Myunxencha rokirovka: "Bavariya" qanday va nega murabbiyni almashtirishga qaror qildi (mutolaa uchun)
31 mar 2023 19:38
Yangiliklar
Myunxencha rokirovka: "Bavariya" qanday va nega murabbiyni almashtirishga qaror qildi (mutolaa uchun)
"Bavariya" terma jamoalar o'yinlari tanaffusi paytidagi asosiy nyusmeyker bo'ldi. Myunxen klubining bosh murabbiy Yulian Nagelsmanni istefoga chiqarish haqidagi xabari barchani lol qoldirdi. Etiborli jihati, mutaxassis bu narsadan xabardor qilinishidan oldin Germaniya chempionlari Tomas Tuxel bilan muzokara olib borishgan. "Rekordmayster" nemisni uning vatandoshi istefoga chiqarilishi bilanoq tayinlashdi.
Ko'plarni (ekspertlarni ham, muxlislarni ham) "Bavariya" rahbariyatining qarori shokka tushirdi. Haqiqatdan ham vaziyat Myunxen klubi uchun noodatiy. Odatda Germaniya chempionlari mavsum so'nggida murabbiyni almashtirishmaydi. Ammo, vaziyatga chuqurroq qarasak, "rekordmaysterlar"ning qarori unchalik ham kutilmagan emas. OAV Nagelsmann chetlatilishining 3ta sababini keltirdi: jamoa ustidan nazoratning yo'qotilishi, beqaror natijalar va CHempionlar ligasi qurasi.
Ushbu har bir variantning o'z asoslari bor. Aniqrog'i, ularning barchasi bir-biriga bog'langan. Birinchisi – jamoadagi vaziyat. Nagelsmanning tayinlanishi boshidanoq shubhali ko'ringandi. "Bavariya"da mavqei baland o'yinchilar o'ynaydi. Ularga yanada mavqei balandroq yoki hatto qattiqqo'lroq murabbiy kerak. Aks holda, o'z vaqtida Niko Kovach bilan bo'lganidek, uni "yo'qotishlari" mumkin. Yulianning o'yinchilar bilan qiyin munosabatlari haqidagi gap ancha oldin paydo bo'lgandi. Ular joriy mavsumda yanada kuchaydi.
Myunxen klubi sport direktori Xasan Salixamijich klubda muammolar bo'lganini tasdiqladi, jumladan intizom borasida ham. Buni murabbiy bilan muammosi bo'lmaganini takidlagan yarim himoyachi Leon Gorecka ham inkor qilmadi. Nemis OAV xabariga ko'ra, klubdagi vaziyat haqiqatdan ham og'ir bo'lgan — jamoa bo'lingan. Deyarli yarim jamoa Nagelsmanning istefosi tarafdori bo'lishgan. Albatta, o'yinchilar bunday kuchga ega bo'lmasliklari kerak. Ammo, Salixamijich tan olganidek, rahbariyat yarim tarkibdan ko'ra, murabbiyni almashtirishi osonroq bo'lgan.
Nagelsmanning istefosida "Bavariya"da ochiqchasiga aytilgan natijalar ham katta rol o'ynadi. Myunxenliklar Nagelsmanning murabbiylik iqtidorini tan olishadi, ammo shu bilan birga jamoa ayniqsa joriy mavsumning ikkinchi qismida nomuntazam ishtirok etganini qayd etishmoqda. Gap hattoki Germaniya chempionlarining Bundesligadagi etakchilikni yo'qotganlarida ham emas, balki bunday tarkib bilan yanada o'ziga ishonib harakat qilishlari kerak bo'lganida. "Rekordmayster" mavsumning birinchi yarmida ketma-ket uch bor durang o'ynashdi: "Borussiya" (Myonxengladbax) bilan (1:1), "Union" (1:1) bilan va "SHtutgart" (2:2) bilan, shundan so'ng yana "Augsburg"ga minimal hisobda imkoniyat boy berildi.
Bu vaziyat "Bavariya" rahbariyatiga jiddiy tasir qilgan. Myunxenliklar oktyabr-noyabr oylarida milliy chempionatda ketma-ket 6ta o'yinni yutishdi, ammo jahon chempionatidagi tanaffusdan so'ng vaziyat takrorlandi. "Rekordmayster" "RB Leypcig", "Kyoln" va "Ayntraxt"ga qarshi o'yinlarda ochkolar yo'qotdi. Barcha 3 o'yin 1:1 hisobi bilan yakunlandi. SHundan so'ng g'alabalar bo'ldi, ammo mag'lubiyatlar ham, masalan, "Borussiya" (Myonxengladbax) (2:3) va "Bayer" (1:2)ga qarshi. "Farmacevtlar" bilan o'yin Nagelsmann uchun "Bavariya" boshqaruvidagi so'nggisi bo'ldi.
Vaziyat CHempionlar ligasida anchagina yaxshi edi. Myunxenliklar CHL joriy mavsumdagi barcha o'yinlarni yutishdi va 1/8 finalda PSJdan o'tishdi. Huddi xavotirga tushishga hojat yo'qdek edi — "rekordmayster" Evropaning bosh klublar musobaqasida doim maksimal darajada tayyor bo'ladi. Ammo, "Bavariya"da 1/4 finaldagi quradan so'ng shubhalar paydo bo'ldi. Myunxenliklar "Manchester Siti"ga tushishdi va bu ularga yoqmagan bo'lsa kerak. Klub barcha vaziyatni hisobga olgan holda, "shaharliklar"dan o'tish imkoniyati yuqori emas deb topdi. Ketma-ket uchinchi yili CHempionlar ligasining chorak finalidan chiqib ketish "Bavariya" uchun katta zarba bo'ladi.
SHunday bo'ldiki, OAV Nagelsmanning istefosi uchun yozgan har bir sababning haqiqiy asoslari bor edi. Rahbariyat Yulian uchun tarkib yig'a turib (uni aynan murabbiy qo'l ostida qilishdi), raqibni dastlabki daqiqalardan o'yin so'nggiga qadar "bo'g'adigan" muntazam va kuchli jamoa ko'rmoqchi edi. Ehtimol Myunxenda haqiqatdan ham raqiblarini nafas olishga qo'ymagan chempionlik davridagi "Liverpul"ning o'z variantlarini ko'rmoqchi bo'lishgandir. Nagelsmann turli yo'llar bilan borishga qaror qildi va tez-tez taktik moslashuvchanlikni ko'rsatdi, ammo bu doim ham kerakli natijani bermadi.
Tuxel vaziyatni o'zgartiradimi? Buni oldindan aytish qiyin, ammo bunga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan jihatlar yo'q emas. Mutaxassis katta etiborni jamoadagi holatga qaratadi, bu esa "Bavariya"ga hozirda juda muhimdir. SHu bilan birga, u Bundesliga bilan yaxshi tanish, sababi oldin "Maync" va Dortmundning "Borussiya" klubini boshqargan. Bundan tashqari, nemis Xosep Gvardiola uchun eng noqulay raqiblardan biridir, buni "rekordmayster"ning yangi ustozi CHempionlar ligasi finalida yutgan o'yin ham tasdiqlab turibdi. Tomasning tayinlanishi haqiqatdan ham myunxenliklarning "Manchester Siti"dan o'tishlari imkoniyatini oshiradi va hatto CHLni yutishlari ham mumkin.
Tuxelning xarakateri oddiymas, aynan shu "Bavariya" rahbariyatini uni "Borussiya"dan ketganidan so'ng tayinlashdan to'xtatgandi. Myunxenliklar 2018 yilda qaror qabul qilishni uzoq kutishdi, mutaxassis shundan so'ng PSJga yo'l olgandi. Nemis parijliklarni ham, "CHelsi"ni ham CHempionlar ligasi finaliga olib chiqdi, bu esa "rekordmaysterlar"ga optimizm uchun sabab bo'la oladi. Ammo, ko'p narsa klubdagi vaziyatga bog'liq bo'ladi. Salixamijich ham o'zining og'ir xarakteri bilan tanilgan, ammo u Tuxel bilan ishlab ketsa, "Bavariya" katta muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin.
Footballhd.ru saytidan Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar