So’nggi yangiliklar

16:05Суперлига. 15-16-тур учрашувларининг бошланиш вақти маълум  1 15:41"Лейпциг" Хави Симонс қайтганини эълон қилди  1 15:30Гвардиола "Челси" бош мураббийини мақтади  1 15:03"Пахтакор"да ҳеч кимга асосий таркибдан жой кафолатланмаган" — Абдулла Абдуллаев  5 14:39"Бавария" ҳужумчисини ижарага бермоқчи  1 14:10Алонсо нуфузли нашр талқинида йилнинг энг яхши мураббийи бўлди  2 13:43Иброҳим Ибрагимов: "Мақсадим – "Пахтакор" билан яхши натижалар кўрсатиш"  2 13:30Футзал. ЖЧ-1996. Бразилия "требл" қайд этди  0 13:11"Милан" собиқ футболчиси Саудия Арабистони клубига ўтди  1 12:47Тимур Кападзе: "Олимпиада вақтида биз футбол эмас, бошқа ташвишлар ҳақида кўпроқ ўйлашга мажбур бўлдик"  34 12:17Бензема "ишдан бўшатган" мураббий Аргентинага йўл олди  2 11:55"Атлетико" Хави билан келишиб олди  2 11:29"Киммих кўп йиллар давомида "Бавария" учун муҳим ўйинчи бўлиб келган"  1 11:01Кьеза "Ювентус"дан кетаётгани тасдиқланди  1 10:22Аббосбек Файзуллаев Олимпиададаги шароитлардан кўнгли тўлмаганини айтди  26

Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey” va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat Yangiliklar

Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey” va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat

Teglar :  Ahrol Inoyatov
Hozirgi avlod Ahrol Inoyatovni oxirgi 3-4 yilda O'FFda “Kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish bo'limi”da rahbar sifatida faoliyat yuritgani bilan yaxshi taniydi.

Yoshi ulug' futbol ishqibozlari esa, Ahrol akani 60-70 – yillarda Gennadiy Krasnickiy, Birodar Abduraimov, Stanislav Stadnik bilan birga “Paxtakor”da javlon urganini eslaydi. Bugungi kunda nafaqada, oilasi bag'rida umrguzoronlik qilayotgan Ahrol aka bilan dildan suhbat uyushtirdik. Suhbatimiz uzoq davom etdi. Unda shu vaqtgacha aytilgan va aytilmagan voqealar haqida so'z yuritildi. Yildan-yilga afsonaga aylanayotgan Gennadiy Krasnickiy va “Paxtakor” –“Metallurg” bahsi ham eslab o'tildi. O'ylaymanki, bu suhbatimiz mushtariylarga manzur bo'ladi. Suhbatimiz uzoq davom etgani, ajoyib xotiralar-u, muhim faktlar aytilgani bois, intervyuni qismlarga ajratib berishni maqul deb bildik.


Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey” va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat (1-qism)

Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey”va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat (2-qism)


3-qism. O'FFdagi faoliyati va o'sha mashhur o'yin haqida
- Endi O'FFdagi faoliyatingiz haqida gaplashsak. Siz federaciyada ish boshlashingizdan avval qaysi lavozimga kelayotganingizni-yu, chempionatimizning o'sha vaqtdagi ahvolidan xabaringiz bo'lgan bo'lsa kerak?
- Bu lavozimga meni taklif qilishlaridan avval O'FF qoshida shunday bo'lim tashkil qilinishi haqida shaxsan o'sha vaqtdagi O'FF prezidenti Mirabror Usmonovning buyrug'i bo'lgan. Albatta qaerga va qanday lavozimga kelayotganimni aniq tushunib etganman. Men bu ishga kelgunimga qadar oxirgi to'rt yilni nafaqada o'tkazayotgandim. SHunday bo'lsa-da, futbolda ishlayotgan murabbiylar yoki boshqa insonlar bilan doimiy aloqada bo'lib yurganim sababli chempionatimizning ichki ahvolidan xabarim bor edi. Nafaqat men, bugun buni unutib qo'ygan federaciyadagi rasmiylar yoki siz jurnalistlar ham juda yaxshi bilgansizlar.

- SHunday deysizki, lekin futbolning ichida faoliyat yuritayotgan inson bilan tashqarisidagining malumoti orasida baribir juda katta farq bo'ladi. Ichidagi shaxs hammasini ko'zi bilan ko'radi, tashqaridagi esa, ko'proq eshitganiga tayanadi.
- To'g'ri, bu fikringizga qo'shilaman. Ammo meni aksar tanishlarim futbol ichida, ular bilan bo'lgan suhbatlarda tabiiyki, millionlar o'yini mavzusi-yu, uning ichidagi ishlar haqida gap-so'z bo'ladi. Qolaversa, garchi nafaqada bo'lsamda, uchrashuvlarni bevosita stadionda kuzatib borardim. Ishga taklif qilishganidan so'ng,“qani, qo'limdan nima kelar ekan”, deya eng shimarib ish boshladim.Avvaliga FIFA, OFKning shu yo'nalishdagi ishlarini o'rganib chiqdim, Reglamentlari bilan tanishdim va albatta mamlakatimiz qonunlaridan tashqariga chiqmagan holda o'zimizning normativ huquqiy bazamizni yaratishni, PFLning Reglamentiga nimalar kiritishimiz mumkinligini o'rgandim. Xabaringiz bor, men 2014 yilgi mavsumning ikkinchi davrasi vaqtida ishga kelganman. Bu paytga Reglamentga o'zgartirish kiritib bo'lmasdi. Asosiy ishim, ichki holat bilan yaqindan tanishish hamda yangi mavsumga normativ huquqiy bazani tayyorlash edi. Ochig'i, ishga kelganimda vaziyat o'nglanishiga ishonmaganlar ham ishonganlar ham bo'ldi. Ikki yillik faoliyatimizdan so'ng dunyoqarashi o'zgarganlar ham topildi.

Aslida kelishilgan o'yinlarni birgina bo'lim bilan butunlay yo'qqa chiqarib bo'lmaydi. Bizdaprokuratura, ichki ishlardan xodim bo'lishi kerak edi. Agar bo'limda shu kabi yo'nalishda faoliyat yuritadigan mutaxassislar ham ishlaganida vaziyatni nazorat qilish yanada osonlashardi. O'sha vaqtlarda yoki undan oldinga yillarda kim qanday chempion bo'lgani-yu, sovrinli o'rinlar qay tartibda qo'lga kiritilganidan ko'pchilikning xabari bor.

-    Yuqorida o'zingiz aytib o'tdingiz, bunday bo'limda boshqa yo'nalishdagi mutaxassislar ham ishlashi kerak. Ishga tayinlanganingizda bo'limda prokuratura yoki ichki ishlar xodimlari ishlamasligi malum bo'lgach, tabiiyki, vakolatingiz kamroq bo'ladi. Asliida rahbariyat sizga qanday vakolatlarni topshirgandi?
-    O'FF prezidenti kaminaga shunday vakolatni topshirgan ediki, men kelishilgan o'yinlarda ishtirok etgan har qanday jamoani yoki insonni Reglamentdan chetga chiqmagan holda jazolay olish huquqiga ega edim.Biz PFL bilan hamkorlikda ish boshladik. Boshida hammasi joyida bo'ldi, keyinroq fikrlar qarama-qarshiligiga ham uchradik. Hakamlar va nazoratchilar bo'limi bilan olib borgan ishlarimizda biroz qiyinchilikka uchradik, lekin bu bo'lim ishlab chiqqan Kodeksga kelishilgan holda o'zgartirishlar ham kirita oldik. Aslida nafaqat bu guruh, balki PFL qoshidagi barcha bo'limlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlanganida ishimizning unumi yanada oshardi. Buning uchun bizning bo'limga yanada ko'proq vakolat berilishi kerak edi.

O'ylaymanki, shunday bo'lsa-da, biz ishni yomon olib bormayotgandik, biroq tan olish kerak, natijasi shubhali ko'ringan uchrashuvlarni isbotlab ham bera olmagan paytlarimiz ham bo'ldi. Biroq aytganimdek, buning uchun bizning bo'limda davlat tashkilotlaridan kerakli mutaxassislar bo'lganida, maqsadga erishishimiz yanada osonlashardi.

-    Rahbariyatga bo'limda davlat tashkilotlaridan ham xodim bo'lishi kerakligi haqida taklif kiritilganmidi?
-    Albatta, bu taklif berilgandi. Qolaversa, O'zbekiston qonunchiligida kelishilgan o'yinlarda ishtirok etganlarga jazo yo'q. Rossiya yoki boshqa davlatlarda bor. Men totalizator yoki shunga o'xshash qonunlarni buzganligi uchun jazolarni aytmayapman, shunchaki, o'zaro kelishishni nazarda tutdim. Xususan, o'rtaga pul aralashmasdan kelishilgan o'yinlar. SHu bois, biz o'yin natijasini kelishgan insonlarni sport tamoyili asosida PFL Reglamentidan tashqariga chiqmagan holda jazolay olardik. Ham qonuniy tarafdan ham bo'limda davlat tashkilotlaridan mutaxassislar yo'qligi sababli vakolatimiz tor edi. SHuning uchun o'yinlar natijasini kelishgan insonlarga jazo berilishi mamlakat qonunlariga kiritilishi ustida amaliy ish boshlagandik.

-    O'zi umuman bu bo'limga rahbar etib tayinlanganingizdan keyin ishni nimadan boshlagan edingiz?
-    Tahlildan. Yani, oxirgi uch yildagi o'yinlar, o'sha uchrashuvlarda maydonga tushgan futbolchilarning ro'yxatini tahlil qilishdan boshlaganman. Qolaversa, mazkur bahslarda qaysi hakamlar guruhi ishlagani-yu, kimlar nazoratchilik qilganini ko'zdan kechirdik. SHunday bo'ladiki, hakammi yo nazoratchi, buning farqi yo'q, ayrim jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlarni ko'proq boshqaradi. Yoki tarkibda ham gap ko'p bo'ladi. Buning uchun jamoalarning uchrashuvlardagi tarkiblarini jiddiy tahlil qilib chiqish kerak.Mengacha shubhali, xususan, o'z uyida yutib, mehmonda xuddi shu raqibiga bir xil to'plar nisbati bo'yicha yutqazgan jamoalar va bunday bellashuvlar soni ko'p bo'lardi. Ishimning ikkinchi yili bunday bahslarning sonini sezilarli darajada kamaytira oldik.Yuqorida takidlaganimdek, ish avvalida normativ huquqiy hujjatlarni tayyorlagandik. Bu orqali dekloraciyani tatbiq qildik. 2015 yil mavsum arafasi shaxsan o'zim klublar bilan uchrashib, kelishilgan o'yin nima, unga beriladigan jazolar, dekloraciyaga qo'l qo'ysa, vazifasi nimalardan iborat bo'lishi haqida tushuntirish ishlari olib bordim. Hech narsa o'z-o'zidan birdaniga bo'lib qolgani yo'q. Hamma narsani joy-joyiga qo'yishimiz uchun bizga vaqt kerak bo'ldi.

-    Yuqorida ko'p takidladik, sizda vakolat keng bo'lmagan. Yani, davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlay olmagansiz. SHunday vaziyatda siz natijasidan shubhalangan bellashuvlardan oldin klublarning murabbiyi yoki rahbarlariga nima degansiz? Oddiyroq qilib aytganda, ularni qanday “qo'rqitgansiz?”
-    Aytganimdek, federaciyadagi ishimizning ilk kunlarida yuridik tomondan normativ huquqiy hujjatlarni tayyorlagandik. Biz mavsum avvalida va davralar oralig'ida futbolchilar, rahbarlar, murabbiylar, hakamlar hamda nazoratchilarga o'qib chiqib, imzo qo'yishi uchun taqdimqiladigan dekloraciya yuridik hujjat hisoblanardi. Ammo tan olish kerak, shu hujjatga qo'l qo'ygan murabbiylarni, rahbarlarini va o'sha bellashuvda ishlaydigan nazoratchi hamda hakamlarni o'yindan oldin chaqirib, suhbatlashganimizdan keyin ham uchrashuv natijasi biz kutgandek shubhali yakunlangan holatlarga ham to'qnash kelganmiz. Lekin-lekin, bu mening shubham. O'sha o'yinlar yuz foiz kelishilgan deb ayta olmayman.

-    SHuncha suhbatdan keyin ham uchrashuv natijasi siz kutgandek shubhali bo'lsa, o'sha rasmiylarni jazolashdan nima to'sqinlik qilgan?
-    Men vakolatim doirasida o'sha bellashuvda ishlagan hakamlar, nazoratchilarni jazo olishini taminlay olganman. Lekin murabbiylar o'zini oqlagan. Bu vaziyatda bunday bo'ldi, bunisida bunaqa, boshqasida hakam xato qildi. Xullas, aybni bo'yniga olmagan. U yog'iga o'tishga bizning vakolatimiz yo'q edi.

-    Uchrashuv natijasi kutilganidek shubhali, shunday holatda qanday qilib ikki jamoa murabbiylarini yoki klublarni jazolamaslik mumkin?
-    Aytganimdek, murabbiylar buni tan olmaydi. Jamoani jazolash uchun qatiy isbot kerak. Sizga misol aytaman: Latviya federaciyasi bir klubning natijasi shubhali deb topadi va jamoani 20 ming AQSH dollari bilan jazolaydi. Klub federaciyani sudga beradi va yakunda g'olib chiqadi. Biz ham shunday holatga tushib qolmasligimiz uchun uning aybini isbotlab berishimiz kerak. Butun dunyoda shu qoidaga amal qilinadi.

-    Mayli, lekin o'sha mashhur “Paxtakor” – “Metallurg” uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi jazolanganku?! Bu erda jazolash uchun qanday asos bo'lgan?
-    Ochig'ini aytaman, bu ish oxirigacha etkazilmagan. Aslida ishni yakunlashimiz kerak edi. O'yindagi bir epizodni eslasak, zaxiradan maydonga tushgan futbolchi so'nggi daqiqalarda jarima maydonidan chiqib ketayotgan raqib o'yinchisiga qo'pollik ishlatadi. Futbolda bunday holat kuzatilmaydi. O'sha vaziyat meni shubhalantirgan. Qolaversa, yutib turgan jamoa oxirgi daqiqalarda shunday xato sababli yutqazib qo'ygan.

-    Agar ochiq gapiradigan bo'lsak, o'sha o'yin sizning ham, federaciya prezidentining ham obro'siga salbiy tasir qilgan. SHunday ekan, keling, vaziyatga aniqlik kiritib ketaylik, sizni shubhalantirgan o'sha epizod uchun nega futbolchi emas, bosh murabbiy jazolangan? Yoki nega ikkala jamoa yo ikkala klubning bosh murabbiylari jazo olmagan?
-    Jamoalar jazolanishi uchun bu o'yin to'liq kelishilganliginini to'liq isbotlash kerak edi. Buning uchun yuqorida takidlaganimdek, menga ichki ishlar vazirligining yordami kerak bo'lardi. Yoki telefon qo'ng'iroqlarini tinglash vakolatiga ega bo'lishim kerak. Bir o'zim buni isbotlay olmasdim. Murabbiy yoki klub rahbarini federaciyaga chaqirib suhbatlashgan taqdirimda ham ular buni tan olmaydi. Lekin o'sha uchrashuvda aslida nima bo'lganligi to'g'risida taxminim bor. Lekin vakolatimdan tashqariga chiqa olmayman. Rustam Mirsodiqovning jazolanishiga kelsak, u bosh murabbiy bo'lganligi uchun jazolandi. Vaholanki, boshqalar ham jazolanishi kerak edi. Mirsodiqovga nisbatan og'irroq jazo qo'llanilgan.

-    Federaciya sizni shubhaga solgan epizod ishtirokchisini jazolay olmasmidi?
-    Bu federaciyaning emas, klubning ichki ishi hisoblanadi. Yuqorida natijasi mening gumonimga mos tushgan uchrashuv, unda ishlagan nazoratchi va hakamlar jazolanganligi haqida aytib o'tdim. O'shanda garchi tan olmasada klublarni qattiq ogohlantirgandik. “Paxtakor” – “Metallurg” bahsi shov-shuv bo'lib ketishiga sabab, o'yin poytaxtda, ko'pchilikning ko'z o'ngida, yana o'yin “Sport” telekanalida to'g'ridan-to'g'ri efirda namoyish etilyapti va qolaversa, shubhali vaziyat so'nggi daqiqalarda sodir bo'lyapti.

-    Aytilganidek, aynan shu o'yin siz va federaciya prezidentining obro'siga salbiy tasir qildi. O'zingiz bu uchrashuv bo'yicha taxminim bor, ammo vakolatim doirasidan tashqariga chiqa olmaganim uchun isbotlab bera olmayman, deyapsiz. Bo'limga hukumat doirasidagi tashkilotlaridan xodim kerak edi. SHunday ekan, vakolatingizga bog'liq bo'lmagan holat obro'ingizga salbiy tasir qilayotgan bir vaqtda ishdan ketgan maqulmasmidi?
-    Aytingchi, men ishga kelgunimga qadar va undan keyin holatni foizlar bo'yicha tahlilqilsak, ijobiy tomonga o'zgarishlar bo'ldimi? Menimcha, bu o'zgarishlarni hech kim inkor qilmasa kerak?! Bola ona qornidan tushiboq yurib ketmaydi. Biz ham katta ishlarni boshlab qo'ygandik. SHunday vaziyatda ishni yarim yo'lda tashlab keta olmasdim. Men ishga kelgunimga qadar uchrashuvlarning natijalarini oldindan taxmin qilish oson edi. Ish boshlaganimdan keyin o'yinlarning natijalarini oldindan taxmin qilish qiyin bo'lib qoldi. O'rta darajadan past bo'lgan klublar ham sensaciya qayd eta boshladi. Safarlarda g'alaba qozona boshladi. Agar ishimizda rostakamiga o'zgarish bo'lmaganida “Qo'limdan kelmadi”, deb indamay ishdan ketardim. Lekin biz boshlagan ishlarda ijobiy tomonga o'zgarishlar bor ediku?! Vaholanki, bo'limda bir o'zim ishlardim. Bir o'zim ishlagan holda natija qila olyapmanmi, ertaga bo'limda xodimlar soni ortsa, yanada yaxshi bo'lishiga ishonganman. Yana bir gap: o'sha vaqtda ham baribir shubhali o'yinlar bo'lardi, lekin ularning soni juda ham kam va doirasi ham tor edi. Yaqin kelajakda ularni ham nazorat qilishimizga ishonardim. Hatto o'sha shubhali o'yinlarni yo'q qilishimiz uchun katta vakolat yoki harakatlar talab qilinmasdi.

-    O'sha uchrashuvdan keyin har ikkala jamoa bosh murabbiylari bilan suhbatlashganmisiz?
-    Ha. Men o'sha kuni boshqa shahardagi o'yiniga PFL vakili etib tayinlangandim. Ertasi kuni uchrashuv yozilgan diskni ko'rib chiqib, nafaqat murabbiylarni, balki hakamlarni ham chaqirib suhbatlashganman. CHunki o'sha bahsda hakamlar ham xato qilishgan, biroq o'sha epizodlardan xabari bo'lmagan yoki bilishsada qo'lidan hech narsa kelmagan. Murabbiylar nima derdi? Albatta yo'q deydi. Lekin menda boshqa manbalar orqali o'yin va o'sha epizod bo'yicha malumot etib kelgandi. Boyagi gapingizda jon bor, aynan shu bahs bizning obro'imizga salbiy tasir qildi, ammo o'sha vaqtda bizda boshqa iloj yo'q edi.

-    Bu lavozimga tayinlanishingizdan avval ancha yillar katta futbolda rasmiy lavozimda ishlamagansiz. Aytish kerak, siz ishga kelgan vaqtda futbolimizda uzoq yillar ishlagan insonlar bor edi. Ishga tayinlanganingizdan keyin ular sizga nimadir deyishganmi?
-    Bunaqa suhbatlar bo'lgan. Ayrim murabbiylar kelib, “Ahror aka, nima qilasiz ishlab, baribir qo'lingizdan hech narsa kelmaydi. Biz bu futbolda 10-15 yildan beri ishlayapmiz”, deyishgan. Ammo o'sha mutaxassislar 1-1,5 yildan keyin oldimga kelib, ishimizni tan olgan, uzr so'rab ketishgan. Ular nima sababdan bir yilda shunchalik o'zgardi? Kimlardir qo'rqqan bo'lishi mumkin. Sababi, biz dekloraciyaga qo'l qo'ydirardik va u yuridik hujjat hisoblanardi. Ilgari bunday hujjat bo'lmagan. Qo'rqmaganlarga kelsak, shaxsiy fikrim, ular yuqori lavozimdagi insonlarga tayangan bo'lsa kerak?!

-    Siz boshqargan bo'limda maslahatchilar guruhi bo'lgan va o'sha guruhda “Paxtakor” hamda “Metallurg” jamoasi bosh murabbiylari ham faoliyat ko'rsatgan. Bu qanchalik mantiqqa to'g'ri keladi?
-    Bu oddiy va mantiqqa to'g'ri keladi. Murabbiylarni bu guruhga qo'shganim ularni o'zlariga bo'lgan masuliyatni oshishiga xizmat qilardi. Qolaversa, halol futbol faqat menga emas, hammaga kerak, xususan, o'sha klublarni boshqarayotgan rahbarlardan tortib, murabbiylarga ham. Eng asosiysi, futbolimizga va muxlislarga kerak. O'sha uchrashuvdan so'ng har ikkala murabbiyni ham guruhdan chiqarib yuborganmiz.

-    Siz federaciyada ish boshlaguningizga qadar oliy ligada tur o'yinlarining natijasini deyarli 60-70 foizga aniq topsa bo'lardi. Yani, 7ta juftlikdan 5tasining natijasini qo'rqmay oldindan taxmin qilish mumkin edi. Bir bo'limga rahbar bo'lib buni necha foizga kamaytira oldim, deb o'ylaysiz? Birinchi liga ham shunday o'yinlar ko'p, degan fikrlarga qo'shilasizmi?
-    Savolingizning birinchi qismiga to'xtalsam: shaxsiy fikrim, oldindan natijasini taxmin qilish mumkin bo'lgan o'yinlar sonini 30-40 foizgacha kamayishiga sababchi bo'la oldim, deb o'ylayman. Birinchi ligaga hali etib kelmagandik. Sababi, bo'limda mutaxassislar yo'q edi. 2017 yil endi quyida ham ish boshlagandik. Aslida bunday o'yinlar nega sodir bo'ladi? Klublar oylik bermasa. Futbolchilar maosh olmayaptimi, o'yini gumon ostida qolaveradi.

-    Jamoalar natija uchun kelishib, totalizatorga pul tikish orqali malum summaga ega chiqishlarini ham eshitganmiz. Siz boshchilik qilgan bo'lim totalizator tashkilotlari bilan hamkorlik qilganmi?
-    Menga bu bo'yicha takliflar bo'lgan, jumladan, “Sport Radar”dan, ammo hamkorlik qilmaganmiz. Ochig'ini aytsam, bunday tashkilotlarga ishonchim past. Nega? Ular taklif berishadiki, bizda kuchli mutaxassislar bor, ular sizga yordam beradi, deb.Yo'q, totalizator tashkilotlarining asosiy maqsadi, boshqa, pul ishlab topish. Balki rostdan ham ularda kuchli mutaxassislar bordir, ammo aybdorlarni topib berib, o'zlariga kelib turgan pulning yo'lini to'sishmaydi. Bunday tashkilotga rahbarlik qiladigan insonlarning intervyularini ko'p o'qiganman. Ular qaysi uchrashuvlarga “stavkalar” baland bo'layotganini aytib berishadi. Bu isbot emas. Biroq hech kimni ushlab bermaydi. Bunday gumonlarni o'zimiz ham bilamiz, buning uchun ozgina diqqatli va sabrli bo'lish kerak xolos. Biz bunday tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni boshlayotgan bir vaqtda rad qilganmiz. Boisi, o'ylab qarasam bunday tashkilotlardan bizga naf yo'q.

-    O'tgan yili oliy liga jamoasi “Obod” musobaqadan chetlashtirildi. CHetlashtirilishining uch sababi bor, shulardan biri, klubning chempionatdagi ikki o'yinining natijasi “Federbet” tashkiloti tomonidan shubhali deb topilgani bo'lgan. “Federbet” O'FFga xat yuborgan, tabiiyki, bu xat sizning qo'lingizdan o'tgan bo'lsa kerak?
-    “Federbet” xat yuborgani rost. Lekin ular bizga “Obod”ni aybdor sifatida xat jo'natmagan, shunchaki, shu ikki uchrashuvda “stavkalar” ko'tarilganidan bizni xabardor qilgan.

-    “Federbet” O'FFni ogohlantirgan ekan, tekshiruv o'tkazilsa bo'lmasmidi?
-    O'tkazishi kerak edi, o'tkazganmiz ham. SHaxsan men rahbariyatga tavsiya yozib berganmanki, bu o'yinlar gumon qilish uchun asosga ega emas. Sababi, bu bellashuvlarni men bevosita stadionda tomosha qilganman. SHuning uchun klubni chetlashtirish haqidagi qarorga qo'l qo'ymaganman. Keyin “Obod”ni chetlashtirilishi birgina “Federbet”ning xati bilan bog'liq emas. Jamoa licenziyalashdan o'tmagan, badal pulini to'lamagan, shuning o'ziyoq klubni musobaqadan chetlashtirilishiga etarli edi.

-    O'FFdan ketishingiz qanday amalga oshdi? Sizga istefoga chiqishni taklif qilishdimi yoki o'z xohishingizga ko'ra ketdingizmi?
-    Menga hech kim ishdan keting degani yo'q. SHunchaki, o'z xohishimga ko'ra, istefoga chiqish uchun ariza yozdim.

-    Nega? O'z oldiga jiddiy maqsadlarni qo'yayotgan yangi rahbariyat bilan ishlasangiz bo'lmasmidi?
-    Federaciya tarkibida sezilarli darajada o'zgarishlar amalga oshdi. Asosan yoshlar ishga qabul qilindi. SHuning uchun o'rnimga yoshlarga bo'shatganim maqul, deb istefoga chiqdim.

-    Bugungi kunda nimalar bilan mashg'ulsiz?
-    Nafaqada, oila davrasida, nevaralarim bag'rimda, shu.

-    Oxirgi savolim. Yuqorida, O'FFga ishga kelishgan avval futboldan uzoqda bo'lganingizni, shunday bo'lsa-da, murabbiy-yu, shogirdlar bilan doimiy aloqa sabab, chempionatimizdagi ahvoldan xabardorligingizni aytgandingiz. Bugun ham futboldan uzoqdasiz. Xo'sh, aytingchi, bugungi futbolimizning ahvoli qanday?
-    Rostini aytaymi? Hozir faqat milliy terma jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlarni va Evropa chempionatlarini kuzatib boryapman. U vaqtlarda futboldan uzoq bo'lsamda, stadionlarga borib turardim, hozir xatto televizorda ham chempionatimizni ko'rmayapman. SHu bois, chempionatiimiz haqida biror bir fikr bildirishim noo'rin deb o'ylayman.

Furqatbek NISHONOV suhbatlashdi.

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика