Neymar bilan selfi tushmagani, kiyim almashtirish xonasiga kiritilmagan Xorvatiya sobiq prezidenti, Qatardagi stadionlarning keyingi taqdiri va Argentina so'ragan qo'shimcha muz - Alisher Nikimbaev bilan katta intervyu
27 dek 2022 14:50
Yangiliklar
Neymar bilan selfi tushmagani, kiyim almashtirish xonasiga kiritilmagan Xorvatiya sobiq prezidenti, Qatardagi stadionlarning keyingi taqdiri va Argentina so'ragan qo'shimcha muz - Alisher Nikimbaev bilan katta intervyu
Ushbu Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasida o'zbekistonlik mutaxassis Alisher Nikimbaev ham faoliyat olib borganidan xabaringiz bor albatta. Qatarda mundial bahslari davom etayotgan paytda biz u kishi bilan suhbatlashgandik. O'sha suhbatni etiboringizga havola qilamiz.
- Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasi 2024 yilgi Osiyo kubogini o'tkazishga ham masul bo'ladimi?
- Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasi uchun alohida struktura tuzilgan va u Jahon chempionatidan keyin yopiladi. Hattoki Jahon chempionati ajoyib o'tkazilgan bo'lsa ham bu struktura yopiladi va Osiyo Kubogi uchun yangisi ochiladi. Tushunarliki Osiyo Kubogi tashkiliy qo'mitasida Jahon chempionatida ishlaganlardan anchagina kam odam bo'ladi. OFK va FIFA o'rtasidagi farq er bilan osmoncha. OFKning bitta talabi yuqori xolos: OFK o'z xodimlarini 5 yulduzli mehmonxonalarda yashashini talab qiladi. FIFA esa mundial vaqtida o'z xodimlarini oddiy xonadonlarga ham joylashtirdi. OFK esa bunday qilmaydi.
- Osiyo Kubogi o'yinlari ham ham mana shu 8ta stadionda bo'lib o'tadimi?
- Norasmiy xabarlarga ko'ra OFK 8ta stadion so'raydi.
- Demak, buzib tashlanishi kutilayotgan "974" stadionining taqdiri hozircha nomalum ekan-da?
- Gap bunda emas, agar JCHda 64ta o'yin 8ta stadionda o'tkazilgan bo'lsa, Osiyo Kubogida 52ta o'yin bo'lib o'tadi. Barcha stadionlar bitta shaharda-ku. Mundial vaqtida stadionlar barcha yuklamani ko'tara oldi va hech qanday muammo bo'lgani yo'q. Maydonlar juda yaxshi holatda turibdi.
- Demak Osiyo kubogiga 6ta stadion etarlimi?
- Menimcha 6-7ta stadion etadi. 4ta stadion albatta kam. Musobaqa Xitoy, Saudiya Arabistoni yoki O'zbekistonda bo'lsa 8ta stadion bo'lsa boshqa gap edi. Sababi stadionlar boshqa-boshqa shaharlarda joylashgan bo'ladi.
- Mundialdan oldin jamoalar stadion va mehmonxonalar bilan qanchalik oldin tanishishgandi?
- Har xil, kimdir quragacha, kimdir quradan keyin. Masalan, SHveciya futbol associaciyasi vakillari kelib, mehmonxonalarni ko'rib ketishgandi. Ha, ular Jahon chempionatiga chiqa olishmadi. Ammo bu professionallik.
- Demak, O'FA vakillari ham mundialdan oldin Qatarga kelsa bo'larmidi?
- Masalan, o'tgan yil Azizbek Haydarov O'FAda ishlaganida Qatarga kelganida uchrashuv tashkil qilib bergandik. Unga "Team services" qanday ishlashi va FIFA Jahon chempionatiga chiqqan jamoalarga qanday sharoitlar yaratib berishini ko'rsatishgandi.
- Zamonaviy texnologiyalar haqida qanday fikrdasiz?
- Futbolda texnologiyalar katta o'ringa ega bo'lib bormoqda. FIFAda futbol texnologiyalari bo'limida 20 nafar odam ishlasa, OFKda bir nafar yaponiyalik ishlaydi xolos. FIFA har bir jamoaga stadion tribunasida alohida 9ta joy ajratgan, u erda tahlilchilar va operatorlar o'tirishi mumkin. Bundan tashqari FIFA 12ta raciya beradi. Undan 6tasida tibbiyot xodimlari o'zaro gaplashishadi. Qolgan 6tasida esa taktik holatlar muhokama qilinadi. Oldin zaxira o'rindig'ida o'tirganlarga aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlangandi. Hozir esa FIFAning o'zi raciyalarni bermoqda. O'yin qoidalarida bu narsa taqiqlanmagan. Jahon chempionati vaqtida zaxira o'rindig'ida 2tadan planshetlar turganini ko'rdingizmi? Buni ham FIFA bermoqda, bu planshetlar yuqoridagi 9ta o'rindagi monitorlar bilan bog'langan va osongina tepadagi tahlilchilar foydalanishlari mumkin.
- Stadionlar bilan bog'liq qiziqarli voqealar bormi?
- 974 stadionining dastlabki nomi "Ras-Abu-Abud" edi. Bu o'sha tumanning nomi, stadionga keladigan metro bekatining ham nomi "Ras-Abu-Abud". Taqdimot lego stilida bo'lib o'tgandi. Stadion konteynerlardan xuddi legoga o'xshab yasalgani uchun shunday qilingandi.
Yana bir voqea: "Al Janub" stadioni qurilayotganida uning nomi "Vakra" edi. Ammo boshqa "Vakra" stadion ham bor. Bu erda Jahon chempionati vaqtida Angliya mashg'ulot o'tkazdi. "Al Janub"ning ochilish marosimi 2019 yilgi Amir kubogi final uchrashuvi edi. O'sha bahsni yangi stadion "Vakra" nomi bilan boshlagan va o'yin tugagach "Al Janub"ga aylandi. Sababi Qatar Amiri bahs tugagach bu stadion nomi "Al Janub" bo'ladi deb elon qilgandi. SHundan keyin tushunmovchiliklar juda ko'p bo'lgandi. Eski "Vakra" stadionga borish kerak bo'lsa "Al Janub"ga olib borishgan, bir marta esa teskarisi bo'lgan "Al Janub"ga borish kerak taksi esa ularni eski "Vakra" stadioniga olib borgan.
"Education City" stadioni ham o'ziga xos tarixga ega. Uning ochilish marosimida 2019 yil Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati o'yini bo'lishi kerak edi. Sentyabr oyida "Liverpul" vakillari kelgan va stadionni ko'rishgandi. Hali qurilish ishlari davom etayotgandi. Musobaqa dekabr oyida o'tishi kerak edi. Ingliz klubidagilar esa "Education City" stadioni qurib bitmaydi deb o'ylashdi, shu bois tashkiliy qo'mita parallel ravishda "Al Janub" stadionini tayyorlay boshladi. Bu stadionda 2ta kiyim almashtirish xonasi bor edi. Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida 4ta kiyim almashtirish xonasi bo'lishi kerak. Dekabr oyida "Education City" stadioni qurilishi bitgan, ammo xavfsizlik sertifikati tayyor bo'lmagandi. Yani qurilish bitgan, ammo qog'ozbozlik ishlari yakuniga etmagandi xolos. "Liverpul" 1989 yilgi Xillsborodagi fojiadan keyin muxlislar xavfsizligi va stadion xavfsizlik sertifikatlariga juda ham etibor bilan munosabatda bo'lib keladi. Yakunda biz Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati o'yinlari "Al Sadd" va "Xalifa" stadionlarida o'tkazgandik, "Al Janub"ga tegmagandik.
Yana o'sha "Education City" stadionida 2020 yil mart oyida SHveycariya, Portugaliya, Xorvatiya va Belgiya terma jamoalari ishtirokida "Qatar Airways" xalqaro musobaqasi bo'lib o'tishi kerak edi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli bu musobaqa bekor qilindi. Keyin may oyida Amir kubogi bilan ochilish qilaylik deb reja qilindi. Pandemiya tez tugamaganini bilasiz. Yakunda stadion ochilish marosimi iyun oyida tomoshabinlarsiz virtual tarzda bo'lib o'tgandi. Jahon chempionatidagi 8ta stadion ichidan faqat bittasi virtual tarzda ochilgandi - "Education City".
- "Al Bayt" Qatar terma jamoasining uy stadioniga aylanadimi?
- Katta ehtimol bilan shunday. "Xalifa" shahar markazida, tarixiy stadion. Ammo terma jamoa ko'p o'yinlarni "Al Sadd"da o'tkazib kelayotgandi.
- Qolgan stadionlardachi?
- "Al Tumama" stadionida "Al Ahli" va "Al Arabi" klublari o'ynaydi. "Al Janub"da "Al Vakra" o'ynaydi. "Ar Rayan" stadioni buzib, o'rniga "Ahmed Bin Ali" stadioni qurildi va bu stadionda "Ar Rayan" klubi o'ynaydi.
- "Education City"da qaysi klub o'ynaydi?
- Bu stadion Qatar Foundation'ga tegishli. Bu talabalar shaharchasining bir bo'lagi.
- "Lusayl"?
- "Lusayl" savdo va ko'ngilochar markaziga aylantiriladi. SHu bois hozir bu stadion jamoalar uchun noqulay tarzda qurilgan desak ham bo'ladi.
- 2020 yil Qatarda markazlashgan holda Osiyo chempionlar ligasi bahslari o'tkazilganida maydon holati bilan tanishgandim. Hozirgi bilan juda katta farq bor. Nimaning evaziga?
- Pandemiya. Sababi o'sha paytda chegaralar yopilgandi va mahsulot etkazib berish to'xtab qolgandi. Bu maysa sifatiga albatta tasir qilgandi. Jahon chempionatidan oldin esa bunday muammo bo'lgani yo'q.
Yana bir narsa bu stadionlardagi vakuumli ventilyaciya tizimi tufayli maysa holati hozir ajoyib holatda turibdi. Bu tizim asosan yomg'ir yog'ganidan keyin suvni tezroq o'ziga tortib olishga mo'ljallangan. Ammo Jahon chempionati vaqtida yomg'ir yog'madi. 2020 yilgi OCHLdan keyin "Al Janub" stadioni maydoni kavlangan, vakuumli ventilyaciya tizimi o'rnatilgan va boshidan maysa ekilgandi.
Hech qaysi Jahon chempionatida bunday grafik bo'lmaydi. Hech qachon! Masalan, bu mundialda o'yin bo'ladigan stadionlarda o'yinoldi rasmiy mashg'ulotlar o'tkazilmadi. Bazida jurnalistlarga bu qiyinchilik tug'dirdi, chunki deylik Angliya boshqa maydonda, raqibi boshqa maydonda mashg'ulot o'tkazdi. Matbuot anjumani esa yana boshqa joyda. Lekin boshqa tomondan agar sen bosh media markazda o'tirsang 8ta matbuot anjumaniga borishing mumkin bo'lardi. 2026 yilgi Jahon chempionatida esa qanday bo'ladi? Bitta shaharga borasan ikkita jamoa stadionda o'yinoldi mashg'ulotni o'tkazadi, matbuot anjumani ham shu erda bo'ladi va bitta o'yinni stadiondan ko'rasan. Bunga ikki kun ketadi. Qatarda ikki kunda nechta o'yinga borish mumkin bo'ldi?
- Hozirgacha taxminan 26tacha o'yinga bordim shekilli...
- Ko'rdingizmi. Yana bir narsani hisobga olish kerak. Agar O'zbekiston terma jamoasi JCHga chiqqanida bunchalik ko'p o'yinga bora olmasdingiz. Sababi asosiy etiboringiz O'zbekiston terma jamoasida bo'lardi. Uning mashg'ulotiga, matbuot anjumaniga borardingiz, intervyular va boshqalar. Faqat shulardan keyin balki kechki o'yinlardan biriga ulgurishingiz mumkin bo'lardi.
- Bu Jahon chempionati siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
- Men o'zim borgan mundiallar orasida eng zo'ri deb baribir Germaniyadagi JCHni tan olaman. Jurnalistlar uchun shaharlararo tezkor oliy poezdlar bepul taqdim etilgandi. CHorak finalda Berlinda Germaniya - Argentina yoki Gamburgda Ukraina - Italiya uchrashuvlaridan birini tanlashim kerak edi. Berlinda hech qachon bo'lmaganman, ammo Ukrainaga muxlislik qilardim. Keln shahrida yashardik, men Berlinga poezdda bordim va shunchaki shaharni sayr qildim. Vokzaldan Brandenburg darvozasigacha bordim, keyin esa o'yinni ko'rgani Gamburgga ketdim. JARda esa bunday emasdi. Faqat futbol edi. Yoxannesburg shahrida yashardik, bu erda ikkita stadionda o'yinlar bo'lardi. Har uch kunda o'yinlarni stadionlardan ko'rardik. Bazida 50 km uzoqdagi Pretoriyaga, bazida uzoqroqqa borsak bo'lardi. Bu erda esa o'yinlar ko'proq, Qatardagi mundial men uchun qadrdor mundial! "Al Janub" stadioniga ilk bor 2019 yil yanvar oyida kelgandim, bizga may oyida shu erda o'yin o'tkaziladi deyishgandi. O'sha paytda qurilish avjida edi, shunchaki devorlar bor edi. Men stadionlar qurilishini boshidan ko'rdim va shu sabab har bir stadion men uchun juda qadrli hisoblanadi. 2014 yildagi Braziliyadagi Jahon chempionatiga bora olmadim, sababi o'sha paytda BAAda ishlardim.
- Mundialdan oldin Arab Kubogi ham o'tkazildi...
- Oldinlari Jahon chempionatidan bir yil oldin Konfederaciyalar kubogi o'tkazilar va test sifatida ko'rilardi. Bu erda esa bir yil oldin Arab kubogi o'tkazildi. Arab Kubogi menimcha Konfederaciyalar kubogidan ko'ra yaxshiroq test bo'ldi. Sababi Konfederaciyalar kubogida 8ta jamoa ishtirok etardi va stadionlar kamroq bo'lardi. Bundan tashqari Argentina, Italiya, Qatar va Yaponiya kabi terma jamoalar o'ynasa, pandemiyadan keyin stadionlarda bunchalik ko'p muxlis yig'a olishmasdi. Sababi bu muxlislar o'sha davlatdan Qatarga uchib kelishi kerak edi. Arab Kubogida esa Qatarda minglab diasporasi bo'lgan Misr, Marokash, Jazoir va Tunis terma jamoalari ishtirok etishdi. Arab Kubogi FIFA bayrog'i ostida o'tgani uchun juda katta saviyada o'tkazilgandi. Uni saqlab qolish qiyin bo'ladi, sababi taqvimda joy topish kerak. O'shanda FIFA kunlari emasdi shu sabab Salah, Mahrez va boshqalar Arab kubogiga kela olishmadi.
- Markaziy Osiyo kubogi tashkil etilsa, o'zbekistonlik mutaxassislarga keinchalik O'zbekiston Osiyo kubogini qabul qilishda yordam bo'lardi deb o'ylayman...
- SHaxsiy fikrimcha O'zbekiston bir o'zi Osiyo kubogini qabul qila olmaydi. Markaziy Osiyo birlashib ariza topishirishi kerak deb o'ylayman. Oddiy sabab O'zbekistonda OFK talab qilayotgan sig'imga ega stadionlar etarli emas.
- Jahon chempionatida qancha o'zbekistonliklar ishlashdi?
- Xohlaganimizdan ko'ra kamroq albatta. FIFAda tanish-bilish yo'q. Birinchi bosqichda rezyume topishiriladi, keyin ikkita intervyudan o'tishing kerak bo'ladi. Bazilar hatto rezyume bosqichidayoq imkoniyatni yo'qotishdi. Rezyumedan o'tganlarni ikkita intervyu ham kutib turardi. Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasida o'zbekistonlik to'rt nafar inson ishladi: Men, o'g'lim Ravshan Nikimbaev, Aleksandr Davidenko va Aziza Tatlimuratova. Bundan tashqari ko'ngilli sifatida "Surxon" klubi operatori ham kelganini bilaman. FIFA tomonidan yana ikki hamyurtimiz ishladi: Farhod Abdullaev va Avaz Berdiqulov.
- Qatardagi Jahon chempionati tashkilotchiligi yuqori saviyada o'tkazildi. Hech bir jamoadan katta etirozlar bo'lmadi. Bunga nimaning evaziga erishildi?
- Professionallik. Tashkiliy qo'mita xorijiy mutaxassislarni taklif etishdan cho'chimadi. Bundan tashqari menimcha stadionlarning bir-biriga juda yaqinligi ham katta rol o'ynadi. Deylik FIFAdan stadionga masul odamlar kelganida bir kun ichida biz barcha 8ta stadionni ko'zdan kechirib chiqdik. Rossiyada buning iloji yo'q edi, keyingi mundialda ham bunday bo'lmaydi.
- Tashkilotchilikning alo darajada o'tishiga moliya ham katta tasir qilgan to'g'rimi? Sababi bu Jahon chempionati eng qimmati bo'ldi.
- Eng qimmat Jahon chempionati deyishmoqda, ammo bu faqat stadionlar emas, bu hammasi: Yo'llar, aeroportlar, ko'priklar, metrolar va barcha-barchasi. Rossiyada deylik bunchalik ko'p stadion qurilmadi. Qatar mamlakati bu pullarni o'zi uchun ishlatdi, ko'priklar hech qaerga ko'chib ketmaydi-ku.
- Jahon chempionati o'yinlari sizga yoqdimi?
- To'g'risini aytaman, stadionda bo'lsam ham o'yinlarni ko'ra olmayman. O'yin paytida ishim judayam ko'p bo'ladi. Aytaylik Ronaldu Janubiy Koreya bilan o'yinda maydonni tark etayotganida kimgadir yomon qaragan deyishmoqda. Men o'shanda stadionda edim, ammo ko'rmadim. Jahon chempionatidan keyin xotirjam o'yinlarni boshidan ko'rib chiqmoqchiman.
- Qaysi terma jamoa ovqatlanishda qaysar ekan?
- Germaniya. Ular stadion kiyim almashtirish xonasining o'zida ovqatlanishni xohlashdi. Ammo Sog'liqni saqlash vazirligi talabiga ko'ra stadiondagi har qanday zaharlanish stadion aybdor bo'ladi. Oxiri nemislar rozi bo'lishdi. Bazi jamoalar kiyim almashtirish xonasiga pivo olib kelishni so'rashdi. Stadionda pivo yo'q edi. Balki kiyim almashtirish xonasiga olib kirishgandir ham, biz ularni tekshirmaymiz. CHunki xonaga terma jamoaning birgina rasmiy shaxsi kirsa bo'ldi, biz u erga kira olmaymiz.
- Jamoalar uchun standart menyu qanday? Terma jamoalardan qandaydir g'ayrioddiy so'rovlar ham bo'ldimi?
- Sendvichlar, mevalar, shokolad, choy va kofe. Sportchilarga mos narsalar. Piccalar o'yindan keyin alohida menyu hisoblanadi. Masalan, Marokash piccaga buyurtma qildi.
G'ayrioddiy so'rovlarga kelsak, har bir jamoaga 250 kilogrammdan muz beramiz, Argentina qo'shimcha muz so'radi, biz berdik. Bundan tashqari jamoalarga 30ta katta va 30ta kichik sochiq beramiz. Polsha bizga 60tadan kerak deyishdi. Zaxira bor, ammo uchta o'yinga mo'ljallangan edi. Avstraliya keldi va 50ta kerak dedi, biz 40tadan berdik. Bu sochiqlarni qaytarib olmaymiz, jamoalar olib ketishadi, olib ketishmaganini yuvib suvenir sifatida sovg'a qilamiz. Sababi sochiqlarda JCH logotipi bor edi.
Qiziq holatlardan esa Xorvatiya sobiq prezidenti Kolinda Grabar Kitarovich xonim jamoa kiyim almashtirish xonasiga kirmoqchi bo'lgandi. Ammo jamoa bunga rozi bo'lmadi, bu jamoaning qarori edi. Masalan, Nyu-York meri AQSH kiyim almashtirish xonasiga kirdi. O'zimga kelsak, Braziliyaning o'yinidan keyin tunnelda yonimga nogiron bola yoniga Neymar keldi, men uning yonginasida turibman, lekin telefonimni olib selfi tushmadim. Sababi tunnel ichida bizga rasmga tushish qatiy taqiqlangan, menga tanishlarim o'sha holat aks etgan videoni yuborishdi va nega selfi qilmading deb so'raganlar ham bo'ldi. Mumkin emas edi.
- Bu yilgi Jahon chempionati IT texnologiyalar bo'yicha eng zo'ri bo'ldi...
- Bundan keyin yanada kuchayib boradi. Yuqorida ham aytdim, FIFAning o'zi jamoalarga texnologiyalarni bermoqda. Sababi ko'chada 21 asr davom etmoqda, oldin VAR bor edi. Golni aniqlash tizimi, hozir chipli to'plar. Har bir futbolchilar o'yindan keyin o'zi haqida barcha malumotlarni oldi. Keyingi mundiallarda qanday bo'ladi, ko'ramiz.
- Siz uchun yangi chaqiruv qanday?
- Bilmadim, hozir bilmayman. Professional sifatida keyingi mundialda ham ishlashni istardim. Ammo AQSH va Kanadaning migraciya siyosatini hisobga olganda imkoniyatlarim juda kam. Meksikada esa stadionlar va o'yinlar juda kam. Agar 2030 yilda Saudiya Arabistoni mundialni qabul qilsa balki shu men uchun yangi chaqiruv bo'lar.
- 2030 yilda Urugvay o'tkazmoqchi-ku...
- Agar Saudiya Arabistoni, Misr va Greciya qo'shma ariza yuborsachi? FIFA kongressida deylik Saudiya Arabistoni OFKning 47 ovozini oladi, Misrga esa Afrikaning 54 ta mamlakati ovoz beradi. 101ta ovozmi? Barchasini kongressdagi ovozlar hal qiladi.
- Sizga ushbu mundialda nima etishmadi?
- Qatarda Janubiy Koreya va Avstraliya terma jamoalari bilan juda iliq munosabatlar o'rnatgandik va men aynan shu ikki jamoaning uzoqroqqa borishini xohlagandim. Sababi, ularni orasida yaqin tanishlarim bor edi. J.Koreyada yordamchi murabbiy hisoblangan Maykl Kim bilan 2004 yildan beri tanishmiz. O'sha paytlar u OFK komissari edi, men esa O'zbekiston terma jamoasi menejeri bo'lganman. U bilan qator o'yinlarda ro'baro kelganmiz va juda iliq aloqalar saqlanib qolgan. Deyarli shunga o'xshash holat avstraliyaliklar bilan ham bor. Biz Qatarda Avstraliyaning saralashdagi o'yinlarini o'tkazdik, Okeaniya qitasining o'yinlarini o'tkazdik. Avstraliya iyun oyida Qatarda ikkita o'yinini o'tkazdi. BAA va Peru bilan. Yordamchi murabbiy Rene Melensten bilan iliq munosabatlarimiz bor. U vaqtida Ser Aleks Fergyusonga yordamchi bo'lgan u men uchun o'zgacha shaxs. Ular bilan salomlashdik, iliq suhbat qurdik, bir-birimizni bag'rimizga bosdik va ularni guruhdan chiqqani bilan tabrikladim. Men yuqoridagi ikki terma jamoani kuzatar ekanman menga ushbu mundialda O'zbekiston terma jamoasi etishmaganini his qildim. O'zimizning terma jamoani ham mana shunday kutib olishni, ular bilan suhbatlashishni xohlardim. Garchi, hozirgi tarkibni yarmini tanimasam, ular ham meni tanimasada.
Gayrat Xasbiullin va Tolibjon Qosimov suhbatlashdi
Fikrlar