So’nggi yangiliklar

11:16Яқин ўтмиш юлдузи Хуан Мата "яшил қитъа"га йўл олди  0 10:55Футзал. Бугун дунёнинг энг кучли термасига қарши баҳс олиб борамиз  1 10:27Футзал. Парагвай терма жамоаси Тошкентга етиб келди  1 09:55Жаҳон чемпиони Роналдунинг жамоадошига айланиши мумкин  9 09:26"Реал Мадрид"нинг яна бир асосий таркиб футболчиси ФИФА кунларида жароҳат олди  3 09:10Миллатлар лигаси. Португалия - Хорватия, Роналду терма жамоа сафидаги 131-голини урди  3 08:58Дахшатли нархлар. "Барселона" мухлисларга футболкаларни тарихдаги энг қиммат нархларда сотмоқда   4 08:30ЖЧ саралаши. Аргентина - Чили, Аргентина ўз уйида йирик ғалаба қозонди, Ди Мария терма жамоа билан хайрлашди  4 08:26Машариповнинг голи, Юсуповнинг қаҳрамонлиги. Ўзбекистон - КХДР учрашувидан ГАЛEРEЯ  3 07:59Роналду: "Португалиянинг Евро-2016даги ғалабаси жаҳон чемпионатидаги ғалабага тенг"  28 07:28Миллат қаҳрамонлари! ФИФАнинг энг кучсиз жамоаси тарихида илк бор расмий учрашувида ғалаба қозонди  7 01:47Миллатлар лигаси. Роналду 900-голини урган ўйинда Португалиядан ғалаба ва бошқа натижалар  8 01:10Сенсация! Манчинининг Саудияси Индонезияни мағлуб қила олмади  6 00:55Жалолиддин Машарипов: "Ўйинимиздан кўнглим тўлмади, бундан яхшироқ ўйнай оламиз"  4 00:36Бу даҳшат! Роналду фаолиятидаги 900-голини урди  13

Intervyu. Viktor Jalilov: "Hozirgi terma jamoamiz ko'p narsalarga qodir" Yangiliklar

Intervyu. Viktor Jalilov: "Hozirgi terma jamoamiz ko'p narsalarga qodir"

Xabaringiz bor, mazkur oyda O'zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistonida markazlashgan holda o'tkaziladigan JCH-2022 va OK-2023 qo'shma saralash bosqichi musobaqasida ishtirok etadi.

SHu bois, Coca Cola Superligada tanaffus yuzaga keldi. Biz ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Viktor Romanovich Jalilov bilan suhbat uyushtirib, unga o'zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– Viktor Romanovich, suhbatimizni joriy mavsum o'yinlari borasidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. Superliganing bu yilgi bahslari, shuningdek, “Navbahor”ning ortda qolgan 9 ta o'yini borasida to'xtalsangiz...

- Bu yilgi milliy chempionatimiz bahslari keskin va murosasiz kurashlar ostida o'tmoqda. “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari ishtirokidagi 1-2 ta o'yinni inobatga olinmasa, yirik hisob qayd etilgan uchrashuvlar deyarli uchramadi. “Navbahor”ning o'yinlari borasida to'xtaladigan bo'lsam, jamoamiz ham keskin kurashlar ostida bo'lib o'tgan ayrim bahslarda g'alaba qozongan bo'lsa, bazi o'yinlarda durangga imzo chekdi, yana ayrim uchrashuvlarda mag'lubiyatga uchradi. Umuman olganda, bazi zafar quchadigan o'yinlarimizda omadimiz kelmadi. SHu paytgacha mag'lubiyatga uchramagan “Paxtakor” va “So'g'diyona” klublarini istisno etganda, qolgan barcha jamoalarning kuchi deyarli teng. SHu jihatdan olib qaraganda, joriy mavsum bahslari qiziqarli tarzda kechmoqda.




- Biroq “Navbahor” ayni paytda 9 ta o'yinda 10 ochko to'plagan holda, turnir jadvalining 9-pog'onasida bormoqda. Ushbu natija esa ko'pchilikni qoniqtirmasligi aniq...


- Gapingiz to'g'ri, jamoaning turnir jadvalida hozir egallab turgan o'rni klub rahbariyati, biz – murabbiy va futbolchilar, muxlislarni ham qoniqtirmayapti. SHuningdek, jamoaning o'yinidan ham unchalik qoniqish hosil qilmayapman. O'zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2022 va OK-2023 qo'shma saralash musobaqasida ishtirok etishi munosabati bilan yuzaga kelgan mazkur tanaffusdan samarali foydalanish, futbolchilar jismoniy formalarini yo'qotmasliklari uchun mashg'ulotlarda ularning funkcional tayyorgarliklari, maydonda bir-birlarini o'zaro yaxshi tushunishlari, xatolar ustida ish olib boryapmiz. SHuningdek, nazorat-sinov bahslari o'tkazyapmiz.

Futbolchilarning jismoniy va funkcional holatlarini bir xil meyorda ushlab turish doimiy vazifamiz sanaladi. Mashg'ulotlarda har doim shu asosda ish olib boramiz. Futbolchilarga beriladigan jismoniy “yuklamalar” hajmini sekin-asta oshirib boryapmiz. Buni esa yigitlar nazorat-sinov bahslarida namoyon etishmoqda. Masalan, 29 may kuni “Lokomotiv” bilan bo'lgan o'rtoqlik bahsida shogirdlarim 1-bo'limda raqib bilan tengma-teng o'yin namoyish etishgan bo'lsa, 2-bo'limda hujumkorlikni oshirgan holda, tajovuzkor o'yin namoyish etishdi va g'alaba qozonishga muvaffaq bo'lishdi (o'sha o'yinda “Navbahor” 3:1 hisobida g'alaba qozongandi).

Umuman olganda, mashg'ulotlarda Janubiy Koreyaning Fitogether kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan maxsus qurilmalardan ham muntazam foydalanish yo'lga qo'yilgan. Mashg'ulotlar davomida har bir futbolchining egnidagi nimchalarga ushbu qurilma o'rnatilgan bo'lib, uning yordamida yigitlarning funkcional holatlari, chidamlilik darajasi, kuch sarfi hamda bosib o'tayotgan masofalari haqida malumotlarga ega bo'lib boryapmiz. Bir so'z bilan aytganda, ushbu qurilmaning bizga juda foydasi katta bo'lyapti.

Oldinda “Turon” va “Nasaf” jamoalariga qarshi o'rtoqlik o'yinlari o'tkazish rejamiz bor. Mazkur uchrashuvlar orqali futbolchilarning jismoniy holatlarining qandayligi borasida malumotga ega bo'lamiz.

Qisqasi, yuzaga kelgan imkoniyatdan samarali tarzda foydalanishga intilyapmiz.

– Legioner mahalliy futbolchidan bir kalla ustun bo'lishi kerak. SHu jihatdan olib qaraganda, “Navbahor”ning xorijlik futbolchilari ishonchni oqlashyaptimi?

- Legionerlar borasida to'xtaladigan bo'lsam, buning javobi oddiy. Qaysi futbolchi maydonga tushayotgan bo'lsa, u ishonchni oqlayapti, aksincha, bo'lsa, demak, oqlamayapti. Serbiyalik o'yinchilar borasida gapiradigan bo'lsam, yarim himoyachi Marko Putinchanin oilaviy sabablar tufayli jamoamizni tark etdi. Natijada u bilan tuzilgan shartnoma ikki tomonlama kelishuv asosida bekor qilindi. Himoyachi Nikola Tasich esa jiddiy jarohat oldi.

U bir oy muddat hattoki, mashg'ulotlarda ham qatnasha olmaydi. Sog'ligi so'roq ostida. Slavisha Stoyanovich esa “Paxtakor” bilan o'yinda jarohat olganligi bois, O'zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasidagi bahslarda maydonga tusholmadi va jarohatini davolatdi. Ayni paytda esa umumiy guruhda shug'ullangan holda, Zabihillo O'rinboev bilan asosiy tarkibdan joy olish uchun raqobatlashmoqda.

Mazkur futbolchilarning ishonchni oqlayotgan yoki yo'qligi bu endi boshqa masala.

Rossiyalik yarim himoyachi Ivan Solovyov esa doimo boshlang'ich tarkibdan joy olib, gollar urmoqda hamda uning o'yini meni qoniqtirmoqda. SHu bois, Ivan legioner nomiga mos ravishda to'p suryapti, deyish mumkin.




– Yozgi transfer “oynasi”da jamoani kuchaytirish rejangizdan o'rin olganmi?


- Har bir murabbiy o'zi boshqarayotgan jamoani kuchaytirishni xohlaydi va men ham bundan mustasno emasman, albatta. Ammo bu jarayon klubning moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, amalga oshiriladi hamda o'z ichiga ko'plab, yani, nomzod futbolchilarni saralash, ularni ko'rikdan o'tkazish, kelishuvga erishish, shartnoma imzolash kabi jarayonlarni o'z ichiga oladi. SHu bois, biz - yani, jamoa murabbiylar shtabi asosiy etiborimizni zaxira futbolchilari, yani, “Navbahor”ning farm, U-21, U-18 jamoalaridagi yoshlarga qaratganmiz, ichki imkoniyatlardan maksimal ravishda foydalanishga harakat qilamiz.

Takidlash joizki, mazkur jamoalar futbolchilari asosiy tarkib mashg'ulotlarida ishtirok etishmoqda.

Aytish lozimki, ayni paytda farm jamoamiz qatnashayotgan Birinchi liga, shuningdek, U-18 Birinchiliklari davom etmoqda. Biz mazkur chempionatlar oralig'idagi tanaffuslar vaqtida ushbu jamoalar o'yinchilarini asosiy tarkib mashg'ulotlariga jalb etyapmiz.

Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi bo'lib o'tgan o'rtoqlik bahsida ham U-21 yoshlar jamoasining ayrim futbolchilari maydonga tushishdi.

Ulardan eng iqtidorlilari keyinchalik “Navbahor”ning asosiy tarkibidan o'rin olgan holda, boshlang'ich tarkibda yoki zaxiradan maydonga tushishadi. SHu paytgacha qaerda ishlagan bo'lsam, albatta, ichki imkoniyatdan foydalanish, etiborimni iqtidorli futbolchilarga qaratishga intilganman. Keyin esa O'zbekistondagi eng yaxshi futbolchilarga etibor qaratamiz.

O'zingizga malum, muxlislar “Navbahor”dan tajovuzkor hamda hujumkor futbol kutgan holda, jamoaning g'alaba qozonishi va turnir jadvalining yuqori pog'onasida yurishini istashadi. Albatta, biz ham jamoa tarkibidan shunday futbolchilar o'rin olishini istaymiz. Bazan raqib himoyalanishga majbur qiladigan o'yinlar ham bo'ladi. Ammo “lochinlar” ananaga ko'ra, tajovuzga asoslangan, hujumkor o'yin namoyish etishadi.

– Xabaringiz bor, shu oyda Vadim Abramov boshqarayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistonida markazlashgan holda o'tkaziladigan JCH-2022 va OK-2023 qo'shma saralash bahslarida qatnashadi. Bosh jamoamizning mazkur musobaqadagi imkoniyatini qanday baholaysiz?


- Milliy terma jamoamizning Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadigan turnirdagi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi kechadigan o'yinlardagi imkoniyatlari borasida to'xtaladigan bo'lsam, ushbu jamoalarni mag'lubiyatga uchratsa bo'ladi. Hal qiluvchi o'yin esa albatta, musobaqa mezboni saudiyaliklarga qarshi kechadi. Mazkur bahsda esa jamoalarning imkoniyati 50/50. Toshkentda saudiyaliklar bilan bo'lgan bahsda ikki marta hisobda oldinda bora turib, yakunda 2:3 hisobida mag'lubiyatga uchraganmiz. Umid qilamanki, terma jamoa murabbiylar shtabi bundan xulosa chiqargan. Ayni paytda bosh jamoamizda tajribali va yosh futbolchilar uyg'unligi asosida ajoyib tarkib yuzaga kelgan. Mazkur tarkibimiz esa Saudiya Arabistonidagi musobaqada yaxshi ishtirok etib, keyingi bosqich masalasini ijobiy tarzda hal etadi, degan umiddaman. Hozirgi terma jamoamiz ko'p narsalarga qodir.

– 11 iyun kuni Evro – 2020 turniri start oladi. Ushbu musobaqada qaysi terma jamoaga muxlislik qilasiz?

- Umuman olganda, bizga sobiq ittifoq, yani, Rossiya va Ukraina terma jamoalari yaqin. SHu bois, bo'lajak Evropa chempionatida mazkur terma jamoalarga muxlislik qilaman. Ushbu jamoalar o'z ananasiga ega va ularning ushbu turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qolaman.

Takidlash joizki, ko'proq Ukraina futbolini yoqtiraman. Bunga esa mazkur mamlakatdan ko'plab mahoratli futbolchilar, Oleg Bloxindan tortib, Igor Belanov, Andrey SHevchenkogacha bo'lgan “Oltin to'p” sohiblari etishib chiqishgani ham sabab bo'lgan. Imkoniyat darajasida Ukraina chempionatini kuzataman. Ayni paytda ham u erda mahoratli futbolchilar ko'pchilikni tashkil etadi.

– Evro - 2020 turnirida murabbiylarning o'yin uslublarini ham kuzatsangiz kerak?


– Albatta, imkoniyat darajasida kuzataman. Masalan, Rossiya termasi himoyada ko'proq 3 nafar, ayrim paytlarda esa 4 nafar futbolchi bilan harakat qiladi, yani o'yin uslubini o'zgartirib turadi. Ukraina termasi tarkibidan esa ko'plab mahoratli, shu jumladan, Italiya, Germaniya va Avstriya chempionatlarida to'p surayotgan futbolchilar o'rin olishgan. Mazkur o'yinchilar esa o'z klublarining etakchilari sanalishadi. SHu bois, Ukraina termasining Evropa chempionatidagi o'yinlarini kuzatish qiziqarli bo'ladi.

– Sizningcha, Evropa chempionatida qaysi terma jamoa chempion bo'ladi?

- Bashorat qilishni yoqtirmayman. Menimcha, Evro-2020 da eng kuchli terma jamoa chempion bo'ladi (kuladi).

– Oldinlari qaysi murabbiylarning o'yin uslubini etibor bilan kuzatgansiz va ayni paytdagi mutaxassislardan kimning taktikasi sizga yoqadi?


- Har bir murabbiyning futbolga o'z qarashi bo'ladi. Taktika esa jamoada o'ynayotgan futbolchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, tuziladi.

Sobiq ittifoq davrida uch nafar buyuk murabbiy – Valeriy Lobanovskiy ustozligidagi Kievning “Dinamo”si, Konstantin Beskovning “Spartak”i va Nodar Axalkaci boshqargan Tbilisining “Dinamo”si o'zaro raqobatlashardi. Ushbu mutaxassislarning o'yin uslublari turlicha edi. Ammo menga masalan, bizga ko'proq yaqin bo'lgan Tbilisining “Dinamo” jamoasi taktikasi yoqardi. Mazkur klub tarkibidan texnik salohiyati yuqori bo'lgan futbolchilar o'rin olishgan, ular intizom, jamoaviy o'yin va yuqori mahorat evaziga 1981 yili Evropa Kubok egalari kubogi turniri g'olibiga aylanishgandi.

Valeriy Lobanovskiy haqida to'xtaladigan bo'lsam, uning ish metodikasiga ko'ra, futbolchilar mashg'ulotlarda qattiq shug'ullanishar, yuklamalarni ko'tara olmaganlar tarkibdan o'rin olisholmasdi.

Hozirgi futbol mutaxassislaridan esa Yurgen Klopp, Karlo Anchelotti ustozlik qilgan jamoalarning o'yin uslubi, shuningdek, bir paytlari Xosep Gvardiola boshqargan “Bavariya”ning taktikasi yoqardi. Qatarda Gvardiola shug'ullantirgan myunxenliklarning mashg'ulotlarini kuzatganman. SHuningdek, Sergey Semakning o'yin uslubi yoqadi. Garchi “Zenit” bu yil ECHLda munosib ishtirok etolmagan bo'lsada, Rossiyada ko'p yillardan buyon etakchilikni qo'ldan boy bermay kelyapti.

– Joriy mavsum arafasida “Navbahor”ning oldiga sovrindorlar safidan o'rin olish vazifasi qo'yilgandi. Sizningcha, jamoada ushbu maqsadni amalga oshirish imkoniyati bormi?


- Albatta, bor va bu imkoniyat yuqori. “Paxtakor”ni hisobga olmasa, qolgan jamoalar bilan ochkolar orasidagi farq unchalik katta emas. Ikkita o'yinda zafar quchsak, turnir jadvalida ancha yuqoriga ko'tarilib olamiz.

Tarkib va o'yin borasida “Navbahor” dastlabki uchlikda borayotgan jamoalardan aslo qolishmaydi. Faqatgina buning uchun qattiq mehnat qilish, jamoaga ishonish, barchasini professional holda, yo'lga qo'yish lozim. SHunda ijobiy natijaga erishish mumkin. Bir so'z bilan aytganda, sovrindorlar safidan o'rin olish uchun oxirigacha kurash olib boramiz.

Bundan tashqari, O'zbekiston kubogi musobaqasida ham muvaffaqiyatli qatnashishga intilamiz. Mazkur turnirda ayni paytda 16 ta jamoa qoldi va buyog'iga finalga qadar qisqa yo'l bosib o'tiladi, yani, yutqazgan jamoa kurashdan chiqadi. Bu esa har bir o'yinning keskin hamda murosasiz kurashlar ostida o'tishini taminlaydi. Ushbu musobaqada zafar quchishga harakat qilamiz.

Fursatdan foydalanib, jamoamizga qulay sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyat hokimi SHavkat SHokirjanovich Abdurazzoqov, “Navbahor” PFK prezidenti Otabek Arifovich Samatovga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Umid qilamanki, ushbu sharoitlarga yarasha “Navbahor” mavsum yakunida sovrindorlar safidan joy oladi.




– Muxlislarga tilaklaringiz...

– Albatta, “Navbahor” ishqibozlari jamoa g'alabalaridan quvonishadi, mag'lubiyatlaridan qayg'urishadi, bir so'z bilan aytganda, jamoa uchun jon kuydirishadi. Ammo ayrim muxlislar oldingi futbolchilar unday dedi, bunday edi, deyishadi. Endi avvalgi o'yinchilar yo'q va ular maydonga tushib, to'p tepa olishmaydi. SHunday ekan, jamoaning hozirgi tarkibidan joy olgan futbolchilar ham chiroyli o'yinlar namoyish etish, g'alaba qozonish uchun qo'llaridan kelganicha harakat qilishmoqda. SHuning uchun “Navbahor” ishqibozlaridan mazkur yigitlarni munosib tarzda qo'llab-quvvatlab, g'alabalar sari ruhlantirishlarini so'rayman. Jamoamiz azolari muxlislarga quvonch ulashish uchun qo'ldan kelganicha harakat qilishadi. Baxtimizga muxlislar doimo sog'-salomat bo'lishsin.


Bizning malumot
Viktor Romanovich Jalilov
– 1952 yili Namangan viloyatining CHust shahrida tug'ilgan. Toshkentdagi sport internati, Jismoniy tarbiya va sport institutini tamomlagan.
Futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor” (Toshkent, o'rinbosarlar,
1970-1974 yillar ), “Tekstilshik” (Namangan, 1975 – 1977 yillar), “CHust” (1978-1983 yillar) jamoalarida o'ynagan.
Murabbiylik faoliyatini 1984 yilda Xalqobodning “Sohibkor” jamoasida boshlagan. 1986 yildan 1992 yilgacha German Titov nomidagi sport internati (hozirgi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji)da murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.
SHuningdek, murabbiy sifatida va turli lavozimlarda quyidagi jamoalarda faoliyat yuritgan: “Politotdel” (Toshkent viloyati, 1993- 1994 yillar), “Navbahor” (Namangan, 1995 – 2000, 2003-2004, 2010 yillar), “Paxtakor” (Toshkent, 2001 – 2002 yillar, 2007-2009, 2012-2015 yillar), “Mashal” (Muborak, 2005-2006 yillar), “Dinamo” (Samarqand, 2011 yil), O'zbekiston olimpiya terma jamoasi (2015 yil), O'zbekiston milliy terma jamoasi (2015-2017 yillar), “Spartak” (Yurmala, Latviya, 2018 yil), “Lokomotiv” (Toshkent, 2019 yil).
2021 yildan “Navbahor”da.
Oilali, 2 farzandning otasi.


“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика