"Manchester Yunayted"ni kuchlilar davrasiga qaytaradigan 5 qadam. Qimmat hujumchilar - boshlanishi
24 iyu 19:10
Yangiliklar


"Manchester Yunayted"ni kuchlilar davrasiga qaytaradigan 5 qadam. Qimmat hujumchilar - boshlanishi
Amorim agarda MYU transfer oynasi oxirigacha faollashmasa, jamoani top-4ga qaytara olmaydi. Ikki hujumkor futbolchi – Kunya va Mbeumo uchun 150 million evro sarflandi. Qizig'i, ular "Manchester Yunayted" tarixidagi eng qimmat TOP-10 xaridlar qatoriga kirdi. Har ikki futbolchi APLga ko'nikib bo'lgan, bungacha o'rtamiyona jamoalarni oldinga boshlay olgan. Jamoa shanini tiklash yo'lida muhim ikki qadamni tashladi, deyish mumkindek. Jamoa Evropa Ligasi finalida "Tottenxem"ga mag'lub bo'lib, APLda o'n beshinchi o'rinni egallagach, ruhan ancha mushkul vaziyatda qolgan. Amorim MYUning sparring bahsda "Lids" bilan harakatlaridan ham qoniqmadi, o'yin natijasi – 0:0. Rubenga yangi futbolchilar kerak.
Xyoylundni qo'yib yuborib, boshqa "to'qqizlik" sotib olish
APLning ko'plab klublari bu yoz aynan "to'qqizlik" rolini bajaruvchi hujumchilarni izlashmoqda. "Arsenal", "Chelsi" va "Liverpul" bu borada ishni bajardi desak, mubolag'a bo'lmaydi. "Manchester Yunayted" esa Kunya va Mbeumo bilan uchburchak hosil qiluvchi eng yuqori "cho'qqini" topishi zarur. Gollar tanqisligi Amorimning APLdagi debyutini dabdala qildi. "Arsenal"da darvozaga aniq yo'llangan zarbalar va gollar nisbati 0,37 – reytingda birinchi o'rin. MYUda bu ko'rsatkich bor yo'g'i 0,23 – oxiridan birinchi. Xyoylundga ishonch bildirildi, lekin yosh daniyalik masuliyat yukini bir o'zi ko'tara olmadi. Hozirgi vaziyatda uni ijara jo'natib, Rasmusning o'rniga tajribaliroq futbolchini olib kelish mantiqan to'g'ri bo'lardi. "Aston Villa"dagi Uotkins ro'yxatda birinchi emasdi, unda asosiy maqsad sifatida "Arsenal"ga o'tishi hal bo'lgan Gyokeresh turgandi. Amorim "Sporting"da Viktor bilan ishlaganiga qaramay, shveciyalik "Arsenal"ni tanladi. MYU uchun 29 yoshli angliyalik forvard qolmoqda, u APLda ulkan tajribaga va ancha kuchli zarbaga ega. Uotkins to'g'ri yangi Van Persi emas va uning gollari klubga chempionatda g'oliblikni keltirishi haqiqatdan yiroq, lekin Olli jarohat olmay tursa, "qizil iblislar"ni yana TOPlar qatoriga qaytarishi mumkin.
Onanani ishonchli va stabil o'yin ko'rsatadigan golkiperga alishtirish
Andre xatolar bilan birga yashaydi. "Inter" va "Ayaks"da kamerunlikning boshqa jihatlari uning xatolariga ko'z yumish uchun etarli edi. Onana ko'pincha koncentraciyani yo'qotib qo'yadi. Shunchaki avvalgi klublari u MYUda bo'lgani kabi o'nlab millionlab muxlislar nishoni ostida emasdi. Angliyada Onanani ko'proq qisman asossiz xeytlar "sindirdi". APL o'tgan mavsumida 132 ta zarba, bazi seyvlar o'ta chiroyli bo'ldi. Darvozabon aniq zarbalarning 68,9%ni qaytarishga muvaffaq bo'ldi – yomon ko'rsatkich emas. Faqat Onana "Manchester Yunayted" himoyasini boshqarish tugul, unga aytarli tasir o'tkaza olmayapti. U qolganlarni o'ziga ishontirib, olg'a chorlaydigan etakchi emas. Andre bugungi kunga kelib, himoyachilarga o'z kuchiga, jamoa himoyasiga ishonchni bera olmayapti. Jahon chempioni Martines "Aston Villa"dan Manchesterga ko'chib o'tgan yana bir futbolchi bo'lishi mumkin, lekin boshqa nomzodlar ham yo'q emas. Argentinalikning o'ziga xos xarakteri bor va u ham bazan kutilmagan xatolarga yo'l qo'yadi. U 32 yoshdaligi va 25 mln evro transfer narxi ham uning foydasiga ishlamaydi. MYU skautlari polshalik Bulkani kuzatishdi. Bundan tashqari inglizlar Donnarumma va Garsiyaga og'iz solishganda rad javobini olishdi. Ispaniyalik "Barselona"ni tanlagan bo'lsa, Jijjiga esa mustahkam himoyasi yo'q va Chempionlar Ligasida ishtirok etmaydigan jamoa kerakmas.
Jaljallarga aralashib qolaveradigan Antoni, Sancho va Garnacho bilan xayrlashish
Antoni ayollar bilan muammolarga aralashib qolgandi, Sancho MYUni qamoq deb biladi va klubdan ketishni, ozodlikka chiqishdek ko'radi. Garnacho esa Amorim jamoasi ichidagi gaplarni tashqariga chiqib ketishini taminlaganlardan hisoblanadi. Uch nafar iqtidorli vinger yozda Manchesterni tark etishi kerak. Hozircha faqatgina Reshford jamoadan ketdi. Markus ijaraga bo'lsada "Barselona"ga yo'l oldi. Daniyalik xavbek Eriksen va shveciyalik markaziy himoyachi Lindelyofga yangi shartnoma taklif qilinmadi. Qariya Jonni Evans faoliyatini yakunladi. Antoni ten Xag boshchiligida bo'lsa ham "Bayer"ga kerak emas. "Yuventus" Sancho transferi bo'yicha muzokaralarni to'xtatib turishga qaror qildi. Angliyalik vingerni sotib olish uchun italiyaliklarning o'zi bir-ikki futbolchisini sotib yuborishi talab qilinadi. Qishda Garnacho moliyaviy talablari bilan "Napoli" rahbarlarini jahlini chiqargandi, hozir esa yosh argentinalik APLning o'zida boshqa jamoa topishni orzu qilmoqda. Mish-mishlarga qaraganda futbolchiga "Tottenxem" va "Aston Villa" tomonidan qiziqish bor, lekin rasmiy harakatlar hozircha amalga oshirilmadi.
O'ng qanot himoyasiga lateral olib kelish
MYU muxlislari uchun yaxshi xabarlar ham bor. O'tgan mavsumdagidan yomonroq ishtirok etish va undan ham pastroq o'rinni egallash deyarli imkonsiz. Tarkib yanada kuchaytirildi va Chempionlar Ligasi yo'llanmasi uchun kurashishga harakat qilib ko'rsa bo'ladi. Biroq raqobatchilar soni sezilarli oshgan. "Aston Villa" va "Nyukasl" tajriba to'plab bormoqda, "Tottenxem"da esa yangi murabbiy Frank. "Nottingem Forest" ECHL uchun kurash tempiga oxirigacha chidab berishi qiyindir, lekin malum darajada bu jamoa ham raqobat qila oladi. "Kristal Pelas" boshdan baland sakrashini kutish qiyin. MYU aynan "burgutlar"dan tajribali Munosni olib ketishi mumkin. Kolumbiyalik APLga kelganiga ko'p bo'lmagandir, lekin "Kristal Pelas" bilan Angliya Kubogi uchun bahsda "Manchester Siti"ni yutdi. Munos – maydonda faol harakat qiladi va hujumda ham, himoyada ham foyda keltira oladi. Amad va Dalot o'ng qanot laterali sifatida doim ham ishonchli o'yin ko'rsata olgani yo'q. Mazraui himoyada ancha ishonchli, lekin marokashlikning sport formasiga terma jamoadagi sherigi Xakimining kuchayishi salbiy tasir ko'rsatdi. PSJ tarkibida Ashraf nimalar qilayotganini butun dunyo ko'rib turibdi. Hamma tushunib turibdiki, Mazraui marokashliklar ichida ham o'z nuqtasida eng yaxshisi emas. Kolumbiyalik Munos o'zining pik formasidagi Dani Alvesh kabi muammoning tayyor echimi emas, ammo Amorim qanotlardagi vaziyatdan tashvishda. Chap qanotga 18 yoshli paragvaylik Diego Leonni topishdi.
Maydon makrazida o'yinni nazorat qila oladigan dispetcherni topish
Eng qiyin vazifa. Skautlar uchun eng mushkul ish – Xavi, Pirlo va Modrich poziciyasiga futbolchi topish. U bir vaqtning o'zida ham hujum qila olishi, ham himoyalanishni bilsa. "Manchester Yunayted" tayanch zonasida tajribali Kazemiro bor. Braziliyalik sport formasini ancha tartibga keltirib oldi, lekin 33 yoshda xavbek "Al Nassr"ga ketish haqida o'ylamoqda. O'yin tempi APLnikidan pastroq chempionatda, Ronaldu bilan bir jamoada futboldan zavqlanish osonroq bo'ladi. MYUda mahoratli dispetcher Brunu Fernandesh bor. U shayxlarning katta pullarini rad etdi. Portugaliyalik AQSHda o'tadigan JCHga tayyorgarlik ko'rmoqda. Brunu jamoaning yangi hujumchilar uchligi ishlashi uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qiladi. Biroq Fernandesh terma jamoadagi hamkasbi Vitinyaning nuqtasida harakat qilmaydi. MYUga esa aynan shunday futbolchi zarur. Kobbi Maynu yigirma yoshida asosiy tarkibda o'ynashni istaydi, lekin u boshqacharoq xarakterdagi o'yinchi.
Beshinchi vazifaning yana bir o'ta mushkul tomoni – aniq nomzodlar yo'q. Bu rolni bajara oladigan futbolchilar Chempionlar Ligasida ishtirok etmaydigan jamoaga o'tmaydi. Amorim kuni-kecha MYU o'yiniga temp etishmayotganini aytib o'tdi. Jamoa harakatlarini boshqaradigan, nazorat qila oladigan futbolchi etishmayapti. Ugarte va Maynu faollikni taklif qilishmoqda, ammo "qizil iblislar"ga Rodri singari o'yinni qaerdadir tezlashtiradigan, kerak joyda esa tinchlantiradigan yigit kerak. Ispaniyalik Xaver Gerraga etibor qaratildi, ammo bo'ydor futbolchi 22 yoshda hali katta tajribaga ega emas. Qidiruv davom etmoqda, vaqt esa tobora kam qolmoqda. Uch haftadan keyin MYU APLda "Old Trafford"da "Arsenal"ga qarshi o'yin bilan startga chiqishi kerak.
Xorijiy saytlar asosida Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi
O’xshash yangiliklar

Fikrlar