Mundial formati, ishtirokchilari, ramzi va mezbon. O'zbekiston ham qatnashadigan futzal bo'yicha JCH-2021 haqida batafsil
11 iyu 2021 14:59
Yangiliklar
![](https://championat.asia/upload/storage/641705_original.jpg)
![](/upload/storage/641705_220.jpg)
Mundial formati, ishtirokchilari, ramzi va mezbon. O'zbekiston ham qatnashadigan futzal bo'yicha JCH-2021 haqida batafsil
Hisob bo'yicha IX mundialga Litva mamlakati mezbonlik qiladi.
Avvalroq musobaqa taqvimini etiboringizga havola qilgan edik. Endi esa futzal bo'yicha Jahon chempionati haqida batafsil to'xtalib o'tmoqchimiz.
Futzal. JCH-2021 o'yinlar taqvimi (to'liq)
24 terma jamoa
Mundialda 6 qitadan jami 24 terma jamoa ishtirok etadi. Bular:
Osiyo: Eron, Yaponiya, O'zbekiston, Tailand, Vetnam.
Afrika: Misr, Marokash, Angola.
Konkakaf (Markaziy va SHimoliy Amerika): AQSH, Kosta-Rika, Gvatemala, Panama.
Konmebol (Janubiy Amerika): Argentina, Braziliya, Paragvay, Venesuela.
Okeaniya: Solomon orollari.
UEFA (Evropa): Litva (mezbon bo'lgani uchun), Ispaniya, Rossiya, Portugaliya, Qozog'iston, CHexiya, Serbiya.
Litvada o'tadigan musobaqaning 6 guruhi aynan shunday ko'rinish olgan.
Jahon chempionatlaridan eng ko'p ishtirok etgan terma jamoalar:
Braziliya, Ispaniya, Argentina - 9 marotabadan;
Eron - 8 marta;
Misr, Paragvay, Rossiya - 7 martadan;
Tailand, AQSH, Portugaliya - 6 martadan.
O'zbekiston terma jamoasi esa o'z tarixida ikkinchi bor eng nufuzli musobaqada qatnashadi. Yodingizda bo'lsa, 2016 yil Kolumbiyada o'tkazilgan mundialda terma jamoamiz ispaniyalik Xose Mariya Pazos Mendez boshchiligida Portugaliya, Kolumbiya va Panama terma jamoalar orasida "A" guruhida 1 ochko bilan so'nggi pog'onani band etishgan.
Bundan tashqari, 3 jamoa debyutant hisoblanadi. Bular: Litva (mezbon), Angola, Venesuela.
Mezbon: Litva
Hisob bo'yicha IX Jahon chempionati Litva mamlakatida bo'lib o'tadi. Litva o'z tarixida ilk bor FIFA turniriga mezbonlik qiladi.
Litva Evropaning shimoli, Boltiq dengizining sharqiy sohillarida joylashgan. Mamlakat aholisi bugungi kunda deyarli 2.7 mln kishini tashkil etadi. Bu raqam 1988-1993 yillar oralig'ida 3.7 mln atrofida bo'lgan. 1991 yildan boshlab esa Litva aholisi yildan-yilga kamayib bormoqda. Oxirgi 30 yilda aholi soni 1 millionga kamaygan.
Mamlakat hududi 65300 km² ni tashkil etadi. Solishtirish uchun Navoi viloyati hududi 110800 km². Litva hududini mashinada 3 soatdan biroz ko'proq vaqt ichida bosib o'tish mumkin.
Poytaxti - Vilnyus shahri. Katta shaharlari - Vilnyus, Kaunas, Klaypeda va SHyaulyay. Malumot uchun, O'zbekiston futzal terma jamoasi musobaqada o'z guruhidagi har uchchala o'yinni poytaxt Vilnyusdagi arenada o'tkazadi.
JCH-2021 o'yinlari Litvaning uchta shahrida o'tkaziladi. Bular: Vilnyus, Kaunas va Klaypeda.
5 iyun sanasida Jahon chempionati startiga 100 kun qolgani munosabati bilan o'tkazilgan tadbirdan rasm.
JCH-2021ni qabul qiladigan arenalar:
Vilnyus, "Avia Solutions Group Arena"
Kaunas, "Zalgirio Arena"
Klaypeda, "Svyturio Arena"
P.S. Mundial bahslari o'tkaziladigan sport inshootlari bu alohida mavzu. Bu haqda keyingi maqolada tanishtirib o'tishga harakat qilamiz.
"Avia Solutions Group Arena".
"Zalgirio Arena".
"Svyturio Arena".
Terma jamoalar uchun "zayavka" berish tartibi
Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar maksimum 25 o'yinchi (ulardan kamida 3 nafari darvozabon bo'lishi shart)dan iborat kengaytirilgan tarkibni taqdim etishlari kerak bo'ladi. FIFA dedlayniga qadar esa yuqoridagi kengaytirilgan tarkibdan 14 nafar o'yinchi (ulardan kamida 2 nafari darvozabon bo'lishi shart) yakuniy "zayavka"ga kiritiladi. Yakuniy ro'yxatdagilardan kimdir jiddiy jarohat olib qolsa yoki betob bo'lib qolsa o'sha jamoaning mundialdagi birinchi o'yiniga 24 soat vaqt qolgunga qadar kengaytirilgan tarkibda bo'lganlar (bu o'rinda 25 kishilik kengaytirilgan ro'yxatda bo'lmagan futzalchini qo'shish mumkin emas)dan birini o'rniga "zayavka" qilish mumkin.
Mundial formati
Musobaqada 24 jamoa 6 guruhga bo'lingan, har bir guruhda to'rttadan terma jamoa joy olgan. Har bir guruhning dastlabki ikki o'rin egalari (birinchi va ikkinchi o'rinni olganlar) va uchinchi o'rinni qo'lga kiritganlar orasidan eng yaxshi 4 jamoa nimchorak finalga yo'l olishadi. Bu guruhdan chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat degani.
Guruhda jamoalarning o'rni quyidagi tartibda aniqlanadi:
1. Ochkolar;
2. To'plar nisbati;
3. Kiritilgan gollar soni.
Agar ikki yoki undan ko'proq jamoaning ko'rsatkichlari yuqoridagi 3 kriteriyada ham bir xil bo'lib qolsa, u holda quyidagi ko'rinishda aniqlanadi:
4. Ko'rsatkichlari bir xil bo'lib qolgan jamoalarning guruhdagi o'zaro o'yinlarda qo'lga kiritgan ochkolari;
5. Ko'rsatkichlari bir xil bo'lib qolgan jamoalarning guruhdagi o'zaro o'yinlardagi to'plar nisbati;
6. Ko'rsatkichlari bir xil bo'lib qolgan jamoalarning guruhdagi o'zaro o'yinlarda kiritgan gollari soni;
7. Guruh o'yinlarining barchasidagi "fair play" ochkolar:
a) Sarqi kartochka: -1 ochko;
b) Qizil kartochka (ikkinchi sariq kartochkadan keyingi): -3 ochko;
c) To'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka: -4 ochko;
d) Sariq kartochka va ikkinchi sariqsiz to'g'ridan-to'g'ri qizil: -5 ochko;
8. FIFA tashkiliy qo'mitasi tashlaydigan qura.
Ko'rib turganingizdek, guruhda imkon qadar ko'proq gol urib, kamroq o'tkazib yuborish muhim. SHuningdek, sariq va qizil kartochkalarga ham ehtiyot bo'laverish kerak. Kartochkalar sabab kimdir pley-offdan quruq qolishi ehtimoli ham yo'q emas.
Futzal. Jahon chempionati-2021da video yordamchi ishlatiladi
Pley-off formati
Pley-offdan boshlab bellashuvning asosiy vaqti durang natija bilan yakunlansa, tomonlar har biri 5 daqiqadan iborat qo'shimcha ikkita bo'lim o'ynashadi. Agar ekstra taymlarda ham durang natija saqlanib qolsa, u holda tomonlar penaltilar seriyasiga murojaat qilishadi. Lekin, uchinchi o'rin uchun bahs (agar u finaldan oldin o'tkazilsa)da asosiy vaqtda muvozanat teng bo'lib qolsa, tomonlar qo'shimcha bo'limlar o'ynashmaydi va g'olib nomini aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilinadi. Malumot uchun, FIFA elon qilgan taqvimga ko'ra, mundialning uchinchi o'rin uchun uchrashuvi va finali orasida 2 soatlik farq bor. Har ikki o'yin Kaunasdagi arenada o'tadi. Demak, uchinchi o'rin uchun bahsda durang qayd etilsa, darhol penaltilar ko'ramiz.
SHu o'rinda yana bir qo'shimcha: Yodingizda bo'lsa, 2016 yil Toshkentda o'tkazilgan futzal bo'yicha Osiyo chempionatining yarim finalida O'zbekiston va Tailand terma jamoalari o'zaro to'qnash kelishgan. O'sha uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida tugagan, ikkita qo'shimcha bo'limlarda esa avval Apivat jamoasini oldinga olib chiqqan, keyin esa Artur Yunusov hisobni 2:2 ko'rinishga keltirib qo'ygan. Yakunda esa Mendez boshchiligidagi jamoamiz penaltilar seriyasidagi g'alaba evaziga finalga yo'l olishgan.
Quyida O'zbekiston terma jamoasining mundialdagi o'yinlari taqvimini keltirib o'tamiz.
Futzal bo'yicha JCH-2021
Litva
"B" guruhi, 1-tur
12.09.2021
Vilnius, "Avia Solutions Group Arena"
O'zbekiston - Gvatemala
2-tur, 15.09.2021
Vilnius, "Avia Solutions Group Arena"
O'zbekiston - Rossiya
3-tur, 18.09.2021
Vilnius, "Avia Solutions Group Arena"
Misr - O'zbekiston
JCH-2021 ramzi - Ivartito
Litvada o'tadigan Jahon chempionatining ramzi - Ivartito. FIFA matbuot xizmati Ivartito bilan tasvirga olingan maxsus rolikni chiqardi. Unda musobaqa ramzi mundial o'tadigan Vilnyus, Kaunas va Klaypeda shaharlarida raqsga tushadi. Tashkilotchilar dunyodagi barcha futzal ishqibozlaridan Ivartitoning raqsini takrorlab ko'rishga urinib ko'rishlari mumkinligi takidlashdi. Malumot uchun Ivartito bu - laylak. Laylak Litvada 1973 yildan beri milliy qush hisoblanadi. U erda laylakni garmoniya, baxt va omad keltiradi deb hisoblashadi.
Jahon chempionatida O'zbekiston terma jamoasiga omad va zafarlar yor bo'lishini tilab qolamiz.
O’xshash yangiliklar
![AMP Logo](https://championat.asia/image/logo-amp.png)
Fikrlar