So’nggi yangiliklar

22:58Алан Бранди: "Ҳакамлар ҳақида гапирмоқчи эмасман. Нима бўлганини ҳамма кўрди"  1 22:44"Манчестер Сити" судда АПЛни мағлуб этди  3 22:42Пабло Таборда: "Мағлубиятга қарамай, бошимизни баланд кўтарган ҳолда Ўзбекистонни тарк этамиз"  0 22:16Хосе Венансио Лопес Ўзбекистон футзал терма жамоасини тарк этди  8 22:11Тожикистон терма жамоаси Россия билан ўйнашни хоҳламади  5 21:48Назорат учрашуви. "Бунёдкор" - "Сурхон" 1:3  0 21:39Тўртта таймдан иборат назорат учрашувида ОКМК "Локомотив"ни таслим қилди  0 21:11Ўзбекистон терма жамоаси йиғини бошланди, Машарипов ва Шукуровдан интервью  1 21:09Ўзбекистон МТЖ Эрон ва БАА қарши ўйинларга тайёргарликни бошлади  9 21:00"Барселона"да жароҳатланганлар сафига яна бир футболчи қўшилди  5 20:40"Мен халқаро танаффусларни яхши кўраман! Ҳар икки ҳафтада шундай бўлишини хоҳлардим!" — Гвардиола  0 20:08Испания футболи афсонаси фаолиятини якунлади  14 19:50"Сўғдиёна" назорат ўйинида "Олимпик"ни 3 та тўп фарқи билан енгди  1 19:37Ўзбекистон U-20 терма жамоасининг Жанубий Америкага йўл оладиган таркиби маълум  5 19:20Евгений Жук: "Бугун, айнан бугун менинг она шаҳрим Киев 5 соат ўққа тутилди"  15

May laureati. Viktor Kumikov: "O'zbekistonda 11 yildan beri yulduzlar o'sha-o'sha" Yangiliklar

May laureati. Viktor Kumikov: "O'zbekistonda 11 yildan beri yulduzlar o'sha-o'sha"

May oyi yakunlariga ko'ra, "Olmaliq" bosh murabbiyi Viktor Kumikov "Championat.asia" tomonidan oyning "Eng yaxshi murabbiyi" deb topildi.

Natijada biz rossiyalik mutaxassisni ofisimizga taklif etib kengroq suhbat uyushtirishni lozim topdik.

Malumot uchun, Viktor Kumikovning O'zbekistondagi faoliyati dastlab 2006 yilning may oyida boshlangan. O'shanda Viktor Balyutovich "Mashal"ni qabul qilib olgandi. Kumikov 2006-2008 yillarda "Mashal"ni boshqarib, ikki marta to'rtinchi va bir marta uchinchi o'rinni egallagan.

Keyinchalik "Nasaf"da ish boshlagan mutaxassis 2009-2010 yillar davomida ikki bor bronza medallariga sazovor bo'ldi. SHundan so'ng Kumikov Qozog'istonga yo'l olib, 2001-2014 yillarda "SHaxtyor"ni, 2015-2016 yilgi mavsumlarda "Ordabasi"ni boshqardi. Bu yildan esa "Olmaliq"da ishlab kelmoqda va uning qo'l ostida bu jamoaning natijalari chakki emas.

- Viktor Balyutovich, yaxshimisiz? Kayfiyatlar joyidami?

- O'zbekiston Kubogi bahslaridan chiqib ketganimizni hisobga olmaganda hammasi joyida.


- Aslida suhbatni boshqa bir savol bilan boshlaymiz deb turgandim. Madomiki o'zingiz Kubok haqida so'z ochgan ekansiz, keling dastlab shu haqda gaplashamiz. Kubok o'yinlarida "Olmaliq" oldiga vazifa qo'yilganmidi?
- Aniq bir maqsad - masalan Kubok yutish, qaysidir bosqichga borish kabi vazifa qo'yilmagandi. Jamoamiz oldiga qo'yilgan vazifa yaxshi o'yinchilarni yig'ib, yildan yilga yuqoriga ko'tariladigan tarkibni shakllantirish hisoblanadi. Har holda bu yilgi maqsadimiz shunaqa. Keyingi yil nima bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.

- Kubok o'yinida "Dinamo"dan o'tkazib yuborilgan ikkinchi gol haqida nima deya olasiz? "Olmaliq" o'yin oxirlarida o'z darvozasidan to'p o'tkazib shu tariqa Kubokni tark etdi.

- Bunaqa golni birinchi bor o'tkazayotganimiz yo'q. SHunday gol "So'g'diyona" bilan bahsda ham darvozamizga urilgandi. Bu kabi gollar tasodifan bo'lyaptimi yoki taqdir bizni sinayaptimi, bir narsa deyishim qiyin. Umuman olganda, bunday gollar to'satdan sodir bo'ladi degan maqul.

- "Championat.asia" tomonidan may oyining "Eng yaxshi murabbiyi" deb topildingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

- Birinchi navbatda katta rahmat. Mening murabbiylik mehnatim shunga loyiq ko'rilgan ekan, bundan xursandman. Hozircha oyning eng yaxshisi deb topilibman, agar yil oxirida ham shunday sovringa loyiq ko'rilsam, yanada mamnun bo'laman. Lekin mavsum uzoq, oldinda nimalar bo'lishini bilmaymiz.

- Yil yakunida eng yaxshi bo'lish uchun nimanidir yutishingizga to'g'ri keladi.

- Buni bilaman. Va albatta shunga harakat qilamiz.


- "Olmaliq" futbol klubidagi ishingiz qanday ketyapti? Har holda bu siz uchun yangi jamoa hisoblanadi.
- Material-texnik tomondan hammasi joyida. Hech qanday muammo yo'q. O'yin haqida gapirsam, biz hali o'zimiz xohlagan futbol ko'rsatishni boshlamadik. Jamoam bir tekisdan o'ynay olmayapti deya olaman. Masalan, ikkita gol urib, o'z darvozamizdan uchta o'tkazib yuborishimiz mumkin. Bazan gol o'tkazmaymiz va o'zimiz ham urolmaymiz. Ammo o'ylashimcha, sekin-asta o'yin uslubimiz shakllanib boryapti.

- Bu bilan "Olmaliq" o'zingiz xohlagan futbolni namoyish etmayapti demoqchimisiz?

- Ha. Bu ko'proq hujumdagi harakatlarimizga bog'liq. Hujum chizig'ida to'p tepadigan o'yinchilarimiz bir-birlarini to'liq tushunib ketgani yo'q.

- "Olmaliq" turnir jadvalida to'rtinchi o'rinni egallab turibdi. Agar yil oxirida shu o'rin saqlanib qoladigan bo'lsa, bu sizni qoniqtiradimi?

- Albatta, bu o'tgan yilgiga qaraganda yaxshi natida bo'ladi. Lekin bilishimcha, "Olmaliq" bungacha to'rtinchi o'rinni qo'lga kiritgan va men uchun 4-5-6 o'rinlar orasida unchalik katta farq yo'q. Agar kuchli uchlikka kirib sovrindor bo'lsak, unda boshqa gap. Biz Osiyo chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etishni xohlaymiz. Men doim yuqori o'rinlarni ko'zlab harakat qilishni yoqtiraman. Agar beshinchi o'rin uchun kurashamiz desam, ham o'zimni, ham futbolchilarni aldagan bo'laman.

- "Olmaliq" mavsumni shunday boshladiki, jamoa dastlabki to'rtta o'yinda yuta olmadi. Bu siz uchun qiyin damlar bo'ldimi?

-  Bilasizmi, bu men uchun kutilgan holat edi. Biz dastlabki to'rtta o'yindan birini yutishimiz ham mumkin edi. Lekin boshqa tomondan tushunib turgandim, bizda yangi jamoa yig'ilgan bo'lib, natija ko'rsatish uchun biroz vaqt kerak bo'lardi. Jamoamizda o'yin uslubi shakllanmagani, o'zimiz istagan bazi futbolchilarni qo'lga kirita olmaganimiz hamda kuchli o'yinchilar ko'p bo'lmagani uchun mavsumni yaxshi boshlay olmasdik. G'alabasiz seriyadan chiqib ketish mendan ko'ra futbolchilar uchun ko'proq ahamiyatli edi. Meni xursand qilgan jihati o'shanda hech kim qo'lini tushirmadi, hamma ishlashda davom etdi va "Nasaf" bilan o'yindan keyin qilgan mehnatlarimiz o'zining birinchi mevasini berdi. Aynan 4-5-turlar orasi biz uchun juda muhim rol o'ynadi. Hamma yo yaxshi, yo yomon tomonga o'zgarib ketishi mumkin edi.


- "Lokomotiv"dan 5:0 hisobidagi mag'lubiyat qabul qilib olingach, futbolchilar bilan jiddiy suhbat o'tkazildimi?
- Jiddiy suhbat bizda sal oldinroq bo'lgandi: "So'g'diyona" bilan o'yindan keyin. Bilasizmi, "Lokomotiv"ga qarshi bahsdagi 5:0 jamoalar orasidagi farqni ko'rsatib berdi deb o'ylamayman. SHunday bo'ldiki, ular uchta jarima zarbasini golga aylantirishdi. Bu biz uchun bir baxtsiz hodisa edi. Hujumda yomon o'ynamadik, lekin himoyadagi xatolar hisobning 5:0 bo'lishiga olib keldi. "So'g'diyona"ga qarshi bahsda esa g'alaba biz tomonda bo'lishi mumkin edi, lekin unda himoyada yanayam qo'pol xatolarga yo'l qo'ygandik. SHu bois jiddiy suhbat shu o'yindan keyin bo'lgandi. "Lokomotiv" bilan kechgan bahsdan so'ng doimgidek o'yinni ko'rib tahlil qildik.

- "Nasaf" bilan kechgan uchrashuv qanday rol o'ynadi? CHunki shu o'yindan keyin jamoangiz qatorasiga sakkiz bellashuvda mag'lub bo'lmadi.

- Bu gapga ko'z tegmasin. "Nasaf"ga qarshi bahs biz uchun ruhiyat tomondan muhim edi. "Nasaf" - O'zbekistondagi eng kuchli klublardan biri va buni hamma biladi. Ularda o'yin yaxshi shakllangan bo'lib, oson kechmasligini bilardik. Men futbolchilarga yaxshi o'ynasak, bemalol yutishimiz mumkinligini uqtirdim. Yakunda shunday bo'ldiki, biz g'alaba qozondik.

- Bunda natija siz uchun birlamchi bo'lganmidi?

- Albatta. Men uchun har bir o'yinda natija muhim turadi. Buni mendan oldingi murabbiylar ham ko'p marta aytishgan. Valeriy Lobanovskiy aytganidek: o'yin unutiladi, natija qoladi. Yoki bo'lmasa Aleks Fergyuson aytganidek: futbolda eng muhimi tabloda aks etgan natijadir. Agar birorta murabbiy sizga o'yin natijadan muhim desa, bu gapga ishonmang. Natijaga erishish uchun avvalo o'yin uslubini shunga monand shakllantirib borish kerak. Lekin baribir futbolda hammasi natija uchun ishlanadi.

- "Olmaliq" oliy liga klublari orasida o'z maydonida hali gol o'tkazmagan yagona jamoa jamoa bo'lib turibdi. Bunga qanday qilib erishyapsiz?

- Bu ham avvalo omadga bog'liq. Keyin mehnat ham shunga yarasha. Agar omad kelmasa, hech bir ish sodir bo'lmaydi. Masalan, Kubok bahsida "Dinamo" bizga ikkita gol urdi, demak, shu o'yinda omadimiz kelmagan.

- Siz bosh murabbiy sifatida har bir o'yinni yutishni xohlaysiz. Bu tushunarli. Lekin futbolchilarda oliy ligaga boshqacha, Kubokka boshqacha qarash bo'lishi mumkinmi?

- Agar qaysidir futbolchida shuni sezib qolsak, o'sha futbolchini jamoadan ketkazamiz. Futbolchi professional sifatida har bir musobaqaga jiddiy qarashi shart. Hech kim o'yin ajratmasligi kerak.


- 12 turda atigi 9ta gol urish "Olmaliq" uchun kam emasmi?
- Kam, albatta. Bilaman, bizda hozir to'plar nisbati plyus emas. Lekin qachondir biz ham ko'p gol urishni boshlaymiz. Gol urish oson emas, har holda biz uchun qiyindek ko'rinyapti. Men uchun bitta o'yinni 5:0 yutib keyin jim bo'lib qolgandan beshta uchrashuvni 1:0 hisobi bilan yutgan maqul.

- Sizga italyancha sxema yoqadimi?

- Menga g'alaba qozonish yoqadi. Agar qolgan 18ta o'yinning hammasini 1:0 hisobida o'z foydamizga hal etsak, bunga yo'q demayman.

- Olti yillik tanaffusdan keyin yana O'zbekistonga qaytdingiz. Bu erda qanday o'zgarishlarni ko'rdingiz?

- Avvalo futbol infratuzilmasi keskin darajaga ko'tarilgan. Oldin ishlagan paytimda aytaylik, bir gal yaxshi maydonda o'ynab keyingi bahsni yomon maydonda o'tkazardik. Hozir hamma joyda maydon, stadionlar yaxshi. Kiyim almashtirish xonalari ham chiroyli tusga kiribdi. Lekin bevosita futbol saviyasiga to'xtaladigan bo'lsam, bu haqda bir narsa deyish qiyin. Albatta, yoshlar ko'p, lekin ular orasida yarq etib porlaydiganlari ko'rinmayapti. Men O'zbekistonda birinchi marta 2006 yil ish boshlagandim. O'sha paytda kimlar yuludz edi? Jeparov, Ahmedov, Kapadze, Nesterov, Geynrix... Mana oradan 11 yil o'tdi. Hozirgi yulduzlar kimlar? Yana o'sha Jeparov, Geynrix, Kapadze, Nesterov, Ahmedov... Demak, bu futbolchilarning saviyasi ancha baland bo'lgan, ular chet elda ham faoliyat olib borishdi. Hozir ham yaxshi saviyadagi o'yinchilar bor, lekin yangi yulduzlar yo'q.

- Balki hozirgi futbolchilar o'z ustilarida kam ishlayotgandir?

- Hamma bir xil ishlash vaqtiga ega bo'lyapti. Avvallari faqat "Mashal"da akademiya bor edi. Keyin "Nasaf" va "Bunyodkor"da tashkil etildi. Akademiyadan SHomurodov, Rashidov, Hamdamov singari futbolchilar chiqdi, lekin ular ham yulduz emas. Yaqin ikki yilda hammasi malum bo'ladi: ular yulduz bo'la olishadimi yo yo'qmi...

- Nima deb o'ylaysiz, professional futbolchi bir sutkada necha soat ishlashi kerak?

- Qaerdadir o'qigandim, futbolchining ikki soatlik mashg'uloti oddiy odamning 8 soat ishlagani bilan teng deb. Futbolchi kuniga ikki soatdan to'rt soatgacha ishlashi mumkin, bular orasiga tiklanish mashqlari ham kiradi.


- Krishtianu Ronaldu har kuni olti soat mashq qilar ekan...
- Yulduzlarga oson emas. Evropada yosh o'tgan sari futbolchi o'z ustida yanada ko'proq ishlaydi. Albatta, Ronaldu ko'p mehnat qiladi, har holda hozirgi darajasiga bejizga chiqqani yo'q. Masalan, bizda o'ynab ketgan Rivaldoni olaylik. Hamma uni "qarib" qoldi, nimayam qila olardi deb o'ylagandi. Lekin Rivaldo hammadan ko'p ishladi va yaxshi o'yin ko'rsatdi. Qolaversa, u boshqa futbolchilarga o'rnak bo'lgandi. Futbolchi sutkasiga 10 soat ishlashi mumkin, lekin hamma gap nima ish qilishida.

- Bizda futbolchilar saviyasi oshganmi?

- O'rtacha saviya oshgani bor gap. Hozir yaxshi yosh futbolchilar ko'p, oldinlari bunchalik ko'p emasdi. Lekin yulduzlar yo'q. Balki keyinchalik chiqib qolar.  

- Balki hozirgi yoshlar hozirgi holatdan mamnundir? Aytaylik, bu yoshda ular yaxshi pul topyapti, ko'p bo'lmasayam maydonga tushib turishibdi. Balki bu ularni qoniqtirayotgandir?

- Men bu savolga aniq javob berishga tayyor emasman. Balki ularni hozirgi holati qoniqtirayotgan bo'lishi mumkin, balki ularga vaqt kerakdir. Sportda har doim harakat bo'lishi shart. Masalan, Qozog'istonda ko'p futbolchilar chetga chiqishni xohlashmaydi. Nima uchun? CHunki ular yaxshi maosh olishyapti. CHexiya, Slovakiya, Polshaga borib kam pul topasan, lekin ko'p ishlashingga to'g'ri keladi. Italiya, Angliyaga esa saviyang to'g'ri kelmaydi. Mana, Odil Ahmedov "Paxtakor"da qolib faoliyatini davom ettirishi mumkin edi, lekin Rossiyaga yo'l oldi. Va u erda o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi.

- Nima deb o'ylaysiz, nega odamlar stadionga kelmay qo'yishdi? Bu o'yin saviyasi bilan bog'liqmi?

- Birinchi navbatda o'yin saviyasi va jamoaning turnir jadvalida qaysi o'rinda borayotganiga bog'liq. Ikkinchidan, reklama kam. Odamlarni stadionga chaqirish uchun o'yinlarni reklama qilish kerak. Uchinchidan, qulaylik yo'q. Muxlis stadionga keldimi, o'zi yoki oilasi bilan toza o'rindiqqa o'tirishi kerak. Siz stadionga kelsangiz-u, o'rindiqlar chang, atrofda axlat yotgan bo'lsa bu yoqadimi? Odamlarga qulaylik yaratish kerak. Ular tanaffusda bemalol egulik eyish, nimadir ichish imkoniyatiga ega bo'lsinlar. Keyin o'z-o'zidan tomoshabin ko'payadi. Agar sharoit qilinmasa, ular yaxshisi birorta kafega borib o'sha erda futbol ko'rishadi.


- Qozog'istonda muxlislar tashrifi qanday?
- Tashkilotchilik qaerda yaxshi bo'lsa, odamlar o'sha stadionga ko'p borishadi. Masalan, "Qayrat"ni olaylik. U erda 20 mingga yaqin odam tushadi. Stadionda barcha qulayliklar bor. Suvenirlar magazini deysizmi, salqin ichimliklarmi, oilaviy sektorlarmi... "Aktobe" stadionida esa bunday emas.

- 2011-2016 yillar davomida olti yil Qozog'istonda ishladingiz. SHunday ekan, o'zbek va qozoq futbolini bemalol taqqoslay olasiz.

- Menga bu savolni juda ko'p berishadi. Agar taqqoslaydigan bo'lsam, birinchidan, O'zbekistonda futbol infratuzilmasi ancha yuqori. Futbolchilar saviyasi esa taxminan bir xil. Lekin O'zbekistonda yulduz futbolchilar ko'proq. Masalan, u erda Odil Ahmedov darajasiga chiqqan futbolchi yo'q. Ammo Qozog'istonda legionerlar ko'p. U erda bemalol 8 nafar xorijlikni ro'yxatdan o'tkazsa bo'ladi. O'zbek futboli mahalliy o'yinchilari, qozoq futboli chet elliklar evaziga kuchli deya olaman.

- Nima sababdan oliy liga klublariga kelayotgan legionerlar saviyasi tushib ketdi?

- CHunki hammasi pulga bog'liq. Masalan, Qozog'istonda legioner uchun oyiga 10 ming dollar to'lash muammo emas. U erda 20-30 ming dollar ham to'lashadi. Bu erda 3 ming yoki bo'lmasa 4-5 ming berishadi. SHunday ekan, bu pulga chetdan kim keladi? Misol uchun Xorvatiyadan birorta legioner keladimi? Yaxshisi, 20 ming uchun Qozog'istonga boradi. Hammasi oddiy, hamma gap to'lanadigan pulga bog'liq.

- Bizda legioner-darvozabonlarni ro'yxatdan o'tkazish mumkin emas. Buning yordami tegyaptimi?

- Agar mahalliy darvozabonlar saviyasi shu bilan oshyapti desak, yordami tegayotgan bo'ladi. Men oldin ishlagan paytimda Ignatiy Nesterov O'zbekistondagi eng kuchli darvozabon edi. U yosh va kuchli edi. Oradan shuncha yil o'tdi. Kimdir Nesterovdan o'tib keta oladimi? Menimcha, yo'q. Menimcha, hozirgi darvozabonlar legioner-darvozabonlarga cheklov qo'yilganidan keyin chiqishdi deb o'ylamayman. Aytganimdek, hamma gap pulda. Yaxshi darvozabon kam pulga kelmaydi. SHunday ekan, bu cheklovni bekor qilsa ham bo'laveradi.


- Har bir uy yoki safar o'yinlaridan oldin "Olmaliq" kiyim almashtirish xonasida musiqa baland ovozda yangrab turadi. Bunga siz ruxsat berganmisiz?
- Bizga quvnoqlik yoqadi. Qolaversa, o'yindan oldin boshni egib jim o'tirish kerak deb o'ylamayman. "Mashal" va "Nasaf"da ishlagan paytim ham futbolchilar kiyim almashtirish xonasida musiqa qo'yishardi. Safar o'yinlariga ketayotganda avtobusda ham shunday qilardik. Qanday musiqa eshitish futbolchilarning o'ziga havola, men buni qo'y, buni qo'yma demayman.

- Qozog'istonda ham shunday qilganmisiz?

- Albatta. Qozog'istonda futbolchilar yanada to'pori, ularga shovqin ko'proq yoqadi.  

- Muborakka "Mashal" bilan o'yin o'tkazish uchun borganingizda qanday o'zgarishlarga guvoh bo'ldingiz?

- Jamoa yashaydigan bazani ko'rganim yo'q. Lekin stadionda o'zgarish qilinibdi. Maydon esa yomon holatga kelib qolibdi. Avvallari eng yaxshi maydon Muborakda bo'lardi. Hozir bunday emas. Boshqa katta o'zgarishlarni ko'rmadim.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +17   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика