"Jar"dagi jang: Sahna tayyor, rollar taqsimlangan, navbat spektaklga
06 iyu 10:45
Yangiliklar


"Jar"dagi jang: Sahna tayyor, rollar taqsimlangan, navbat spektaklga
Bugungi kunning yana bir markaziy qarama-qarshiligi — "Paxtakor" va "Navbahor" to'qnashuvidir. Sahna: "Jar" stadioni. Tomoshabinlar esa futbolning jonli namoyishini kutmoqda. Bir tomon Toshkent, ikkinchi tomon Namangan ishqibozlari. So'ngi yillarda nafaqat o'zaro raqobat, balki umumiy Superliga muhitidagi tasiri bilan ajralib turuvchi ushbu duel yana qaytmoqda.
Raqamlar nima deydi?
Superligada bu jamoalar 68 marotaba kuch sinashishgan. Ulardan 41 tasida "Paxtakor" g'alaba qozongan, 14 uchrashuvda esa "Navbahor" zafar quchgan. To'plar nisbati "sherlar" foydasiga — 111:56. Toshkentliklarning o'zaro o'yinlardagi eng yirik g'alabasi 7:0 hisobida qayd etilgan bo'lsa, "Navbahor"ning eng yirik zafarli o'yini 5:2 hisobida qayd etilgan.
Biroq bugungi kunda tarixiy raqamlardan ko'ra jamoalarning hozirgi holati muhimroq. Ayniqsa, ikkalasi ham yuqori formada ekani bugungi uchrashuvni tom manoda markaziy to'qnashuvga aylantiryapti.
Tojiev uslubi: Barqarorlik sari qadam
"Paxtakor" so'ngi paytda o'z o'yinini ancha barqarorlashtirdi. Qarshida 0:2 hisobida mag'lub bo'layotganiga qaramay xarakter ko'rsatgan holda yakunda 2:2 qilib ketdi. Kamoliddin Tojiev boshchiligidagi jamoa Kubok o'yinlarini ham qo'shib hisoblaganda, 8 uchrashuvdan buyon mag'lubiyatsiz seriyani davom ettirmoqda. Hujum va himoyadagi yaxshi muvozanat, jamoaviy intizom, har bir futbolchi o'zining kuchli jihatlarini namoyon etishi — bugungi "Paxtakor"ning yuzidir. Mazkur to'qnashuv ular uchun nafaqat ochko, balki birinchi davraning ramziy "yuqori nuqtasi" sifatida ahamiyatga ega. Yana bir jihati shuki, Kamoliddin Tojiev o'tgan yili "Paxtakor"ni vaqtincha boshqargan davrida ikki bor "Navbahor" to'sig'idan o'ta olmagan (Kubokda penaltilar seriyasida mag'lubiyat, Namanganda 2:5). Murabbiyning o'zida ham ishtiyoq ikki karra kuchliligi aniq.
"Lochinlar" parvozi: Lushchan jamoasining qo'rqinchili hujumi
Biroq "Navbahor" ham ortda qolishni istamayapti. Jamoa oxirgi 3 uchrashuvda 12 ta gol urib, hujum chizig'ining yurishini to'xtatish qiyin bo'lib qoldi. Murabbiy Sergey Lushchan hujumkor futbolga tayangan holda jamoaga yangi qon olib kira oldi. U Jiyanov, O'rinboev, G'ulomov va Odilov kabi futbolchilardan hujumda samarali foydalanmoqda. Ularning maydondagi o'zaro tushunuvi, tezkorligi va qaror qabul qilish madaniyati nafaqat estetik jihatdan, balki natija nuqtai nazaridan ham ish beryapti. Lushchanning mashg'ulotlarda yo'lga qo'ygan sxemalari maydonda to'liq ifodasini topmoqda — va bu beshlik har qanday raqib himoyasi uchun jiddiy ogohlik qo'ng'irog'i bo'lib turibdi.
Lekin raqiblarni ham hisobga olish kerakdek guyo. "Paxtakor" bilan o'yin esa yuqoridagi nomlarni haqiqiy sinovdan o'tkazadi, chunki raqib umuman boshqa darajadagi jamoa.
Poytaxtdagi "qora" anana
Qizig'i shundaki, "Navbahor" 21 asrda Toshkentda "Paxtakor"ni yuta olmayapti. Ularning poytaxtdagi so'ngi va yagona g'alabasi 1995 yilga to'g'ri keladi (2:1). Bu esa jamoa uchun faqat statistika emas, balki ruhiy to'siq ham bo'lishi mumkin. Ammo bugungi "Navbahor"ning o'yini ushbu ananani sindirish uchun yaxshi imkoniyat taqdim etadi.
Superliga-1995.
"Paxtakor" - "Navbahor" 1:2
06.09.1995. 21-tur. 7 000 tomoshabin
Gollar: Abduqahhor Marufaliev 1:0, Oleg Shackix 1:1, Zafar Musaboev 1:2
Amalga oshirilmagan penalti: Aleksey Vinnikov ("Navbahor")
"Paxtakor": Pavel Bugalo, Murod Aliev, Murod Otajonov, Aleksandr Tixonov, Hikmat Ergashev, Ilhom Sharipov (Ulug'bek Ro'zimov. 68), Abduqahhor Marufaliev, Stanislav Morgulis (Mahmud To'raxo'jaev, 74), Ravshan Bazarov, Sobir Xodiev, Rustam Do'rmonov (Dilmurod Nazarov, 55)
"Navbahor": Dmitriy Gulenko, Baxtiyor Tog'aev (Toxir Madrahimov, 60), Saydullo Tursunov, Farhod Magometov, Gennadiy Denisov, Vali Keldiev, Sergey Arslanov, Aleksey Vinnikov, Dmitriy Batinkov (Zahriddin Akbarov, 68), Erbulat Eraliev (Zafar Musaboev, 73), Oleg Shackix
Jadvaldagi qo'shnilar
Turnir jadvali nuqtai nazaridan ham ahamiyatli o'yin. "Navbahor" — 26 ochko, "Paxtakor" — 23. Kecha "Bunyodkor" va OKMK g'alaba qozongani sabab, bugungi o'yin ikkalasi uchun ham strategik ahamiyatga ega. "Paxtakor" g'alaba qozonsa — raqibini ortda qoldiradi. "Lochinlar" esa zafarli o'yin orqali uchinchi o'rinni mustahkamlab olishi mumkin. Bu jamoalarning birinchi davrani qanday tugatishi aynan shu kecha hal bo'ladi.
So'nggi duellar
"Paxtakor" oxirgi marotaba "Navbahor"ni 2023 yil mag'lub etgan edi. O'tgan joriy mavsumdagi bellashuvlarda ustunlik "lochinlar" tomonida bo'ldi: 1:1 va 5:2. Demak, "sherlar" uchun bugungi uchrashuv revansh imkoniyati hamdir. Ular o'z muxlislari ko'z oldida shu imkoniyatdan foydalanishni istashi aniq.
Bugun “Jar"da nafaqat ochko, balki nufuz, xarakter va mavqe uchun to'qnashuv bo'ladi. "Paxtakor" o'tgan yilgi muvaffaqiyatsizliklarni unutgan holda, qayta etakchiga aylanishni istaydi. "Navbahor" esa o'tmishni qayta yozib, Toshkentdagi "lanatlangan" seriyani tugatishni xohlaydi. Biz esa ikki jamoa ishtirokida shiddatli va chiroyli haqiqiy futbol ko'rishni istaymiz. Sahna tayyor, rollar taqsimlangan navbat spektaklga. Drama ko'rishga ham qarshi emasmiz.
Savol esa bitta: Toshkentda kim bayram qiladi?
O’xshash yangiliklar

Fikrlar