So’nggi yangiliklar

13:24Жибриль Сиссе панжара ортида ўтириши мумкин  0 12:55"Манчестер Сити" январь ойидаги трансфер мақсадини белгилаб олди  1 12:30Украина футзал терма жамоаси машғулотидан ГАЛЕРЕЯ  0 11:532016 йилги жаҳон чемпиони Аргентина терма жамоасининг "Ҳумо Арена"даги машғулотидан ГАЛЕРЕЯ  0 11:25"Насаф" легионери 3 та ўйинга дисквалификация қилинди, Иван Бошкович ва Рўзиқул Бердиевга интизомий чора кўрилди  28 10:51Роналду кейинги йилларда "Олтин тўп"га асосий даъвогарлар кимлар бўлишини маълум қилди  11 10:15Бразилия термаси устози ваъда берди  4 09:42ЦСКА голеадор ҳужумчи билан шартнома тузди  3 09:05«Динамо» легионер футболчиси билан шартномани узайтирди  2 08:32Ўзбекистон футзал миллий терма жамоаси Жаҳон чемпионатидаги илк учрашувда оқ либосда майдонга тушади  3 07:56Икки нафар футболчимиз Осиёда ЖЧ-2026 саралаши 2-тур рамзий жамоасидан ўрин олди  2 07:27Суперлига. Бугун Ўзбек "Эл Классико"си бўлиб ўтади  25 01:22Эрик тен Хаг: "Биз жамоани қайта қуряпмиз"  9 00:45"Барселона", ниҳоят, "Боруссия" Д билан ҳисоблашди  4 00:22Эсанов тўп тепадиган "Акрон" машҳур ҳужумчини трансфер қилди  2

Murod Ismoilov: “Qo'qonlik muxlislarni xursand qilish niyatidaman” Yangiliklar

Murod Ismoilov: “Qo'qonlik muxlislarni xursand qilish niyatidaman”

Mana kechagina oliy ligaga yo'llanma olgan ”Qo'qon-1912” jamoasi azolari ko'z ochib yumguncha bu yilgi futbol mavsumini yakunlab keyingi yilga tayyorgarliki ham boshlab yuborishdi.

Yangi mavsumga jamoani taniqli mutaxasis Murod Ismoilov tayyorlashi malum bo'lgandan so'ng, jamoaning ashaddiy ishqibozlarida bosh murabbiydan so'raydigan gaplari ham ko'payib qoldi. Ko'pchilik muxlislarning talab va istaklarini inobatga olib Murod Ismoilov bilan suhbat uyushtirdik.

– Murod aka Qo'qonga o'tishingiz qanday amalga oshdi? Kelishingizdan bir oz muqaddam “Futbol ekspress” gazetasida “Qo'qon-1912” jamoasiga o'tmasligingiz haqida intervyu bergan edingiz.

– Avvalo, insonning aytgani har doim ham bo'lavermas ekan. Buyam bir taqdir ekan. Ozgina fursat oldin “Futbol ekspress” muxbiri bilan gaplashganimizda, tarbiya qilayotgan daraxtlarimiz endi meva berishni boshlaganda Farg'onadan ketmayman degan edim. “Neftchi”dagi murabbiylar shtabi ham Farg'onada qolishimni hohlashayotgan edi. Aslida o'sha intervyudan oldin ham Qo'qon jamoasidan taklif bor edi. Keyin yana taklif bo'ldi, qolaversa, “Qo'qon-1912” jamoasi ham o'zimizning viloyat jamoasi ekanligi, bu jamoaga ham yordam berishimiz kerakligi, jamoa rahbarlarining uzoqni ko'zlab qilingan rejalarini eshitib, fikrim o'zgardi va Qo'qonga kelishga qaror qildim. Endi bu yog'iga qo'limizdan kelgancha, bor kuch va imkoniyatlarimni ishga solib jamoa rahbariyati va muxlislarini xursand qilishga xarakat qilaman.

– Jamoa bilan qancha muddatga shartnoma imzoladingiz?

– Jamoa rahbari Baxtiyor aka Tolipov bilan suhbatlashganimizda jamoaning uzoq muddatli dasturini bayon qilishdi. Kuni kecha bo'lib o'tgan yig'ilishda ham rahbarimiz har yili murabbiy almashtiravermaslik haqida gapirib o'tdilar. Hali bu masalada bafurja gaplashib olamiz, niyatimiz uzoqroq muddat ishlab yaxshi bir jamoa shakllantirish. Birdaniga kuchli jamoa shakllantirish hech qaysi murabbiyning qo'lidan kelmaydi. Xudo hohlasa, qancha ishlasam ham qo'qonlik ishqibozlarni ko'nglidan joy oladigan jamoa qilish niyatim bor. Hozir ham jamoaning o'zi yomonmas shu jamoani asosida yanada kuchli jamoani shakllantirishga harakat qilamiz.

– Bundan oldin siz “Paxtakor”, “Neftchi” kabi yuksak maqsadlari ko'zlagan jamoalarda ishladingiz. Qo'qonda sizga qanday vazifa qo'yildi?

– Kimlargadir “Neftchi”dan Qo'qonga o'tishim orqaga tashlangan qadamdek tuyulishi mumkindir, lekin men unday deb hisoblamayman. Men uchun bu jamoaga o'tishim yangi chaqiruv, men uchun qiziqarli bu erda ishlash. Jamoa oliy ligaga chiqib o'z o'rnini saqlab qoldi, endi jamoani yanada kuchaytirib, katta futbolga chanqoq yoshlarni tarbiyalashga harakat qilamiz. Vazifaga kelsak albatta kelgusi yilda vazifa ham o'zgaradi. Rahbariyat kuchli sakkizlikka kirish vazifasini belgilab berishdi, lekin ilojini boricha undan ham yuqori maqsadni ko'zlab ishlaymiz.

– Murabbiylar shtabida kimlarni ko'ramiz?

– Bu erga kelishdan oldin shu haqda ko'p o'yladim. Jamoada murabbiylar shtabini ham yaxshi tuzishimiz kerak. Birga ishlab yordam berishni istagan do'stlarimiz ham bo'ldi. Lekin uzoqni o'ylab ish ko'rish maqsadida, kelajakda ham Qo'qonga yordami tegishi mumkinligini o'ylab, qo'qonlik mutaxasislar bilan ishlashni lozim topdim. O'tgan mavsumda jamoa o'rinbosarlari bilan ishlagan Muhsin Nizomiddinov endi asosiy jamoada menga yordam beradi. O'rinbosarlar jamoamizga esa yana bir qo'qonlik yigit Muhiddin Abduvalievni taklif qilmoqchimiz. Bundan tashqari,  jamoada shu kungacha ishlab kelgan ilmiy tomondan juda yaxshi mutaxasis Vadim SHodimatov o'z ishini davom ettiradi. Bu inson meni ham “S” licenziya olishimda o'qitgan ustozim. Qolaversa, Farg'onadan Maqsud Umarovni ham jamoaga taklif qildik. Yana bir murabbiy taklif qilish niyatimiz bor, u mutaxasis darvozabonlar bilan ishlaydi. Bu borada izlanyapmiz. Bunday mutaxasisni ham qo'qonlik bo'lishini judayam hohlagan edim, afsus tegishli licenziyaga ega darvozabonlar murabbiyi Qo'qonda hozircha topilmadi. Xullas murabbiylar shtabini ham kuchaytiramiz.



– “Qo'qon-1912” jamoasining bu yilgi mavsumdagi o'yinlarini kuzatdingizmi?

– Albatta bu yil qo'shni shahar yaqin, ayrim o'yinlarni bevosita stadionga kelib ham ko'rdim. Qolaversa, raqiblarni o'rganish jarayonlarida video disklar orqali ham ko'pgina o'yinlarni ko'rdim. Agar jamoa qanday o'ynadi demoqchi bo'lsangiz, debyutant jamoa juda yaxshi o'ynadi. Natija ham yomon bo'lmadi, buni hech kim inkor qilmaydi. Birinchi ligadan chiqqan jamoa, ko'p futbolchilar yangi kelgan, bazilar oliy ligada birinchi marta o'ynadi. SHularni hisobga olsak jamoa yomon ishtirok etmadi. Endi bu yildan jamoada ishni to'g'ri yo'lga qo'ysak, mahalliy yoshlarga etibor berish bilan birga yangi keladigan futbolchilar bilan kamida 2 yillik shartnomalarni imzolamoqchimiz. SHu o'rinda meni futbol falsafamni aytsam, futbolchilarga erkinlik berish tarafdoriman. Individual mahoratli futbolchilarimiz kamayib ketmoqda. Nimaga yoshligida zo'r o'ynagan futbolchi keyinchalik yo'qolib ketyapti? Bu o'rinda ayb murabbiylarimizda deb o'ylayman. Futbolchiga erkin qaror chiqarishga ham imkon berish kerak, hadeb unday qil, bunday o'yna, pas bermaysanmi deb dakki beraverish ham yaramaydi. Yoshligidan shunaqa tarbiya qilsak, u futbolchi qo'rqoq bo'lib qolyapti, indivudial mahorati yo'qolib boryapti. Nimaga Geynrixga o'xshagan 3-4 futbolchini aldab ketadigan, chiroyli fintlar qiladigan hujumchi chiqmayapti? CHunki futbolchini yoshligida to'pni sherigingga oshirmading deb dakki beraverib “qo'rqoq” qilib qo'yyapmiz. Qo'qon shaxrida va atrof tumanlardagi yoshlarga etiborni kuchaytiramiz. Indivudial mahoratga ega yoshlarni qidiramiz. Xozircha akademiya deb baland gapirmayligu, ishlab turgan futbol maktablarimiz murabbiylari bilan hamkorlikni yanada kuchaytiramiz. Ularga qo'limizdan kelgan maslahatlarimiz va yordamimizni ayamaymiz. Toki Qo'qonda qo'qonlik futbolchilar o'ynasin. Ular baribir o'z shahri jamoasi uchun ko'proq jon kuydiradi. Yaqinda futbol federaciyasida bo'lgan seminarda ham futbolchini individual mahoratini oshirish borasida juda yaxshi gaplar bo'ldi. Futbolchini “robot” qilib qo'ymasligimiz kerak.

– Jamoadan kimlar ketdi? Kimlar keldi? Selekciya ishlari haqida ham malumot bersangiz.

– Jamoani ayrim futbolchilar tark etishdi. Suhrob Qobilov, Ilhom Komilov, Hasanboy Ergashev, Aleksey Nikolaevlar jamoadan ketishdi. Sardor Eminovni “Neftchi” jamoasi taklif qilgan, uning taqdiri hozircha nomalum bo'lib turibdi. Quvondiq Ro'ziev va Doniyor Usmonovni keyingi taqdiri “Lokomotiv” jamoasi qo'lida. Albatta, jamoani kuchaytirish uchun yaxshi ijrochilar taklif qilamiz. Mana bugun Otabek Zokirov xamda Otabek Haydarovlar bilan shartnoma imzoladik. Otabek Zokirov o'tgan mavsumni Samarqandning “Dinamo” jamoasida o'tkazgan. Otabek Haydarov esa birinchi davrada “Neftchi”da o'ynadi, ikkinchi davrani ijara asosida Qo'qonda o'tkazgan. Hozir ixtiyorimizdagi futbolchilar bilan shartnomalarni imzolab olsak, keyin kerakli poziciyalarga yana yangi futbolchilarni taklif etamiz. Albatta, ko'z ostimga olib yurgan o'yinnchilar bor. Yanvardagi yig'inimizda tarkibimizda yangi futbolchilar ko'rikda bo'lishadi. Selekciya ishlari yil davomida to'xtamaydi.

– Muxlislarni rossiyalik legioner Igor Golbanni taqdiri qiziqtirmoqda va tarkibga yana chetdan futbolchi taklif qilinadimi?

– Igor Golbanning klub bilan tuzgan shartnomasi yakuniga etgan. SHuning uchun u hozirda Rossiyada. Mening maqsadim ilojini boricha mahalliy futbolchilarda foydalanish. Hozirgi tarkibdagi futbolchilar ham hammalari yaxshi futbolchilar. Yana 5-6 nafar yuqori saviyadagi futbolchilarni tarkibga qo'shsak, ularni atrofiga o'rinbosarlar tarkibimizdan 4-5 nafar yosh futbolchini ham asosiy tarkibga jalb qilish niyatimiz bor. Sekin-asta yoshlarga ham imkoniyat berib boramiz. Hozir mamlakatimizga kelayotgan legionerlar kamdan-kam hollarda o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashyapti. Bu bilan umuman legioner kerak emas demoqchi emasman. Barchasini vaqt ko'rsatadi. Agar mahalliy futbolchidan ikki barobar kuchli o'yaydigan legioner bo'lsa qarshiligim yo'q.

– Ko'pchilik muxlislarga qiziqtirayotgan bir savol, o'g'lingiz Muzaffar Muzaffarov bu yil “So'g'diyona” tarkibida yil kashfiyotlaridan biri bo'ldi. O'g'lingizni jamoaga olib kelish niyatingiz bormi?

– Muzaffar to'g'risida Qo'qon jamoasi men “Neftchi”daligimdayam qiziqish bildirishgan. Baxtiyor aka Tolipov ham Rustam Abdullaev ham uni jamoaga olib kelish masalasida aloqaga chiqishgan edi. U hozir “So'g'diyona” azosi va uning kelajagi o'sha jamoaga bog'liq. Agar jamoamiz rahbarlari Muzaffarni Qo'qonga taklif qilishsa meni qarshiligim yo'q. Ish vaqtida menga o'g'lim ham qolgan futbolchilar ham birdek. Balki  “Neftchi”da ishlagan vaqtimda Muzaffarga kamroq imkoniyat bergandirman, tarkibga tushirmay. Mana, Jizzaxga o'tib o'z o'yinini bir oz bo'lsa-da, topdi shekilli, ularning asosiy tarkibida muntazam o'ynadi. Men uchun o'g'limni qanday o'ynashidan ko'ra jamoamning natijasi muhimroq. Muzaffar jamoaga kelgan taqdirda ham agar u yaxshi futbolchi bo'lsa, asosiy tarkibga munosib bo'lsa, maydonga tushadi. Men hamma futbolchilarga bir xil qarashga harakat qilaman.

– Qo'qonlik muxlislarga tilaklaringiz.

Qo'qonda ajoyib muxlislar bor. Judayam jamoaga sodiq, jonkuyar va talabchan qo'qonlik muxlislar. Men judayam hurmat qilaman ularni. Men bu erga kelishimdan oldin qo'qonlik muxlislar juda talabchan, mag'lubiyatni hazm qilolmaydigan, u erda ishlash og'ir deganlar ham bo'ldi. Men ularga aytdimki, xudoni aytgani bo'ladi. Men bu erga yaxshi niyatda keldim. Yaratgandan muxlislarni oldida yuzimni yorug' qilishini so'rayman. Endi hammasi bitta murabbiyga bog'liq emas. Murabbiylar, futbolchilar va muxlislar bir tanu bir jon bo'lib harakat qilsak, albatta hammasi yaxshi bo'ladi. Maydondagi futbolchilar aytganlarimizni to'g'ri bajarib turishsa, rahbariyat iloji boricha yaxshi sharoitlarni yaratib berishsa va muxlislarimiz qo'llab-quvvatlab turishsa g'alabalar bizni uzoq kuttirmaydi. Men barcha qo'qonlik muxlislarga sog'lik, oilalariga tinchlik va xotirjamlik tilayman. Albatta, ularni ishonchlarini oqlashga bor kuch va g'ayratim bilan kurashaman.

– Sizga yangi boshlagan ishingizda omad yor bo'lsin. Suhbatingiz uchun rahmat!


Akramjon Mamadaliev suhbatlashdi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика