So’nggi yangiliklar

14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  3 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  0 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  18 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  17 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0

“KECHA, BUGUN, ERTAGA”. Temur Kapadze: “Paxtakor”dagi birinchi maoshim 100 dollar edi” Yangiliklar

“KECHA, BUGUN, ERTAGA”. Temur Kapadze: “Paxtakor”dagi birinchi maoshim 100 dollar edi”

O'zbekiston milliy terma jamoasi safida rekord darajada o'yin o'tkazgan Temur Kapadzening o'zbek futboli tarixida tutgan o'rni katta.

119ta o'yinda milliy terma jamoamiz sharafini himoya qilgan futbolchining eksklyuziv intervyusini mutolaa qiling.

“Bolaligim qiziq o'tgan. Akam Murod va mening o'rtamda bir yosh bo'lgani uchun u bilan yoshlikdan birga o'sganmiz.  Mahallada urishardik, uyda turli musobaqalarda kim o'zarga o'ynardik. Mahallada bo'ladimi yoki biron musobaqadami kim yaxshi o'ynashga futbol o'ynardik. Vaqt o'tishi bilan otam ikkimizni o'z oldiga chaqirib, bitta yo'lni tanlashimizni aytdi: yo o'qish, yo futbol. Qaysi sohani tanlaymaylik, oilamizning munosib davomchisi bo'lishimiz kerak edi. Akam liceyga kirishni, men esa futbolda yo'limni davom ettirishga qaror qildim. SHuni aytib o'tay, akam rostan ham yaxshi futbol o'ynagan, ammo uning qarorini hamma hurmat qilardi. Bu orada otam Tohir Kapadze Farg'onada “Avtomobilist” degan jamoa tuzilishida bosh-qosh bo'lganlar. Farg'ona shahrida bitta zonada ikkita jamoa bo'lmasligi uchun “Avtomobilist” Qo'qonga ko'chadi. Aynan shu jamoa keyinchalik “Temiryo'lchi” sifatida, bugun “Qo'qon-1912” nomi bilan oliy ligada ishtirok etyapti.  Undan keyin otam “Cementchi” jamoasining tuzilishida ishtirok etdilar. “Cementchi” ikkinchi ligada  ishtirok etardi. Men esa bu jamoaning yoshlar tarkibida o'ynay boshladim. Ikkinchi ligada asosiy tarkib o'ynashidan ikki soat avval jamoaning yoshlari o'ynardi. Bazan akam ham kelib turardi. SHunda otam ikkimiz o'rtamizdagi raqobat oshishi uchun kim yaxshi o'ynasa o'shanga sovg'a berishini aytardi. Qiziq kunlar edi”, - deya tarixdan gap boshladi Temur Kapadze.




PULKA QAHRAMONI

– Demak,  katta futbolga juda ham quyi ligadan qadam tashlagan ekansiz-da?

– SHunday desa ham bo'laveradi. Ikkinchi liga jamoasi o'rinbosarlari safida faoliyatimni boshladim. 1997 yili “Cementchi” pulka yo'llamasini qo'lga kiritdi. Birinchi liga yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun o'tkaziladigan bu musobaqaga Quvasoy mezbonlik qildi. Reglamentga ko'ra pulkada ishtirok etadigan jamoa safida ikki nafar yosh futbolchi o'ynashi kerak bo'lgan. Jamoa bosh murabbiyining familiyasi Motlax edi. Xullas meni ro'yxatdan o'tkazishdi. Birinchi o'yin kechagidek yodimda. Hujumchiman, ilk marotaba asosiy tarkibda, ko'plab muxlislar ishtirokidagi bahsda avvaliga harakatlarim o'xshamay turdi. Qiziqqon muxlislar murabbiyga qarab, meni almashtirishni so'radilar. Otamga ham gapirishdi. SHunday vaziyat bo'ldiki, 25-daqiqalarda to'p oyog'imga juda qulay tushdi va hisobni ochdim, mana endi men tomon qarsaklar chalina boshladi. Aynan shu gol hayotimni o'zgartirib yubordi desam ham bo'laveradi. U paytlar qiziq bo'lardi, tuman hokimi tomonidan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga sovg'a berilardi. Bir safar gilam, bir safar vaza. Pul mukofotlari. Guruhdagi 5ta o'yindan to'rttasida men sovg'alarni qo'lga kiritdim. “Pulka” to'purari bo'ldim. Mendan yoshi katta jamoadoshlarim yosh bo'la turib hamma sovg'alarni ilib ketding-a, deb hazillashishardi. SHu tariqa “Cementchi” birinchi liga yo'llanmasini qo'lga kiritgandi.

– Dadangiz u erda qanday lavozimda edilar?

– Jamoada menejer edilar. O'zi o'tgan yili murabbiylik licenziyasini olib “Qo'qon-1912”da ish boshlagandilar, ko'p o'tmay Farg'onadan chorlov bo'ldi. 

YURIY SARKISYANNING “NEFTCHI”SIDA

– Ko'p o'tmay “Neftchi” safidan joy oldingiz, bu qanday ro'y berdi?

– Birinchi liga yo'llanmasini qo'lga kiriganimizdan so'ng “Cementchi” safida har yili Farg'onada tashkillashtiriladigan ananaviy musobaqa “Hokim Kubogi”da qatnashdik. “Neftchi” bilan o'yindan keyin uyga keldim. Kechga yaqin dadam keldilar. Mashinani hovliga kiritish uchun eshikni ochgani chiqqandim, “Seni “Neftchi”ga chaqirishyapti” deb qoldilar. Biroz hayratlanib turdim. 16 yoshli farg'onalik bola uchun “Neftchi” degan so'z, juda katta mano bildirardi. Dadamga, balki hali ertadir, avval birinchi ligada biroz o'ynab tajriba to'play dedim. SHunda dadam, mayli ertaga klubga boraylik-chi, u yog'i bir gap bo'ladi dedilar. Erta bo'lishi bilan otam bilan Yuriy Vazgenovichning qabuliga kirdik. 

– Vazgenovich esa Farg'onada  katta shaxs edi...

– Ha, xonaga kiraverishda u stolni orqasidagi katta kresloda o'tirar edi. Sarkisyan ko'p gapirmadi. Men u erga biron nima desam kerak deb borgandim. U bitta savol bilan barchasini hal qildi: “Neftchi”da o'ynashni istaysanmi?” Bu savolga kim ham yo'q deya javob bera oladi? “Ha” dedim va u yordamchisiga “Bo'ldi, unga xonasini ko'rsatib qo'y”, deya bizni chiqarib yubordi. Qolgan masalalarni otam bilan gaplashib oldi. Bo'ldi, boshqa hech qanday gap bo'lmadi. CHempionat boshlanishiga ikki hafta qolgandi. Men Aziz Mamajonov degan futbolchi bilan bir xonada joy oldim. Birinchi safarimiz Termizga bo'lgandi. O'rinbosarlar tarkibidagi birinchi o'yinim ham pulkadagidek omadli keldi. U paytda “Neftchi” o'rinbosarlari juda kuchli edi. Oliy ligada beshinchi o'ringa talashsa bo'lardi. Uch yil ketma-ket o'rinbosarlar safida chempion bo'ldim. 2001 yil esa oliy ligada. Avvalgi uch yilda asosiy tarkibda ham harakat qilib kelardim. Jamoamiz o'sha yillari uch marta kumush medalni qo'lga kiritgandi. Ko'proq o'rinbosarlar safida harakat qilganim bois, menga oltin medallar nasib etgan.

– “Neftchi” siz uchun nima edi?

– Buni bir gap bilan aytib bera olmayman. 1995-96 yillari “Neftchi”ning “Ikarus” rusumidagi yashil rang va klub logotipi tushirilgan avtobusi bo'lardi. O'sha davr uchun bu juda katta narsa edi. “Neftchi” o'yinlariga muxlis sifatida tashrif buyuradigan paytlarim, mana shu avtobusning kirib kelishini ko'rardim. Atoyan, Quttiboev, Fyodorov kabi futbolchilar unda salobat bosib o'tirar edilar. Quloqlarida naushnik taqqancha bir necha marotaba oldimdan o'tib ketishgan. Biz farg'onaliklar uchun bu ushalmas orzu desa bo'ladimi, shunga o'xshash narsa edi.

– Uch yil o'rinbosarlar safida harakat qildingiz, asosiy tarkibning muqim futbolchisi bo'lmayotganingizdan ruhiy tushkunlikka tushgan paytlaringiz bo'lganmi?

– Yo'q, boisi murabbiyimiz ko'p hollarda asosiy tarkib o'yinlariga meni olib qolardi. Kubok va o'rtoqlik o'yinlarida o'ynash imkoniyatini berardi. Men bilan Ilya Kovalenko shunday tarzda asosiy tarkibga jalb etilib borardik. Qolaversa, asosiy tarkibdagi raqobatni ham bilardik. Pisarev, Isoqov, Quttiboev va Do'rmonov asosiy tarkib azolari edi. Biz vaziyatga real qarardik. Undan tashqari u paytlar o'rinbosarlar chempionati ham ancha qiziqarli o'tardi.

– Demak, “Hokim kubogi” kabi musobaqalarning jamoalarga foydasi katta bo'lgan. Hozir sifat tushib ketgandek...

– Albatta, bu turdagi musobaqalar yoshlar uchun katta eshiklarni ochishi aniq. Bugunga kelib asosiy tarkib Turkiyada yig'in o'tkazyapti. Bu ham yaxshi, u erda yaxshi raqiblar bor. Bir tomondan, maydonlarning bugungi holati ham futbolchilarning ko'zga tashlanishiga to'siq bo'lyapti deb o'ylayman. G'adir-budur maydonda hamma ham o'z imkoniyatini to'liq ko'rsata olmaydi. U yillari, turnirda ishtirok etadigan barcha jamoa futbolchilari “Neftchi”ning nazariga tushishni istardi. Selekciya jihatidan bu kerakli musobaqa edi.


– O'sha yillari “Neftchi”da Umid Isoqov ancha gullagan edi. Uning raqobatchisi SHuhrat Mirxoldirshoev “Navbahor”da. 20ta golni, ular gol deb hisoblamasdilar. Siz shunday hujumchi bilan o'ynagansiz, Isoqovga sizning tarifingiz.

– Umid Isoqov tug'ma talant edi. Mashg'ulotlarda hamma bilan bir xil ishlardi, ortiq emas. Lekin o'yin paytida uning ortiq joylari katta edi. Hozirgi hujumchilar nima uchun gol ura olmayapti, demak imkoniyat berilmayapti unga. Imkoniyatni kim beradi, hujumchining o'zi. Agar u gol urish uchun yaxshi vaziyatni o'ziga yarata olmasa, u qanday hujumchi bo'lsin? Isoqov va Mirxoldirshoev mana shunday hujumchilardan edilar.  Bugungi futbolchilarda nimaga bunday bo'lmayapti? Bunga mintalitet ham sabab deb ayta olaman. Avvallari bitta erishilgan natijalar bilan to'xtalib qolinmasdi. Hozir bitta mashina va uy bilan chegaralanib qolishyapti. Futbolchi har doim ham shunday pul bo'ladi deb o'ylaydi shekili, doim yanada yaxshi bo'lish uchun harakat qilishi kerak. Futbolchining faoliyati qisqa bo'ladi va undan munosib foydalanib qolish kerak. 

PUL

– Sefir Alibaev bilan suhbatlashganimda, u futbolchilar avval ham, bugun ham, ertaga ham oddiy aholidan moliya jihatidan ustun turgan va turadi deb aytgan edi. To'g'ri, avvallari hozirgidek 100 million daromad ko'rilmagandir, ammo 5-6 millionga o'sha davrda uy yoki mashina olsa bo'lardi. Demoqchimanki, sharoit o'sha-o'sha. Lekin siz aytgan yuqoridagi muammo so'nggi 5 yilda avj olgandek. 

– “Neftchi”da 4 yil to'p tepgan bo'lsam, biron marta shartnomamni ko'rmaganman. Men uchun puldan ko'ra, o'yin amaliyoti muhim edi. Futbol o'ynashni istardim, o'z nomimga ega bo'lish uchun mehnat qilish kerakligini o'zim uchun bildim. “Paxtakor”ga o'tganimdan keyin ham katta maosh olmaganman. Oyligim 100 AQSH dollari edi, mukofot pullarimiz barchaniki bilan bir xil bo'lardi. Maqsadimiz yaxshi jamoalarda to'p tepish bo'lgan xolos. Ammo u paytlarda agentlar bugunchalik rivojlanmagani tufayli men va men bilan to'p tepgan ko'p futbolchilar oliy ligada qolib ketdik. Balki jamoalar chiqqandir, ammo biz bilmaganmiz. Lekin anig'i shuki, yoshlikdan pul uchun o'ynaganimizda hozir siz bilan gaplashib o'tirmagan bo'lardik.




– Lekin bazi chaqiruvlar yoshlarni buzyapti...

– Bu agentga bog'liq. Agar u o'z mijoziga rostmana kelajak tilasa, uni avvalo yaxshi o'ynashga undaydi. Agar maqsadi pul bo'lsa, qulog'iga “lag'mon” ilib uning faoliyatiga keskin tasir o'tkazib qo'yishi mumkin. Aslida eng katta reklama bu terma jamoa. Terma jamoaga kirish esa o'ta qiyin, uning ortida katta mehnat yotadi. Terma jamoadan muqim o'rin olgan futbolchi o'ziga jamoa topishda ham qiynalmaydi. Istagan mamlakatga boring, birinchi bo'lib “Terma jamoada o'ynaysanmi?”, - deb savol beradi. Lekin faqat agentlarni ayblab bo'lmaydi, futbolchilarni ham, OAVni ham, hamma har xil bo'ladi. Hamma sohada yaxshi va yomon bor.  Yana bir narsani istardim, OAV futbolchilarni qo'llab-quvvatlasa. Agar zaxiramizda yana bir necha yuqori saviyadagi o'yinchi bo'lsa ekan, o'ynab turganini tanqid qilib yo'q qilsak. Yomonni yomon desangiz, u yomon bo'lib ketaveradi. Qo'llab-quvvatlashda gap katta. 

– Masalan, Temur Jo'raevni olaylik, aynan bosim tufayli u avvalgi mavqeiga qayta olmadi...

– Sababi Temurning o'zi bu narsalarni o'qirdi va o'ziga olardi. Terma jamoaning mag'lubiyatida faqat u aybdor emasdi. To'g'ri, tanqid kerak, lekin tanqid qilayotgan kishi ham hech bo'lmasa o'sha sohani chuqur tushunishi kerak. Bu bola MTJga shunchaki eshikni ochib kirib kelmadi. Mehnat qildi... Yoki yana bir misol, terma jamoamiz yoki klublarimiz xalqaro maydonlarda maydonga chiqishlaridan avval raqibni juda kuchli tariflab yuborasizlar. Bu esa tarkibdagi yoshlarga salbiy tasir ko'rsatadi. Masalan, men u yoshdan o'tganman, raqib safida kim to'p tepishidan qatiy nazar maydonga chiqamiz. Yoshlar esa aksincha. Men ularni qo'llab-quvvatlashlaringizni istardim, ishonchda gap katta. 

TEXNIKA

– “Paxtakor”da to'p tepgan yillaringizni eslang, standart vaziyat bu gol degani edi. Bugun na terma jamoada, na klublarimizda  bunday sermahsullik yo'q.

– Buning ustida ishlash kerak. O'sha standart vaziyatlarda kim qaerga yugurishi kerak, kim qanday to'p uzatishi kerak o'rgatilishi kerak. Agar doimiy ravishda standart vaziyatdan gol urishni istasangiz, bu borada maxsus kombinaciyalarni ishlab chiqarish kerak. Qolaversa, buning uchun bo'yi uzun futbolchilar ko'p bo'lishi kerak, hozir esa unday emas. “Paxtakor”da, Soliev, Ashurmatov, Gochkuliev va Tojiev bo'yi uzun futbolchilar edi, qolaversa, Tachmurod Agamurodov ham bu borada ancha mehnat qilardi. Lekin avvalgi futbolni hech qachon bugungisi bilan solishtirmagan bo'lardim. Hozir hamma jamoalar 90 daqiqa o'ynashga tayyor. 

– Bugungi futbolchilar ikkita futbolchini aldayman desa murabbiylardan dakki eshitishyapti, axir futbolchi o'yin paytida o'z texnikasini takomillashtirmaydimi?

– Ampluaga qarab aldasa bo'ladi. Himoyachining o'z jarima maydonchasi yaqinida aldashga haqqi yo'q, to'pni yo'qotdimi bu gol degani. Hujumchi bo'lsa marhamat, agar raqib tomondamisan alda. Men boshqa narsaga  etibor qaratishni istardim. Zamonaviy futbolda hamma bir jamoa sifatida harakat qilishi kerak. Bazi futbolchilar bor, biz ularga to'pni etkazib beramiz, ammo ular imkoniyatdan foydalana olmaganlaridan keyin yana navbatdagi to'pni kutib o'tirishadi. Gol ura olmadingmi, orqaga qaytib bizga yordam ber. Yoki hech bo'lmasa paslarimizning yarmini golga aylantirayotganlarida boshqa edi, biz ularga doim to'p etkazib tursak. Har bir yo'qotilgan to'pni qaytarib olish uchun katta mehnat qilinadi. Mana “Barselona” futbolchilariga qarang. Oldingi chiziqda Messi, Suares va Neymar. Agar ulardan birontasi golli vaziyatni bekor qilib to'pni oldirib qo'ysin, ularni uchovi ham ortga qaytadi va imkon qadar to'pni yana o'z jamoasiga olib hujum qilishga o'tadi. Bo'lmasam ular kim, biri Messi, ikkinchisi Suares. Aytsa bo'ladi-ku, men Messiman, menga  to'pni etkazib turlaring deb. Yo'q, bu futbol va unda jamoa o'ynaydi.

– Bizda menimcha faqat Sergeevda shu narsani kuzatyapmiz...

– Sergeevda alohida talant yo'q. Lekin u ishlayapti, istayapti. Ko'p gollarni u ikkinchi zarbada uryapti, ikkinchi zarbani berish uchun hujumchi doimo harakatda bo'lishi kerak. Sergeevda mana shu narsani kuzatyapman. U ishlayapti va gol uryapti.




– SHackixga Lobanovskiy uni nechta o'yinda sinaganligi to'g'risida savol berganimda, javobi qiziq chiqqandi. Lobanovskiy uning oldiga bo'sh qog'oz qo'yib, sen hujum chizig'idasan, mana bu nuqtada to'pni yo'qotding, endi nima qilasan deganida, SHackix to'pni qaytarish uchun orqaga yuguraman deb javob bergan ekan. Lobanovskiy uchun eng muhimi futbolchining fikrlashi bo'lgan, qolganini mashg'ulotlarda o'rgatib olishini aytib u bilan shartnoma imzolagan ekan. Yoki Geynrixni olaylik, bir tanishim, agar Xolmatovdagi mehnat Geynrixda bo'lganida, undagi istedod bilan Evropani qiyinchiliksiz zabt etish mumkinligini aytgandi. Siz mana shu futbolchilarning bari bilan MTJ safida to'p tepdingiz...

– Maksim SHackix haqiqatdan ham mehnat qiladigan futbolchi edi. “Dinamo” Kievda uni o'zining roli bo'lgan, nima qilishni juda yaxshi bilardi. MTJda esa taktika umuman boshqacha edi, shunga qaramay, bu erda ishlardi. O'z nomini suiistemol qilmaslikka harakat qilgan. Geynrix esa muxlislarga yoqadigan o'yin ko'rsatgisi kelardi. Jarima maydonchasi ichiga kirganidan keyin Geynrix aldashga harakat qilardi. Soliev ham SHackixga o'xshab, jamoaviy o'yinchi edi.

KEYINGI BEKAT “PAXTAKOR”!

– “Paxtakor”ga kelganizdan keyin sizni hujum chizig'idan tayanch yarim himoyasiga o'tkazishgan. O'z navbatida bu sizning foydangizga xizmat qildi, kim biladi hozir ampluangiz o'zgarmaganida bugungi darajaga chiqmagan bo'larmidingiz?

– Hujumchiligim faqat mehnat evaziga edi. Hozirgi Sergeev tipidagi futbolchi edim. “Paxtakor”ga kelganimda bu nuqtada Soliev va Quttiboev o'ynashardi. Men uchun asosiy tarkibda to'p tepish muhim edi. Murabbiy menga poziciyamni almashtirishini aytganida ikkilanib o'tirmay rozi bo'lganman, boisi tarkibga tushib olsam bo'lgani edi, u yog'i o'zimning qo'limda bo'lishini bilardim.

– O'sha yillarni yodga olsak, “Paxtakor”da eng kuchlilar emas, o'sha davr uchun kelajagi porloq futbolchilar jamlangan edi...

– Eski “Paxtakor”dan uch-to'rt nafar futbolchi qolgandi. BAAdagi yig'inimizda Agamurodov meni yarim himoyada o'ynatib ko'rdi va buni uddalay oldim shekili, keyingi o'yinlarda ham asosiy tarkibga kira boshladim. Boisi, shu kungacha faqat o'rinbosarlar safida harakat qilganim uchun asosiy tarkibga kirishni juda istardim. Avvaliga Vlasichev o'rniga tushib yurdim, yarim mavsum o'tib asosiy tarkib azosiga aylandim. 

– Jamoa yosh bo'lishiga qaramay, ilk mavsumdayoq chempion bo'ldi...

– Bu borada Agamurodovning mehnati katta bo'lgan. Bir chiziqli himoya taktikasini qo'llay boshlaganimizdan keyin raqiblarimiz o'yindan tashqari holatga tushib qolaverdilar. Biz esa xorij yig'inida bu taktika borasida tinmay ishlagandik. Himoyada Gochguliev chiziqqa masul edi. 

– “Paxtakor”dagi faoliyatingizdan qoniqish xosil qilganmisiz?

– Albatta. Bir necha marotaba O'zbekiston chempioni bo'ldim, Kubok sohibi bo'ldik. MDH Kubogida zafar quchdik. Afsuski, OCHLda yarim finaldan o'ta olmagandik. Eng alamlisi, “Bek Tero Sasana” bilan bo'lib o'tgan o'yindan o'ta olmaganimiz bo'lgan. Nima bo'lgan taqdirda ham bu jamoani mag'lubiyatga uchratishimiz kerak edi. Tailandda bo'lib o'tgan o'yindagi gollarni ham o'z xatomiz tufayli o'tkazib yuborganmiz.

– Jeparov qalin do'stingiz, u bilan “Paxtakor”ga kelishingizdan avval tanishmidingiz?

– Yo'q. “Navbahor”da o'ynab yurganida bir-ikki ko'rishganmiz. “Paxtakor”ga kelganimizdan keyin do'stlashib ketdik. Dastlabki yillari Qibraydagi bazada turardim. Ajoyib damlar edi. Ilk marta chempion bo'lganimizda “Matiz” mashinasidan berishgandi. Uch kishiga bittadan mashina to'g'ri kelgani uchun, kelishib bo'lishib olardik. Pulim ko'p bo'lmaganligi sabab men sotib olmaganman. Serverning “Tiko”si bo'lardi. Bitta “Matiz”ni Nesterov olgandi. Mashina haydashni bilmagani uchun Qibray – CHirchiq yo'lida unga mashina haydashni o'rgatganman. Ko'pincha bazadan chiqib Serverning uyiga borardik. Mana shunday qiziqarli damlarni o'tkazganmiz.

– 2007 yil “Paxtakor”dagi so'nggi mavsumingiz bo'ldi.

– Olti yil davomida tarkibimiz deyarli o'zgarmagandi. To'g'risi, muhitni o'zgartiradigan payt ham kelgandi. Kuchga to'lgan payting chetga chiqqing keladi. Nafaqat menda, qolgan futbolchilarda ham shunday edi. Biroq agentlar bizni, biz ularni bilmasdik. SHunda Samvel Babayan “Kuban”ga yubordi, jamoa murabbiyi Tarxanov edi. Klub  Turkiyada mashg'ulot o'tkazayotgani uchun o'sha erda ularning qarorgohiga borib qo'shildim. Jamoa birinchi ligaga tushib ketgani uchun legionerlarga nisbatan limit kam edi. 10 kun shug'ullanganimdan keyin murabbiy bilan gaplashdim. SHu narsa malum bo'ldiki, u meni o'z jamoasi safida ko'rmadi. SHunda men yana bir hafta jamoa izlab qolib ketdim. Bu orada Evropada transfer oynasi yopilayotgandi. SHunda men bilan Serverga Mirjalol aka Qosimov aloqaga chiqib, “Bunyodkor”ga taklif etdi. Bu paytda terma jamoada Rauf Inileev bosh murabbiy edi, orada Livanga qarshi o'ynab keldik.  Server ham “Amkar” bilan shartnoma kelisha olmay yurgan payti edi. Xullas, ikkimiz  o'sha paytdagi “Quruvchi” azosiga aylandik.


Davomi bor...

Nodirxo'ja Yuldashev


Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика