So’nggi yangiliklar

03:07ЕЧЛ. Дембеле четлатилган ўйинда "Бавария" ПСЖ устидан ғалаба қозонди  11 03:05ЕЧЛ. "Барса" йирик ғалаба қайд этди. "Манчестер Сити" "Фейеноорд"га қарши 3:0 ҳисобидаги устунликни сақлаб қола олмади  9 02:03Левандовски ЕЧЛдаги 100-голини урди. Фақат Роналду ва Мессида бундан кўпроқ  7 01:31Элит ОЧЛ. "Ал Садд" билан дуранг ўйнаган "Ал Ҳилол" плей-офф йўлланмасини нақд қилди. "Ал Насср" ҳам кейинги босқични кафолатлади  5 00:50ЕЧЛ. "Милан" ва "Атлетико" ўз учрашувларида ғалаба қозонишди  1 00:35ЦСКА "Рубин"ни йирик ҳисобда мағлуб қилиб, Россия кубоги ярим финалига йўл олди. Файзуллаевдан гол!  14 23:45Жуд Беллингем: "Олтин тўп" "Реал Мадрид"га келиши керак эди"  6 23:05Расман: Хавьер Маскерано "Интер Майами" бош мураббийига айланди  16 22:19Cуперлиганинг охирги турида учта ўйинда ВАР ишлайди. Қолган учрашувларга қўшимча ёрдамчи ҳакам бириктирилади  7 21:25ПСЖ нега айнан Ҳусановга қизиқиб қолди? Foot Mercato нашри Абдуқодирга Париж клубидан бўлган қизиқиш тафсилотларини маълум қилди  16 20:29Рўзиқул Бердиев: "Рақиб маҳоратли ўйинчиларга эга жамоа, аммо биз кўпроқ ўз ўйинимизга эътибор беришимиз зарур"  11 19:45Небойша Йовович: "Муҳими ўйинга бўлган тайёргарлик ва ғалабага бўлган ишонч"  3 18:57Нкунку "Челси"дан Бундеслигага қайтиши мумкин  0 18:33Жоржиньо ёзда "Арсенал"дан кетади  0 18:11"Футбол олами". Суперлигада қолиш учун кураш авжида ёхуд 25-турдаги барча воқеалар ҳақида   0

"KECHA, BUGUN, ERTAGA". BOYAN MILADINOVICH VA MALAYZIYA FUTBOLI HAQIDA Yangiliklar

"KECHA, BUGUN, ERTAGA". BOYAN MILADINOVICH VA MALAYZIYA FUTBOLI HAQIDA

Osiyo Kubogi bahonasida Malayziyani ham ko'rib qaytdik. So'nggi yarim yil ichida Malayziya haqida ko'p gapirildi. Boisi bir qator futbolchilarimiz mana shu davlat chempionatiga yo'l oldilar.
Lokomotivdan Farhod Tojiev va Sadriddin Abdullaev. Paxtakor safida 6 yil to'p tepkan Boyan Miladinovich. Dinamoning sobiq sardori, Devid Oniya, sal avval Dilshod SHarofetdinov Janubiy SHarqiy Osiyoga yo'l olgan edi. Ahamiyatlisi shundaki, bizdan farqli ravishda ular futbolchilarni kimlargadir ishonib emas, o'zlari oliy liga o'yinlarini ko'rib ketish orqali tanlab oldilar. SHu boisdan Malayziya futbolini o'rganish biz uchun qiziq edi, o'ylaymanki maqolani o'qish davomida o'quvchilar ham zerikib qolmaydilar.




Boyan o'zbek OAV davrasida. Tepa qatorda O'FF fotomuxbiri Hasan Pirmuhammedov va saytimiz vakili Xayrulla Xoliqov. Pastda Murod aka Rizaev hamda "Paxtakor" muxlislar klubining faoli Saidmurod aka.


Sidneyga Kuala Lumpur orqali uchishimiz kerak edi. Rejaga ko'ra bir kun Malayziya poytaxtida qolardik. Fursatdan foydalanib Farhod Tojiev bilan bog'landim, afsuski u turgan hududda 3 kun avval kuchli suv toshqini bo'lgan, natijada shahar hokimi hududda uch kunlik motam elon qilgan. Hullas, biron bir futbolchimiz bilan uchrasha olmadim. Afsuski Avstraliyadan erta qaytdik, Malayziyada uch kun qoladigan bo'ldik. Bu safar SHarofetdinovni jamoasi ancha uzoqrorrqa, ikkita o'rtoqlik o'yini o'tkazish uchun 4 kunga safarga ketgan ekan. Farhod esa 26 yanvar kuni jamoasi bilan Kuala Lumpurga kelishi haqida aytdi. Boyan Miladinovich bilan esa 25da uchrashishga kelishdik. Afsuski tirband shaharda buni imkoni bo'lmadi va Boyano (Paxtakorda uni shunday chaqirishar edi) barchasini ertaga qoldirishni aytdi. Rejaga ko'ra bolqonlik futbolchi soat 16:00da mehmonxonamizga tashrif buyurishi kerak edi. Ikki soatlik intervyudan keyin o'rtoqlik uchrashuviga ketishi haqida aytdi. Bu, bir kun avval bo'lgan suhbat jarayonidagi kelishuv edi. O'rtoqlik uchurashuvi? Malayziya chempionati saviyasiga baho berish uchun ayni muddao edi. Xullas kelishib oldik, Boyan 26 yanvar kuni soat 16:00da mehmonxonamizga keladi va bizni olib ketadi.
  



O'yindan avvalgi yoyma bozor


Aytilgan vaqt keldi, Boyan Miladinovich biz turgan manzilga etib kelib, xonamizga ko'tarildi. Unga begona bo'lmagan kishilardan Xayrulla Xoliqov, Murod Rizaev fotomuxbir Hasan Pirmuhammedov bor edi. Uni hammasidan ham quvontirgani, Paxtakor muxlislar klubi faoli Saidmurod akani ko'rgani bo'ldi.

To'g'risini aytsam, sizlarni ko'rib O'zbekistonda bo'lgandek bo'lyapman. Avvallari ham tanishlarimni uzoq muddat ko'rmasdim, ammo u erga bari-bir borishimni bilardim. Endi esa Malayziyada to'p tepaman, O'zbekistonga yana qachon tashrif buyuraman bilmadim, - deya futbolchi hayajonini yashirmadi.

Haqiqatdan ham 6 yil ichida Miladinovich Paxtakorga shu qadar qo'shilib ketdiki, ham futbolchi, ham inson sifatida hammani hurmatini qozona oldi. U Paxtakorga futbolchi uchun engn cho'qqiga chiqilgan davrida, yani 27 yoshida keldi. Unga qadar Serbiyaning Napredak jamoasida faoliyat olib borgan Boyanni futbolga kirib kelishi qiziq bo'lgan. O'z qishlog'ida oddiy mehnatkash bola edi, otasi bilan erta-yu kech dehqonchilik bilan shug'ullangan. Kunlarning birida uning do'sti o'zi to'p tepayotgan Napredak jamoasining mashg'ulotlariga olib boradi. SHunda Boyanga futbol yoqib qoladi va u murabbiylarni roziligi bilan mashg'ulotlarda qatnasha boshladi. O'z navbatida bo'lajak himoyachining xatti-harakatlari murabbiyga ham maqul keldi. U 18 yoshga to'libgina professional futbol bilan shug'ullana boshlagan. Serbiya futbolida pul yo'q hisobi. Yuqori jamoalar, Partizan va Crvena Zvezdani inobatga olmasa, qolgan klublar futbolchilarga o'rtamiyona darajada ham maosh bera olmaydilar. 1000 AQSH dollari ularning futbolida yaxshi pul hisoblanadi. Yuqoridagi ikki klubgina futbolchini ehtiyojini qondirishi mumkin. Ammo ularni shartlari yuqori, siz yuqori saviyali va  Evropa jamoalariga keta oladigan xislatlarga ega bo'lishingiz kerak. Bu jamoalar transferdan tushadigan pul evaziga kun ko'radilar. Partizan va Crvena Zvezda jamoalarini o'yinlarini tomosha qilish uchun har o'yinga bir nechta skautlar tashrif buyuradi. 2014 yilgi mavsumda mamlakat chempionligi Crvena Zvezda jamoasi qo'lga kiritdi. Jamoa safida 1997 yilda tavallud topgan futbolchi 11ta o'yinda maydonga tushgan. O'zbekistonda bu yoshdagi bolaga, 5 yildan keyin yosh o'yinchi sifatida qaraladi.




Bu ham marketing. Oddiy o'rtoqlik uchrashuvida muxlis uchun yaratilgan sharoit alo darajada.



Miladinovich 2004 yil Crvena Zvezda safiga borib qo'shiladi. Ammo u erda uni omadi yurishmadi. Murabbiylar shtabi Boyanni Spartakka o'tayotgan Nemanya Vidichni o'rniga jamoaga jalb etgan edilar. Keyinchali Ser Aleksni yoqimtoyiga aylangan Vidich, keyinchalik toshkentlik muxlislarni yoqimtoyiga aylangan Miladinovich bilan yarim mavsum birga to'p tepkan. 4 yil davomida Boyan juda kam o'yinda maydonga tushdi. Boyan 4 yillik tanaffusdan so'ng yana Napredakka qaytishga majbur bo'ldi. Bu erda uni ishi o'xshardi, shunday kunlarning birida...

O'zbekistonda skaut kelgan ekan – Islom Xodjaev.  Klubimiz murabbiylari unga ikki nafar jamoadoshimni ko'rsatishdi. U esa tur uchrashuvini ko'rishni maqul ko'rgan, shunda murabbiylar taklif qilgan futbolchini emas, meni o'yinim unga maqul kelgan va bu haqda Paxtakor rahbarlariga xabar beradi. Ko'p o'tmay klub meni masalam borasida jamoa bilan kelishuvga erishdi. Serbiyada biron bir futbolchi yo'q-ki, chet eldan tushgan shartnomani rad etsa. 2009 yil Paxtakorni Dubaydagi mashg'ulotlariga borib qo'shildim. Bir so'z bilan aytganda, men o'z jamoamni topganimni xis etdim va ikkilanmasdan shartnomaga qo'l qo'ydim, - deya xotirlaydi suhbatdoshim Toshkentga kelishini.




"Boyano" Malayziyada ham 4-raqamda to'p tepadi


Boyan bilan suhbatimiz uni mashinasida davom etdi. Soat 18:00dan keyin Kuala Lumpur ko'chalarida tirbandlik avj oladi. 20 daqiqalik masofani bir soatda bosib o'tishga majbursiz. O'rtoqlik uchrashuviga ketar ekanmiz, yo'l-yo'lakay tarix va bugungi kun haqida gaplashdik.

Faoliyatini tugatayotgan futbolchi uchun menga taklif etilgan shartnoma, katta yutuq bo'ldi deb ayta olaman. 33 yoshga to'laman, Felda Yunayted bilan bir yillik bitimga imzo chekdim, agar mavsumni yaxshi o'tkazib yana bir mavsum bu erda qoladigan bo'lsam, futbolchilik faoliyatimdan qoniqish hosil qilgan holda, o'ylab o'tirmay faoliyatimni yakunlayman. Hayotimda bunday summadagi shartnomaga birinchi marotaba qo'l qo'yishim. Serbiya uchun bu katta pul, sekin o'z biznesimni boshlab olaman. Keyin albatta murabbiylik kursida o'qiyman. Ammo Serbiyada licenziya olish oson emas. Siz avvaliga S, keyin B, undan o'tib A licenziyasini qo'lga kiritishingiz kerak. Har bir licenziyani kamida bir yil himoya qilib  berasiz. PRO olishni esa alohida qonun-qoidasi bor. Licenziya olish uchun pul to'lashni o'zi kifoya emas, avval navbatga turishingiz kerak. Navbatingiz ikki yillarda keladi, keyin o'qiysiz. O'qish davomida biron klubni murabbiylar shtabida 0dan ish boshlashingiz kerak. Ko'ryapsizmi, PROgacha qancha mehnat qilish kerak? Ajab emas, men ham biron yil o'tib O'zbekistonga murabbiy bo'lib qaytsam. Lekin sizlarni ko'rib, to'g'risi juda xursand bo'lib ketdim. Bilsangiz edi, O'zbekiston men uchun qanchalik qadrli ekanligini. Uni odamlari, hayoti... Agar yoshligim qaytsa, oldimda bir nechta davlatlardan taklif bo'lsa, ikkilanmay yana O'zbekistonni tanlagan bo'lar edim, - deydi Boyano. Uni to'xtata olmas edim, hammasi chin dildan aytilayotgan gaplar... Savol bilan murojaat qildim:




Uchrashuv komissar boshchiligida o'tkazildi. Yana bir bor takidlayman, bu O'RTOQLIK UCHRASHUVI. Maydonda birinchi liga va oliy liga jamoalari.


-   Siz O'zbekiston chempionati eng gullagan paytida keldingiz, o'sha damlar rosmanasiga zo'r edi-a?

-   Nimasini aytasiz, tarkibimiz bugungi O'zbekiston milliy terma jamoasi edi. SHunda ham chempion bo'la olmaganmiz. Bu chempionatni kuchidan dalolat edi. Bunyodkor bizdan ustun edi, safida Rivaldo boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasining qolgan futbolchilari. Bu erda Neftchi va Nasaf. To'g'ri, 3-o'rin bilan bizni o'rtamizdagi farq katta bo'lardi, ammo u yillardagi chempionat umuman boshqa edi-da.

-   Paxtakor nimasi bilan sizni yodingizda qoladi?
-   Qaysi biridan boshlasam ekan? 2 yil futboldan chetda yurdim, jarohatim tufayli safdan chiqib qoldim. Ammo klub hech qanday etirozlarsiz menga maoshimni berdi. CHiqish eshiklarini ko'rsatmadi, bu avvalo klub rahbarlarini odamgarchiligidan bo'lsa kerak deb o'ylayman. Klub prezidenti Botir Rahimov va vice-prezident Samvel Babayanni bu harakatlarini men hali ko'p eslayman. Balki ular menga Osiyoni kuchli jamoalaridan taklif tushgan payti jamoani tark etmaganligim uchun, javob tariqasida jarohat olganimda tashlab qo'ymagandirlar. Nima bo'lgan taqdirda ham ularga rahmat. Men ham O'zbekistondan tushgan bir qator takliflarni rad etgan edim. Vaholangki, har ikki yilda yangi shartnoma imzolar edim. Istagan paytda boshqa klubga o'tishim mumkin edi. Jamoada ajoyib kishilar ishlaydi, Grigoriy Ceytlin bilan doimo hazillashar edik. Andrey SHipilov bilan uzoq suhbat quramiz, klubni bironta azosi yo'qki, sen menga bormaganmiz. Jamoada eng kuchli mutaxassislar faoliyat olib borishadi. Masalan, do'stim bo'lib qolgan Oybek Kasimov. Qisqa fursat ichida, katta lavozimga ko'tarilib ketdi.

-   Rossiyadan ham taklif tushganmidi?
-   Ha, lekin buni ancha kech bilganman. Krosnadardan taklif tushgan ekan. Bu haqda uch oy o'tib xabar topdim. Ammo taqdirimga bitilmagan ekan, bundan afsusda emasman.




Odatda OCHLda bunday tarzda o'yinlarni o'tkazamiz. Aslida oliy ligada ham shu ishlarni yo'lga qo'yish kerak.


-   Sanoqli legioner futbolchilar O'zbekistonda uzoq muddat to'p tepishdi, siz Maxaradze, Gevorkyan...

-   Buni qarangki, siz sanab o'tgan futbolchilar klublarini sardori darajasiga chiqishdi. Buni sabablari ko'p. Avvalo sen o'zin to'p tepayotgan hududni madaniyatiga sho'ng'iy olishing kerak, legioner faqat pul topish uchun keladi deganlar adashishadi. Futbolda insoniylik xislati katta rol tutadi. Nima uchun ko'pchilik uzoq muddat to'p tepa olmayapti, sababi ulardaka futbolchilar o'zingizda ham etarlicha. Negadir yoshlarga imkoniyat berishmaydi. Yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi JCHda ishtirok etish, O'zbekiston uchun odat tusiga kirib ulgurdi. Lekin ularni asray olishmayapti. 2-3ta klubni aytmaganda qolgan jamoalar yoshlarni maydonga tushirmayapti. Bugunga kelib Evropada Partizan futbolchi tarbiyalab sotishda Ayaksdan keyingi o'rinda turibdi. Ayaksni moliyaviy holati yaxshi bo'lganligi uchun butun dunyodan selekciya qiladi. Partizanda bunday imkoniyat yo'q, shuning uchun ular Serbiyani o'zi bilan chegaralanadilar. Har yili kamida 2ta futbolchini sotish orqali yillik byudjetlarini taminlab oladilar. Biron bir yosh futbolchi ko'zga tashlandimi, uni sotish maqsadida asosiy tarkibga qo'yaveradilar. SHuning uchun juda ko'p hududlarda serb futbolchilari ko'payib ketdi. Balki ular, Evropani grand klublarida emasdirlar, ammo Osiyoni deyaryali barcha mamlakatlarida hamyurtlarimiz to'p tepishyapti.

-    Paxtakordagi uslubchi?
-   2012 va 2014 yil qo'lga kiritgan chempionligimiz bunga javob bo'la oladi deb o'ylayman. Undan keyin Babayan hech bir ishni o'z nazoratisiz qoldirmaydi. Akademiyaga keladigan 7 yoshli bolani ham avval o'zi ko'radi. SHuning uchun bo'lsa kerak, barcha futbolchilarni taniydi va imkoniyatini biladi. Natijada akademiya, o'rinbosarlar jamoasi va asosiy tarkib o'rtasida bog'liqlik paydo bo'ladi.

-   SHu 6 yil ichida Paxtakordan yana bitta Odil Ahmedov chiqishi mumkin edimi?
-   Keling avval Odilni o'zi haqida gapirsam. Barcha gapim rost, men hali uni darajasidagi futbolchi bilan o'ynamadim va Paxtakorgacha ham uni saviyasidagi o'yinchi bilan o'ynamaganman. Odil saviyasiga chiqa olmasdi-ku, ammo Stanislav Andreev va SHerzod Karimovdan juda ko'p narsa kutgan edim. Andreev O'zbekiston Kubogi finalida gol urdi-yu, o'zgardi. SHerzodga esa nima halaqit qilishini bilmayman. Dribling bor, eng muhimi kalla (!) bor, zarba bor. Ikkala oyog'i birdek ishlaydi, ammo futboldagi xarakter yo'q. Ruhan tez cho'kadi. Agar shu ikki futbolchi o'z ustida jiddiy ishlaganlarida, bugun terma jamoa juda kuchli ikki futbolchiga ega bo'lgan bo'lardi.

-   Paxtakorni raqiblaridanchi?
-   Ivan Nagaev! Bu futbolchini men Metallurgda o'ynab yurgan payti Paxtakorga olish kerak deb aytgan edim. Lekin u ham keyinchalik kutilganidek o'sib ketmadi. O'zbekistonda futbolchilar o'zlarini o'zlari sindiradilar. Texnika jihatdan ular evropaliklar bilan bir xildalar. Buni yoshlar va o'smirlar JCHlar orqali isbotlab bo'ldilar. Ammo shartnomaga qo'l qo'yib sal pul olgach, o'zgaradilar qo'yadilar. CHetga chiqib ketay degan intilish sanoqli futbolchilardagina bor xolos.

Suhbat qizg'in kechayotgan bir pallada manzilga etib ham qoldik. Havo dimligi bois, Malayziyada o'yinlar kechki 20:00dan keyin o'tkazilinar ekan. Boyan, soat 19:00da jamoasini oldida bo'lishi kerak edi, stadionga yaqinlashganimizda, u struktura haqida qisqacha axborot berdi. Uni aytishicha, Dilshod SHarofetdinovning jamoasi ham uni jamoasi to'p tepadigan stadionda uy o'yinlarini o'tkazar ekan.
 
Malayziyada stadionilar zo'r emas. O'zbekiston bu borada ancha ilgarilab ketgan. Bizni jamoaga yangi stadion qurilayapti. Kuala Lumpurda bir yarim soatli yo'l uzoqlikda joylashgan. Bizga homiylik qiladigan zavod aynan o'sha erda joylashganligi uchun, muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida stadionni almashtiramiz. Bu erda menga maqul kelgan holat, maosh o'z vaqtida beriladi. Oyning har 25 sanasida hisob raqamingizga maoshingiz kelib tushadi. Agar 25 yakshanbaga to'g'ri kelib qolsa, oyning 23 sanasida maosh olasiz. 26ga o'tib ketish yo'q.
Hozir biz birinchi liga jamoasiga qarshi bahs olib boramiz, o'yinda ko'rasiz, ikki liga o'rtasida umuman farq yo'q, - deya suhbatdoshim echinish xonasiga kirib ketdi.

O'yin boshlanishiga ikki soat vaqt bor edi. Stadionga erta kirib o'tirishdan mani ko'rmadik va sherigim Saidmurod aka bilan o'sha hudud atrofini kuzata boshladik. Bu o'rtoqlik o'yini bo'lganiligi uchun hech kim kelmasa kerak degan fikr ikkimizdan ham o'tgan edi. Yo'q, xato qilgan ekanmiz. O'yin boshlanishiga 1.5 soat vaqt qolganida stadion projektorlari yarq etib chaqnadi. Bizda birinchi bo'lim tugashini kutishadi, qancha-qancha sarf harajatlarni, projektorni uzoq muddat o'chirib turish orqali tejashadi. Bir payt stadionga yaqin hududda yoyma bozorcha paydo bo'ldi. Unda siz klub atributikalarini harid qilishingiz mumkin. Tanlash imkoniyati ham bor. Istang, Kuala  Lumpur sharafini himoya qiladigan deyarli barcha klubning futbolkasi bor, milliy terma jamoaniki ham. Kuchli beshlik chempionati liboslari ham sotuvda bor. Narxlar bilan qiziqdik, bizning so'mda 20mingdan 50 ming so'mgacha. Sifati chakki emas.  O'yin boshlanishga bir soat qolganida stadionga kirishni maqul topdik. Tribunaga chiqish uchun yo'lakka kirar ekanmiz, tribuna tagida uchrashuvga keladigan muxlislar uchun milliy taomlar pishirilyapti. Qoyil qoldim, bu oddiy bir o'rtoqli uchrashuvi edi. Tribunadamiz. Sekin asta muxlislar tashrif buyuryaptilar. Birinchilardan bo'lib Felda Yunayted akademiyasidan bolalar kirib kelishdi. Men avvalo ularni kiyimlariga etibor qaratdim, huddi Boyan kiyib olgan sifatdagi ekipirovka. Bu ham professionallikni eng muhim jihatlaridan biri.

O'yin boshlanish vaqti etib keldi. To'g'risi Malayziyadagi futbol tashkilotchilariga tan berib qaytdim. O'yin boshlanishiga 10 daqiqa vaqt qolganida, 4 nafar to'p olib beruvchi bolakay katta bayroqni olib chiqishdi, OCHL kabi. So'ng OCHL madhiyasi sadosida ikki jamoa futbolchilari saf tortib maydonga tushib keldilar, ularni uchrashuv KOMISSARI (!) boshlab tushdi. Etibor bering-a, o'rtoqlik o'yiniga jamoalar komissar hamrohligida maydonga tushib kelishyapti. SHundan so'ng ikki jamoa saf tortdi va Malayziya madhiyasi yangradi. Ikki jamoaning mahalliy futbolchilari hamda muxlislar madhiyaga jo'r bo'ldilar. O'rtoqlik o'yinini syomka qilish uchun TVdan operator kelgan. Bir kunda bunday o'rtoqlik o'yinlaridan qanchasi bo'ladi Malayziyada, bizga malum qilishlaricha, ularning barida TV ishtirok etadi. Jamoa sardori bosh hakam bilan rasmiy ishlarni amalga oshirib bo'lgach, bosh hakam ikki jamoani suratga tushish uchun taklif etdi. Bunday tashkilotchilikni O'zbekistonda biz faqatgina OFK doirasidagi rasmiy o'yinlardagina ko'ramiz, oliy ligamiz bundan ancha uzoqda. Birinchi liga esa o'tib turganiga shukr qilamiz. Malayziya yaqin yillar ichida JCHga chiqish tugur, OKda guruhdan ham chiqa olmaydi, ammo ular bu bilan futbolga bo'lgan etiborni chetga surib qo'ymaganlar. Barchasini qoidaga ko'ra, professionallarga xos tarzda o'tkazishni maqsad qilganlar.
Ikki jamoa safida to'rt nafardan legioner. Raqibda koreyalik va uch nafar braziliyalik futbolchi. Felda Yunaytedda esa, Livandan osiyolik legioner, yana ikki nafari Afrikadan. O'yin boshlandi...
Haqiqatdan ham Boyan aytganidek, ikki jamoani saviyasi bir xilda! Qaysi jamoani legioneri kuchliroq bo'lsa o'sha g'alaba qozonadi. Ikki jamoada o'yinni 90 foizini legionerlar qiladilar. Agar biron bir klubdagi mahalliy o'yinchida istedod bo'lsa, u shubhasiz chempion. Masalan, mamlakatning eng kuchli jamoalaridan biri Jahor klubi hisoblanadi. Bu jamoaga Malayziya shahzodasi homiylik qiladi. Jamoaning asosiy tarkib futbolchilari Malayziya terma jamoasi sharafini himoya qiladilar. Mahalliy futbolchilar yiliga 500 000 AQSH dollari miqdorida daromad qiladilar. SHubhasiz, eng yaxshi legionerlar ham aynan mana shu jamoa safida. Qisqasi Malayziya futbol o'ynashni biladigan futbolchi uchun, qaynar xumchaning o'zginasi. Miladinovchidan maoshini so'rash madaniyatsizlik bo'lar edi, ammo stadionga tashrif buyurgan muxlislarni aytishlaricha, ularda legionerlar 20 mingdan 35 ming AQSH dollarigacha maosh oladilar. Undan tashqari mukofot pullari ham bor. Klub mashina va uy beradi. Agar siz Evropada to'p tepkan sobiq yulduz bo'lsangiz, bir millionga yaqin miqdorda maosh olasiz.

Malayziya terma jamoasi O'zbekistonnikidan ancha orqada ekan. Yani o'yin borasida, sifat borasida biz yaqiniga ham bora olmaymiz. Boyandan biron bir raqib futbolchisi o'tib keta olmadi. Lekin ochiq o'yin. Ikki jamoa ham asosiy etiborini hujumga qaratyapti. To'g'ri gol yo'q, ammo hamma hujum qilgisi keladi. Faqat tajribasizlik oqibatida gol ko'rmaysiz. Bazan futbolchilar ikki uch nafar himoyachini aldab jarima maydonchasi ichiga kiradi-yu, ammo yakunlovchi zarbani bera olmaydi. Haqiqatdan ham ikki jamoa safida ham asosan legionerlar o'ynashdi. Jamoa muxlislari uchun bunisi qiziq emas, muhimi kuchlar teng. O'yindan avval aniq bir jamoani yutadi deya olmaysiz.

Miladinovchini bosh murabbiyini bir ko'rishdayoq tanidim. Oliy ligamizni tomosha qilish uchun 2 haftaga kelgan edi. SHu bahona Boyanni olib ketdi. Aslida murabbiy osiyolik limitni to'ldirish uchun O'zbekistonga kelgan edi. Paxtakorni ikkita o'yinini kuzatgan mutaxassislar, oxir oqibat Miladinovich bilan shartnoma tuzishni maqul ko'rishgan. Hozircha u ishonchni oqlayapti.




Uch og'ayni botirlar bilan

 
Uchrashuvning 20-daqiqasida Farhod Tojiev ham stadionga etib keldi. U bilan Dinamo muxlislarining yoqimtoyiga aylanib ulgurgan Devid Oniya ham bor edi. Birozdan so'ng Sadriddin Abdullaev ham ko'rinish berdi. Men o'tirgan o'rindiqni o'zbeklar egallashdi. Futbol ko'rish bahona sobiq futbolchilarimiz bilan suhbatlashib o'tiridik. Yodingizda bo'lsa, bu uch futbolchi 2007 yilni Dinamo safida o'tkazgan edilar. Oradan 8 yil o'tib ular yana bir jamoa sharafini himoya qiladilar. Tojievni oliy liga qurboni bo'ldi deb aytgan bo'lar edim. Dinamo to'purari bo'lgan bu futbolchini, 21 yoshida porloq kelajak kutib turgan edi. Afsuski u o'z vaqtida oliy ligadan chiqib keta olmadi, kamiga og'ir jarohat olib uzoq muddatga safdan chiqdi. Bir emas, ikki marotaba og'ir jarohat qurboni bo'ldi. Agar 2013 yildagi jarohat bo'lmaganida, u bugun Osiyo Kubogida to'p tepib qaytgan bo'lar edi. O'zbekiston – Qatar o'yini yodingizdami? Boshi bilan uch maroataba gol urib terma jamoamizni yirik hisobdagi g'alabasini taminlagan edi. 2012 yil Paxtakor bosh murabbiyi etib tayinlangan Deyan Jurjevich, Farhodni ko'rsatgichlaridan kelib chiqib, “bu futbolchi allaqachon Evropada javlon urayotgan bo'lishi kerak edi, nima qilib yuribdi hali ham bu erda”, - deb hayratlangan edi". Haqiqatdan ham Tojievlarning kenjasida futbolchi uchun kerak bo'lgan barcha xislat bor edi. Boshi bilan yaxshi o'ynaydi, yaxshi ochiladi, zarbasi kuchli. Bazan Farhod gol urishi uchun kamida 6ta vaziyat kerak deymiz, lekin qizig'i shundaki u o'zi uchun o'sha 6ta vaziyatni yarata olardi. Afsuski, Evropaga kuzatishimiz kerak bo'lgan hujumchimiz bugun Malayziyada.




O'yindan keyin ikki jamoa bosh murabbiylari TVga intervyu beryaptilar. TVdan tashqari OAVdan boshqa jurnalistlar ham bor


Abdullaev haqida nima deyishim mumkin? Sadriddinni 2006 yili Fulad darvozasiga chamasi 25 metrlardan urgan golini yoshi katta muxlislar yaxshi eslaydilar. 2004 yil Paxtakor safida 18 yoshida debyut qilgan futbolchini ham yorqin kelajak kutib turgan edi. CHap qanot yarim himoyasi va maydon markazida yoshligida juda zo'r harakat qilar edi. Biroq uni sog'lig'i bilan muammo yuzaga keldi va biz yana bir futbolchidan erta ayrilgan edik. O'sha yillarni yodga olaman, Paxtakorda Sadriddin Abdullaev zaxiradan maydonga tushayotganida tribunada o'tirgan muxlislar rosa uni olqishlashar edi. Bugunga kelib 18-19 yoshli futbolchini asosiy tarkibda ko'rishga odatlanib qoldik, bundan 10 yil avval bu kamdan-kam holatda kuzatiladigan voqea edi.

Farhod ham, Sadriddin ham Malayziya chempionati ancha engil ekanligini takidlab o'tishdi. Bazi muammolar bo'lmaganida, Lokomotivdan ketmasliklari ham mumkin edi. Lekin taqdir shunday ekan... Ular Malayziya chempionatidagi qiziq odat haqida aytib berishdi. CHempionatidagi aksariyat futbolchilar hech bir berkitishsiz, tamaki maxsulotlarini chekar ekanlar. Bu haqda Boyan ham aytib o'tgandi, hattoki echinish xonasida ham buni ochiq holda ko'rishingiz mumkin. Dim havoda ularni o'zlari ham o'ynashga qiynalar ekanlar. 15-20 daqiqadan keyin futbol o'ynash legionerlar zimmasiga yuklatilar ekan.

Ikkinchi bo'limda Felda Yunayted hisobni ochdi. Unga qadar va undan keyingi vaziyatlarda raqib posboni bir qator vaziyatlarda o'zini ko'rsata oldi. Felda Yuni posboni esa, cirk qahramoniga o'xshaydi. Bir qator fokuslarni ko'rsatdi, baxtiga himoyachilar yaxshi o'ynadilar. Malayziya reglamentiga ko'ra jamoalar xorijdan darvozabon olib kela olmaydilar. O'yin ham tugadi. Yuqorida aytganim TV vakillari ikki jamoa bosh murabbiyidan intervyu oldilar, kechki xabarlar dasturi uchun. Abdullaev va Tojiev sal ertaroq ketishga majbur bo'ldilar, ularni bosh murabbiyi kechga hamma mehmonxonada bo'lishi kerakligini aytgan ekan.




Boyan bilan shu tarzda xyrlashdik, o'ylaymizki, yillar o'tib u O'zbekistonga murabbiy sifatida qaytadi
.


O'yin tugagach biz mashinalar turar joyida Boyanni kutdik. Deyarli barcha futbolchi o'yinga o'z ulovlarida kelishgan. Barchasida Xonda rusumidagi mashinalar. Jamoani mazkur kompaniya bilan kelishuvi mavjud. Ortga qaytar ekanmiz, Boyan O'zbek noni va tuzini eganini bir umr yodidan chiqarmasligini takidlab o'tar ekan, yana bir bor biz orqali, siz aziz o'quvchilarga sog'inchli salomini etkazib qo'yishimizni iltimos qildi.

SHu tariqa bizning ham Malayziyadagi so'nggi kunimiz poyoniga etdi va vatanimizga qaytdik.

Nodirxo'ja Yuldashev
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика