"Maqsadimiz - chempionlik". "Bunyodkor" bosh direktori Ulug'bek Mirzaev bilan intervyu
07 mar 2021 19:10
Yangiliklar
"Maqsadimiz - chempionlik". "Bunyodkor" bosh direktori Ulug'bek Mirzaev bilan intervyu
Xususan, “O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullaev rasman “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti etib tayinlandi. SHundan so'ng, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullaev klubda bo'lib, u erda murabbiylar, futbolchilar va klubda mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar bilan uchrashdi. Jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo'yildi. Xo'sh, jamoa bunga qay darajada tayyor? Klubda ishlar qanday ketmoqda? SHu va boshqa savollar bilan "Bunyodkor" klubi bosh direktori Ulug'bek Mirzaevni suhbatga chorladik.
- Dastlab, yaqinda klub prezidenti etib tayinlangan “O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullaev bilan uchrashuv xususida fikrlaringizni bildirib o'tsangiz...
- 26 fevral kuni bizning bosh homiymiz bo'lgan “O'zbekneftgaz” AJ klub prezidentini o'zgartirish bo'yicha o'zaro ichki qarorni qabul qildi. SHu kundan etiboran “O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullaev klub prezidenti etib tayinlandi. Haqiqatan ham ushbu insonni yaqindan taniganlar futbol muxlisi ekanliklarini juda yaxshi bilishadi. Ushbu omil futbolni rivojlantirishga qaratilgan ishlarda juda ham asqotadi. Uchrashuv davomida o'zlari ham futbol o'ynab turishlarini takidladilar. Yana bir narsani aytib o'tish kerakki, Mehriddin Razzoqovich Buxoro viloyati hokimligida faoliyat olib borganlarida "Buxoro" futbol klubi chempionatimizda to'rtinchi o'rinni qo'lga kiritgandi. So'nggi yillarda biz biroz moliyaviy qiyinchiliklarni boshimizdan kechirdik. Bu berkitadigan narsa emas. Mehriddin Razzoqovichning klub prezidenti bo'lishi munosabati bilan "Bunyodkor"ning yana avvalgi shonli davri qaytadi, degan umiddaman. Jamoamiz chempionatda eng yuqori o'rinlar uchun kurashadigan bo'ladi, deb o'ylayman. Darhaqiqat, 3 mart kuni klub prezidenti jamoa bilan uchrashdi. Futbolchilar bilan bevosita davra suhbati o'tkazildi. SHahboz Erkinov, Lutfulla To'raev, murabbiylar shtabi vakillari so'zga chiqishdi. 2021 yilda jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo'yildi.
- Bevosita, ushbu uchrashuvda bosh murabbiy masalasi ham ko'rib chiqildi va yangi mavsumda SHuhrat Maqsudov jamoani boshqaradigan bo'ldi. Lekin, Vadim Abramovning "Bunyodkor"da maslahatchi sifatida qolishi haqida gap-so'zlar ham yo'q emas...
- Buni inkor etmayman. Vadim Karlenovich tajribali mutaxassis sifatida murabbiylar shtabiga o'z maslahatlarini berib kelgan. CHunki, ikki yil davomida jamoani boshqardi. Ammo, bilamizki o'tgan yilning so'nggida O'FA qarori elon qilingan. Yani milliy, olimpiya, yoshlar terma jamoalari murabbiylari klublarda hech qanday lavozimlarda ishlashi mumkin emas. Bu haqida ko'p malumotlar berildi. Biz ham ushbu qarorni hurmat qilamiz va bajarishga majburmiz. CHunki, biz futbol oilasining bir qismimiz, qoidani buzishga haqqimiz yo'q. SHuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib tayinlandi. Yaxshi niyatda ishonch bildirdik. Ushbu mutaxassis jamoa uchun begona emas. SHuni aytishim kerakki, murabbiyning ishiga, klubning ichki siyosatiga aralashuvlarga yo'l qo'ymasligimiz kerak. Ishonamanki, hammasi ko'ngildagidek bo'ladi.
- O'tgan davr mobaynida "Bunyodkor" akademiyasi qiyin kunlarni boshidan kechirdi. Ovqatlanish, moddiy texnika va boshqa muammolar yuzaga kelgandi. SHunday ekan, bugunga kelib akademiya qanday holatda? Qanday o'zgarishlarga qo'l urilmoqda?
- Barchaga malumki, akademiya "Bunyodkor"ning kelajagi. Klubimizning ertasi hisoblanadi. Biz akademiyaga munosib etibor bermas ekanmiz, nonimizdan ayrilib qolishimiz mumkin. Jasur Jaloliddinovni Moskvaning "Lokomotiv" klubiga transfer qilganimizdan 350 ming dollar ishladik. Mana shu pullar evaziga bir qancha muammolarimizni bartaraf etdik. Demak, bir yilda ikkita futbolchini yaxshi jamoalarga transfer qilishimiz kerak. Bunday akademiya bilan, asosiy harajatlarimizni bartaraf etish imkoniyatidan foydalanmasak, biz nonko'r bo'lamiz-ku. Akademiyadan foydalanib o'zimizga moliyaviy mablag'lar topmas ekanmiz, faqat homiyga qarab qolaveramiz. Akademiyada islohotlar qilishni boshladik. Birinchi navbatda sharoitlarni, futbolchilarni xonalarini tamirlayapmiz, oziq-ovqat masalasini hal qilmoqdamiz. Hattoki, ovqatlanadigan oshxona anjomlarini, idishlarini ham yangilayapmiz. Bolalarga xizmat qiladigan xodimlarga bo'lgan munosabatlarni yaxshilayapmiz. Uskunalar, pechlar, muzxonalar barchasi ko'zdan kechirib chiqilyapti. Tibbiy markazimizda ham so'nggi yillarda birorta texnika olinmagan ekan. SHu kunlarda tibbiyot texnikalarini ham almashtirishni mo'ljallab turibmiz. Futbolda birinchi raqamli dushman jarohat hisoblanadi. Bu yo'lda ham kerakli texnologiyalarni jalb qilishni rejalashtiryapmiz. Ungacha qo'l qovushtirib o'tirmadik. Qaysi uskunalarni tamirlash kerak, qaysilarini yangilash lozim bu ishlarni bajarib bo'ldik. Oldinda qilinadigan ishlarimiz, rejalarimiz juda ko'p. SHunga qarab oldinga qarab intilamiz. "Bunyodkor" akademiyasi har doim etibor markazimizda bo'ladi.
- Akademiyada kadrlar almashinuvi ham ro'y beradimi?
- Hozircha birinchi navbatda akademiya xodimlaridan biror narsani talab qilishdan oldin biz ularga sharoit yaratib qo'yishimiz kerak. SHuning uchun birinchi bosqichda sharoitlarni yaxshilash bilan shug'ullanyapmiz. Ikkinchi bosqich ham yaqin kunlarda etib keladi. Albatta, gapingizni inkor qilolmayman. Kadrlar masalasini ham ko'rib chiqamiz. Biz har qanday o'zgarishga tayyormizki, o'sha o'zgarish akademiyamizni foydasiga xizmat qilsin. Qolgan hammasini vaqt ko'rsatadi.
- Rustam Mirsodiqovni klubga taklif qilish jarayoni qanday bo'ldi?
- Rustam Mirsodiqov uzoq yillar mobaynida o'zbek futboliga xizmat qilgan. Ortiqcha tarifga hojat yo'q. Rustam Mirsodiqov klubda yoshlar futbolini rivojlantirish rahbari lavozimida faoliyat olib boradi. OFKning klublarni licenziyalash tizimida aynan shunday lavozim bor. Bu lavozim o'z ichiga nimalarni oladi, asosiy jamoamizdan so'ng oltita jamoamiz bor. U-21 jamoasi, Birinchi ligada ishtirok etadigan "Bunyodkor-2", 2ta U-18 jamoamiz, biri Respublika musobaqalarida, biri shahar birinchiligida qatnashadi. SHuningdek 2ta ikkinchi liga jamoamiz, ular shahar birinchiligida ishtirok etadi. Oltita jamoada 2001 yildan 2005 yilgacha bo'lgan futbolchilar to'p tepishadi. Rustam Mirsodiqovni shu olti jamoani nazorat qilishga rahbar etib tayinlaganmiz. Ularning ishlaridan katta samara kutyapmiz. Bunga ishonamiz.
- Yangi mavsum oldidan futbolchilarning shartnomalari ko'rib chiqildimi? CHunki, qishki transferlar oynasi vaqtida klub akademiyasidan etishib chiqqan futbolchilar erkin agent maqomida boshqa jamoalarga yo'l olishdi...
- To'g'ri, aytdingiz. 26 yanvar sanasidan boshlab klubga ishga qaytdim. O'tgan mavsum futbolchilar bilan shartnomalarni uzaytirish biroz etiborsiz qolib ketdi. SHuning uchun ham "Lokomotiv" jamoasiga uch nafar futbolchimiz o'tib ketib qoldi. Agarda shu tomondan muammo bo'lmaganida tarkibdagi futbolchilarni ko'pini saqlab qolgan bo'lar edik. Buyog'iga yanada puxtaroq turamiz. Hozirdanoq shartnomasi muddati tugayotgan futbolchilar bilan muzokaralarga kirishganmiz. Ushbu masalada yaqin kunlarda keskin burilish qilamiz. Futbolchi "Bunyodkor"dan shunchaki ketib qolmaydi. Yaxshi ham akademiyamiz bor ekan. Aytaylik, Sanjar Qodirqulov, Islom Qobilov, Jasur Umrzoqovlarni shartnomasi yakunlangan bo'lsada, 10 yillar davomida akademiyada tarbiyalanishgan. Mazkur futbolchilar hozirda 23 yoshda. Hali 24 yoshga to'lishgani yo'q. SHuning bois biz "Lokomotiv" va "Andijon" jamoaliridan futbolchilarni tarbiyalaganimiz uchun yaxshigina mashg'ulot kompsensaciyasini olamiz. Deylik, Akrom Komilov "Paxtakor"ga o'tganida 90 million so'm mashg'ulot kompensaciyasi olishga muvaffaq bo'lgandik. Hozirda O'zPFL bu borada yangi tizm ishlab chiqqan.
- Klubning joriy yildagi marketing siyosati qanday bo'ladi?
- Faqat homiyga qarab qolmasdan qo'shimcha daromad topish bizga qo'shimcha g'ayrat bag'ishlaydi. Ushbu siyosatimizni joriy yilda ham ustuvor qilib qo'yamiz. Hozirda bir nechta kompaniyalar bilan muzokaralarimiz ketmoqda. Pandemiya sharoitida va undan so'ng bu narsaga erishish oson bo'layotgani yo'q. Mazkur yo'nalishda boshqa jamoalarga namuna bo'la olamiz. Mehriddin Razzoqovich bilan uchrashuvda marketing izlanishlari orqali qo'shimcha daromad topish ham vazifa qilib qo'yilgan.
- Bosh jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligi haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz. CHempionlik uchun kurashishga jamoa tayyormi?
- Tayyorgarlik yomon o'tmadi. Yig'inlar asosan o'z qarorgohimizda olib borildi. Farg'onada tashkillashtirilgan "Hokim kubogi" musobaqasida ilk bor ishtirok etib ortga kubok bilan qaytdik. Mavsumni yaxshi kayfiyatda boshlab oldik. Qura ham bizga qulay keldi. Yani ketma-ket kuchli jamoalar bilan to'qnash kelmadik. Yaxshi tarkib yig'a oldik. Tarkibning o'zagini o'tgan mavsum harakat qilgan futbolchilarimiz tashkil qilmoqda. SHuningdek, bir nechta futbolchilarni taklif qildik. Ularga yaxshi sharoitlar yaratib berib, vaqtida rag'batlantirib tursak, bemalol yuqori o'rinlar uchun kurasha olamiz, deb o'ylayman.
- "Bunyodkor" jamoasida to'p tepgan futbolchilar faoliyatlarini yakunlagach birorta xayrlashuv uchrashuvi tashkillashtirilmagan. Mana, so'nggi yillarda Murod Zuxurov, Anvar G'ofurov kabi tajribali futbolchilar jamoadagi uzoq yillik faoliyatidan so'ng butsalarini mixga ilishdi...
- Sizni to'g'ri tushundim. Esingizda bo'lsa, o'tgan mavsum suhbatlashganimizda "Bunyodkor"ning 15 yilligini o'tkazish borasida rejalarimizni aytib o'tgan edim. Agar muxlislar kiritilmasa, keyingi yil o'tkazishimiz ko'zda tutilgandi. Menimcha muxlislar tashrifi borasida bu yil muammo bo'lmaydi. Dastlabki turlarni o'tkazib olganimizdan so'ng FIFA kunlari, OCHLga ajratilgan bo'sh kunlardan foydalanib bu ishni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Juda ko'p futbolchilarga xayrlashuv uchrashuvi tashkil qilinmagan. Deylik, Murod Zuxurov, Viktor Karpenko, Anvar G'ofurov, Sahob Jo'raev va hokazo. Bu ko'pchilikka qiziq bo'ladi, deb o'ylayman. Televideniyada ham translyaciya qilinishi mumkin. Homiylarni jalb qilish, chiptalar savdosidan pul ishlash imkoni bo'ladi. SHu orqali futbolchilarni hurmatini joyga qo'ygan bo'lamiz. Har bir faoliyatini yakunlagan futbolchiga bunday xayrlashuv uchrashuvlari tashkil qilinishi kerak. Ular bunga loyiq.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar