So’nggi yangiliklar

02:47Йўқ, бу амалга ошмади: ота-ўғил Янглар бир-бирига қарши ўйнамади  0 01:58Испания Суперкубоги финалида "Эл Класико" кўрамиз!  13 01:52Эксклюзив: "Манчестер Сити" "Ланс"га расмий таклиф билан чиқди, Ҳусановнинг нархи янада ошди  37 01:26Неймар "Ал Ҳилол"га қимматга тушди  6 01:00Расман: Амад Диалло шартномани узайтирди  1 00:35Улар яна бирга бўлишади: Каземиро Саудия томон йўл олмоқда  3 00:12Роналду фаолиятидаги 917-голини урган ўйинда "Ал Насср" иродали ғалаба қайд этди  4 23:58Англия Кубоги: "Эвертон" - "Питерборо" ўйинида ота ва ўғил бир-бирига қарши ўйнайдими?  1 23:27Расман: АПЛ клуби ўйин куни бош мураббийни истеъфога чиқарди  0 23:13"Бухоро" мавсумни қайси стадионда бошлаши аниқ бўлди  4 23:06Испания Суперкубоги. "Реал" - "Мальорка" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 22:50"Барселона": Шкафлар сотилади  19 22:33"Астон Вилла" 150 йиллик юбилейига атаб либос тақдим қилди  0 22:09Ўзбекистон аёллар терма жамоаси футзалда Хитойдан устун келди  2 21:50"Милан"нинг қишки трансферлар ойнаси вақтидаги асосий мақсади ким бўлади?  1

Javohir Sidiqov: "Oliy ligada o'z o'rnimga ega bo'lish bosh maqsadim hisoblanadi" Yangiliklar

Javohir Sidiqov: "Oliy ligada o'z o'rnimga ega bo'lish bosh maqsadim hisoblanadi"

O'z vaqtida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi safida Osiyo chempion bo'lgan, o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etib qaytgan Javohir Sidiqov bu mavsumda oliy ligada debyut qildi.

Yilni "Paxtakor"da boshlagan yarim himoyachi ikkinchi davrada "Qo'qon-1912"da o'ynadi. 2016 yilgi mavsum yakunlangach Javohir Sidiqov bilan suhbatlashishga qaror qildik.

- Futbolga kirib kelish qanday bo'lgan?

- 7 yoshimdan futbolga qatnay boshlaganman. "Paxtakor" akademiyasida Dilshod Nuraliev qo'l ostida shug'ullanishni boshlaganman. 1996 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat jamoa sharafini himoya qilganman.

- O'zi futbolga qiziqish qaerdan paydo bo'lgan?

- Esimni taniganimdan buyon futbolni yaxshi ko'raman. Uydagilarni aytishicha emaklab ham to'p tepgan ekanman. Ko'chada bollar bilan futbol o'ynab yurardik. Keyin ota-onam futbolga berishga qaror qilishgan.

- Akademiyada siz bilan birga o'ynaganlardan qaysi futbolchilar hozir ham yuqori saviyada o'ynashmoqda?

- Bunday futbolchilar ko'p. Masalan "Paxtakor"dagi Jamshid Boltaboev, "Obod"dagi Alisher Mirzaev. Aynan shu yigitlar bilan birga akademiyada katta bo'lganmiz. 


- Bu yil oliy ligada debyut qildingiz. Taassurotlar qanday?
- Oldingi yillar yoshlar ligasida o'ynardim.  Bu yil ilk bor oliy ligada maydonga tushdim. Oliy ligada o'yinlar saviyasi albatta yuqori. Lekin shaxsiy fikrimcha yoshlar ligasida kurash keskinroq o'tadi. Nega bundayligini bilayman, balki yoshlar ligasidagi yoshlar asosiy tarkibga kirish uchun jon-jahdi bilan kurashgani uchundir. Balki "Paxtakor"da o'ynaganimda boshqa klublar bizga qarshi ikki xissa kuch bilan o'ynagani uchundir.

- Yozda "Paxtakor"dan "Qo'qon-1912"ga o'tish qarori to'g'ri bo'ldimi?

- "Paxtakor" safida birinchi davrada ikkita o'yinda so'nggi daqiqalarda zaxiradan maydonga tushgandim. Yozda No'mon Hasanov "Qo'qon-1912"ga taklif qildi. To'g'risi menga o'yin amaliyoti juda zarur edi. "Paxtakor"da raqobat juda kuchli, shu bois taklifni qabul qildim va adashmadim. "Qo'qon-1912" safida 10dan ortiq o'yinda harakat qildim, ko'plab bahslarda to'liq o'ynadim. Yoshlar ligasidan oliy ligaga o'tish davrini bu yil boshdan kechirdim.

- No'mon Hasanov qanday murabbiy?

- O'z ishini ustasi. Murabbiylik va insoniylik tomonlama ajoyib hislatlarga ega. Har bir futbolchi nima istayotganini tushunib turadi. Sababi o'zi ham vaqtida futbol o'ynagan. SHu bois bizga No'mon Hasanov bilan suhbatlashish ancha oson bo'ladi.

- Mag'lubiyatlar vaqtida qanchalik jahldorga aylanadilar?

- To'g'risi mag'lubiyatlardan keyin ham futbolchilarning mehnatini qadrlaydilar. Sababi 90 daqiqa davomida yutasizmi yoki yutqazasizmi mehnat qilasiz. SHu bois har bir bahsdan keyin murabbiy futbolchilarga o'yin uchun rahmat aytadi. G'alabani ham, mag'lubiyatni ham tezroq unutishga va keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'rishni tayinlaydilar. Vaqti kelsa hazilkash, vaqti kelsa jahldor bo'ladilar. Barchasi meyorida.

- Mavsum siz uchun ajoyib yakunlandi desak adashmaymiz. Sababi oxirgi ikki turda siz ikkita gol urdingiz.

- To'g'ri G'uzorda "SHo'rtan" bilan bahsda oliy ligadagi birinchi golimni urdim. So'nggi turda "Olmliq"qa qarshi o'yinda ham to'p kiritishga erishdim. Bundan albatta juda xursand bo'ldim.

- Ikkala golingiz ham jarima maydoni tashqarisidan urildi. Uzoqdan zarba berish murabbiy ko'rsatmasi edimi yoki tavakkal zarba berdingizmi?

- Menga ko'pchilik nimaga darvozaga zarba bermaysan deb etiroz bildirardi. O'sha birinchi murabbiyim Dilshod Nuraliev ham ko'p tanbeh berardilar, No'mon Hasanov ham darvozaga ko'proq zarba berishimni tayinlar edilar. Menga gol urishdan ko'ra golli pas oshirish ko'proq yoqadi (kuladi). Oxirgi turlar bo'lgani uchun imkon tug'ilsa zarba berishga axd qildim va barchasi ajoyib tugadi. Nasib qilsa hali ko'plab gollar uraman.

- Futboldagi do'stlaringiz kimlar?

- Do'stlarim juda ko'p-ku. Har birini sanasam joy etmay qoladi (kuladi). Turli yoshdagi terma jamoalarda, "Paxtakor"da birga o'ynagan futbolchilar bilan do'stmiz. Boshqa klublarda ham do'stlarim ko'p.

- Bu yil "Qo'qon-1912"ning eng yaxshi futbolchisi kim bo'ldi deb o'ylaysiz?

- Nosir Otaqo'ziev! Ko'pchilik uni yoshi katta bo'lib qolganini aytadi. Lekin Nosir aka juda tajribali hujumchi. Maydonda borini beri o'ynaydilar. SHaxsan meni fikrim aynan Nosir Otaqo'ziev bu mavsumda klubning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi.

- Oliy liganing eng yaxshi futbolchilari deb kimlarni ayta olasiz?

- Bu yil to'g'ri yaqqol ajralib turgan futbolchi ko'rinmadi. Qaysidir yili Jamshid Iskanderov boshqalardan ajralib turgandi. Bu yil "Paxtakor"da Jaloliddin Masharipov yaxshi o'ynadi. "Lokomotiv"da Sardor Mirzaev va "Bunyodkor"da Eldor SHomurodov o'zini ko'rsatishdi. Meni tanlovim shular.

- Xorijda qaysi klubga muxlislik qilasiz?

- "Barselona"ga. Bu jamoaning o'yinlari ko'pchilikka yoqsa kerak. Hujumchilari ijrosidagi gollar ajoyib chiqadi.


- Yoshlikda qaysi futbolchiga havas qilardingiz?
- Braziliyalik Kakaga o'xshashni istardim. Uning o'yinlarini miriqib tomosha qilardim. Harakatlariga havas qilardim. Dadam menga birinchi bo'lib aynan Kaka familiyasi tushirilgan futbolkani sovg'a qilgan edilar. SHu bois ko'plab do'stlarim meni Kaka deb ham chaqirardi.

- Huquqiy jihatdan "Paxtakor"ga tegishlisiz. Keyingi rejalar qanday?

- Mavsum endigina tugadi. Taxminan ikki hafta tatilda bo'lamiz. Navbatdagi mavsumga dekabr oyi o'rtalaridan boshlaymiz. Menga qolsa yana bir yil "Qo'qon-1912"da qolib oliy ligada o'ynashni istardim. Hozirgi vaqtda oliy ligada o'z o'rnimga ega bo'lish bosh maqsadim hisoblanadi.

- Futboldagi eng oliy maqsadingiz nima?

- Eng katta orzum futbolda Javohir Sidiqov nomini qoldirish. Klublarda va terma jamoalarda o'ynab sovrinlar yutib tarixda qolishni orzu qilaman. Albatta bunga erishish uchun mehnat qilishda to'xtamaslik kerak.

- Qo'qonlik muxlislar haqida fikrlaringiz qanday?

- Oldinlari muxlislar haqida faqat eshitardim. O'z ko'zim bilan ko'rdim. Haqiqatdan ham Qo'qonda futbolni juda sevishar ekan. Har bir bahsda stadionga minglab muxlislar keldi. Jamoaning g'alabalarida ularning xissalari juda katta bo'ldi deb bemalol ayta olaman.

- Matbuot orqali kimlarga rahmat aytmoqchisiz?

-  Avvalo ota-onamga rahmat aytaman. Birinchi murabbiyim Dilshod Nuralievga katta minnatdorchiligimni bildiraman. Bu kishining futbolchi bo'lishimda katta xissasi bo'lgan. O'zim bilan birga ishlgan barcha murabbiylar Ilhom Mo'minjonov, Ravshan Haydarov, Sergey Lushan, No'mon Hasanovga rahmat. Aytganimdek No'mon Hasanov menga oliy ligada qo'rqmay ishonch bildirdi, ularning ishonchini oqlashga urindim.

Narzulla Saydullaev suhbatlashdi

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика