So’nggi yangiliklar

20:00Ямаль "Сельта"га қарши ўйнамайди  0 19:42Франция футбол Федерация ПСЖнинг "Мбаппе иши" бўйича апелляциясини рад этди  0 19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  1 19:20Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 1:3 (матнли трансляция)  5 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  43 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16

Intervyu. Ravshan Haydarov: "Meni tanqid qilganlarga aytadigan gapim yo'q, hamma o'z ishini qilgani maqul" (+VIDEO) Yangiliklar

Intervyu. Ravshan Haydarov: "Meni tanqid qilganlarga aytadigan gapim yo'q, hamma o'z ishini qilgani maqul" (+VIDEO)

Xitoyda bo'lib U-23 Osiyo chempionatida ishtirok etgan O'zbekiston terma jamoasi yakunda g'oliblikni qo'lga kiritdi. Vakillarimiz musobaqaning hal qiluvchi bahsida Vetnamni 2:1 hisobida mag'lub etishdi.

Terma jamoamiz Toshkentga qaytib kelgach, Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda futbolchilarimiz tantanali ravishda kutib olindi. Aytish mumkinki, ushbu muvaffaqiyatda bosh murabbiy Ravshan Haydarovning hissasi katta. SHu bois jamoa ustozini saytimiz ofisiga taklif etib, bir qator savollarga javob oldik. 

- Ravshan Akmalovich, avvalambor saytimiz xodimlari nomidan yana bir bor chempionlik bilan tabriklaymiz. Ayting-chi, U-23 Osiyo chempionatida O'zbekiston terma jamoasining chempion bo'lishini kutganmidingiz?
- Tabrik uchun rahmat. Endi savolga keladigan bo'lsak, men bu futbolchilarni ancha paytdan beri bilganim uchun musobaqa oldidan yuqori natijalarga umid qilgandik. Lekin finalga chiqamiz, chempion bo'lamiz deb hech kim yuz foiz aytib berolmasdi. Bu o'ziga yarasha kuchli jamoalarni bir joyga jamlagan turnir hisoblanadi. Musobaqaga hamma yaxshi maqsadlarni qo'ygan holda tashrif buyurgandi. Yakunda esa g'oliblik bizga nasib etdi va bundan hammamiz xursandmiz.

- Final o'yinida hakamning oxirgi hushtagi chalinganidan so'ng sizni qanday hissiyotlar chulg'ab oldi?
- Katta musobaqalarda g'olib bo'lar ekansan, bir zumga o'zingni yo'qotib qo'yasan. Keyin esa yoqimli hissiyotlar egallab oladi. CHempionlik muxlislarga, umuman O'zbekiston xalqiga katta xursandchilik olib kelishini bilardik. Lekin Toshkent xalqaro aeroportida bu darajada kutib olishadi deb o'ylamagandik. Faqat yurtimizga qaytib kelgandan so'ng bildik, naqadar katta ishni amalga oshirganimizni. 

- Final bahsi sizni qanchalik asabiylashtirdi? Aytaylik, maydonning qor bilan qoplanishi, ikkinchi taym boshlanishi ancha cho'zilib ketgani. Bu kabi holatlar murabbiy asabiylashishiga olib keladimi?
- Ob-havo sharoiti asabiylashtirgani yo'q. Faqat bir narsadan xavotirda edim, o'yinni boshqa kunga qoldirishmasa bo'ldi. CHunki biz yarim finaldagi yutuqdan keyin final kunigacha bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko'rgandik. Agar o'yin qoldirilganida bu narsa bizning rejalarimizga tasir qilishi mumkin edi. Lekin boshqa tomonlama xavotir bo'lmadi. Biz hamma vaziyatni hisobga olgandik, 120 daqiqa o'ynash, kerak bo'lsa penaltilar seriyasini ham hisobga olib qo'ygandik. 

Birinchi taym yakuniga etganidan so'ng OFK vakillari oldimizga kelib o'yinni qoldiramizmi, Vetnam bunga rozi, sizlar-chi deb so'rashdi. Biz esa shu zahoti yo'q deb turib oldik. SHundan keyin mayli, o'yin davom etadi, lekin boshqa forma kiyasizlar deyishdi. Natijada o'yinning qolgan qismini ko'k formada o'tkazdik. 50 daqiqacha maydonni qordan tozalashga ketdi, bu biz uchun ham, raqib uchun ham yangicha holat bo'ldi. 

Men nima uchun o'yin davom etishidan umidvor edim? CHunki uchrashuvning borishiga qarab ustunlik biz tomonda ekanini bilib turgandik. To'g'ri, jarima zarbasidan gol o'tkazib yubordik, biroq o'yin baribir biz tomonda edi va o'tkazib yuborilgan gol ham xavotir solmagandi.



- Jamoa penaltilar seriyasiga tayyormidi?
- Tayyor edik. Yaxshi bilasiz, Vetnam jamoasi oxirgi ikkita o'yinni penlatilar seriyasida o'z foydasiga hal etib, finalgacha etib kelgandi. SHu bois biz bir kun oldingi mashg'ulotda penaltilar ustida alohida ishladik. Men hatto penalti tepadigan boshlang'ich besh nafar futbolchimiz nomini yozib olgandim. SHuningdek, uchala darvozabonimiz ham tayyor edi. Lekin har qanday holatda ham penalti bu lotereya ekanini unutmaylik.

- Jamoamizning chempion bo'lishiga zamin yaratgan eng asosiy o'yin qaysi bo'ldi? Yoki bu borada faqat finalni alohida takidlaysizmi?
- Men alohida bitta o'yinni ajratib ko'rsata olmayman. Barcha uchrashuvlar o'ziga yarasha muhim bo'ldi. Qolaversa, biz musobaqaga kamroq o'yin o'tkazib qaytib kelamiz degan niyatda bormagandik. Birinchi rejamiz guruhdan chiqishi bo'lib, keyin navbatma-navbat qadam bosish edi. 

Birinchi o'yinda yutqazib qo'ygach, vaziyat biroz og'irlashdi to'g'ri, lekin tushkunlikka tushib qolmadik. Etibor bersangiz, xalqaro musobaqalarni bizning jamoalar doim kutilmagan natijalar bilan boshlaydi va o'yindan o'yinga kuchayib boradi. Menimcha, bunga allaqachon o'rganib qolganmiz.

Men uchun hamma o'yinlar muhim. Qatarga qarshi mag'lub bo'lganimizdan so'ng vaziyatdan kelib chiqib Xitoy va Ummon bilan asoan natija uchun o'ynashimiz talab etilardi. CHunki shu ikkita o'yinni yutsak, guruhdan chiqishimizga ishonardik. CHorak finaldan boshlab yanada mazmundor harakat qildik deb ayta olaman.

- Saralash bosqichidan jamoamiz birinchi o'rin bilan chiqdi, shunga qaramay undan keyin va ayniqsa birinchi o'yindagi mag'lubiyatdan so'ng sizni juda ko'p tanqid qilishdi. Ammo yakunda natija qo'lga kiritildi. Endi tanqidchilarga aytadigan biror gapingiz bormi?
- Men - murabbiyman, ishim esa kimgadir nimadir isbotlash emas, balki futbolchilarni shug'ullantirib, jamoani o'yinga tayyorlash. Qo'limdan shu ish kelgani uchun ham ancha yillardan beri murabbiylik kasbidaman. 

Tanqidlarga javob berishga va jurnalistlar bilan tortishishga to'g'risini aytsam, menda ishtiyoq yo'q. Qanday ishlayotganimni kimdir biladi, kimdir uzoqdan bo'lsa ham ko'rgan, kimdir esa umuman ko'rmagan. Tanqid - futbolning bir qismi va bunga doim xotirjam munosabatda bo'laman. SHuningdek, to'g'ri tanqiddan har doim xulosa chiqarishga harakat qilaman. Lekin tanqid qildi deb kim bilandir bahslashishni o'zimga ep ko'rmayman, bu mening xarakterimga mos emas. 


- Tanqidlar sizni qanchalik asabiylashtiradi?
- Aytib o'tganimdek, bunga ko'p ham etibor bermayman. Asosiysi o'z ishimdan chalg'imaslikka harakat qilaman. Bir necha yildan beri futboldaman va tanqidlarga ko'nikib ham ketganman. Lekin tanqid o'rinli bo'lsa, men ham doim to'g'ri munosabatda bo'laman. 

- Osiyo chempionatida Yaponiya va Janubiy Koreya yirik hisobda mag'lub etilgach, muxlislardan biri yozgan fikrga ko'zim tushib qoldi. Yani, Ravshan Haydarov shu paytgacha Samvel Babayan soyasida qolib ketayotgandi, mana endi mustaqil ishlab o'zini ko'rsatdi. Ana bo'larkan-u, degan manoda. Bunga munosabatingiz qanday?
- O'tgan yil milliy terma jamoada Samvel Babayan murabbiylar shtabida ish olib borganim mantiqan to'g'ri deb o'ylayman. CHunki ko'p davlatlarda yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari asosiy jamoada yordamchi bo'lib ishlashadi va bunga to'g'ri qarash kerak. Yoshlar vaqti kelib milliy jamoada o'ynashadi. SHunday bo'ldiki, bazi paytlarda yoshlar terma jamoasidan o'nga yaqin futbolchi milliy terma jamoa mashg'ulotiga taklif etildi. 

Endi ishimga kelsak, men har doim mustaqil ishlaganman. Hatto "Paxtakor"da ham mashg'ulot o'tkazish jarayoni, o'yinga asosiy tarkibni aniqlash kabi ishlarni bosh murabbiy sifatida o'zim hal qilganman. Jamoaga pul topish, futbolchilar bilan shartnoma tuzish - bu kabi ishlash bilan esa shug'ullanmaganman. To'g'ri, jamoaga kerakli o'yinchilarni chaqirib gaplashganman, lekin shartnoma tuzayotganda ularni klub rahbari oldiga yuborganman.  

- Endi bu jamoaning kelajagi haqida nima deya olasiz?
- Hamma futbolchilarda salohiyat yuqori deb ayta olaman. Bazilar uchun katta futbol endi boshlanyapti. Bizni aeroportdayoq tantanavor ravishda kutib olishganidan boshimiz ko'kka etdi va men shunday jamoa bilan ishlayotganimdan faxrlandim. Qolaversa, yurtboshimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoevning etirofidan yanada xursand bo'ldik.

Davlat rahbarining futbolga o'zim etibor beraman deyishi albatta futbol kishilarini xursand qiladi. Lekin shu o'rinda xohlardimki, futbolchilar buncha maqtovdan keyin osmonga chiqib ketishmasin. Kerak bo'lsa, bu borada alohida ish olib boramiz. Bu jamoa oldidagi asosiy vazifa endi Osiyo o'yinlarida ijobiy natija ko'rsatish hisoblanadi. Nasib qilsa buni ham uddalaymiz. 

- Osiyo chempionligi qo'lga kiritilganidan so'ng hayotga va futbolga bo'lgan qarashlaringiz o'zgardimi?
- SHuni bilardikki, xalqimiz katta yutuqlarni sog'inib qolgan. Bunday his-tuyg'u doim ham bo'lavermaydi. Futbolga bo'lgan qarashlarim ko'p ham o'zgargani yo'q, ammo o'zbek futboliga hukumat darajasida bo'layotgan etibor kishini yanada mehnat qilishga undaydi. 

Tushunib turibman, bundan keyin bizga boshqacha ko'z bilan qarashadi, har bir o'yinimiz yanada keng tahlil qilinadi. Lekin biz hammasiga tayyormiz. Bu o'rinda eng asosiysi hech kimning o'zini yo'qotib qo'ymasligi. Qolaversa, futbolda bir kun osmonda bo'lsangiz, bir kun erda bo'lib qolishingiz hech gapmas. SHu bois ko'p ham eyforiyaga berilish kerak emas.


- Yoqimli g'alabalardan so'ng futbolchilarni qanday qilib yulduzlik kasaliga chalinmaslikdan saqlab qolsa bo'ladi?
- Buning uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak bo'ladi. Bu o'rinda klublar bosh murabbiylaridan ko'p narsa talab qilinadi. CHunki futbolchilar ko'pincha o'z klublari ixtiyorida bo'lishadi. 

Fursatdan foydalanib bizga yaxshi kadrlarni etkazib bergan Ro'ziqul Berdiev, Mirjalol Qosimov, No'mon Hasanov kabi murabbiylarga alohida minnatdorchilik bildiraman. Qolaversa, futbolchilarning o'zlariga ham ko'p narsa bog'liq. Kim miyani bir joyga qo'yib, chalg'imasdan ishlashda davom etsa hali ko'p narsaga erishadi.

- Turnir davomida xorij klublaridan bizning futbolchilarga qiziqish bo'ldimi?
- Qo'l ostimda o'ynagan futbolchilar ularga nisbatan qo'yiladigan talablar qanday ekanini juda yaxshi bilishadi. Men bu borada alohida talabnoma ishlab chiqqanman va jamoa yig'ilganda albatta futbolchilarni tanishtirib o'taman. Ushbu talabnomada futbolchilarga nima mumkin va nima mumkinmasligi batafsil yozib qo'yilgan. 

O'yinchilar terma jamoa lageriga kelganidan keyin ularga shartnomalar, boshqa jamoalardan qiziqishlar haqida gaplashib o'tirishlariga izn bermayman. Biz chetga ketib mehmonxonaga joylashganimizdan so'ng futbolchilarning mashg'ulot va o'yindan keyin yoki oldin begona kishilar bilan gaplashishiga yo'l qo'ymaymiz. Marhamat, kimdir qaysidir futbolchiga qiziqib qolsa, futbolchi to'p tepayotgan klubiga murojaat qilaversin. Lekin o'yinchini boshini aylantirishlariga yo'l qo'yib bermaymiz.


TAS-IX



TAS-IX emas


Reyting: +78   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика