MYUning o'yini yaxshi emas yoxud jamoa 2-o'rindaligining 4 sababi
19 apr 2018 21:30
Yangiliklar
MYUning o'yini yaxshi emas yoxud jamoa 2-o'rindaligining 4 sababi
Uchrashuv davomida "Yunayted" katta tashabbusga erishmagan bo'lsa-da, muhim natijani qo'lga kiritdi. Joze Mourino shogirdlari baribir ham hujumkor o'yin namoyish etishmayapti. Ammo jamoa Premer-liganing ikkinchi pog'onasini egallab turibdi. Xo'sh, "qizil iblislar"qanday sabablar evaziga shunday o'rinda yuribdi?
DAVID DE XEA
Darvozabon - yarim jamoa. Safarda "Liverpul", "CHelsi", "Sevilya", "Tottenxem" bilan uchrashuvlarda raqibiga qarshi bir o'zi o'ynagandek ko'rindi. Ko'plab seyvlar bajarib, jamoasini yaqqol gollardan saqlab qoldi. U "Yunayted"ning jamg'arayotgan har bir ochkosida muhim rol o'ynamoqda. Etakchilarga qarshi bahsda Joze "avtobus"ini ishlatib, Davidga tayanmoqda va katta tavakkalchilikka qo'l urmoqda. O'z navbatida De Xea ham ishonchni oqlamoqda. Bunday fantastik reakciya sohibi, kuchli qo'llari bilan kuchli zarbalarni qaytara olayotgan Davidga "Yunayted"ning barcha muxlislari tasannolar aytayotgani aniq.
O'z navbatida Joze Mourino ham u borasida deyarli hech qanday gap aytmaydi. Maqtash shart emas, David - fantastik futbolchi, ortiqcha tarif shart emas. U "Yunayted" tarkibida 234 uchrashuvda maydonga tushib, shularning 92tasida gol o'tkazib yubormadi, bu mavsumda esa 17 uchrashuvda "quruq o'yin". APL doirasida bu mavsumdagi 34 bahsda 108ta seyv ijro etdi. Dahshat!!! SHak-shubhasiz, u "Yunayted"ning ikkinchi pog'onada bo'lishidagi asosiy omil.
JOZE MOURINO
U kekkaygan, har doim o'ziga bino qo'ygan insonligini bilasiz. Mour jamoasining qo'lga kiritgan g'alabalaridan keyin katta gapirishni yaxshi ko'radi, biroq haqiqatni aytishga harakat qiladi. To'g'ri emasmi?!
Joze - pragmatik uslubni xush ko'rmoqda. "Yunayted"gacha u bunday uslubda ishlamagandi. "CHelsi"da ham, "Real"da ham hujumkor uslubni tanlardi. Biroq MYUda u boshqacha talimotni ilgari surmoqda va natija uchun ishlamoqda, izlanmoqda. Zerikarli o'yin bo'lsa ham, tezkor himoyachilar va yarim himoya chizig'ining faolligi evaziga vaziyatlar yaratishga intilmoqda. Ko'p hujum qilinmasa ham, o'sha hujum juda xavfli ko'rinish oladi. Har doim bo'lmasa ham Jozening o'yinga tanlayotgan taktikalari ish bermoqda. Lekin uning qilayotgan ishlari jamoaning qo'lga kiritayotgan ochkolarida muhim omillardan biri bo'lmoqda. "CHelsi" (2:1), "Liverpul" (2:1), "Manchester Siti" (3:2) - ko'ryapsizmi, "Yunayted" birinchi davrada yuta olmagan jamoalarini ikkinchi davrada mag'lub etdi. O'sha uchrashuvlarda qanday o'yin namoyish etganini ko'rdingiz-a! Jamoa natija uchun o'ynadi, chiroyli o'ynadi, hujumkor o'ynadi, himoyada yaxshi o'ynadi. Mourino xohlasa, jamoasi "Siti" bilan dahshatli o'yin namoyish etadi yoki "Vest Bromvich"ga qarshi yomon o'ynab yutqazadi. Barchasi aynan unga bog'liq.
Hujumchi Lukaku kerak bo'lsa himoyada ham o'ynaydi. Ammo "Special One" jamoaviylikni shakllantirgani uchun biz klubdagilardan mazmunliroq bo'lgan hujumlarni ko'ryapmiz. Fergi davri bilan solishtirganda (aslida solishtirishning o'zi xato, jamoa o'sha saviyada o'ynay olmasa kerak) "Yunayted" albatta kuchsizroqdek ko'rinmoqda, ammo bu tipdagi jamoaga chempionlik ruxini singdirish juda qiyin. Joze Mourino keyingi mavsumda jamoasini chempionlikka olib borishga intiladi.
TARKIB VA ZAXIRA
Tarkib juda yaxshi. Bir necha muhim futbolchilar safdan chiqadigan bo'lsa, uning o'rnini bosa oladiganlar ko'pchilikni tashkil qiladi. "Bornmut"ga qarshi o'yinda zaxirada o'tirgan futbolchilarga ahamiyat bering: Lukaku, Matich, Blind, Bayi, Aleksis, Yang! Reshford, Marsyal kabi futbolchilar ham asosiy vaqtini o'rindiqda o'tkazmoqda. Qaysidir yuqori saviyali futbolchilar o'yin qaydnomasiga ham kira olmay qolmoqda. Bunday saviyali zaxira o'rindig'iga ko'pchilik grand jamoalar ham havas qilishlari aniq. Xohlagan raqibga qarshi uchrashuvda birgina o'yinchi o'zgartirish orqali o'yin tizginini burib yuborish mumkin. Buni biz ECHL 1/8 finali doirasida "Sevilya"ga (1:2) qarshi uchrashuvda ko'rdik. O'zgarishlar orqali "Yunayted"ning o'yini o'zgarib ketdi, jamoa oldinga sherdek tashlandi, ko'plab vaziyatlar yaratdi va maqsadiga etib, gol kiritishga erishdi.
Mata chiroyli to'p uzatadi, Pogba markazda yaxshi o'ynaydi, Marsyal, Sanches va Reshford chap qanotdan "qochadi", Matich tayanchda o'ynaydi... Yarim himoya chizig'i yaxshi futbolchilar bilan to'lgan. Bu futbolchilar asosiyda ham, zaxiradan tushsa ham, o'yinni kuchaytirib, urilayotgan gollarda yaxshi qatnashishadi va natijaga tasirini o'tkaza olishadi.
SHuningdek, tarkibda MakTominey kabi iqtidor egasi etishib chiqmoqda. U ham jamoaning o'yinlarini keskin kuchaytirib yubordi, kuchli raqiblar bilan uchrashuvlarda dovdirab qolmayapti. Joze yoshlar bilan qanday ishlash kerakligini biladi. SHu boisdan yoshlik va tajribadan birdek foydalanib, tarkibni mukammallashtirishga intilmoqda. Ko'ramiz, yozda jamoa tarkibida qanday o'zgarishlar bo'larkin...
ISHONCHLI HIMOYA
"Yunayted" bu mavsum APLda 26 gol o'tkazib yubordi, bu esa ikkinchi natijadir. Hozircha kam gol o'tkazish borasidagi eng yaxshi natija "Manchester Siti"ga tegishli. "Yunayted"ning tajribali himoyasi va darvoza chizig'i alo darajada o'ynamoqda, ular o'z vazifasini yaxshi bajarib, kam gol qo'yib yubordi. 26 gol - 34 uchrashuvda 0,76ta gol o'tkazib yuborildi degani.
"Manchester Yunayted" yozda sotib olishi kerak bo'lgan 10 futbolchi
Himoya chizig'ida yaxshi futbolchilar va zaxira bor: Valensiya, Yang, Smolling va Jons asosiy tarkibda bo'lganida, SHou, Darmian, Lindelof, Bayi va Roxo kabi yuqori potencialli futbolchilar ikl daqiqalardan maydonga tushishga tayyor turishadi. Jons va Smolling 2011, Valensiya esa 2009 yildan buyon jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda. Hozircha ular futbolchi uchun qari emas, 26 va 28 yoshda, ekvadorlik esa 32ga kirib qo'ygan.
Raqamlarga qaraydigan bo'lsak, himoyachilar o'yinlar davomida 150 bora zarbalarni qaytarishgan, yani, "blok shot" bo'lgan. SHuningdek, 65 foiz vaziyatlarni "podkat" bilan yo'qqa chiqarishgan. 431 marta hujumlarni to'xtatib qo'yishgan. Juda ishonchli himoya va chiroyli raqamlar.
Umuman olganda, jamoaning himoyasi yaxshi o'yin namoyish etmoqda. Joze rotaciyada yaxshi ishlayotgani bois, mudofaa barqaror. SHu boisdan ham "Yunayted" ikkinchi o'rinda.
Yuqoridagi 4 jihat "Yunayted"ning APLda 2-o'rinda yurishida muhim omil bo'lib turibdi. Biroq endi chempionlik hal bo'lgan va kumush medallar uchun kurash so'nggi turlargacha ayovsiz kechishi aniq.
Mirjalol Normatov
Fikrlar