Mojaroli sarguzashtlar 110 yilligi. "Yuventus" tarixida sud va ayblovlar anchagina topiladi
25 jan 2023 12:22
Yangiliklar
Mojaroli sarguzashtlar 110 yilligi. "Yuventus" tarixida sud va ayblovlar anchagina topiladi
"Keksa sinora" yana mojarolar markaziga tushib qoldi. Bu safar jamoadan ochkolar olib tashlandi va etakchilar qatoridagi "Yuve" 10-pog'onaga tushirilib yubordi.
1913 yil. "Yuventus" chempionatni tark etdi, lekin...
Klubning rasmiy tarixida, "Kalchopoli"gacha jamoa elitani tark etmagan deyiladi. Umuman olganda bu to'g'ri, biroq 1905 yilgi tasodifiy chempionlikdan keyin jamoaning "ketmoni uchmay qoladi". 1913 yil "Yuventus" 10 tadan 8 uchrashuvda mag'lub bo'ladi. Oxirgi o'rin, quyi divizionga "chipta", lekin turinliklar – uddaburon yigitlar. Ular Turin endi Pemont emas, Lombardiya deb elon qilishdi. Bu xuddi "Paxtakor"ni Qoraqalpog'iston yoki Xorazm klubi degandek gap. "Inter" va "Milan" bilan bir guruhdan joy olishdi va jon saqlab qola olishdi. Lekin ayyorlik odatini tashlashmadi.
1923 yil. Anelli oilasi o'zlari bilan birga janjallarni olib kelishdi
1900 yil Jovanni Anelli yigirmaga yaqin avtomobilni yig'a oladi. Olti yil o'tib, bu ko'rsatkich mingdan ziyodni tashkil qiladi. Anelli 1923 yil kollekciyasiga "Yuventus" futbol klubini ham qo'shib qo'yadi va uni o'g'li Edoardoga topshiradi. Edoardo biz taniydigan Andrea Anellining bobosi. Yosh yigitcha tezda boshqaruvga kirishadi. CHempion "Pro Verchelli" tarkibidan Rozettani o'z safiga qo'shib oladi – katta janjal. Klub tarixidagi birinchi bosh murabbiy — vengriyalik Karoyni lavozimiga tayinlaydi. 1926 yil chempionlik qo'lga kiritiladi. Oradan ikki yil o'tib, Rozettega Kaligarisni qo'shib qo'yishadi. SHuningdek, kichik Anelli Olimpiada vaqtida Amsterdamda forvard Orsini ko'z ostiga olib qo'yadi. Katta transfer. Raymundo Genuya portida Anellidan avtomobil kaliti, brilliantli oltin soat va Turindagi villa kalitini oladi. "Yuventus"ning yangi egasi o'ziga xos taktika — asli kelib-chiqishi italiyalik bo'lganlarni mamlakatga qaytarishni odat qilib oladi. Argentinaliklar Monti va Orsi mister Anelli uchun 5 ta chempionlik va Mussolini uchun Jahon Kubogini yutib berishadi.
1961 yil. Errera tasir kuchidan foydalangan korporaciyaning turinliklarga yon bosayotganidan norozi
2014 yil "FIAT" Amerika korporaciyasi tasarrufiga o'tadi, ofislar esa Amsterdamga ko'chirildi (tasir doiralarini yo'qotmaslik uchun soliqlarni hali ham Italiyada to'lashadi). Bundan bir necha yillar avval vaziyat boshqacharoq edi. 1961 yil 16 aprel sanasida Skudetto taqdiri o'zaro o'yinda hal bo'lgan – "Yuventus" va "Inter". Turinliklar rahbarlari stadion sig'imidan 10 mingtaga ko'proq chipta sotishgan. Birinchi bo'limdayoq muxlislarning bir guruhi maydonga qarab otilib chiqdi. Hakam uchrashuvni to'xtatadi. Reglament bo'yicha bu "Yuventus"ga texnik mag'lubiyat. Ammo Umberto Anelli, Andreaning otasi, Futbol Federaciyasi prezidenti ham edi. Bahsni qayta o'tkazilishini taminlaydi. "Inter" bundan ochiqchasiga norozi edi. Errera zaxira futbolchilarini maydonga tushiradi va "Yuventus" 9:1 hisobida zafar quchadi. O'sha kuni turinliklar o'zlariga ko'plab dushman orttirib olishadi.
1972 yil. "Yuventus"da "cho'qintirgan ota" paydo bo'ldi
Italo Allodi noqonuniy kombinaciyalar ustasi edi. Uni ko'p bor "hakamlar bilan ishlashda" ayblashgan. Yuzlab marta transferlar bilan bog'liq ayyorliklar uchun tanqid qilishgan. Ko'p bor ayblovlar bo'lganiga qaramay, biror marta ham uning aybini isbotlay olishmagan. Italo "Inter"ga Anjelo Moratti davrining buyuk futbolchilarini jalb qilishda muhim rol o'ynagan. Takliflarga qaramay, faqatgina Qirol Pele chorlovni rad etgan. 1970 yil esa Allodi "Yuventus"da ish boshlaydi. Jamoani qayta qurishga yordam beradi, Bettega, Zoffa va qolganlarni topishda faollik ko'rsatadi. Ko'p o'tmay, janjalga aralashib qoladi. 1972 yil "Torino" va "Yuventus" Skudetto uchun kurashardi, lekin hakamlar "Torino"ning yaqqol golini inkor etishadi, titul esa Turinning bosh jamoasiga nasib qiladi. Aytgancha, aynan Allodi "Yuventus"ga Mojjini taklif qiladi. Luchano bossdan ko'p narsani o'rganadi. O'tgan asrning 60-yillarida "Yuventus" faqatgina ikki bor birinchi o'rinni egallagan. Keyingi o'n yillikda, hattoki Allodi ketganidan keyin ham, klubda 5 ta chempionlik bo'lgan.
2006 yil. CHempion kelishilgan o'yinlar sabab V Seriyaga tushirib yuborildi
"Modji oqlandi", — aldamchi sarlavxa. Sudlar turli klublarga qarshi sankciyalar bo'yicha dastlabki hukmlardan keyin shunchalik cho'zildiki, faqatgina hakam De Sanktis shartli ravishda bir yillik jazoga tortildi. Modji va qolganlar qamoq yoki shu kabi jiddiy jazodan qutilib qolish imkonini topishdi. Biroq hech kim kelishilgan o'yinlar va "hakamlar bilan ishlash"ni rad etmagan. "Yuventus" shunchaki "Inter" ham o'sha "kemada"ligini va shunchaki hammani sotib, suvdan quruq chiqib ketganini takidladi. Umrbod futboldan chetlatilgan 85 yoshli Modji klubning aybsizligini isbotlaydigan yozuvlar mavjud fleshkalarni ro'kach qilib, gazetalar yolg'on bilan to'lgani, "Yuventus" bu vaziyatda aybi eng kam ishtirokchiligini takidlardi. U hattoki "Inter" menedjerlarini fashist deb atagan. Biroq Anelli yig'ilishga Modjini ham kiritadi, Andrea uchun faqat uni qo'lga olishmaganini ko'rsatish muhim edi.
2022 yil. "Yuventus" jazolanishiga sabab shubhali transferlar emas
Prokurorlar Italiya klublari hisobotni yaxshilash uchun transfer narxlarini suniy ravishda oshirganini isbotlay olishmadi. Ammo isbotlanmadi degani, unday bo'lmagan degani ham emas. Biroq Anelli pandemiya davrida soliqlardan qochishning boshqacha yo'llaridan foydalangan va aynan shuning uchun klub jazolandi. "Mafiozi"ga chipta sotgan va bu uchun jazosini olib bo'lgan ulkan qudratga ega milliarder shunchaki jarima bilan qutilib ketaman deb o'ylagan chog'i. Amalda esa -15 ochko va menejerlarni ishdan chetlatishdi. 27 mart sanasida "Prizma" ishi bo'yicha sud ishini davom ettiradi. "Plyusvalenca"dagi omadsizlikdan keyin prokurorlar yangi faktlarni to'plashgan. Agar Anelli chindan 700 mln evroni qonunni chetlab o'tib, klubga kiritgan bo'lsa, olib tashlangan 15 ochko — omadli yakun hisoblanadi. Muxlislarga esa bu vaziyatda, hamma Andrea Anelli kabi "ishbilarmonlik" qilganini uqtirishga urinishmoqda, lekin gap turli xil sud ishlari haqida ketmoqda.
Anellining xatosi...
Tribunada o'tir, kerakli mablag'ni ber va professionallar ishiga aralashma — yagona muvaffaqiyatli sxema. Ammo endi CHeferin, Superliga bo'lmasligi haqida qasamlar ichgan, sobiq do'stiga imkon qadar og'riqli zarba berishga urinadi. Boshqa tomondan "Yuventus" advokatlari prokurorlardan kuchliroqligi ham bor gap. Biroq mabodo ular jazoni 9 ochkogacha kamaytirishga erishishsa ham, Anelli, Paratichi va Nedved xatolari – klub kelajagiga tasir qilmay qolmaydi.
Agar Zidan kelsa klub uchun ajoyib yangilik bo'ladi. Biroq agar UEFA "Yuventus"ni uch mavsum evrokuboklardan chetlashtirsa, Zinedin rad javobini berishi deyarli aniq. Yana va yana rahbariyatning xatosi qimmatga tushadi. "Yuventus" turli ayyorliklarsiz ham ko'p g'alabaga erishishi mumkin edi. Biroq Anelli va jamoasi ikkinchi bo'lishdan ko'ra, ayyorlik qilishni maqul ko'radi.
Klubni tarixda bo'lgani kabi mustaqil menejerlar qo'liga topshirish juda muhim. Agarda shunchaki o'zgarishlar qilgandek ko'rsatishsa, bu ish "keksa sinora"ning o'zi uchun yomon yakunlanishi mumkin. Klub, Anelli oilasi vakillari Marotta singari menejerlarning ishiga aralashmasagina, muvaffaqiyatga erishadi. Andrea o'zi mustaqil, otasisiz, CHempionlar Ligasini yutishni orzu qilardi. Ronaldu transferi va pandemiya klubni moliyaviy tomondan juda qiyin ahvolga solib qo'ydi. SHuning uchun ham Anelli Superligaga qiziqib qolgan bo'lsa ajab emas. Anelli qonun-qoidalarni birinchi marta buzishayotgani yo'q, afsuski, jabri ko'proq muxlislar va futbolchilarga bo'lyapti.
Soccer.ru saytidan Nozima To'xtamirzaeva tarjimasi
Fikrlar