“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. IV bob
02 sen 2014 17:01
Yangiliklar
“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. IV bob
Davomi. Boshlari quyidagi havolalarda:
“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. III bob
“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. III bob (davomi)
Men dastlabki million ringgitni yutib oldim. Qo'shimchasiga Yap kelishilgan 300 mingni to'ladi. Palning “stavka”si ham to'g'ri chiqdi. Lekin, u zimbabveliklarga bir tiyin ham bermadi. Insofsiz.
Men esa ularga minnatdorchilik bildirgan holda 50 ming ringgit berdim va ular uchib ketadigan kuni yana shuncha berishimni aytdim. Lekin Yap mening pullarimni berishni kechiktirdi va so'zimda tura olmadim. Bechora yigitlar menga aeroportdan rosa qo'ng'iroq qilishardi. Lekin pulning yarmi bilan ketishga majbur bo'lishdi.
Singapurda pul bir cho'ntakdan ikkinchisiga tezlik bilan ko'chib yuradi: loto, totalizator, poyga... Men u erda 100 ming dollar qarz so'rab uni darhol olishim mumkin. Lekin Malayziyada meni hech kim tanimaydi.
1997 yilning boshida Danxill Kubogidagi muvaffaqiyatli ishimizdan so'ng Singapur policiyasi yana kelishilgan o'yinlar bo'yicha hibsga olishni boshlab yubordi. Pal, Seng, hakam Ramasami, Mayk va yana “Belestir”dagi mening bir qancha tanishlarim tergovga chaqirildi. Men Malayziyada edim. Menga ham vatanimda qidiruv elon qilingandi.
Mayk noqobil chiqib qoldi. U Pal, Ramasami va Sengga qarshi ko'rsatma berdi. U shuningdek, meni ham sotdi.
- Uilson meni kelishilgan o'yinlar tashkil qilish uchun Pal bilan tanishtirib qo'ygan, - deb aytgan u tergovchiga.
Men ularning Pal bilan birgalikda ishlaganini bilardim. Lekin ularni tanishtira turib, Ramasamiga yordam berishni istagandim. Men bukmeker va referini bir-birlariga tanishtirib qo'ydim. Mana shuning uchun meni ayblashdi...
Yakunda “Balestir” futbolchilari ham bunga qo'shilib qoldi. Ular Seng va Maykdan uchta o'yin uchun pul olishgandi. Policiya ularni menga qarshi ko'rsatma berishga majbur qilgan:
- Biz bu erda Uilson Raj Perumalning ham ishtirok etganini bilamiz. Agar sizlar buni rasman tasdiqlamasangiz sizlarni va ayollaringizni ham hibsga olamiz.
- Xop, - javob qilishdi futbolchilar. – Uilson bizga uchta o'yin uchun 180 ming dollar to'lagan.
Endi meni nafaqat hakam va bukmekerni tanishtirib qo'yganim uchun, balki, to'lig'icha kelishilgan o'yinni tashkil qilganim uchun ham qidirishayotgandi. Pal ham Singapurga qaytishi bilan uni hibsga olishdi.Men esa vaqtincha yashirinib, bularning barchasi nima bilan yakunlanishini kutishga qaror qilgandim.
Men Danxill Kubogida million ringgit ishlab oldim. Singapurga borishim shart emasdi. Tan, Yap va Raj bilan birga Kuala-Lumpurdan Britaniyaga uchdik. Men yana boshqa pasportdan foydalandim. Uch oy davomida APL o'yinlariga borib, pulim qolmaguncha “stavka”lar qo'ydim. Men “stavka”larni Yap orqali qo'yardim. Malayziyaga pulsiz qaytishga majbur bo'ldim.
1997 yilning iyunida Malayziyada yoshlar o'rtasida jahon chempionati o'tkazildi. Men o'yinlarni ko'rib, yana kelishuvlar tashkil qilishga harakat qildim. Kot-d’Ivuar terma jamoasi istiqomat qilayotgan mehmonxonaga kirib ular bilan gaplashishga harakat qildim. Lekin ular francuz tilida gapirishini ko'rib bu niyatdan qaytdim. Meni shundoq ham Singapurda qidirishardi, men Malayziyada ham shunday muammoga duch kelishni istamasdim. Keyin ganalik futbolchilar bilan tanishib qoldim. Lekin ular hujumchi edi. Men ishni orqa chiziq vakillari bilan amalga oshirardim: markaziy himoyachi, stopper yoki darvozabon yordamida. Hujumchilar bu erda uncha yordam bera olmasdilar.
- “Nima qilsam bo'ladi?”, - deya o'zimga o'zim savol berdim.
Malayziyada pulsiz hech narsa qila olmayman. Ertami-kechmi, vatanga qaytishga to'g'ri keladi. 1998 yilda tavakkaliga Singapurga qaytib bordim. U erda meni “uxlatib” ketgan do'stim Denninikida yashadim.
Kunlardan bir kuni kichik barlardan birida o'tirardik. U erga ikkitasi keldi va meni qattiq ushlab oldi. U menga hech narsa demasdan ushlab turardi. Men hayron qolib unga adashganini tushuntirishga harakat qildim. Lekin u yonidagi sherigiga qo'limga kishan solishni buyurdi. SHunda men ularning policiyachi ekanliklarini tushunib etdim.
Men qarshilik ko'rsata boshladim: policiyachilardan biriga zarba berdim. U yiqilib tushdi. Ikkinchi policiyachi menga tashlandi. Lekin, baxtimga Denni uni urib menga yordam berdi. Paytdan foydalanib, qochib qoldim. Orqamga qaraganimda esa policiyachilar Dennini hibsga olayotganlarini ko'rdim.
Men uni policiyachiga hujum qilganlikda ayblashganini bilgandim. Uning ustiga uyidan behayo filmlar yozilan 50 ta DVD disk topilgan. Singapur qonunlariga ko'ra bunday kinolarni internet orqali tomosha qilish mumkin. Lekin disklarni saqlash taqiqlanardi.
U nima uchun u 50 ta disk saqlagan? Mayli, 3-4 dona saqlagan bo'lsa. Lekin 50 tasini saqlash aqlga sig'maydi. Uni policiyachilarga hujum qilishda emas, porno disklarni saqlashda ayblashdi. U 25 dollar jarima to'lay olmagani uchun besh oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Men ham yordam bera olmadim.
Men Denni bilan turmush qurmoqchi bo'layotgan qiz bilan uchrashmoqchi bo'ldim. Kunlardan bir kuni uchrashganimizda, ortimizdan uchta avtomobil kelayotganini ko'rib qoldim. Svetoforda to'xtaganimizda kutilmaganda mashinalardan 10 ta odam tushdi va meni hibsga olishdi. Qizga esa umuman tegishmadi.
So'roq qilish xonasida oficer bir og'iz so'z aytmasdan yuzimga zarba berdi.
- Mening odamimga qo'l ko'tarishga qanday jurat etding?
- Agar urishmoqchi bo'lsang, qo'limdan kishanni ech.
Oramizga ikkinchi policiyachi qo'shildi. Meni tun davomida kishanlarda ushlab o'tirishdi. Ertalab esa meni futbolchilarni va hakamni sotib olishda ayblashdi. Meni to'rtta ayol policiyachi va uchta erkak qo'riqlab borishardi.
Maxkamadan turmaga olib ketishi zarur bo'lgan mashinaga o'tirayotganimizda qochishga urinib ko'rdim. Tirmashib qochishga harakat qilgunimcha oyog'imdan ushlab qolishdi. Yana ozgina harakat qilganimda ularni beparvolik uchun ishdan haydashardi...
(Davomi bor...)
Aziz To'xtamurodov tarjimasi
Fikrlar