Intervyu. Sergey CHigodaev: "Abduqodir balki o'zimizda qolganida hozirgi darajaga chiqmasdi"
17 jan 10:48
Yangiliklar
Intervyu. Sergey CHigodaev: "Abduqodir balki o'zimizda qolganida hozirgi darajaga chiqmasdi"
Ayni payt bu mavzu ham chetda, ham o'zimizda juda ko'p muhokama qilinayotganini yaxshi bilasiz.
Malumki, Abduqodir Husanov "Lans"ga yo'l olishidan oldin biroz muddat Belarusning "Energetik-BGU" klubida faoliyat yuritdi. SHu bois uni belaruslik jurnalistlar juda yaxshi bilishadi. Husanovning eng kuchli ligalardan biri APLga yo'l olishi Belarus futbolini yoritadigan hamkasblarimiz etiboridan chetda qolmadi. Ushbu futbolchi haqida ko'proq malumotga ega bo'lish maqsadida Football.by sayti xodimi Abduqodir Husanovning futboldagi ilk murabbiyi Sergey CHigodaev bilan bog'lanib, bir nechta savollarga javob oldi.
Malumki, Husanov aslida "Bunyodkor" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2011 yil Sergey CHigodaev qo'l ostida futboldagi ilk qadamlarini tashlagan. CHigodaev keyinchalik Toshkentning "Olimpik" klubida va O'zbekiston olimpiya terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib bordi. Ayni payt 37 yoshli ushbu mutaxaassis O'zbekiston U-16 terma jamoasini boshqarib kelmoqda.
Intervyu avvalida Sergey CHigodaev yosh Abduqodir bilan qanday tanishganini eslab o'tdi:
- Men "Bunyodkor" futbol akademiyasida 2002 yilda tug'ilgan futbolchilarni shug'ullantirardim. Ular bilan o'n yil birga ishladim. Abduqodir ilk bor kelganida chamasi 7-8 yosh edi. U 2004 yil tug'ilgan bo'lsa-da, undagi istedodni payqab shu zahoti o'zidan ikki yosh kattalar guruhiga oldik. U bilan 3-4 yil birga ishladik va keyin Abduqodir 2003 yillar guruhiga yo'l oldi. Bundan maqsad, bu paytga kelib biz yoshi katta futbolchilar blan o'ynashni boshlagandik, bunday o'yinlarda Husanov jarohat olib qo'ymasin degan niyatda uni 2003 yillar guruhiga yuborganimiz to'g'ri bo'lgan deb o'ylayman.
- U bolaligida qanday bo'lgan?
- Abduqodir - tug'ma istedod egasi. U bolaligidayoq tezkorligi bilan ajralib turardi. U hozirgidek gavdali emasdi, aksincha jussasi kichik edi. Va juda kamtarin edi. Hech qachon ovozini balandlatib gapirganini eshitmaganman. Bundan tashqari hech qachon suhbatni o'zi boshlamasdi, savol bersang javob beradi, bo'lmasa yo'q. Lekin maydonga tushganida o'zgarardi-qolardi, hech kimdan qo'rqmasdi, o'zidan kattalardan ham hayiqmasdi. U katta guruhdagi bolalarga qarshi tengma-teng o'ynay olardi. SHu orqali tarbiya va xarakter shakllanib bordi. Uning asosiy xususiyatlari - xotirjamlik, tarbiya va mehnat. Buning uchun ota-onasiga alohida rahmat aytish kerak. Uning otasi Hikmat Hoshimov ham o'z vaqtida professional futbolchi bo'lgan, shu bois o'g'lining kelajakda futbolchi bo'lishini astoydil xohlagan. Udoim o'g'lining yonida turdi, mashg'ulotlarini kuzatdi, o'yinlarini tomosha qildi va kerakli maslahatlarni berdi.
- Abduqodirga bobosining ismini yoki familiyasini bergan deyishadi. SHu rostmi?
- O'zbekistonda shunday odat bor. Farzand tug'ilsa, ko'pchilik otasining ismi yo familiyasini beradi. O'sha ismni saqlab qolish va davom ettirish uchun. SHuning uchun ham Abduqodirning familiyasi otasiniki bilan bir xil emasligiga ajablanmang. Bu odat o'zbeklarda asrlardan beri davom etib kelmoqda.
- O'z paytida Rivaldo va boshqa yulduzlar "Bunyodkor"ga kelganini bilamiz. Demak, klubda sharoit har doim zo'r bo'lgan ekan-da.
- Rivaldo kelib ketganiga ancha bo'ldi. Lekin to'g'ri aytdingiz, "Bunyodkor"da doim sharoit yaxshi bo'lgan va akademiya ham rahbariyat etiborida bo'lgan. Qolaversa ko'p narsa murabbiylarning salohiyatiga bog'liq. Balki ilgari mashhur murabbiylar ishlagandir, lekin hozirgilar ham chakki emas.
- Abduqodirning yoshlik paytida uni kelajakda katta faoliyat kutayotganini sezish mumkinmidi?
- Unda iqtidor borligi malum edi. Aslini olganda juda ko'p bolalar iqtidorli bo'ladi, faqat hamma gap shu iqtidorni ushlab qolishda. Va bu o'rinda to'g'ri yo'nalish ham juda muhim. Tan olish kerak, uning Belarus klubiga yo'l olishi oldinga tashlangan katta qadam bo'ldi. Abduqodir u erda ham iqtidor, ham jismoniy tomondan shakllandi. Balki O'zbekistonda qolganida hozirgidek jismonan kuchli bo'lmasdi. Men uni o'zimizda kuchsiz edi demoqchi emasman, faqat chetga ketgach tez o'sdi. CHunki uning iqtidori va salohiyatida ustida yaxshi ishlashdi.
- Futbolchining 17 yoshda Belarusga ketishiga qanday munosabatda bo'ldingiz?
- Masalan men ijobiy. CHunki imkoniyat tug'ildimi, foydalanib qolish kerak. Aslini olganda ko'plab futbolchilarning boshqa chet davlatlarga ketishi tarafdoriman. Lekin shu o'rinda qaerga borish ham juda muhim. "Energetik-BGU"da ishlab kelayotgan Anatoliy Yurevich qo'l ostida ko'pchilik yoshlar porlaydi. U kishi juda kuchli murabbiy. Aynan Yurevich Abduqodirni haqiqiy erkaklar futboliga yo'naltira oldi deb o'ylayman.
Men uning Minskdagi faoliyatini muntazam kuzatib borishga harakat qildim, chunki u payt O'zbekiston olimpiya terma jamoasida Timur Kapadzega yordamchi edim va o'z vazifamdan kelib chiqib barcha nomzodlarni kuzatib borardim. U erda Mixail Eremchuk ishlaganidan foydalanib u orqali Abduqodir haqida malumot olib turardik. Husanov saralash bosqichidan toki Parij olimpiadasida ham biz bilan birga bo'ldi. U Evropaga ketgach chin manoda o'sdi. Ayniqsa 18 yoshdan keyin birdaniga o'zgarib ketdi. Men "Energetik-BGU"da futbolchilarga qanaqa og'ir yuklamalar berilishini juda yaxshi bilaman. Bu futbolchining qo'liga shtangani tutqazib, bor ishla degani emas. U erda futbolchilar dastur bo'yicha ishlashadi. Abduqodirga ham o'z paytida berilgan og'ir yuklamalar mana endi naf keltiryapti.
- Uning kamtarin Belarus chempionatidan kuchli Franciya ligasiga yo'l olishi sizni qanchalik hayron qoldirdi?
- Abduqodir "Energetik-BGU"da ajoyib mavsumni o'tkazdi. U tez o'sgani bois bu jamoada ko'p qolmasligi malum edi. O'zim ham qachondir kuchli chempionatga o'tsa kerak deb o'ylardim. To'g'risi, birdaniga Franciyaga boradi deb o'ylamaganman, ko'roq Rossiyaga yoki boshqa joyga yo'l olsa kerak deb taxmin qilgandim. U "Lans"ga o'tdimi, demak shunga haqli bo'lgan va bu o'rinda uning agenti ham juda yaxshi ish olib borgan.
- U "Lans"ga borishidan oldin siz bilan maslahatlashdimi?
- Bir narsani unutmang, uning otasi o'z paytida futbolchi bo'lgan va futboldagi hamma narsani juda yaxshi biladi. SHu bois Abduqodir kelajagini otasi va agenti bilan hal qiladi deb o'ylayman. Husanov qachonki Toshkentga kelsa u bilan gaplashamiz. Otasi bilan esa tez-tez ko'rishib turamiz, hozir birgalikda Pro lizenciyasiga o'qiyapmiz. Bir narsani aytishim kerak, Abduqodir hozir ham xuddi 10-12 yoshidagidek oddiy va kamtarin. Uni hech nima o'zgartirmadi.
- Hatto "Manchester Siti"dek buyuk jamoaga o'tish ham uni o'zgartirmaydimi?
- Menimcha yo'q. U tarbiyali bola. Albatta, bu klubga o'tish futbolchiga yuqori motivaciya beradi. Husanovni Angliyada nima kutyapti? Birinchi navbatda yangi muhit va katta raqobat. Balki raqobatni uning o'zi yuzaga keltirar. "Siti"da yaxshi himoyachilar ko'pligini bilamiz, lekin Abduqodirning salohiyatidan kelib chiqsak, u bemalol o'ynab keta oladi deb o'ylayman. Uni birdaniga qo'lga kiritishmadi, avval boshdan yaxshilab o'rganib chiqishgan va tinmay kuzatishgan. Hozir "Siti"da jarohat olgan o'yinchilar ko'p, bu ham Abduqodirning foydasiga ishlaydi. Husanov Evropada tajriba orttirib ulgurdi, CHempionlar ligasida o'ynadi va uni Angliyada ham katta kelajak kutmoqda.
- Aynan Husanov hozirgi paytda O'zbekistonning eng asosiy futbolchisi deb ayta olasizmi?
- To'g'ri, u ayni paytda eng ko'p tilga olinayotgan futbolchilardan biri. Qolaversa, uning "Manchester Siti"ga o'tishi etiborni yanayam oshirdi. Bu O'zbekiston uchun ham yaxshi. Buyog'iga yana ko'pchilik bizning futbolni, chempionatimizni va terma jamoalarimizni kuzatadi.
- Husanovning ortidan ketishi mumkin bo'lgan yana qaysi futbolchilar bor?
- Bizda iqtidorli o'yinchilar ko'p. Hozir O'zbekiston U-20 terma jamoasida bir nechta yaxshi o'yinchilar harakat qilyapti. Masalan, Muhammadali O'rinboevni olaylik. U "Brentford" yoshlari safida o'ynab keldi. Hozir esa "Paxtakor"da faoliyatini davom ettirmoqda.
X.Xoliqov tayyorladi.
Fikrlar