So’nggi yangiliklar

12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  3 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  1 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  5 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  4 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  6 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  17

Intervyu. SHinji Kagava: “Klopp bilan xayrlashganda ko'z yoshlarimni tiya olmadim” Yangiliklar

Intervyu. SHinji Kagava: “Klopp bilan xayrlashganda ko'z yoshlarimni tiya olmadim”

2 mavsumni “MYU”da o'tkazgan SHinji Kagava bir yil avval “Borussiya”ga qaytgandi.

Joriy mavsumda yaponiyalik futbolchi yaxshi holatiga kirib oldi va ko'pchilik Angliyaga ko'chib olishdan avvalgi Kagava qaytganini takidlay boshladi. “Spoks” nashri muxbirlari bilan suhbatda SHinji yangi murabbiy qo'l ostidagi o'zgarishlar, Aleks Fergyuson va Yurgen Klopp haqida fikrlarini bildirib o'tdi.

- Hozir siz istiqomat qilayotgan uy xo'jayini haqida qanday fikrdasiz? Dortmundga qaytgach, “Borussiya”ning sobiq futbolchisi Muhammad Zidan yashagan uyni ijaraga oldingiz.
- Faqat ijobiy narsalarni aytishim mumkin. Hozir uning uyini ijaraga olganman. Uy juda qulay va shinam qurilgan. Uyga ko'chib kelganimda u meni juda yaxshi va mehribon bo'lgan qo'shnilar bilan tanishtirgandi. Yordam zarur bo'lganda ular menga doim ko'mak berishadi.

- Angliyaga ko'chib o'tguningizga qadar Ilkay Gyundogan va Ivan Perishich bilan bir uyda yashagansiz. SHundaymi?
- Ha, ajoyib bo'lgandi. Ayniqsa men uchun. Germaniyada birinchi marta bo'lib, hech narsani bilmasdim. Tilni tushunmasdim va menga yordam zarur edi. Hozir vaqtimni ko'proq uyda yolg'iz holda o'tkazaman. Kamdan-kam biror erga chiqaman. Jamoadoshlarim bilan kafega ovqatlanish uchun ham kam tashrif buyuraman.



- Nega?
- SHundoq ham har kuni birga mashg'ulot bazasida nonushta va tushlik qilamiz. SHu sababli uyda kechki ovqat tanovul qilishni afzal bilaman. Mashg'ulot tugagach, uyga ketaman. CHunki yaxshi dam olib, keyingi o'yingacha kuch tiklash muhim. Men haqiqiy uyda o'tiruvchiga aylandim.

- Ilgari boshqacha bo'lganmidi?
- Ha. Tomas Tuxel boshchiligida bizda ko'p narsalar o'zgardi. Ovqatlanish, uyqu va kuchni tiklash borasida. Murabbiy birinchi kundanoq bu ishga munosabatini tushuntirdi. Tayyorgarlikning bu jihatidagi o'zgarishlar futbolchilarga ijobiy tasir qildi. O'tgan yil bilan solishtirganda ko'p narsa o'zgarmadi, lekin shunday kichik narsalar o'zgarganda ham ular voqealarning umumiy rivojiga katta tasir etishi mumkin. Mavsumda ko'p uchrashuvlar o'tkazamiz. SHuning uchun bo'sh vaqtdan unumli foydalanishimiz lozim.

- “Borussiya”ga qaytganingizda yaxshi holatda bo'lmaganingiz tufayli muammoga duch keldingiz. Yaxshi holatni tiklash uchun nimanidir o'zgartirishga to'g'ri kelishini sezganmidingiz?
- Albatta! Avvalgi saviyaga qaytish uchun o'z ustimda jiddiy mehnat qilishim lozimligini juda yaxshi tushunardim. Mashq qilib, o'yinlar o'tkazishim kerakligi, keyin dam olib, kuchni tiklashim lozimligini bilardim. Murabbiy maslahati tufayli men oldingilardan farq qiluvchi shaxsiy suratimni topdim. Buni uddalay olganimdan xursandman. Uni saqlab qolishga intilaman. Lekin yana harakat qilishim zarurligini yaxshi tushunaman. Rivojlanish – doimiy jarayon.

- Yaxshiroq uxlash va o'yinlardan keyin tezroq tiklanish uchun ortopedik krovatni xarid qilganingiz rostmi?
- Yaxshiroq va tezroq tiklanish uchun bazi narsalarni sotib olganim rost. Yaxshi dam olish yaxshi o'yin kafolati ekanligiga ishonaman. Menda kichik fitnes burchagi bor. Vaqti-vaqti bilan velotrenajyorda shug'ullanman. Tomas Tuxel hordiq chiqarish va kuchni tiklash masalasiga alohida etibor qaratadi. U doimo bizga aniq ko'rsatma va maslahatlar beradi.



- Jamoa Tuxelning yangi uslubini xursand va faollik bilan qabul qilgandek ko'rinadi. Aslida ham shundaymi?
- Ha. Bizga murabbiyning yangicha qarashlari juda yoqadi. Har bir o'yinga etarlicha tayyorlanamiz va uyushqoq holda ishlaymiz. Mashg'ulot chog'ida jamoadagi kayfiyat juda yoqimli. Buning uchun murabbiydan minnatdor bo'lishimiz lozim. Aynan shunday muhit tufayli biz yana o'zimizga ishondik va ko'p o'yinlarni yutishni uddaladik.

- “Borussiya” bundesligada ikkinchi o'ringa joylashib oldi. Raqobatchilardan farq 9 ochkoni tashkil qilmoqda. Birinchi davrani qanday baholaysiz?
- Yaxshi. Menimcha, tomoshabop futbol o'ynayapmiz. Kelasi mavsum CHempionlar ligasida o'ynashni istaymiz. Bu biz uchun birinchi maqsad sanaladi. Bir necha uchrashuvlarda “Borussiya”ning nimalarga qodir ekanligini ko'rsatib berdik. Volfsburgda g'alaba qozonish biz uchun juda muhim edi. Lekin “Bavariya” bizni hozircha ortda qoldirmoqda. Ularda juda kuchli tarkib bor va mavsumni ishonchli o'tkazishmoqda. Ikkinchi o'rindagi jamoa hamisha yuqoriga boqadi. Biroq biz ortga nazar tashlab, farqni saqlab qolish uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilish va uni orttirishga urinishimiz kerak. Albatta, mavsum mobaynida birinchi pog'onaga ko'tarilish uchun imkoniyat yuzaga kelsa, undan unumli foydalanishimiz shart.

- Ushbu mavsumda 24 o'yinda 8 gol urib, 8 marta golli pas berdingiz. Ko'pchilik “eski” Kagava qaytgani haqida gapirdi. O'z o'yiningizdan qanchalik qoniqyapsiz?
- “Gamburg” va “SHtutgart” bilan bellashuvlarda o'yinimdan qoniqmadim. Bu sababli tashvishga tushdim. O'z o'yinim va statistikamga tanqidiy munosabatda bo'laman. Kam gol urib, kam golli pas oshirdim deb hisoblayman. Har bir uchrashuvda urilgan gollarda ishtirok etish uchun yaxshiroq o'ynash va buni barqaror amalga oshirishni xohlayman. Bu maqsad katta chaqiruvdir. Men katta maqsadliman va yaxshiroq o'ynash uchun borimni beraman. Hozir o'yinimdan qoniqyapman deb aytolmayman.

- “Borussiya”ga qaytgandan keyin yuzaga kelgan qiyinchiliklarni engib o'tish juda qiyin bo'lgandir? Hamma sizni yana chempionlik mavsumlarida bo'lganidek o'ynashingizni kutgandi.
- Mendan rostdan ham ko'p narsa kutishgandi. Muxlislar va OAV xodimlari jamoa o'yiniga ijobiy tasir etishimni o'ylashgandi. Bu ishonchlarni oqlay olmaganimdan afsusdaman. Men tomonga tanqid to'g'ri bo'lgandi. “Borussiya”dek klubda o'ynar ekansan, seni tanqid qilishlari hayratlanarli emas.Ayniqsa, yuqori darajada o'ynamasang. Futbolda natija ahamiyatga ega. Ijobiy natijaga erishsang, seni olqishlashadi. Biror narsa o'xshamasa, tanqid qilishadi. O'zimni bosim ostiga qo'ymaslikka intilaman. O'tgan mavsumdagi etishmovchiliklardan tezroq qutulishga urinaman.

- Avvalgi Kagavani ko'ramizmi?
- Avvalgi va yangi Kagava yo'q. O'yinchi yuqori saviyada o'ynaganda hamma u yana shunday darajada o'ynay olishiga umid qiladi. Meni “Borussiya”dagi ikki muvaffaqiyatli mavsumim tufayli yodda saqlab qolishlarini xohlamayman. Avvalgi saviyada o'ynay olishim eng muhim narsa sanalmaydi.



- Siz uchun eng muhim narsa nima?
- Tomas Tuxel qo'l ostida hujumning turli poziciyalarida muvaffaqiyatli va ishonchli o'ynashni o'rganishim zarur. Ko'p narsalar men uchun yangi hisoblanadi. 4-3-3 sxemasi mashhurlashib bormoqda. Jamoalar hozir klassik pleymeykerlarsiz ko'proq o'ynashmoqda. Yangi rolim juda masuliyatli hisoblanadi, lekin bu poziciyada o'ynash menga yoqadi.

- “MYU”da asosiy tarkibga o'rnashi nasib qilmadi. Ko'proq zaxira o'rindig'ida o'tirdingiz. U erda o'tkazilgan ikki yil sizga nimalarni o'rgatdi?
- Birinchi navbatda ishonib bo'lmas darajada bosimda yuqori saviyada o'ynash uchun nima qilish kerakligini tushundim.

- Va bu nima ekan?
- Yuqori darajada futbol o'ynash va ijobiy natijaga erishish uchun ajoyib individual mahorat va o'z kuching hamda iqtidoringga bo'lgan ishonch zarur. Agar futbolchiga darhol xarakterini ko'rsatish nasib etmasa, u darhol zaxira o'rindig'idan joy oladi yoki sotib yuboriladi. Bu oson emas, lekin kimning nimaga qodir ekanligi tezda malum bo'ladi. “MYU”ning etakchi futbolchilari bilan raqobatda bo'lish va o'ynash uchun mendek kichik jussali o'yinchi ikki baravar ko'proq mashq qilishi lozim. Yana har kuni o'sib borishga ishonchini ko'rsatishi kerak. Boshqa yo'l yo'q.

- Aleks Fergyuson haqida nima deysiz? Sizning jamoadagi birinchi mavsumingiz uning klubdagi so'nggi yiliga to'g'ri kelgandi.
- Mashg'ulotlarni yordamchilari o'tkazishardi. U jamoa bilan o'yinga bir kun qolganda ishlardi. Uning inglizcha gapirishini tushunish bizga qanday qiyin bo'lganini eslayman. Uning qo'l ostida bir mavsum o'tkazganim men uchun katta hodisa. U ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritgan va afsonaviy murabbiy hisoblanadi.

- U jamoa bilan baland ovozda va hissiyot bilan gaplasharmidi?
- Ha. U etakchi o'yinchilar doirasida turib, qizargan yuzi bilan ularga baland ovozda qichqira olardi.

- Hech kim unga etibroz bildirmasmidi?
- Har qanday holatda yo'q. Runi, Giggz, Skoulz, Ferdinand kabi futbolchilardan hech biri unga qarshi gapira olmasdi. Ular o'zlarini bosib turishardi va hech kim murabbiyga biror so'z gapirmasdi. CHunki barcha uni juda hurmat qilardi. Fergyuson aslida juda qattiqqo'l murabbiy. SHu sababli u yuqori saviyadagi o'yinchilarni tarbiyaladi va ularga boshchilik qildi.



- “MYU” Dortmunddagidek yuqori saviyada o'ynay olmadingiz. Ikki yildan keyin “Borussiya”ga qaytdingiz. Ortga boqib, 2012 yil “Borussiya”ni tark etganingizdan afsuslanmaysizmi?
- Yo'q, hech qanday afsuslanish yo'q. “MYU”ga o'tib, to'g'ri qaror qabul qilgandim. U erda shunday narsalarni o'rgandimki, bularga bir klubda o'ynab ega chiqmasdim. “MYU”ning buyuk klub ekanligini, u jahondagi har qanday muxlisni qiziqtirishini tushunib etdim. Bunday klubda yaxshi o'ynasang, buni butun dunyo biladi. U erda o'tkazgan ikki yilim men uchun foydali bo'ldi.

- “MYU”ga o'tishingiz aniq bo'lganda siz xayrlashuv chog'ida Kloppni quchoqlab, uzoq muddat yig'lagan ekansiz. Rostdan shunday bo'lganmi?
- Ha. Transfer amalga oshirilganda u bilan uchrashdim. Unga “Borusiya”dagi ikki unutilmas mavsum uchun minnatdorchilik bildirishni xohlagandim. Yaponiya ikkinchi ligasini tark etganimdan keyin bolalikdan o'zim o'ynashni xohlagan klubda o'tgan ikki yil uchun. U men uchun juda xursand bo'lgandi. U meni quchoqlaganda shu haqida o'yladim. Va ko'z yoshlarimni tiya olmadim. Garchi, keyin menga noqulay bo'lsa-da.



- Klopp davrida sizga nima maqul kelardi?
- U hissiyotlarini yashirmasdi. Va bu uning faqat golni nishonlashida emas, balki jamoani ruhlantirishi, o'yinchilar bilan muloqot qilishi va shogirdlarini yoqtirishida ham aks etib turardi. U menga ishondi va Yaponiya ikkinchi ligasidan kelgan nomalum futbolchi bo'lsam ham o'ynashimga imkon berdi. Buni hech qachon unutmayman. Yutuqlarimiz va hissiyotli voqealar bilan biz tobora yaqinlashib bordik.

- 2014 yil Klopp sababli qaytishga qaror qildingizmi?
- Ha. Klopp – asosiy sabab. Uning qo'l ostida yana o'ynash imkoniyati hal qiluvchi omil bo'ldi. Lekin klub vakillari ham qaytishimga qiziqish bildirishgandi, buni takidlab o'tishim lozim. SHuning uchun qarorni ikkilanishsiz qabul qildim.

- Kloppning “Liverpul”dagi ishini kuzatib boryapsizmi?
- Ha. U “Liverpul”ni qanday o'zgartirishi men uchun qiziq. Hozirning o'zida jamoa o'yinida o'zgarish yuzaga keldi. Mavsumning qolgan qismini jamoa qanday o'tkazishi qiziq. “Liverpul” mvaffaqiyatli o'ynashni boshladi va bu uning ajoyib murabbiy ekanligini isbotlaydi. Umid qilamanki, Klopp katta muvaffaqiyatga erishadi.

Behzod NAZAROV tayyorladi.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика