
🔝 Superliganing eng ko'p narxi ko'tarilgan futbolchi "Paxtakor" vakili Dostonbek Hamdamov bo'ldi. U mavsumning boshini ajoyib o'tkazdi: Superligada 11 ta o'yinda 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Uning narxi 300 ming evroga oshdi va endi 900 ming evroga teng.
"Paxtakor"ning legioneri Flamarion ham startni yaxshi o'tkazdi. Murabbiylar uni 9 ta o'yinda maydonga tushirishdi va hujumkor futbolchi 4 ta gol urishdan tashqari 3 marta sheriklari gol urishiga qarashib yubordi. Uning narxiga 200 ming qo'shildi va endi umumiy narxi 600 mingga etdi.
Yil boshida "Surxon"ga kelgan hujumchi Stiven Chinedu 11 ta turda raqiblar darvozasiga 6 ta to'p kiritdi va 1 ta assist qayd etdi. 26 yoshli nigeriyalik futbolchining narxi 200 ga oshdi va endi 350 ming evroga etdi.
Ro'ziqul Berdievning navbatdagi kashifyotlaridan biri Quvonchbek Hushvaqtov bo'ldi. 14 aprel kuni 20 yoshga to'lgan Quvonchbek transfermarkt portalida o'zining birinchi narxiga ega bo'ldi - 175 ming evro.
OKMK vingeri Nodirbek Abdurazzoqov, "Buxoro" futbolchilari Sherzod Esanov va Umidjon Hamroevning narxlari 150 ming evroga oshdi. "Neftchi" safida debyut qilgan 18 yoshli himoyachi Nurmuhammad Abdug'aniev va "Bunyodkor"ning 17 yoshli vingeri Sadriddin Hasanovning portaldagi dastlabki narxlari bir xil bo'ldi - 150 ming evro.
OKMK markaziy himoyachisi Abror Karimovning narxi ikki baravar oshdi va 250 ming evroga etdi.

🔽 Narxi eng ko'p kamaygan top-10 futbolchilar:
1) Hojimat Erkinov ("Paxtakor") -300 ming evro;
2) Xurshid G'iyosov ("Neftchi") -250 ming evro.
3) Mauro Brazil ("Dinamo") -200 ming evro;
4) Salvador Sanches ("Dinamo") -200 ming evro;
5) Oybek Bozorov ("Paxtakor") -150 ming evro;
6) Chidi Kvem ("Mashal") -125 ming evro;
7) Grigol Chabradze ("Qizilqum") -125 ming evro;
8) Xondamir Mustfoqulov ("So'g'diyon") -125 ming evro;
9) Andre Chichinadze ("Navbahor") -100 ming evro;
10) Oybek Rustamov ("Nasaf") -100 ming evro.

"Nasaf" darvozaboni Abduvohid Ne'matov Superliganing eng qimmat futbolchisi nomini o'zida saqlab qoldi. "Nasaf" va O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosining narxi hamon 1,5 million evroga teng. Keyingi uchta o'rinda "Paxtakor" vakillari joylashgan: Akmal Mozgovoy - 1,4 million evro, Hojiakbar Alijonov 1,3 million evro va Sherzod Nasrullev 1,2 million evro.
"So'g'diyona" yetakchisi Lyupcho Dorievning narxi ham 1,2 million evroligicha qoldi. Hojimat Erkinov va Jamshid Iskanderovning narxlari roppa-rosa 1 million evroga teng.
Narxi eng ko'p ko'tarilgan Dostonbek Hamdamov 900 ming evro bilan 8-o'ringa chiqib oldi. Ruslanbek Jiyanov va Abror Ismoilovning narxlari 800 ming evro.
Ayni paytda O'zbekiston Superligasida narxi 1 million va undan ko'p bo'lgan 7 nafar futbolchi bor.
