"Neftchi" - 10 ming, " Navbahor" - 30 ming
01 apr 2022 10:15
Yangiliklar
"Neftchi" - 10 ming, " Navbahor" - 30 ming
O'yinga bo'lgan qiziqish har qachongidan ham yuqori. Etiborlisi, ushbu o'yindan avval har ikki klub hisobida bir xil 7 tadan ochko mavjud. Samvel Babayan "Paxtakor"ni to'xtatishi mumkin bo'lgan kam sonli mutaxassislardan biri sifatida qaralmoqda. Bunga "Ko'chadagi kamera"ning Namanganda suratga olingan sonida muxlislar tomonidan bildirilgan fikrlar ham isbot bo'la oladi. Biroq amaldachi? CHindan ham Babayan boshchiligidagi "lochinlar" "Paxtakor"ni to'xtata oladimi yoki yo'q vaqt ko'rsatadi. Bunga birinchi javobni bugun olamiz.
Bo'lajak bahs oldidan aksariyat muxlislar, shu qatorda "Championat.asia" o'quvchilarining malum bir qismi, chiptalar narxidan norozi ekanligini yashirib o'tirmayapti. Aksariyat namanganlik muxlislar Toshkent klubi vakillarini chipta narxi oshirilishida aylab, bu ish atayin qilinganligini takidlashmoqda.
SHu sababli, yuzaga kelgan savollarga javob olish maqsadida "Paxtakor" futbol klubi tijoriy ishlar bo'yicha direktori Baxtiyor Mametov bilan bog'landik.
"Aniqlik kiritib o'tmoqchiman — bu mavsum "Paxtakor" mezbonligidagi o'yinlarga tekin chiptalar tarqatilgani yo'q. Faqatgina klub bilan hamkorlik qilayotgan bazi tashkilotlarga chipta taklifnoma o'rnida, tekinga berildi, lekin faqatgina hamkor tashkilotlarga. Afsuski, avvalgi yillarda tekin chiptalar bo'lgan, tarqatilgan, ammo o'zim buni butkul noto'g'ri deb hisoblayman. Tekin narsaning qadri ham bo'lmaydi-ku! Jahon futbolida bu kabi holatni uchratmaysiz hisobi.
To'g'ri, "Navbahor" bilan bahsga nisbatan ko'proq muxlis kelishi kutilmoqda. Bu boradagi ko'rsatkich taxminan 10 mingdan oshsa kerak. "Paxtakor" - "Navbahor" o'yiniga 15 mingta chipta sotuvga chiqarilgan. Barcha sektorlarga kirish uchun chiptalar narxi bir xil 30 ming so'mdan. Faqatgina "SIP" sektor chiptasi 100 mingdan.
O'z navbatida takidlash lozim, muxlislarga, jumladan Namangandan keladigan futbol ishqibozlariga, qulaylik yaratish maqsadida chiptalar hamkorimiz iticket.uz saytida sotilmoqda. Kelishuv asosida 23 martdan boshlab o'yin chiptalarini ushbu sayt orqali xarid qilish imkoniyati mavjud", - dedi Baxtiyor Mametov.
"Paxtakor" markaziy stadionidagi chempionat bahslariga tekin chipta endi bo'lish-bo'lmasligiga vaqt o'tishi bilan javob olamiz, ammo bugun bo'lib o'tadigan to'qnashuvni 30 ming so'm evaziga stadiondan tomosha qilishimiz mumkinligi fakt. O'z navbatida, iticket.uz saytiga kirib ko'rganimizda, bellashuvga 5 mingdan ziyod chipta hali o'z egasini kutayotgani, yanada aniqroq aytsak, 18 - 23 va 29 - 38 sektorlarga chipta sotib olish imkoniyati mavjudligiga guvoh bo'ldik.
Vaziyatni o'rganish davomida bir narsa yodimga tushdi. UEFA CHempionlar Ligasi 18/19-yilgi mavsumida Moskvaning CSKA jamoasi "Real Madrid", "Roma" va "Viktoriya Plzen" bilan bir guruhdan o'rin egallaydi. SHundan so'ng, klub prezidenti Evgeniy Giner CSKA uy uchrashuvlarini 30 mingdan ko'proq muxlisga mo'ljallangan o'z stadioni "VEB Arena"da emas, 81 ming tomoshabinni bag'riga sig'dira oladigan "Lujniki" stadionida qabul qilishini taminlaydi. Bu holatni Giner va klub vakillari ECHL o'yinlariga bo'lgan qiziqish yuqoriligi sabab, maqsad ko'proq tomoshabin bellashuvni stadiondan kuzatishi uchun imkon yaratish ekanligini takidlashadi.
Natijada, "Real" bilan bahsga 71811 nafar, "Roma"ga qarshi o'yinga 64454, "Viktoriya Plzen" bilan bellashuvga esa 52892 muxlis tashrif buyuradi va klub chiptalar sotuvidan ham yaxshigina daromad oladi.
Adolat yuzasidan shuni ham aytib o'tish kerak, "Navbahor" chempionatning ilk turida o'z maydonida Qarshining "Nasaf" klubini qabul qilgan va o'sha o'yinga kirish chiptalarining rasmiy narxi 50 - 100 ming etib belgilangandi. Nisbatan yuqori narxga qaramay, durang bilan (0:0) yakunlangan o'sha bahsni 19720 nafar tomoshabin bevosita stadiondan kuzatib borgan. Bundan kelib chiqadiki, "Navbahor"ning ashaddiy muxlislarini chiptaning narxi bilan qo'rqitib bo'lmaydi.
O'z navbatida, "Paxtakor"ning "Neftchi"ga qarshi uy uchrashuvida kirish chiptalari 10 va 25 mingdan qilib belgilangan edi, "Navbahor" ham "Qo'qon-1912"ni qabul qilganida chiptalar 1-turdagidan biroz arzonroq narxda (barcha sektorlarga 30 ming so'mdan) sotilgan. Klublar mutasaddilari vaziyatdan, talabdan kelib chiqqan holda xizmatga narx belgilashayotganini guvohi bo'lishimiz mumkin va nazarimizda, bugungi kunda bu normal holat.
Faqatgina bu borada yana bir fikirni aytib ketish zarur deb o'ylayman. Barcha sektorlarga chiptalar narxini bir xil narxda sotish bazi muxlislarga nisbatan adolatsizlik bo'ladi. Nazarimda burchaklardagi va darvozalarning ortidagi sektorlar uchun chipta narxi birmuncha arzon bo'lishi kerak. Nafaqat "Paxtakor" balki Superligamizning barcha klublari mana shu holatga etibor qaratishsa yaxshi bo'lardi.
"Paxtakor" klubi ham balki ushbu bahs orqali chindan qanchadir foyda ko'rar. Ayniqsa, Toshkentda aksariyat bahslarga birmuncha kam ishqiboz kelishini inobatga olsak, ko'rsatkich mavsumdagi eng yaxshilaridan biri bo'lishi turgan gap. Buni hamma yaxshi tushunib turibdi. CHipta narxidagi bunday o'zgarishlar esa jonkuyar futbol ishqibozlari uchun jiddiy to'siq bo'lmaydi deb ishonib qolamiz.
Har ikki jamoa muxlislari birinchi navbatda chiroyli o'yin guvohi bo'lish niyatida bahsni intiqib kutishmoqda. Muhimi, etakchilar bahsi ana shu umidlarni oqlasin va shiddatli o'yin guvohi bo'laylik.
Omonjon To'xtamirzaev
Fikrlar