Futzalchilik faoliyatimda hech narsadan afsuslanmayman, nimani maqsad qilgan bo'lsam, hammasiga erishdim. Klublar o'rtasida hamma narsani ko'rdim, terma jamoa bilan tarixda birinchi marotaba Jahon chkmpionatida ishtirok etdim.

O'ylaymanki, bizdan keyingi avlod bizdan ham yaxshiroq natijalar qayd etishadi. Natija ortidan esa o'z-o'zidan muxlislar ham ko'payib boradi, futzalimiz ham yanada rivojlanadi. Muxlislarimiz esa har doimgidek qo'llab-quvvatlab turishsin.


Tolibjon Qosimov suhbatlashdi

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика