So’nggi yangiliklar

15:00Opta суперкомпютери Бундеслига старти олдидан чемпионлик учун асосий даъвогарни тахмин қилди  0 14:30"Манчестер Сити" мухлислари учун нохуш хабар — "шаҳарликлар" ярим ҳимоячиси оёғини синдириб олди  1 14:05Расман: Рональдиньо Жуниор фаолиятини Англияда давом эттиради  2 13:37"Ювентус" "Милан" ҳимоячисини ижарага олиш бўйича таклиф юборди. Футболчининг ўзи бу трансферга рози  1 13:13"Бунёдкор" майдонига нима бўлди? Стадион директори батафсил маълумот берди  13 12:51Маурисио Почеттинонинг кейинги манзили маълум  3 12:26Расман: "Брайтон" Браян Груда трансферини эълон қилди  1 11:56Расмий хабар: Қирғиз Республикаси - Ўзбекистон учрашуви қайси шаҳарда бўлиши маълум  18 11:50"Жиннихона" — Фердинанд "Челси" ҳақида  5 11:42"Бунёдкор" қоида бузилиш билан гол урди, "Қизилқум"нинг голини хато билан бекор қилишди. Суперлига 15-тур ҳакамлик таҳлили  3 10:50Камавинганинг жароҳати жиддий бўлиб чиқди. Унинг қачон сафга қайтиши маълум  4 10:23Килиан Мбаппе "Реал Мадрид"даги дебютдан сўнг фикр билдирди  10 09:55Суперлига. Бугун 16-турга старт берилади  4 09:28Ламин Ямальнинг отасини пичоқлаб кетишди  7 09:171:6 учун реванш олинадими? Ўзбекистон терма жамоаси бугун Анголага қарши иккинчи ўртоқлик учрашувини ўтказади  1

Men sog'ingan futbol yana qaytarmikan? (Mulohaza) Yangiliklar

Men sog'ingan futbol yana qaytarmikan? (Mulohaza)

Bugun yana o'zimizning oliy liga haqida fikr-mulohaza yuritamiz.
Qancha tanqid qilmaylik, qancha maqtamaylik, bu baribir o'zimizning oliy liga. O'zbek futbolining ko'zgusi ham, tayanchi ham oliy liga. Xalqaro darajadagi turnirlarda ishtirokimizni belgilab beradigan ham mana shu oliy liga. U qancha rivojlansa, klublarimiz, murabbiylarimiz va futbolchilarimiz shunchalik o'sadi.

Oxirgi paytlarda ichki chempionatda saviya tushib ketgani-yu, kelishilgan o'yinlar bilan bog'liq gap-so'zlar rosa avj oldi. Mutasaddi kishilardan kim o'z fikrini bildirmasin, hamma bizda kelishilgan o'yinlar yo'qligi haqida gapiryapti. Lekin hozir bu haqda to'xtalmoqchi emasman. Bor bo'lsa bor, yo'q bo'lsa yo'q-da. Buni muxlislarning o'zlari hal qilib olishadi.

SHu o'rinda o'zbek futboliga endi-endi kirib kelgan paytlarimni eslashni lozim topdim. Esimda, hozirgi  O'FF binosi joylashgan erda oldin “Sport” va “O'zbekiston futboli” gazetalari tahririyati bo'lardi. Jurnalistikadagi ilk qadamlarni aynan o'sha erda qo'yganman desam bo'ladi. “Paxtakor” stadioni bir qadam emasmi, har bir o'yinga tahririyatdagilar bilan birga borardik. O'sha yillari O'FFga borish uchun “Xalqlar do'stligi” (hozirgi “Bunyodkor”) metro bekatidan chiqib, Beshyog'och tomon piyoda yurib borardik.  

O'FF binosi Olimpiya qo'mitasi yonida joylashgan edi. Xonalari ham unchalik ko'p emasdi. Ichki chempionatni nazorat qiladigan “Musobaqalarni o'tkazish bo'limi” bo'lib, bu bo'limda faqat ikki kishi ishlardi: Alisher Nikimbaev va Mirg'ofir Miryunusov. U paytlari PFL ham, hozirgidek Terma jamoalar markazi ham yo'q edi. SHunga qaramay, oliy liga o'yinlarida qandaydir fayz bo'lardi. Mayli, u mahallar stadionlarda jurnalistlar uchun loja, vay-fay kabilar bo'lmasdi, internet hozirgidek rivojlanmagandi, lekin o'yinlarning o'zida fayz bo'lardi, miriqib futbol tomosha qilardik.

Kerak bo'lsa, o'sha ko'rimsiz “Traktor” stadionida ham juda shiddatli o'yinlarni ko'p bor kuzatganmiz. “Nasaf”, “Neftchi” kabi klublarning Toshkentga kelishi muxlislar uchun o'zgacha bayram edi. Nafaqat muxlislar, balki biz jurnalistlar uchun ham. O'yindan bir kun avval “Nasaf” yoki “Neftchi” joylashgan mehmonxonaga borib murabbiy, futbolchilardan intervyu olishga oshqardim. Yuriy Sarkisyan, Zafar Xolmurodovga o'xshagan futbol kishilaridan intervyu olish men uchun juda qiziq edi. Ular bilan ko'rishib gaplashishning o'ziyoq men uchun katta baxt edi.

Garchi o'sha paytlari hozirgidek plastmassa o'rindiqlarda emas, taxta skameykalarning ustiga bir parcha qog'oz qo'yib futbol tomosha qilgan bo'lsak-da, o'yinning o'zidan zavq olardik. Odam ham rosa kelardi lekin. 2003 yili o'tkazilgan “Paxtakor” va “Nasaf” o'rtasidagi Kubok finalini aytmaysizmi, shu o'yinni ko'rib juda maza qilganman. Kuchli jala ostida o'tgan bo'lishiga qaramay, 2007 yilgi “Paxtakor” va “Quruvchi” o'rtasidagi Kubok finali-chi? “Loy jangi” deb tarif bergandik o'sha o'yinga. Butun o'yin davomida yomg'ir yog'ib turganiga qaramay, muxlislar tik turgancha o'yinni oxirigacha kuzatishgandi.

U kuni “Lokomotiv” - “Mashal” bahsiga borib, o'sha avvalgi yillardagi FAYZni ko'rmadim. SHu kuniyam o'yin payti ahyon-ahyonda yomg'ir yog'ib turdi, ammo o'yin shiddati ancha past bo'ldi, stadiongayam deyarli odam kam keldi. O'ziyam futbol ko'rib emas, uch-to'rtta tanishlar bilan valaqlashib vaqtni o'tkazadigan o'yin bo'ldi. Biz-ku - jurnalist, ishimiz futbolni yoritish bo'lganidan keyin majburlikdan bo'lsayam boramiz. Lekin muxlisni majburlab bo'lmaydi, u qiziqqanidan keladi. Aftidan, oliy ligamizga mana shunday qiziqish keskin pasayib ketgandek.

Negadir oxirgi kunlarda o'zbek futboliga endi kirib kelgan o'sha paytlarni sog'indim. SHaroit bo'lmasayam, taxta o'rindiqlarda o'tirib bo'lsayam fayzli futbol ko'rishni sog'indim. Futbolchilarning futbolkasida familiyasi yozilmagan bo'lsayam, biz ularning aftidan tanib oladigan o'yinchilarni sog'indim. O'sha paytlardagi fayz yana qaytarmikan? Men sog'ingan futbol qachondir yana qaytib kelarmikan?

Izohli lug'atdan: FAYZ. O'ziga jalb qiladigan, zavq-shavq bag'ishlaydigan xususiyat; jozibadorlik, issiqlik, ko'rk. Masalan: Bazmga fayz kirdi; Suhbatning fayzi ketdi.

X.Xoliqov.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика