So’nggi yangiliklar

22:59Миллатлар лигаси старт олмоқда! Португалия - Хорватия ва бошқа учрашувларнинг асосий таркиблари билан танишинг  3 22:24ЖЧ саралаши. B ҳамда C гуруҳидаги ўйинларнинг асосий таркиблари маълум бўлди  4 21:58Сречко Катанец: "Мақсадимиз томошабоп ўйин эмас, ЖЧга чиқиш"  42 21:44Жалолиддин Машарипов: "Яхши ўйнадик дея олмайман, асосийси ғалаба"  19 21:34КХДР бош мураббийи: "Биз кутган натижа бўлмади"  14 21:05ЖЧ-2026 саралаши. Ўзбекистон - КХДР 1:0, Машарипов голини Роналду услубида нишонлади  31 20:54ЖЧ-2026 саралаши. Ўзбекистон КХДРни мағлуб этиб, учинчи босқични 3 очко билан бошлади  334 20:41Ўртоқлик учрашуви. Россия Вьетнамни қийинчиликсиз мағлуб қилди  3 20:25ЖЧ саралаши. Гуруҳимиздаги икки ўйиннинг асосий таркиблари маълум бўлди  4 18:47ЖЧ-2026 саралаши. Жанубий Корея Фаластин дарвозасига йўл топа олмади!  9 18:15ЖЧ-2026 саралаши. Япония Хитой дарвозасига жавобсиз 7 та гол урди!   8 17:50ЖЧ-2026 саралаши. Ўзбекистон МТЖ футболчилари "Бунёдкор" стадионига етиб келишди  6 17:36ЖЧ-2026 саралаши. Ўзбекистон - КХДР: Асосий таркибимиз маълум  43 17:17"Бунёдкор" стадиони Ўзбекистон - КХДР учрашувига тайёр  6 17:17ЖЧ-2026 саралаши. Австралия ўз уйида мағлубиятга учради  8

Mutolaa uchun. 1998 yil "so'yloq tish" bir o'zi "Spartak"ni mag'lub etdi. Bu biz ko'rgan eng zo'r Ronaldo edi Yangiliklar

Mutolaa uchun. 1998 yil "so'yloq tish" bir o'zi "Spartak"ni mag'lub etdi. Bu biz ko'rgan eng zo'r Ronaldo edi

Ronaldo bundan roppa-rosa 22 yil avval Moskvada bo'lgan UEFA Kubogi yarim final javob o'yinida "Spartak"ni futbol o'ynab bo'lmaydigan sharoitda ham fantastik harakatlari bilan mag'lub etgan edi.

Bu haqida alohida mini-serial ishlasangiz arziydi. Xo'sh, "popkorn" tayyormi? Unda boshladik!

Hayotiy voqealar asosida suratga olingan.

1-epizod. "Fenomen".

1998 yil, aprel. Milanning "Inter" klubi Moskvaga UEFA Kubogi javob o'yinida "Spartak" bilan bellashuvga uchadi. Birinchi o'yinda "San-Siro"da italiyaliklar o'yinning oxirida g'alabani ilib  ketishgan – 2:1.

"Inter"ning tarkibi chinakam terma jamoa! Samorano, Simeone, Zanetti, Kanu, Rekoba, Jorkaeff, Uest, Vinter, Palyuka, Bergomi… Va albatta hujumlar etakchisi — 21 yoshli braziliyalik hujumchi "Fenomen" laqabli Ronaldo. U "Inter"dagi birinchi mavsumini o'tkazmoqda. Yozda Ronaldo "Barselona"dan 25 mln funt evaziga Italiyaga ko'chib o'tgan. O'sha vaqt uchun bu rekord summa edi. Ronaldo rasman dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lganiga to'rt oy bo'ldi. 1997 yil yakunlariga ko'ra futbolchi o'zining birinchi "Oltin to'p"ini qo'lga kiritdi va yana bir rekordni qayd etdi — hech kim bu sovrinni bunchalik erta qo'lga kiritmagan. World Soccer jurnali uning rasmini quyidagi so'zlar bilan chop etdi: "Tarixda eng yaxshisimi?". Samolyotda italiyaliklar "Corriere della Sera"ning yangi sonini o'qishmoqda: "Ronaldo shunday formaga kirib oldi-ki, u istalgan o'yinni bir o'zi yuta oladi".

"Ey, Ron! Biz uchun UEFA Kubogini yutib berasanmi?" — deb baqirdi Ronaldoga futbolchilardan biri. Fenomen unga o'sha mashhur bo'lgan kulib boqishi bilan javob berdi. "Ey, Ron! Yozishlaricha — sen superqaxramon ekansan. Muvaffaqiyating sirini aytasanmi? — degan ovoz keldi salonning boshqa burchagidan. Ronaldo qayrildi. Maydonda ham, hayotda ham u juda quvnoq va hushchaqchaq edi. Futbol va bazmlarni juda yaxshi ko'rardi. "Yigitlar, mayli, agar shuni xohlasangiz. Barchasi oddiy — o'yin arafasida tunda men..." (Hamma jim bo'lib qoladi, o'sha lahzada salonda pashsha uchsa eshitilardi). "Krovatimda hech nima qilmay yotaman. SHunchaki yotish, umuman ortiqcha harakat qilmaysiz, kuchingizni sarflamaysiz. Axir u sizga maydonda zarur bo'lib qolishi mumkin. Asosiysi o'zingizni boshqara olish. Tushunarlimi?", — dedi Ronaldo. Buni eshitgan barcha xoxolab kulib yuboradi. "Ron, sen asosiysi umuman passivlashma!".

"Inter" matbuot-bo'limi boshlig'i Sandro Sabatini esa 1998 yil Ronaldoga topshirilgan o'sha "Oltin to'p" bilan bog'liq boshqa bir voqeani yodga oladi. Moskvagacha hali uzoq va u barchasini yo'lda yonma-yon ketayotgan sheriklariga aytishni boshladi: "U Braziliyadagi do'stlari bilan navbatdagi bazmga shu qadar shoshayotgandi-ki, "Oltin to'p" kiyinish xonasida qolib ketgandi! Keyinroq menga qo'ng'iroq qildi va sovrinni esdan chiqarib, tashlab ketganini aytdi. Men "Oltin to'p"ni kiyinish xonasidagi kir kiyimlar tashlanadigan savatchadan topdim, stadion xodimlari uni o'sha erga qo'yib qo'yishgan ekan".

Moskva. "Spartak" bilan o'yindan bir kun avval "Inter" to'liq tarkib bilan shaharni aylanmoqda. Qizil maydonda barcha futbolchilar, shu jumladan, Ronaldo ham esdalik sovg'alarini xarid qilishdi. Jamoa azolariga tinmay dastxat va rasm niyatidagi "ovchilar hujum qilardi". Ularning orasida ham mahalliy muxlislarni, ham italiyalik sayyohlarni ko'rish mumkin edi. Hattoki, Diego Simeonening 3 yoshli o'g'li Jovanni ham otasi uni o'zi bilan Moskvaga olib ketishga qaror qilgandi. Ronaldoning oldiga kelib dastxat so'raydi.

Muxlislardan qochib qutilish maqsadida Ronaldo Yuriym Jorkaeff va Arona Vinter bilan birga MUMga kirib ketadi. Suvenirlar bo'limi sotuvchisi "Inter" yulduzlarini tanib qoladi va "Bir-u – nol! Uno – zero!" deb baqiradi. Braziliyalik shunda ham samimiy kulib qo'yadi. MUMdan chiqqan futbolchilar klub avtobusi qolganlarni olib mehmonxonaga ketib qolganini tushinib etishadi. Ronaldo va ikki sherigining muxlislar to'dasi bilan birga mehmonxonagacha bo'lgan yo'lni piyoda o'tishdan boshqa iloji qolmaydi.

2-epizod. "Botqoqlik".

O'yindan bir kun avval "Inter" "Spartak" manejida mashg'ulot olib boradi. "Spartak" ham, mehmonlar ham ob-havo tufayli shundoq ham "qiynalgan" "Dinamo" stadioni chimini ayashadi. Moskva bo'ylab aprel uchun xos bo'lmagan darajada ko'p qor yog'adi (mutaxassislar fikriga ko'ra, bunaqasi 1903 yildan buyon bo'lmagandi) va maydonni botqoqlikka aylantiradi. O'yinni qutqarish uchun maxsus mashinalar, uskunalar va askarlar biriktiriladi. "Dinamo" stadioni direktori Oleg Tochelovich jurnalistlarga intervyu beradi.

"Odamlar uchun bayram uyushtirmoqchi edik. Bu erda esa... Darhol harbiylar bilan bog'landik. Bizga maydonni va tribunalarni tozlash uchun 500ga yaqin askar berishdi. Isitish tizimini yoqdik — uning yordamida chimni quritmoqchimiz".
"Uchrashuv o'tkaziladimi yoki uni qoldirishadi?"
"Bu endi UEFA vakiliga bog'liq, oxirgi so'zni u aytadi. Men esa o'yinni qutqarish uchun qo'limdan kelganini qila olaman holos".
"CHiptalar bilan vaziyat qanday?"
"Barcha chiptalar sotib bo'lingan. Bizga bu bahs bo'yicha 500ta tashkilotdan so'rovnoma kelib tushgan, umumiy hisobda esa "Inter"ni ko'rmoqchi bo'lganlar 170 mingdan ziyod muxlis!"


14 aprel. O'yin kuni 

9:45. "Inter" vakillaridan keyIn Xyu Dallas boshliq shotlandiyalik hakamlar brigadasi, UEFA vakili Norman Di Mayo va UEFA hakamlar nazoratchisi Jorj Kurtni stadionga tashrif buyuradi.

9:49. Barcha rasmiy shaxslar maydonga yo'l olishdi. Tribunaga kiraverishni ekskavatorlar tozalamoqda, askarlar tribunalarda, stadion ishchisi esa shlangda zaxira o'rindig'inga qaynoq suv sepmoqda. Di Mayo umrida hech qachon qorni ko'rmaganini tan oldi.

9:53. UEFA qor aralashgan botqoqlikka aylangan joyda depsinib turibdi. Aynan u o'yin bo'ladi yoki yo'q degan savolga javob beradi. Di Mayo maysa holatiga baho berish uchun Tochelovich va "Dinamo" FK bosh direktori Nikolay Tolstixni taklif qiladi. Tarjimon yordamida ular o'yin haqida gaplashishadi. Di Mayo: "O'yingacha maydon bundan ham "dabdala" holatga kelib qolmasmikin?". Tochelovich: "Oktyabrda biz Rossiya — Italiya o'rtasidagi o'yinni o'tkazdik va chim bunga dosh berdi. O'shanda ham qor yoqqan, shunga o'xshash ob-havo edi". Di Mayo: "Nimadir qilib uni quritish mumkinmi?". Tochelovich: "Harakat qilyapmiz. Maysaning isitish tizimi eng kuchli rejimga qo'yilgan. Qorni tozalab olsak, barchasi qurishi kerak". Tolstix: "Maydonda muz bo'lmasligiga, u muzlab qolmasligiga kafolat beramiz. Afsuski u shunday holatga kelib qoldi, loy ham yo'q demayman. Ammo buni o'zgartirish bizning qo'limizda emas". Di Mayo: "O'yinni bir kunga qoldirsak, maydonni yaxshiroq holatga keltira olamizmi?". Tolstix: "Ertaga ham ob-havo bundan yaxshi bo'lmaydi — yomg'ir va qor vada qilishgan. SHuning uchun bir sutka hech nimani o'zgartirmaydi". Di Mayo o'ylanib qoladi va ingliz tilida Kurtniga murojaat qiladi: "CHamamda, o'yinni ko'chirsak hech nima o'zgarmaydi. Maydonda muz yo'q va shu sabab uni xavfli deb bo'lmaydi. SHuning uchun o'ynash mumkin".

10:04. Di Mayo va Kurtni maydondan chiqib, tribuna ostiga yo'l olishdi. Tribunadan astoydil ter to'kayotgan askarlardan biri bir belkurak qorni pasga uloqtirgandi, u sal qolsa Di Mayoning boshiga tushardi. Qo'rqib ketgan mutaxassis, o'ychan holatda o'yin taqdirini hal qilishi mumkin bo'lgan yig'ilish o'tadigan xonaga kirib ketdi.

10:45. Dastlabki qaror — o'yin bo'ladi. UEFA vakillari tribuna va stadionga kirib kelish hududi o'z vaqtida qordan tozalanishi borasida hamda xavfsizlik taminlanishi bo'yicha kafolat olishdi. Biroq Di Mayo yakuniy qaror kechki payt, o'yin boshlanishiga bir yarim soat qolganda, elon qilinishini aytdi. O'nlab askarlar maydonga tushib, uni qordan tozalay boshlashdi.

15:28. Maydon to'liqligicha qordan tozalandi. 

16:30. Issiq kiyimlar kiyib olgan ishchiar maydon chiziqlarini chiza boshlashdi va namlikni yo'qotish uchun parallel ravishda uni qum sochib ketishardi. 

17:57. "Dinamo" stadioniga yana UEFA hakamlari va rasmiylari tashrif buyurdi.

18:04. Biroz o'ylanishlardan so'ng qaror qabul qilindi — o'yin bo'ladi! Maydonni ko'zdan kechirish uchun kelgan "Inter" futbolchilari, deyarli o't yo'qligi va qum sochilgan erni ko'rib, turlicha munosabat bildira boshlashdi. Mehmon klub prezidenti Massimo Moratti rossiyalik jurnalist tanishiga: "Maydon, leopard terisini yodga solmoqda. Bu nima, qayta qurishdagi so'nggi yutuqlaringizdanmi?". 


3-epizod. "Daho".

Tribuna ostidan Ronaldo "Inter" futbolchilari ichida oxirgi bo'lib chiqib keldi — irimi shunaqa ekan. Dallasning hushtagi yangradi va o'yin boshlandi. Botqoqlikdagi birinchi reydini mehmonlarning to'qqizinchi raqamli futbolchisi 2-daqiqada amalga oshiradi — tezlik olgan Ronaldo Gorlukovichni ortda qoldiradi, lekin Ananko raqibiga nisbatan qoida buzadi. Jarima zarbasi. Xlestov, Ananko, Gorlukovich, Evseev — "Spartak" himoyachilari Ronaldoni harakatlanishiga qarab qo'riqlab, qaerdadir mayda follar evaziga o'yin debyutida braziliyalikni zararsizlantira olishadi. Bu orada Tixonov gol uradi. 12-daqiqada uning olis burchakka bergan aniq zarbasidan so'ng umumiy hisob 2:2 bo'ladi, ammo Milanda urilgan gol evaziga rossiyaliklar ustunlikka ega bo'lishadi. "Spartak" uchun bunday ob-havo va stadiondagi anshlag (35 ming muxlis) ko'z o'ngidagi uchrashuv ajoyib boshlandi.

"Inter" taym oxirida javob berdi. Qanotdan to'p oshirilishi, Gorlukovichning oyog'iga tekkan to'pga Ronaldo birinchi bo'lib etib boradi va butsasining uchi bilan o'yindagi hisobni tenglashtiradi. "Inter" bosh murabbiyi Luijji Simoni maydon chetida g'olibona harakatlarni amalga oshirardi. 1:1. Endi "Spartak" nima qilib bo'lsa ham gol urishi zarur.

75-daqiqagacha hisob o'zgarmaydi. Keyin esa Ronaldo butun stadionni hayratdan og'zini ochib qo'yadi. "Aut"dan so'ng darvozadan 25 metr uzoqlikda to'pni qabul qilgan Fenomen 5 nafar (!) raqibini aldab o'tadi. Avvaliga tana harakati evaziga Gorlukovichni ortda qoldiradi. Keyin Samorano bilan "devor" uslubida o'ynab, Xlestovni dog'da qoldiradi. Katta tezlikda, jarima maydonida Romashhenko va Tixonovdan o'zib ketadi va Filimonovni aldab ketadi. To'pni chap oyoqda bo'sh qolgan darvozaga yo'llaydi. "Spartak" bosh murabbiyi Oleg Romancev o'tirgan joyida qo'llarini ikki yonga yoygancha: "Uni nima qilsa bo'ladi-a?!".

84-daqiqada o'yin taqdiri hal bo'lganini tushungan mehmonlar ustozi ("Spartak" o'zi gol o'tkazmay, uch bor raqib darvozasini ishg'ol qilishi kerak), Simoni braziliyalikni almashtiradi. "Spartak" muxlislari Ronaldoni tik turib, olqishlar sadosi ostida kuzatib qo'yishadi. U javoban ularga minnatdorchilik bildirgan holda qo'llarini silkib qo'yadi va yuzida tabassum bilan maydonni tark etadi.


Final satrlari

O'yindan keyin "Spartak" futbolchi va murabbiylari "hech uyalmay" Ronaldo tomon iliq so'zlar aytishdi: Andrey Tixonov: "Har ikki raqibning o'rtasidagi yagona farq "Inter"da Ronaldo bor. Aynan u o'yin taqdirini hal qildi". Dmitriy Alenichev: "O'ylashimcha, biz bugun birgina futbolchiga yutqazdik, u ham bo'lsa Ronaldo. Faqat shu futbolchini olib tashlang va "Inter" o'rtamiyona jamoadek ko'rina boshlaydi". Oleg Romancev: "G'alaba uchun bizga nima etishmadi? Nima emas, kim etishmadi. Ronaldo".




Keyingi kun "Sport-ekspress" nashri birinchi sahifasida: "Xafa bo'lma, Rossiya. "Spartak" "Inter"dan yomon o'ynamadi. SHunchaki unda Ronaldo yo'q edi". Gazetada shunday yozilgandi: "Ronaldo qaerda bo'lsa, g'alaba ham o'sha erda. Braziliyalik uchun ekzotik holat Rossiya qishida ham u o'zini ko'rsata oldi. "Spartak" "Inter"ni yutdi — 1:0, lekin Ronaldoga yutqazdi — 0:2". "Inter" prezidenti Massimo Moratti intervyusida o'z hayratini yashirib o'tirmadi: "Ronaldoning ikkinchi goli — bu aqlbovar qilmas holat. Men bu vaziyatni kerak bo'lsa ming marta ham ko'rishga tayyorman! Ronaldo boshqa istalgan futbolchidan umid ham qilib bo'lmaydigan harakatlarni amalga oshira oladi. Bir o'zi o'yin taqdirini hal qila oladigan futbolchilar — noyob hodisa. SHunday futbolchi bizning jamoamizda borligi bu katta baxt".

***

"Spartak" boshqa hech qachon evrokuboklar yarim finalida o'ynamaydi. Moskvadagi o'sha o'yin "qizil-oqlar" tarixida evrokuboklardagi uchinchi va hozircha oxirgi yarim final bo'lib qoldi. "Inter" esa 1998 yili "Lacio"ni 3:0 hisobda mag'lub etib, UEFA Kubogini qo'lga kiritdi. Ronaldo "neradzurri"ning uchinchi golini urib, o'yinga nuqta qo'ygandi.

1998 yil yozida braziliyalik endi Franciya yashil maydonlarida, mundial o'yinlarida o'zini ko'rsata boshlaydi. U erda ham forvard Braziliyani finalga qadar etaklaydi va hal qiluvchi o'yindan avvalgi tundagi sirli voqealar unga oxirgi bellashuvda, francuzlarga qarshi bahsda "koncert" qo'yib berishga to'sqinlik qiladi. Keyingi mavsumda Ronaldoni jarohatlar va o'ng oyog'idagi og'riqlar bezovta qila boshlaydi, futbolchi faqatgina ukollar yordamida maydonga tushadi. 

Fenomenni 1998 yildagidek (ozg'in va sog'lom) ko'rinishda boshqa ko'rmadik...


Nozima Zaripova tarjimasi

Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика