So’nggi yangiliklar

00:04Илёс Зейтуллаев: "Бугунги уч очконинг қиймати олтинга тенг эди. Биз ҳафа қилган "болбой" йигитчага дастхатлар туширилган футболка совға қиламиз"  1 23:52Альварес Мадридга учиб келди ва эртага тиббий кўрикдан ўтади. Форвард "Сити"дан "Атлетико"га 75+20 млн евро эвазига ўтади  2 23:30Аброр Имомхўжаев "Пахтакор-79" авиаҳалокатини ёдга олди  0 23:11Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" илк турда ўз майдонида "Трабзонспор" билан дуранг ўйнади  2 23:03МЮ ва Бруну бир йилга узайтириш банди билан 2027 йилга қадар шартнома бўйича келишувга эришишди  1 22:31Педру Нету 60+3 млн евро эвазига "Вулверхэмптон"дан "Челси"га ўтди  0 22:15Суперлига. "Бунёдкор" - "Андижон" 2:0  4 21:59Суперлига. "Бунёдкор" мавсумдаги иккинчи ғалабасини "Андижон" билан ўйинда қайд этди  58 21:56Ўртоқлик ўйини. "Атлетико" "Ювентус"ни ишончли ҳисобда таслим этди, Феликс яна гол урди  3 21:09Суперлига. "Сўғдиёна" — "Металлург" 2:2  1 20:56Суперлига. "Сўғдиёна" ва "Металлург" учрашувида жанговар дуранг қайд этилди  11 20:51"Наполи" Осимхен бошқа клубга қўйиб юборишларини сўраганини маълум қилди  1 18:50Мозийга қайтиб... Эркаклар йиғлаганда...  3 18:25"Сўғдиёна" — "Металлург". Таркиблар маълум  1 18:08"Пахтакор-79" авиаҳалокатининг янги тафсилотлари  3

Mavlon SHukurzodadan Axbor Imomxo'jaevga... Yangiliklar

Mavlon SHukurzodadan Axbor Imomxo'jaevga...

Kecha barchamizning ustozimiz sanalmish Axbor Imomxo'jaev 80 yoshga to'ldilar.

Afsuski u kishi haqida maqola yoza olmadim. Yo'q, vaqt va futzalning bunga hech qanday aloqasi yo'q. SHunchaki, o'zimdan 50 yosh katta bo'lgan metr haqida sayoz narsa yozib qo'yishdan cho'chidim. Bugun esa "Faysbuk"dagi sahifamda, yana bir kuchli jurnalist, ustoz - Mavlon SHukurzoda tomonidan Axbor dodaga bag'ishlab yozilgan maqolani o'qib chiqar ekanman, ulardan buni saytga joylasam bo'ladimi yoki yo'qmi so'radim. Mana hozirgina, u kishining javoblarini oldim va ustozning, ustoz haqida yozgan maqolalarini Sizlarga ham ilindim.

Nodirxo'ja Yuldashev


Bugun, 19 fevral, deyarli barcha sportjurnalistlari uchun ustoz, taniqli futbol sharhlovchisi, sportimiz faxriysi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Rustamovich Imomxo'jaev 80 yoshgato'ldilar. Xurmatliustoz, Axboraka Imomxo'jaevni tavallud ayyomlari bilan tabriklaymiz! Ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab, farzandlarini baxtini kup yillar kurishlik nasib aylasin! Ilohim barcha ezgu niyatlari ro'yobga chiqsin! Alloxning inoyatiga sazovor bo'lib, rohat-farog'atda kup yillar yashashlik nasib aylasin!

Axbor Rustamovich Imomxodjaev

Axbor Rustamovich Imomxo'jaev bilan uchrashuvimiz uning xonadonida joylashgan hozircha yagona “Paxtakor”-79 muzeyida ro'y berdi. Axbor aka endilikda mulk bo'lib qolgan eski fotorasmlar, kitoblar, maqolalar, sobiq jamoaning futbol ashyolari, vimpellarini ko'z qorachig'iday asrab-avaylab kelmoqda. Ular ichida Kuboklar, marhum futbolchilarning do'stlari va qarindosh urug'larining esdaliklari ham o'rin olgan. Muzeyda yana o'sha mashum kunda paxtakorchilar uchgan TU-134 samolyotining parchalari va bir hovuch tuproq ham bor...

Quyida, Axbor akam bilan 2013 yili bulib utgan suxbatni xavola kilmokchiman…

O'shanda tasalli so'zlari topilmay qolgandi

12 avgust kuni (1979 y) tonggi soat to'rtda uyimiz oldiga O'zbekiston Sport qo'mitasining navbatchilik mashinasi kelib to'xtadi. Siz zudlik bilan Sport qo'mitasiga borar ekansiz, deyishdi. Yo'lda yuragim allanechuk bo'lib ketaverdi, menga qisqagina qilib, “halokat” deb javob berishdi... Binoga odam ko'p to'plangandi – kim qattiq hayajonda, kim jiddiy va tashvishli, hamma nimanidir kuyib-pishib muhokama qilardi. Xonalarda telefonlar beto'xtov jiringlardi... Men O'zbekiston hakamlar kollegiyasi raisi Viktor Vishinskiydan nima gapligini aniqroq aytishini iltimos qildim. U Minsk yo'lida ikki samolyot bir-biriga to'qnashib ketganini, ulardan birida “Paxtakor”ning asosiy tarkibi uchib ketayotganini so'zlab berdi. Ko'z oldim qorong'ilashib, karaxt bo'lib qoldim...

Men bu yigitlarni yaxshi bilardim, bizlar ko'rishib turar, sobiq Ittifoq bo'ylab tashqaridagi o'yinlarga birga uchar edik. Men “Paxtakor”ga jonimni ham, dilimni ham fido qilgan odamman. Yangi murabbiy Oleg Petrovich Bazilevich Kiev “Dinamo”siga o'xshagan juda qisqa muddat ichida baquvvat, hujumkor jamoa tashkil etgan va barcha chiziqlar bo'ylab tajribali va yosh futbolchilarni qo'yib chiqqan edi. Oleg Petrovich boshchiligida “Paxtakor” mamlakat chempionati o'yinlaridan beshtasida faqat bitta ochko yo'qotgandi, xolos. Paxtakorchilar o'z kuchlariga ishonar va chempionatda yuksak natijalarga erishishga qattiq umid bog'lar edilar...

SHum xabardan garang bir holda Sport qo'mitasi binosi hovlisiga chiqdim, hammayoq odam... Meni tanib qolgan muxlislar “shu gap rostmi” deb qayta-qayta so'rar edilar... Muxlislarning jarohatli yuraklaridan o'qday otilib chiqqan bunday savollarga javob yo'q edi. O'sha kuni ham, ertasiga ham, indiniga ham javob bo'lmadi... Faqat 15 avgustdagina rasmiy Toshkent voqeani bayon etdi. Butunittifoq matbuoti esa churq etmayotgandi. Sport qo'mitasi binosi yaqinidagi maydonda minglab muxlislar to'plangan. Barchamizni bitta qayg'u, sevimli jamoadan judolik birlashtirib turardi. Sport qo'mitasi rahbariyati iltimosi bilan biz bir guruh futbolchilar, futbol faxriylari, masul xodimlar bilan muxlislarga peshvoz chiqar, marhum paxtakorchilarning fojiali qismatlari haqida nimani bilsak, shuni ularga tushuntirar edik. Ayniqsa marhumlarning qarindosh-urug'lari bilan gaplashish g'oyat qiyin edi, ularga tasalli so'zlari topib bo'lmasdi...

Muqaddas Ramazon oyida shahid ketganlar

Ilgari bu borada gapirish yoki yozish man etilgan edi, ammo fojia muqaddas Ramazon oyida ro'y bergandi. “Katta bog'” ko'chasidagi ota hovlimizda o'sha kuni iftorlik bo'lishi kerak edi. Odatda bu tadbirga qarindosh-urug'lar, do'st-yorlar va qo'ni-qo'shnilar yig'ilib, marhumlarga Quron tilovat qilinar, kun botishi bilan dasturxonga qaralar edi. O'sha kuni 12 avgustda men Sport qo'mitasidan ancha kech qaytdim. Yuzim shishgan, ko'zlarim qizargan, yosh mildirab turardi. Meni bu ahvolda ko'rib, hamma taajjubga tushdi. Bizning ajdodlarimiz ruhoniy eshonlardan edi, naslimizdan biri, qadrdon tog'am Fattoh Qori voqeadan darak topib, shahid bo'lganlar haqida davat (maruza) qildilar. Paxtakorchilarning xalqqa fidoiylarcha xizmat qilganlari bormi, vatani uchun jonlarini fido qilganlari bormi – hammasini bir-bir tilga olib o'tdilar. Oxirida takidlab aytdilarki, ulug' Ramazon oyida shahid ketganlar Parvardigorning amri bilan to'g'ri jannatga borib tushadilar. SHundan keyin yana Quron tilovat qilindi. Butun oqshom hech kimning yuragi chiroq yoqsa yorimaydigan bir holda bo'ldi. Iftordan odamlar ko'zda yosh bilan qaytgan kun bo'lgan yo bo'lmaganini hech kim eslamaydi.

Mening aziz do'stlarim

Qardoshlik ramzi. Agar “Paxtakor”-79ning tarkibiga diqqat bilan razm solib qaralsa, Qirg'izistondan tashqari O'rta Osiyoning deyarli barcha respublikalari vakillarini ko'rish mumkin. SHubhasiz, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov va Viktor CHurkin mintaqa respublikalari qardoshlarcha munosabatlarining o'ziga xos ramzi hisoblanadi. SHu boisdan “Paxtakor”-79 ning haligacha butun O'rta Osiyo bo'ylab muxlislari bor.

Istedodli Mixail An. 1968 yil qishda Respublika sport internatining olti o'quvchisi SSSR o'smirlar termasi rahbariyati nazariga tushadi: Viktor Pshenichnikov, Valeriy Ortiqov, Viktor Jalilov, Aleksandr Burikin, Nikolay Kolomeycev va Mixail An. Bu yigitchalarni sobiq Ittifoq o'smirlar termasi yig'iniga taklif qilishdi. O'shanda ularning murabbiyi Guram Daraseliya to'satdan kasal bo'lib qoldi va O'zbekiston Futbol federaciyasi rahbariyati menga yigitlarni Esheri (Gruziya) sport bazasiga olib borishni topshirdi. SHu narsa maroqli ediki, yig'inda ishtirok etadigan 30 nafar futbolchidan rosa olti nafarini o'zbek futbol maktabi vakillari tashkil etar edi. Ittifoq o'smirlar termasi murabbiylari bunday der edilar: “Mana ko'rasizlar, Mixail An chinakam futbol mutaxassisi bo'lib etishadi. Uning kelajagi porloq”. Katta futbol mutaxassisi og'zidan bunday maqtov so'zlarni eshitish menga ozmuncha faxr bag'ishlamasligini tasavvur etish qiyin. Keyinchalik bu bashoratning nechog'li to'g'ri ekanini hayot o'zi tasdiqladi.

O'z xatolariga iqror. Paxtakorchilar ichida Vladimir Fyodorov men yaxshi ko'rgan o'yinchilardan biri edi. Men uning qarindosh-urug'lari, og'a-inilarini yaxshi bilardim, uylariga ham tez-tez borib turardim. Misha kabi Volodyani ham Krasnickiy, Abduraimov, Stadnik singari yorqin yulduzlar qatoriga qo'yaman o'zimcha. Yoshligi va tajribasizligiga borib ko'plab omadi chopgan futbolchilar goho yulduzlik kasaliga chalinadilar. 70-yillar o'rtalarida Vladimir Fyodorov o'yinida yuksalish sezildi – u ayni damda SSSRning uch – yoshlar, olimpiya va milliy termalarida to'p surar edi. Bu uning xulqiga ham o'z tasirini o'tkazolmay qolmadi. O'zini bosolmaslik, arzimagan narsadan tutaqish mutaxassis va murabbiylarni taajjubga solardi. Luganskning “Zarya”siga qarshi o'yinlardan birida u hakamga nisbatan hech axloq-odobga to'g'ri kelmaydigan tarzda muomala qildi va 10 o'yindan haydaldi. SHunda jamoa rahbariyati O'zbekiston Futbol federaciyasiga murojaat qilib, O'FFning navbatdagi majlisida u bilan maxsus tarbiyaviy suhbat o'tkazishni iltimos qildi. O'FF idora azolari va “Paxtakor” rahbariyati Vladimir Fyodorov xulq-atvorining ayrim lavhalarini qattiq tanqid ostiga olishdi va ularni bartaraf etish yo'llarini aytishdi. General Fayzulla Norxo'jaevning (u V.Fyodorovning ashaddiy muxlisi edi – tahrir.) jo'shqin, harbiylarga xos jiddiy nutqidan keyin Volodya o'rnidan turdi va jamoa rahbariyati va O'FF Idorasi azolaridan shaxsan kechirim so'radi, boshqa bunday xatoga yo'l qo'ymaslikka, o'yinda og'ir-vazmin bo'lishga vada berdi.

Uning iqror bo'lib aytgan gaplari o'ta samimiy, vijdonan va g'arazdan mutlaqo xoli edi, uning har bir so'zidan chinakam mardlarga xos ohang va ruh anqib turardi. Mana shu munosib tanbehdan keyin Volodya mening ko'zim oldida yana ham yuksaklikka ko'tarildi. Men futbolchilarni yoki boshqa birovni ilohiylashtirishdan uzoqman va Volodya va uning do'stlarini aslida qanday bo'lsa o'shanday tushunish kerak deb o'ylayman. Ishonchim komilki, mana shu kichik bir misol uning katta obro'yiga qilcha putur etkazmaydi. Mixail An va boshqa futbolchilar olgan sariq va qizil kartochkalar borasida ham shunday gaplarni aytishni istardim. Ayrim hollarda u ham maydonda qizishib ketardi. Ammo bu juziy kamchiliklar uning millionlab muxlislar ixlosiga sabab bo'lishdan to'xtatib qololmaydi..

Qiymatlik do'stim Mansur Tolibjonov

Paxtakor-79

Mansurni azaldan, u “B” toifasidagi jamoalarda o'ynab yurganidan buyon bilar edim. Futbolchi sifatida u o'zini yorqin namoyon eta olgan edi. Undan yaxshi murabbiy chiqishi ham mumkin edi. Bunday ajoyib mamurni hech uchratmaganman – u har bir narsani daqiqama-daqiqa o'lchab chiqar, masuliyatni chuqur his etar va jon-dilini berib ishlar edi, u doim yonib turar va olg'a intilardi. Jamoada ota o'rnida edi, o'yinchilarning oilalaridagi barcha “dard”larni his qilib turar, g'oyat hojatbaror, odamjon edi, ishi tushgan odamning o'z vaqtida ishini to'g'rilab bermaguncha tinim bilmasdi.

SHarhlovchi Roman Turpishchevning omadi. Roman yaqin do'stim va hamkasabam edi. U ruscha eshittirishlarni, men esa o'zbekcha eshittirishlarni olib borar edik. O'shanda bizlar joydan reportajni tashkil etish uchun jamoa bilan birgalikda navbatma-navbat uchar edik. Reja bo'yicha Minskka Roman uchishi kerak edi, u hatto chipta sotib olgandi, biroq 11 avgustda mamlakatda Fizkulturachilar kuni nishonlandi, O'zbekiston televideniesining sport kanali maxsus ko'rsatuv ustidagi ishini tugalladi. Uning nazorat ko'rigi vaqtida ovozlar uzilib qolgan joylar o'tib ketgani malum bo'ldi, ularni hal etishni TV rahbariyati Roman Turpishchevga topshirdi. 11 avgust kuni namoyish chog'ida bu ko'rsatuvdagi uzuq-yuluq joylarni u o'zining ovozi bilan xaspo'shlab yuborishi kerak edi. Bayram teleko'rsatuvining muhimligini hisobga olib, o'sha vaqtdagi TV rahbariyati butun masuliyatni o'z zimmasiga oldi-da, R.Turpishchevdan chiptani kassaga qayta topshirishini iltimos qildi. SHu tufayli bo'lsa kerak, vaziyat taqozosi bilan do'stim omon qoldi.

“Paxtakor” jamoasini tiklash avval-boshdan noto'g'ri bo'lgan edi...

SSSR VM huzuridagi Fizkultura va sport qo'mitasi 1979 yil 15 avgustda “Paxtakor” futbol jamoasiga amaliy yordam ko'rsatish haqida Qaror qabul qildi. “CHempionat to'g'risidagi qoida”ga uch yil mobaynida “Paxtakor”ning oliy ligadagi o'rni saqlab qolinishini ko'zda tutuvchi qo'shimcha band kiritilgan edi. Istisno tarzida, Toshkent jamoasi murabbiylariga hozirgi va keyingi mavsumlarda “O'yinchilarning bir jamoadan boshqa jamoaga o'tish tartibi haqidagi yo'riqnoma”da ko'rsatilgan muddatlardan qatiy nazar boshqa klublardan futbolchilar taklif etishga ruxsat berilgan edi. Ushbu qarorga muvofiq “Paxtakor” uch yilgacha oliy ligada qolishi mumkin edi, natijalari va musobaqa jadvalidagi o'rni bunga daxl qilmaydi. Bundan tashqari, oliy liganing barcha 18 jamoasiga jamoani tiklash uchun bir yoki ikki futbolchini yuborish tavsiya etilgandi. Sport qo'mitasining qarori bir tomondan “Paxtakor” hayotini engillashtirgan bo'lsa, ammo ikkinchi tomondan, ayrim o'yinlarda o'z muvaffaqiyatidan ko'ra raqiblar g'alabasidan ko'proq manfaatdor bo'lgan qator futbolchilarga juda yomon tasir ko'rsatdi. Men va O'zbekistonning bir nechta boshqa etakchi mutaxassislari bu qarorni noto'g'ri deb topdik. Bizning fikrimizcha, birinchi navbatda jamoani o'zbek futbol maktabini o'tagan mahalliy futbolchilar hisobiga butlash kerak edi. Biz 30-40 nafar eng yaxshi tayyorgarlikka ega futbolchini tanlab olishni va ulardan uzil-kesil malum miqdordagi futbolchiarni ajratib olishni tavsiya etgan edik. Bundan tashqari, bizda ikkinchi tarkib ham bor edi, yaxshigina maktab ko'rgan ajoyib yosh futbolchilar hamda jarohat tufayli safarga borolmay qolgan “Paxtakor”ning asosiy tarkibi futbolchilari A.Mogilniy, To'lagan Isoqov, Ahmad Ubaydullaev ham yaxshi zaxira hisoblanardi. Ha, iqrorman, bu o'ydim-chuqur va g'oyat qiyin yo'l, ko'p ishlashga to'g'ri kelardi, ammo bisotimizda uch yillik muddat bor edi, bu bemalol etib-ortardi.

Bu qaror nechog'li noto'g'ri ekanini vakolatli shaxslarga tushuntirishga ko'p harakat qildik, ammo, afsuski, inobatga olishmadi.

Bizga quloq solmay, mahalliy amaldorlar ancha engil yo'lni tanlashdi, Markaz yordamida tezda suniy jamoa shakllantira ketishdi. Kelgan ko'plab futbolchilar zaxira o'rindig'ida qolib ketganlar bo'lib, jamoaning yaxshi o'yinchilarini qo'yib yuborishmagandi, bu tabiiy edi, biz buni tushunardik. Jamoada ruhiy iqlim tez buzilardi va ko'p o'tmay shunaqasi ham tez-tez uchray boshladiki, ochiq-oshkora o'yinni sotib, pul ishlab olar edilar. Ular haqida muayyan misollarda o'shandagi murabbiylar Mosyagin, Sekechlar gapirib berishgandi. O'ylashimcha, jamoadagi bir qancha o'yinchini haydab yuborib to'g'ri qilgan. Ammo suniy ravishda tuzilgan jamoani uzoq tutib bo'lmasdi, buning oqibatini o'zingiz bilasiz. Birinchi ligada boy berilgan olti yil, 1986 yilda ikkinchi ligaga tushib ketish xavfi.

Biz, albatta, dardimizga malham bo'lgan va yordam uchun futbolchilarini yuborgan futbol jamoalaridan g'oyat minnatdormiz, albatta. Buni biz hech qachon unutmaymiz, ko'pmillionli o'zbek futbol muxlislari nomidan men ularga yana bir bor tashakkur izhor qilaman. O'sha og'ir kunlarda Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Qozog'iston, Gruziya, va Tojikiston jamoalari futbolga xos qardoshlik tuyg'usini namoyon etdilar va “Paxtakor”ning yangi jamoasini tiklash uchun yordamga o'z futbolchilarini safarbar qildilar.

Futbolga xos qardoshlik tuyg'usini namoyon etgan futbolchilar ro'yxati:

Rossiya federaciyasi vakillari: M.Bondarev CSKA (Moskva), V.Kuxlevskiy CSKA (Moskva), V.Glushakov CSKA (Moskva), A.Yakubik “Dinamo” (Moskva), A.Petrushkin “Dinamo” (Moskva), A.Solovyov “Lokomotiv” (Moskva), S.Nikiforenko “Lokomotiv” (Moskva), Sergey Bashkirov “Spartak” (Moskva), V.Yakimcov, “Zenit” (Leningrad), S.Bondarenko “Zenit” (Leningrad), G.Antonov “Dinamo” (Leningrad), A.Juravlev “Uralmash” (Sverdlovsk), Ukraina vakillari: V.Nechaev “CHernomorec” (Odessa), S.Yurchishin “Karpati” (Lvov), S.Strashnenko “Korpati” (Lvov). Belorussiya vakillari: P.Vasilevskiy “Dinamo” (Minsk). Qozog'iston vakili: Dmitriy Ogay “Qayrat” (Olmaota). Tojikiston vakillari: Mustafo Belalov “Pomir” (Dushanbe), Nuriddin Amriev “Pomir” (Dushanbe), E.Gess “Pomir” (Dushanbe), O.Pak “Pomir” (Dushanbe), G.Ichevskiy “Pomir” (Dushanbe). Gruziya vakillari: Z.Cereteli “Torpedo” (Kutaisi), M.Machaidze “Dinamo” (Tbilisi).

O'zbek futbol maktabi vakillari

Axbor Imomxujaev futbol faxriylari davrasida. Toshkent, 1913 yil.

“Paxtakor”ning ikkinchi jamoasi tarkibidan – 1979 yil: A.Yanovskiy, G.Denisov, D.Roman, K.Novikov, V.SHirin, I.Povaleev, S.Kovshov, V.Postnov, G.Islomov.

O'zbekistonning boshqa shaharlaridan: M.Kabaev “Avtomobilist” (Termiz), R.Fayruzov “Avtomobilist” (Termiz), A.Afanasev “Avtomobilist” (Termiz), T.SHoymardonov “Yangier” (Yangier), V.Kim “Yangier”, A.Malcev “Yangier” (Yangier), I.N.Turchinenko “Zarafshon” (Navoiy), Ivanov “Zarafshon” (Navoiy), N.Nortojiev “SHahrixon” (SHahrixon), R.Haydarov “SHaxrixon” (SHahrixon), V.Enns “Neftchi” (Farg'ona), SH. Fayziev “Dinamo” (Samarqand), A.Medyanskiy “Metallurg” (Olmaliq), V.Karman (Mereshko), “Yoshlik” (Jizzax), X.Boymetov “Xonqa” (Xiva), I.Povalyaev (RSI), R.Nurmuhamedov (RSI).

Erkaklar yig'laganda..

Toshkentdagi birinchi o'yin 1979 yil 27 avgustda bo'lib o'tdi. O'sha ochiq va jazirama avgust oqshomi “Paxtakor”ning 50 000 nafar chin muxlisi yig'ilgan edi. O'yingoh uzra bunday joy uchun xos bo'lmagan sukunat hukm surardi – hammaning ko'zi o'rtadagi yashil maydonda, hech kim bir-biri bilan gaplashmaydi... Maykalariga motam tasmasi taqalgan “Paxtakor” va Tbilisining “Dinamo” jamoalari futbolchilari chiqib keladilar. O'yinchilar boshlari egik holda asta yurib borishardi... Libos shakli o'sha-o'sha, “Paxtakor” ramzi ham o'sha-o'sha va o'sha raqamlar. Faqat futbolchilar boshqa odamlar edi... O'zlari yaxshi ko'rgan o'yinchilarni so'nggi daqiqagacha ko'zlari to'rt bo'lib kutgan, haligacha ularning o'lganiga ishonmagan odamlar bir-birini quchoqlab, ho'ngrab yig'lar edi. O'yin anchagacha boshlanmay turdi, futbolchilar maydon chekkasidan tabarruk chimzorga qadam qo'ygani jurat etolmayotgandi – axir, kun-kecha bu erda halok bo'lgan paxtakorchilar qanchalik berilib to'p surar edilar...

“Hurmatli o'rtoqlar! Bugun bizning o'yingohimizda “Paxtakor” futbol jamoasining azolari fojiali halok bo'lgan aviahalokatdan keyin oliy liga jamoalarining o'yini birinchi marta o'tkazilmoqda...” “Paxtakor” markaziy o'yingohining suxandoni Roza Muxtorova hayajondan titroq ovozda dastlabki so'zlarni irod qilganda o'yingohdagi barcha tomoshabinlar afsonaviy jamoaning bevaqt halok bo'lgan o'yinchilari yorqin xotirasiga baravar o'rnidan turib bir daqiqa sukut bilan hurmat bajo keltirdilar. Suxandon marhum futbolchilar ismi-sharifini bittama-bitta o'qiy boshlaganida hammaning yuragi tobora to'lib bormoqda – futbolchilar ismi-sharifi ularning “Paxtakor” jamoasidagi raqamlari tartibida o'qib eshittirildi. O'yingohda birinchi marta ismi shariflar to'liq tilga olindi: “Sergey Konstantinovich Pokatilov, Nikolay Mixaylovich Kulikov, Olim Masolievich Ashirov, Aleksandr Ivanovich Korchyonov... Sakkizinchi raqamga kelganda diktor titroq ovozda Mixail Ivanovich Anning ismini tilga oldi, Vladimir Ivanovich Fyodorovning nomini aytishga majoli etmadi, ovoz uzildi va havoda alamnok va achchiq sukunat osilib qoldi, faqat mikrofonning shiviriyu bosiq yig'i bu sukunatni buzib turardi. Butun o'yingoh barcha voqeani kuzatib turarkan, ko'z yoshlarni tiyish amrimahol bo'lib qolgandi – kishining hech ishongisi kelmasdi. Birmuncha vaqtdan keyin o'zini bazo'r qo'lga olib, Roza Muxtorova baribir bu fojiali ro'yxatni oxirigacha o'qidi...

“Paxtakor”-79 futbolchilarining farzandlari

Axbor Imomxo'jaev

90-yillarning boshida halok bo'lgan futbolchilarning farzandlari birin-ketin futbol maydonlarida paydo bo'la boshlaganda ko'zlarimdan sevinch yoshlari tirqiradi... Ulardan besh nafari O'zbekiston chempionati oliy ligasida o'ynashga ulgurgan edi. Birinchi bo'lib Evropa chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi. “Paxtakor”ning doimiy sardori Mixail Anning o'g'li – Dmitriy An maydonda paydo bo'ldi. 1992 yildan buyon u “Paxtakor”-79, “Umid”, MXSK futbol jamoalarida to'p surdi. Oliy ligada 15 o'yin o'ynadi va 1 ta gol urdi. “Paxtakor”-79 da eng ko'zga yaqqol tashlanib turadigan o'yinchilaridan biri edi. Hozirgi vaqtda xotini bilan o'g'li Sergeyni tarbiyalamoqda. Mixail An kelajakda futbol murabbiyi bo'lishni orzu qilardi, bu orzuni hozirgi vaqtda uning o'g'li Dmitriy ro'yobga chiqarmoqda. 2010 yildan Dmitriy An “Paxtakor” futbol akademiyasining bolalar murabbiyi hisoblanadi.

U bilan izma-iz yalovni Aleksandr Korchyonovning o'g'li Aleksandr Korchyonov qabul qilib oldi. U ham “Paxtakor”-79 da, Toshkentning “Binokor”ida o'ynadi, keyin uzoq vaqtgacha o'ynovchi murabbiy bo'lib yurdi. Hozirgi vaqtda Aleksandr oilasi bilan Toshkentda yashaydi va xalqaro biznes bilan shug'ullanadi. Qozon shahrida yashovchi akasi Sergeyning o'g'li Aleksandr Korchenov bobosining ishini davom ettirmoqda. “Rubin” (Qozon) FK Akademiyasida shug'ullanadi. U bilan bir vaqtda Toshkent futbol maydonida Yuriy Zagumennixning o'g'li – Sergey Zagumennix paydo bo'ldi. Futboldagi faoliyatini tugallaganidan keyin Sergey onasi bilan doimiy turish uchun Kanadaga ko'chib ketdi. Hujumchi Viktor CHurkinning o'g'li – Andrey CHurkin ham ota ishini davom ettirdi. Andrey bir qancha Toshkent va CHimkent klublarida o'ynadi. Hozirgi vaqtda Andrey oilasi va onasi bilan Volgogradda istiqomat qilmoqda. Keyin futbol sahnasida “Paxtakor”ning markaziy himoyachisi Olim Ashirovning o'g'illari – Oleg va Ulug'bek Ashirovlar paydo bo'ldi. Oleg “Umid” futbol klubida muvaffaqiyatli o'ynadi. Uning ukasi Ulug'bek “NBU” futbol jamoasining darvozaboni edi. Oleg o'g'illi bo'ldi va bobosining hurmatiga uni Olim deb atashdi. Umid qilamizki, kelajakda uning o'g'ili Olim Ashirov, “Paxtakor” o'yingohida bobosining yo'qligini bildirmaydi...

Sergey Bakanov ham futbolchi bo'ldi. U 15 mavsum o'ynad, shulardan 13 tasi Toshkentning “Traktor” jamoasiga tegishli, hammasi bo'lib 125 o'yinda ishtirok etgan. Ammo yashil maydonda yarimhimoyachi Vladimir Sobirovning o'g'li – Oleg Sobirov hammadan ko'p to'p surdi va ajoyib muvaffaqiyatlarga erishdi. U 36 yoshida futbolni tark etdi! Oleg bir necha bor futbol bo'yicha O'zbekiston chempioni, O'zbekiston va Qozog'iston Kuboklari sohibi. 20 yil mobaynida O'zbekiston, Bolgariya va Qozog'istonning etakchi klublarida o'ynadi va hatto O'zbekiston milliy termasiga jalb qilingan. Qariyb barcha o'g'illar Fizkultura davlat oliygohini tugallagan va hozirgi vaqtda shulardan ko'plari sport sohasida ishlab turibdi.

Vladimir Fyodorovning qizi Irina Interxaus Toshkent maktab gimnaziyasini va oliygohini bitirdi. Hozirgi vaqtda oilasi bilan Moskvada turadi, bitta qizi bor. Vladimir Makarovning suyukli qizi Elina Makarova eng yuqori ilmiy natijlarga erishdi. U bolalarni jismoniy jonlantirishning eng yangi dasturini ishlab chiqdi va nomzodlik va doktorlik dissertaciyalarini yoqladi. Bugungi kunda u jonlantirish va sport tibbiyoti professori, Tibbiyot fanlari doktori. Elina Makarova onasi va o'g'li Sergey bilan Kievda istiqomat qiladi.

Toshkent shaxri, Bektemir tumanida joylashgan G.Krasnickiy nomli stadionda.

Nikolay Kulikovning qizi Marianna huquqshunoslik kasbini tanladi, Mixail Anning qizi Elina – suzish bo'yicha murabbiy. Konstantin Bakanovning qizi Svetlana ham hayotda o'z yo'lini topib farzandlarini katta qilyapti. Sergey Pokatilovning katta qizi Anna oliy badiiy bilim yurtini tugalladi va hozirgi vaqtda Ashxobodda etakchi memor hisoblanadi, uning singlisi Mariya oilasi bilan Moskvada yashaydi.

Ser Bobbi CHarlton “Paxtakor”-79 xususida

SHunisi alamliki, 1979 yildan keyingi aviahalokat natijasida o'lganlar ro'yxati yil sayin ortib bormoqda... Fojia millatni, irqni, mamlakat yo davlatni ajratib o'tirmaydi. 1990 yilda Italiyadagi jahon chempionatida taniqli ingliz futbolchisi, 1966 yildagi jahon chempioni, Evropaning eng yaxshi o'yinchisi, “Oltin to'p” sohibi Ser Robert (Bobbi) CHarlton sobiq Ittifoq jurnalistlari savollariga javob berar ekan, o'zi ham bunday savol beradi: “Paxtakor” hozir qay ahvolda? Biz Angliyada ajoyib Toshkent jamoasini tez-tez eslab turamiz, chunki “Paxtakor”va bizning “Manchester Yunayted” taqdirlari bir-biriga o'xshash...”

Xotira... Halokatda nobud bo'lgan jamoalar haqida goho ko'p narsa bilinmay qolib ketadi. Ular haqida gapirish, yozish, qaysidir darajada yangi kitoblar yozish mutaxassislar va jurnalistlarning burchi hisoblanadi. O'zimning barcha kitoblarimda men ataylab o'quvchilar etiborini “Paxtakor”-79 ga qarataveraman. Bundan tashqari, yaqin do'stlarim, futbol tarixchilari, mutaxassislar va jurnalistlar Eduard Avanesov, Ravil Biktagirov, Vladimir Safarov, Zulfiya Mo'minova, Mavlonjon Yo'ldoshev (SHukurzoda), Dilshod Isroilov, Tolibjon Qosimov, Oybek Yunusovlar “Paxtakor”-79 ning ajoyib futbolchilari xotirasiga bag'ishlangan qator maqolalar va kitoblar nashr ettirdilar. Biz bir joyda to'xtab qolmasligimiz kerak, barchamiz eng yaxshi jamoamiz haqidagi pok xotirani saqlashga burchlimiz. O'tgan yillar ichida O'zbekiston, Rossiya, Isroil, Ukraina, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmanistonning ko'plab shaharlarida turli xotira musobaqalari o'tkazildi. Futbolchilarning qabrlari va xotira joylari qayta qurilmoqda. Sobiq Ittifoqning futbol qardoshligi yordamida har ikki samolyot qulagan joyda, Dnepropetrovsk viloyatining Kurilovka qishlog'ida yodgorlik o'rnatildi, Toshkent shahar 1-son qabristondagi “Paxtakor”-79 yodgorlik majmui yaqinda qayta tiklandi.

Axbor aka nevarasi Diyor bilan...

Mening orzum. Qiyomatlik do'stim, endilikda marhum, O'zbekiston futbol jurnalistikasi metri Eduard Avanesov bir vaqtlar aviahalokatda nobud bo'lgan futbolchilar xotirasiga bag'ishlab xalqaro musobaqa o'tkazish taklifini o'rtaga tashlagandi. Biroq bu g'oya g'oyaligicha qolib ketdi.. Balki FIFA homiyligi ostida shunday musobaqa o'tkazish imkoni bo'lar? Men “Paxtakor” va “MYU” jamoalari o'rtasida o'rtoqlik xotira matchi o'tkazilishini orzu qilaman...

Yillar o'tib ketmoqda, bizlar esa ularning halok bo'lganiga hamon ishongimiz kelmaydi. Xuddi ular tirikday, oramizda yurganday... Hayot – oqar daryo. Vaqt davolaydi deydilar. Ammo bazi dardlarni hatto o'tib ketgan yillar ham butlayolmaydi. Bunday dard eskirmaydi. Xotiralar har gal bu dardni yangilayveradi. Paxtakorchilardan judolik dardi ana shunday dardi bedavolardan. Nafaqat o'lganlarning oila azolari, balki butun o'zbek futbol muxlislari chuqur motamda, qayg'uda edi. Na yorug' olamda, na zamon izmida odamlar qalbiga yupanch bor. Yangi avlod o'sib kelmoqda. O'yingohlarning yashil maydonlarida yangi futbolchilar o'ynamoqda, yangi nomlar paydo bo'lmoqda. Ammo biz hanuz “Paxtakor”-79 ni qidirishdan charchamaymiz. Noumid – shayton, chiqmagan jondan umid, deydilar. Yagona taskin -- “Paxtakor”-79 barhayot, u barcha futbol muxlislari va shinavandalari qalbida buyuk xotira, emirilmas yodgorlik bo'lib qoldi.

Toshkent, 2013 yil, avgust.

***

Ustozga barcha yaxshi tilaklarimizni Xayrulla Hamidovning ushbu misralari orqali bildiramiz...


AXBOR DODAGA

Yoshligim esimga tushar dafatan, 

Buyuk sharh ichiga maftun bo'lganim - 

O'sha sharh ichida ulg'aydi otam,

Derdilar, shu bir zot mening bilganim...

Sakson yosh! O'v, do'stlar, hazil ish emas, 

Ne-ne sinoatlar, ne o'tlug' zamon.

Allohdan so'rovim har dam, har nafas:

Ustozni el uchun aylasin omon!

Sog'inib o'tamiz, kutib o'tamiz

O'sha zo'r sharhlarni zo'r ishtiyoqda.

...SHer yozay, iloyo, Axbor dodamiz

Asrlik to'yini nishonlar chog'da.


Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика