

Asosiy uchrashuv Madridda o'tadigan bo'lsa, "Dragau"dagi to'qnashuv ham neytral futbol ihlosmandlariga ajoyib futbol tomoshasini taqdim etib berishiga shubha yo'q.

Yevropa chempionlar ligasining sobiq chempionlarining o'zaro qarama-qarshiligi ancha qiziqarli o'tishi tabiiy. Bu ikkala jamoalar muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etishadi. "Portu" o'z uyidagi uchrashuvlarda ancha ishonchli o'ynaydi. Serjiu Konseysau boshchiligida jamoa barcha turnirlarda 24 uchrashuvdan buyon mag'lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jamoaning ichki chempionatdagi ishlari ham ko'ngildagidek kechmoqda. "Ajdarlar" ayni paytda o'zlarining yuqori sport formasida. Konseysau shogirdlari tajovuzkor futbol namoyish etishni o'zlashtirishgan.
"Portu"ning raqibi esa o'ziga o'xshagan tajovuzkor futbolni xush ko'ruvchi "Liverpul". Yurgen Klopp har qanday sharoitda o'zining uslubidan voz kechmaydi. "Liverpul"ning APLdagi ishlari yaxshi ketmoqda. Lekin "qizillar"ning chempionlik uchun imkoniyatlari deyarli qolmagan. Shu boisdan ham Klopp bor e'tiborini YCHLdagi bahslarga qaratadi. "Liverpul" joriy mavsumda Yevropa chempionlar ligasida o'zgacha ishtiyoq bilan o'ynamoqda. Jamoa guruh bosqichida fantastik sermaxsullikni namoyish etdi. Yurgen Klopp bugungi Portugaliyada kechadigan o'yinda ham Klopp Konseysauga hujumkor va tajovuzkor futbol taklif etishiga shubha yo'q.
Kunning yoki tunning eng muhim va uzoq kutilgan to'qnashuvi Madriddagi "Santyago Bernabeu" stadionida bo'lib o'tadi. "Real" yozdagi transferlari bilan butun dunyoga shovqin solgan PSJga qarshi. Muxlislar Yevropa chempionlar ligasining nimchorak finalidayoq katta o'yin guvohiga aylanishadi. Neymar yetakchiligidagi parijliklar Madridda YCHLning amaldagi sohiblariga qanday qarshilik ko'rsatishlari qiziq.
"Real"ning La Ligadagi tushunarsiz ishtiroki va jamoadagi tushunarsiz kayfiyat bu o'yinga ta’sir ko'rsatishi mumkin. Ayni paytda "Real" PSJga nisbatan tushkun kayfiyatda. Madridliklar uzoq yillardan buyon ilk bor joriy mavsumda YCHL g'olibligi uchun favoritlar qatoridan tushib qolishmoqda. Lekin "Real"ning yevropa maydonlaridagi boy tajribasini unutmagan maqul. La Ligadagi muvaffaqiyatsiz o'tayotgan mavsum tufayli Zidan yana bor e'tiborini YCHLga qaratishiga to'g'ri keladi. O'z-o'zidan Yevropa chempionlar ligasida ketma-ket g'olib bo'lib, bu borada xet-trik qayd etish "Real"ning joriy mavsumdagi asosiy maqsadiga aylanadi.
PSJning oliy maqsadi Yevropada toj kiyish. Ular uchun ichki chempionatdagi muvaffaqiyat qoniqarli bo'lmaydi. PSJ qanchalik katta transferlarga qo'l urmasin, ketma-ket Fransiyada tengsiz bo'lmasin, baribir hali jahon miqiyosidagi top jamoaga aylangani yo'q. Buning uchun ulardan YCHLda chinakamiga natija ko'rsatish talab etiladi. PSJ ayni paytda Fransiyaning grand jamoasi. Yevropa grandiga aylanish uchun esa jamoa bu kabi katta o'yinlarda muvaffaqiyat qozonishi va YCHL g'olibligini qo'lga kiritishi lozim.

PSJning ishongan "uchligi"
Bunga PSJ qanchalik tayyor ekanini bugungi Madriddagi bahsda qisman ko'rishimiz mumkin bo'ladi. "Real" qanchalik tushkun kayfiyatda bo'lmasin yoki PSJ ayni payt qanchalik yirtqich ko'rinsada, bu kabi katta afishali uchrashuvlarda ushbu jihatlar ikkinchi darajaga tushib qoladi. O'yin statusi va ahamiyati har qanday holatdagi futbolchilarni uyg'ota olishga qodir. Bunaqangi uchrashuvlar uchun ortiqcha motivaciya shart emas. To'qnashuvning afishasini o'ziyoq futbolchilar uchun ulkan motivaciya beradi.
"Real" - PSJ qarama-qarshiligida jamoalar yo'l qo'yishi mumkin bo'lgan kichik xatolar qimmatga tushadi. Zidan yoki Emeri jamoasini aynan shu kabi xatolarga yo'l qo'ymasliklari uchun kerakli darajada tayyorlay olishlariga ko'p narsa bog'liq.
Qisqa qilib aytganda, dahshatli to'qnashuvni ilk seansi bugun tunda, Madriddagi "Santyago Bernabeu" stadionida qo'yiladi. Keyingi hal qiluvchi seans esa Parijda namoyish etiladi.

Demak bugun tunda parijlik "boyvachchalar" madridlik "qirollar"ga qarshi...



