Ivan Boshkovich: "Maydonning o'ti baland edi? Bu bahona bo'la olmaydi"
19 okt 2022 22:30
Yangiliklar
Ivan Boshkovich: "Maydonning o'ti baland edi? Bu bahona bo'la olmaydi"
O'yin haqida
— Ilk navbatda AGMK jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. O'ylashimcha, ular mehnatiga yarasha g'alabaga erishdi. Biz o'z rejalarimizni amalga oshira olmadik, ammo qo'ldan kelgancha harakat qildik. O'ylagan taktikalarimizni yakunlashga AGMK jamoasi imkon bermadi. Ular birinchi bo'limda standartdan gol urishdi, bu esa futbolchilarimizga ruhan tasir o'tkazdi. Ikkinchi bo'limda o'yinni kuchaytirish maqsadida o'zgarishlar amalga oshirdik. Biroq aksincha AGMK ko'plab imkoniyatlar yaratganining guvohiga aylandik. Ammo bu futbol, to'xtab qolish kerak emas. Ishlashda davom etish zarur. Oldinda "Nasaf"ga qarshi o'yin uchun bir necha kun bor. Endi kelgusi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.
— O'yindagi o'zgarishlarning sababini izohlasangiz...
— Akbar Ismatullaev jarohat oldi, uning qay darajada ekanligini hozir bilmayman. Rasulni esa taktik o'zgarish tufayli almashtirdim. CHunki biz so'nggi 15 daqiqada standartlarga urg'u berishga harakat qildik.
— Nega "Bunyodkor" "Navbahor", "Metallurg"ga qarshilik qilgan klubga emas, butunlay boshqa jamoaga o'xshab harakat qildi?
— Menimcha, o'ylaganlarimizga AGMK yo'l qo'ymadi. Ular kuchli o'yinchilarimizni qo'riqlashdi. bo'sh zonaga ochilishga imkon berishmadi. Umuman olganda, yigitlardan mamnunman.
— "Bunyodkor"ga kelganingizdan buyon deyarli barcha chiziqda akademiya tarbiyalanuvchilariga imkon berardingiz. Lekin hujumda Pobulich va Usmonali Ismonalievlarni ko'ryapmiz. Akademiyada yosh hujumchi yo'qmi? Pobulichning transferini xato desak bo'ladimi?
— U bunga qadar nima sababdan o'ynamaganini bilmayman. Futbolchi 6 oydan buyon o'ynamayaptimi, demak, uning jismoniy holati oldingidek emas. Bu ham o'z tasirini o'tkazadi. Kim aytdi, bizning akademiyamizda yaxshi hujumchilar yo'q deb. Bor! Sudaysiy Jo'raboev o'z debyutini amalga oshirdi, "Navbahor"ga qarshi o'yinda Ulug'bek Kenjaev zaxirada o'tirdi. Akademiyamizdagi futbolchilarning katta qismi terma jamoalarda ham o'ynashadi. Ularga ham imkon beriladigan vaqt keladi. Balki bugun ular ko'nikkan o'ynini ko'rsata olishmagandir. SHu sababli balansni topib olish kerak. Ular katta futbolchilar orqali ham yaxshi o'yin ko'rsatishadi. O'tgan o'yinlarda yoshlar tajribali futbolchilarimizning mahorati sababli ham chiroyli o'ynashdi. Bu o'z-o'zidan tushunarli bo'lgandi. Bizda yosh,, iqtidorli futbolchilar juda ko'p. Jamoa qo'l ostimda endi 4-o'yinini o'tkazdi. Barchaning vaqti keladi, ularga ham o'yin amaliyoti beriladi.
— Bugun ikkala jamoa futbolchilari ham stadionning holatidan nolishdi. Unga ko'ra, to'p unchalik yaxshi harakatlangani yo'q. Bunga qanday fikr bildira olasiz?
— Bu muammo emas. Bu narsa o'yinga tasir o'tkazishi mumkin, lekin shu sababli o'yin chiqdi deyish mumkin emas. O'yindagi xatolarni boshqa tomondan izlash kerak. Balki rostdan ham maydon ideal holatda bo'lmagandir. Balki futbolchilar shunchaki kuchsiz o'yinga bahona izlashgandir. Lekin hozirgi paytda "Jar" stadioni O'zbekistondagi eng yaxshilaridan biri.
Fikrlar