So’nggi yangiliklar

01:25Дилшод Раҳматов: "Гватемала бизга сўнгги сониягача курашиш кераклигини ўргатди. Мураббийларимиз яхши маънода жуда қаттиққўл"  0 00:53Париж-2024. Япония ва Ироқ ўз учрашувларида ғалаба қозонишди  5 00:50Хосе Венансио Лопес: "Бизга барқарорлик етишмаяпти. Ушбу муаммога имкон қадар тезроқ ечим топишимиз керак"  0 00:26Расман: Саидазамат Мирсаидов - “Навбаҳор” футболчиси!  3 23:53Тимур Кападзе: "Жамоа ўйинидан қониқдим. Рақибимиз дунёнинг энг кучли жамоаларидан бири эди"  25 23:34Расман: Санжар Қувватов "Навбаҳор" билан шартнома имзолади  3 23:17"Ҳаётим давомида бунақа циркни кўрмаганман" – Хавьер Маскерано  19 23:10Париж-2024. Аргентина - Марокаш 1:2, Аргентинанинг сўнги дақиқада урган голи ҳисобга олинмади  1 23:03Расман: Сардор Рашидов – "Навбаҳор" футболчиси!  18 22:50Париж-2024. Ўзбекистон - Испания 1:2, Шомуродов тарихий гол урди, Нематов пенальтини қайтарди  5 22:40Қандай қилиб?! Аргентинанинг 90+16-дақиқа урган голи икки соат ўтиб бекор қилинди. Марокаш ғалаба қозонди!  19 22:14Париж-2024. Миср ва Доминикан ўртасидаги ўйинда Ўзбекистон учун қулай ҳисоб қайд этилди  9 22:05"Mirabror Usmanov Cup-2024". Муросасиз кечган финалда Ўзбекистон Гватемалани мағлуб этди ва мусобақа ғолибига айланди  4 21:43Расман: "Насаф" грузиялик легионери билан шартномани бекор қилди  8 21:06Элдор Шомуродов: "Испанияни мағлуб эта олмаган бўлсак ҳам, ёмон ўйнамадик"  54

Nima qilsak Kubokka bo'lgan etibor kuchayadi? (Mulohaza) Yangiliklar

Nima qilsak Kubokka bo'lgan etibor kuchayadi? (Mulohaza)

O'zbekiston Kubogiga bo'lgan etibor ko'p ham yuqori emas. Buni ishtirokchi jamoalarning o'z oldilariga qo'yayotgan maqsaddan ham bilsa bo'ladi.

Kubok kimga kerak? Avvalo mana shu savolga javob berishga urinib ko'ramiz. Bizda Kubok birinchi navbatda Osiyo chempionlar ligasida o'ynashni xohlaydigan jamoaga kerak. CHunki OFK klublarni licenziyalash tizimiga ko'ra, jamoa ichki chempionatda qaysi o'rinni egallamasin, Kubokda zafar quchsa to'g'ridan-to'g'ri chempionlar ligasida qatnashish huquqiga ega bo'ladi. 

Ayni paytda oliy ligamizda ham infratuzilma, ham mablag' tomonlama OCHLda o'ynay oladigan to'rtta klub bor. Bular - "Lokomotiv", "Nasaf", "Paxtakor" va "Bunyodkor". Oldin "Neftchi" ham shular safida edi, ammo hozirgi kunda farg'onaliklar o'yin va tarkib tomonlama ancha kuchsizlanib qolishgan. Natijada mana shu to'rtta klubdan uchtasi har yili OCHLda ishtirok etib kelmoqda. 

Boshqa jamoalar Kubok o'yinlariga jiddiy etibor qaratishmaydi va bu borada ularni ham to'g'ri tushunamiz. Birinchi navbatda klublarda yillik byudjet oliy ligaga qarab belgilanadi va kuchli to'rtlikni hisobga olmaganda, boshqalar uchun Kubokda qancha uzoqqa borish shuncha xarajat degani. SHuning uchun ham oliy liganing bazi jamoalari birinchi bosqichdayoq birinchi liga klublariga mag'lub bo'lib, Kubokdagi ishtirokni to'xtatishni maqul ko'rishadi va bundan sira xafa bo'lishmaydi. 

Kubokda qatnashayotgan jamoa qancha uzoq yurish qilsa, sarf-xarajat shuncha ortib boraveradi va bu ularga to'g'ri kelmaydigandek ko'rinadi. Avvalo byudjetdan pul ketaveradi va hech bir foyda ko'rilmaganidan keyin o'sha jamoada bizga nima degan o'y keladi va shu ondayoq o'z yurishini to'xtatadi. Boshqa tomondan esa, aksar klublar finalga chiqqani bilan yutishga ko'zi etmaydi va chiqib yutqazgandan ko'ra, o'sha erga bormasdan chiqib ketganimiz maqul deyishadi.

Mana shularni hisobga olgan holda O'zbekiston Kubogiga bo'lgan etiborni oshirib, bosh sovrinni qo'lga kiritish yo'lida klublar o'rtasidagi raqobatni yanada kuchaytirsa bo'ladimi? Bo'ladi, albatta. Buning uchun birinchi galda har bir bosqich uchun yutgan jamoalarga pul mukofoti berishni yo'lga qo'yish kerak. SHundagina musobaqaga bo'lgan qiziqish ortishi mumkin. 

Biz doim PFLni tanqid qilib kelamiz: chempionatni qiziq o'tkazmayapti, Kubok o'yinlariga etibor kam, xullas shu va shunga o'xshash gaplar bilan. Lekin bir narsani yodda tutaylik, PFL musobqaqa o'tkazuvchi tashkilot, uni chiroyli yorituvchi emas. PFL oliy liga va birinchi liga, shuningdek Kubok o'yinlari taqvimini tuzadi va o'yinlarni nazorat qilib boradi. Yutgan jamoalarni taqdirlash PFLning vakolatiga kirmaydi. Lekin biz xohlayotgan narsani yo'lga qo'yish uchun katta-katta kompaniyalarning yordami kerak bo'ladi. 

Masalan, Rossiyada "Rosgosstrax" sug'urta kompaniyasi RFPLning titul homiysi hisoblanadi va albatta qandaydir miqdorda pul o'tkazib beradi. Agar shu usulni biz ham hech bo'lmasa O'zbekiston Kubogi bahslarida qo'llasak, birinchi navbatda homiylik qiladigan kompaniya yutadi, ikkinchidan, jamoalarning Kubokka bo'lgan etibori ortadi, uchinchidan hech bir bahs shunchaki tarzda o'tmaydi, kurash keskin kechadi, bu esa odamlarning stadionga yanada ko'p kelishini taminlaydi. 

Ehtimol katta kompaniyalar uchun o'zbek futboli uncha qiziq emasdir, lekin ular bu o'rinda o'yinni emas, ko'proq stadionga keladigan odamlar sonini va reklamani o'ylashlari lozim. Masalan, O'zbekiston Kubogi keyingi yildan "Coca Cola - Uzbekistan Cup" deb nomlandi deylik. Buning uchun "Coca Cola" kompaniyasi avvalo PFL, shu bilan birga televidenie bilan homiylik shartnomasi imzolaydi va pul tikkanidan keyin o'yinlar taqvimiga kerak bo'lsa o'z munosabatini bildiradi. SHu qatorda televideniedan imkon qadar har bir bahsni bo'lmasa ham, markaziy uchrashuvlarni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatilishini so'raydi (agar homiylik shartnomasi televidenie bilan ham tuziladigan bo'lsa).

Endi asosiy masalaga o'tamiz. O'zbekiston Kubogi oltita bosqichdan iborat: O'tish bosqichi, 1/16 final, 1/8 final, 1/4 final, 1/2 final va Final. Bu erda nechta o'yin bo'lishi emas, balki nechta jamoaning keyin keyingi bosqchiga yo'l olishi qiziqtiradi. CHunki taqvimga ko'ra, masalan birinchi o'tish bosqichida hamma jamoalar ham o'ynamaydi. Kimning jufti bo'lsa o'ynaydi, o'z jufti bo'lmagan klublar to'g'ridan-to'g'ri 1/16 finalga chiqishadi. 

Masalaning shu tomonidan kelib chiqqan holda homiylik qiladigan kompaniyani keyingi bosqichga chiqadigan g'oliblar soni qiziqtiradi. Fikrimizni yana "homiylik qiladigan kompaniya - "Coca Cola" misolida davom ettiramiz. O'zbekiston Kubogi setkasiga ko'ra 1/32 final (o'tish bosqichi) o'yinlaridan so'ng 14 jamoa keyingi bosqichga yo'l oladi. 1/16 finaldan boshlab oliy liga klublari kurashga qo'shiladi va 14 o'yindan so'ng yana 14ta jamoa 1/8 finalga yo'l oladi. 1/8 finaldan keyin 8ta jamoa 1/4 finalga chiqadi, 1/4 finaldan keyin 4ta jamoa yarim finalga yo'llanma oladidi. Yarim final o'yinlari bo'lib o'tgach, yakunda ikkita jamoa finalga yo'l oladi va hal qiluvchi finaldan so'ng biz BITTA g'olib nomini bilib olamiz. 

Endi klublarni mukofotlash, yani mavzuning moliyaviy tomonlariga o'tsak. Aytaylik, birinchi bosqichda pul tikadigan kompaniya g'alaba qozongan har bir jamoa uchun 10 mln. so'mdan mukofot puli ajratadi va bosqichma-bosqich mukofot jamg'armasi ortib boraveradi. Natijada quyidagi raqamlar yuzaga keladi: 

1/32 final. 14 g'olibning har biriga 10 mln. so'mdan jami 140 mln. so'm

1/16 final. 14 g'olibning har biriga 20 mln. so'mdan jami 280 mln. so'm

1/8 final. 8 g'olibning har biriga 40 mln. so'mdan jami 320 mln. so'm

1/4 final. 4 g'olibning har biriga 60 mln. so'mdan jami 240 mln. so'm

1/2 final. 2 g'olibning har biriga 80 mln. so'mdan jami 160 mln. so'm

Final. G'olibga 150 mln. so'm

Bunda jami ketadigan pul miqdori 1,290,000,000 (Bir milliard 290 million) so'mni tashkil etadi. Xo'sh, kompaniya shuncha pul sarflab nimaga erishi mumkin? Birinchi navbatda o'z brendi nomini yanada xalq orasiga kirishib borishini taminlaydi. Stadionlar atrofi o'sha kompaniyaning banner va reklama to'siqlari bilan to'ldiriladi. Agar televidenie bilan shartnoma tuziladigan bo'lsa, o'yin vaqtida sharhlovchi kompaniya nomini aytib ketadi, stadiondagi bannerlar ekran orqali yirik planda namoyish etiladi, har holda bu ham reklama. Va eng muhimi, o'sha kompaniya o'z raqobatchilaridan bir qadam oldinda yurishini, shu bilan birga o'zbek futboliga befarq emasligini namoyon etadi.

O'zbek futbolining yanada rivojlanishini xohlasak, futbolimizga mana shunday yangilik kirib kelishi darkor. CHunki bugungi kunda O'zbekiston Kubogini yutish OCHLga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma berishdan tashqari boshqa hech qanday rag'bat bermayapti. Va o'z navbatida bu ham aksar klublarning Kubok o'yinlariga panja ortidan qarashlariga sabab bo'lmoqda. Lekin aytib o'tganimizdek, har bir bosqich uchun qanchadir miqdorda yutgan jamoalarga mukofot beriladigan bo'lsa, o'ylaymizki kurash yanada keskin kechadi. Jamoalar hech bo'lmasa, o'z sarf-xarajatlarini qoplash uchun ham astoydil bahs olib borishadi. Lekin bularning bari taxmin xolos. Boshqacha aytganda, shirin xayollarga berilishning oqibati. Lekin bir kun kelib bizda ham futbol o'z titul homiysiga ega bo'ladi deya umid qilib qolamiz. Aytgancha, maqolani o'qib xayolga berilib o'tirguncha bugun kechki payt "Bunyodkor" va "Dinamo" o'rtasidagi Kubok yarim final o'yiniga kelishni unutmang. 

X.Xoliqov. 


Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика