So’nggi yangiliklar

01:21МЮ янги устози: "Манчестер Сити" - дунёнинг энг яхши жамоаси, Гвардиола эса энг яхши мураббий"  0 01:01ЭЛИТ ОЧЛ. Неймар яна жароҳат олди, "Ал Ҳилол" йирик ғалабага эришди  5 00:06Мората ижтимоий тармоқлар ҳақида: "Родри қолганлардан хотиржамроқ"  0 23:09Фирмино ва Махрезнинг голлари туфайли "Ал Аҳли" йирик ғалабани тантана қилди  0 23:04Элит ОЧЛ. Остон Ўрунов жамоаси дурангга рози бўлди  4 22:42Эшитдик-да! "Пахтакор"нинг Эрон клубига қарши ўйини Тожикистонда ўтиши мумкин  6 22:13"Арсенал"ни тарк этаётган Эду Гаспар бирданига 3та клубни бошқаради ва маоши 3 баравар ошади  1 21:35"Ал-Райян" бош мураббийи: "Дастлабки турларда Саудия "гранд"ларига қарши ўйнадик. Икки жамоа учун ҳам очколар жуда-жуда зарур"  3 21:17Аморим "Манчестер Сити"га қарши баҳс ҳақида: "Агар "Спортинг" ютса кимлардир МЮга янги Фергюсон келяпти дейди"  3 19:52Бруну Фернандеш: "Тен Хагдан кечирим сўрадим"  5 19:211 ой олдин "Насаф"га мағлуб бўлган мураббий "Рома"да Шомуродовнинг янги устозига айланиши мумкин  6 18:52МЮ афсонаси: "Манчестер Юнайтед" - мутлақо ўртамиёна жамоа"  1 18:25Дербида кучлар тенг келди ГАЛЕРЕЯ  0 17:5619 ёшли тўпурар ва бошқалар — Суперлигада 23-турнинг энг яхшилари  3 17:30Эшитдик-да! "Металлург" ва "Қизилқум"га таъқиқ қўйилади, "Нефтчи" ва "Навбаҳор" ҳам жазоланиши мумкин  8

Intervyu. Odil Ahmedov: “Mening transferimni faqat xitoyliklar ko'tara olishdi” Yangiliklar

Intervyu. Odil Ahmedov: “Mening transferimni faqat xitoyliklar ko'tara olishdi”

O'zbekistonning bugungi kundagi yulduz futbolchisi Odil Ahmedov rasman “Krasnodar”ni tark etib, Xitoyning "SHanxay SIPG” klubiga ko'chib o'tdi.

Endi ushbu chempionatga bo'lgan etiborimiz yanada ortadi. Qolaversa, xitoyliklar endilikda jahon yulduzlarini jalb etishmoqda. Odil ham ulardan biri sifatida CHin yurtiga yo'l oldi. Yangi 2017 yilda esa Ahmedov o'zining dastlabki intervyusini gazetamiz uchun berdi.  

-   Odil Ahmedovning xalqimizga qanday bayram tilaklari bor?
-   Birinchi navbatda 2017 yil xalqimiz uchun omadli kelsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin. O'zbek futboli hamisha rivojlanishda davom etsin. Ushbu yilda jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritib xalqimizni xursand qilish barchamizga nasib qilsin.

-   Oxirgi paytlarda siz haqingizdagi xabarlar barchaning etiborida bo'ldi. Xitoyga ko'chib o'tishingiz borasida ko'plab malumotlar chiqdi. Eng avvalo shuni so'ramoqchimanki, “Krasnodar” klubini tark etishingiz bu tasodif tufaylimi yoki vaziyat shuni taqozo etdimi?
-   Mavsum tugaganidan keyin muhitni almashtirish bo'yicha niyatim bor edi. O'shanda 5-6 ta jamoalardan takliflar kelib tushdi. Uyda dam olayotgan chog'imda esa Andre Villash Boash menga qo'ng'iroq qilib, jamoasida ko'rish niyati borligi haqida aytdi. Bunday jahon saviyasidagi mutaxassis bilan ishlash har bir o'yinchining orzusi bo'lsa kerak deb o'ylayman. O'sha suhbatda maqsadlari qanday ekanligini, jamoaga kimlar kelishi haqida ham gapirdi. SHundan so'ng men ham Villash Boashning taklifiga rozilik berdim. U bilan birga ishlash men uchun yoqimli. Uning qanchalik kuchli murabbiy ekanligini hamma biladi.


-   Villash Boashning o'zi sizga qo'ng'iroq qilishini kutmagan bo'lsangiz kerak?
-   Bu men uchun syurpriz bo'ldi. Bu kabi katta tajribaga ega bo'lgan murabbiyning shaxsan o'zi men bilan aloqaga chiqqani bu ajoyib.

-   Tabiiyki, u Rossiyadagi faoliyati orqali sizni yaxshi biladi. “Zenit”da bosh murabbiy bo'lib ishlaganida sizni kuzatgan. Yoki u bilan oldindan aloqa o'rnatganmidingiz?
-   Yo'q. Men uni “Zenit”da ishlayotganida shunchaki bilardim xolos. SHaxsiy manoda tanish bo'lmaganmiz. Lekin siz to'g'ri aytdingiz, murabbiy bo'lgani sababli mening o'yinlarimni kuzatib yurgan. Buning ustiga uning jamoasiga qarshi bir necha bor o'ynaganman. O'ylashimcha, shuning uchun ham u meni o'z klubiga taklif qildi.

-   Odil, sizga “SHanxay SIPG”dan tashqari Xitoyning yana bir klubi – “SHandon Luneng” tomonidan ham taklif borligi haqida eshitgandik. Hattoki, ushbu jamoa ustozi Feliks Magat bilan ham muzokara olib borganingiz to'g'risida o'qigandik. Ushbu masalaga ham oydinlik kiritib o'tsangiz...
-   Rostdan ham Xitoydan yana boshqa variantlar bor edi. Lekin “SHanxay SPIG” bosh murabbiyining o'zi men bilan aloqaga chiqqani uchun ham uning jamoasini tanladim.

-   Siz Xitoyga borib keldingizmi yoki muzokaralar bevosita telefon orqali olib borildimi?
-   Yo'q, Xitoyga bormadim. Barcha masalani Moskvada hal qildik.

-   Sizning Rossiyadagi faoliyatingiz rivojlanishdan iborat bo'ldi. “Paxtakor”dan “Anji”ga, so'ng “Krasnodar”! Endi bo'lsa Xitoy! Bu qarorni tanlashda nimagadir asoslandingizmi? Balki kim bilandir maslahatlashgandirsiz?
-   Albatta, birinchi o'rinda uyimdagilar bilan maslahatlashdim. Qolaversa, bu taklif Osiyodan bo'lgani sababli O'zbekiston milliy terma jamoasining taqvimiga ham mos tushardi. SHu jihatini ham hisobga oldim. To'g'risi, bu borada ko'p narsalarni hisobga oldim va o'yladim. Baribir oxirgi qarorni o'zim chiqardim.


-   O'zbekistonning birinchi raqamli futbolchisining klubini o'zgartirgani hech kimni befarq qoldirmayapti. Bu masalada ko'plab mutaxassislar o'z munosabatini bildirishmoqda. Misol uchun, sizga juda yaxshi tanish bo'lgan Valeriy Nepomnyashiyning siz haqingizda bildirgan fikrlarini ham o'qidingizmi?
-   Ha, o'qidim.

-   Uning aytgan so'zlariga munosabatingiz qanday bo'ldi? Har holda Nepomnyashiy sizni Evropaga ketishingizni juda xohlagandi...
-   Bu insonni qattiq hurmat qilaman. “Paxtakor”ni boshqargan chog'ida mening asosiy tarkibda maydonga tushishimda katta rol o'ynagan. Haligacha Valeriy Kuzmich bilan gaplashib turaman. U mening qanday o'yin ko'rsatishimni yaxshi biladi. Balki uning qo'li ostida o'ynaganimda vaziyat yanada boshqacha bo'lardi deb o'ylayman. Albatta, u Evropaga ketishimni juda istadi. O'zim ham buni xohlaganim bilan baribir hammasi o'z qo'limda emas-da! CHunki mening “Krasnodar” bilan amaldagi shartnomam bor edi. Agarda menga bildirilgan takliflar klubga to'g'ri kelmasa ular meni qo'yib yuborishmaydi. Qachonki, har tomonlama maqul transfer bo'lsa, shundagina klubni tark etishim mumkin edi. Ana shunday qulay taklif xitoyliklar tomonidan bildirildi. Bu transfer “Krasnodar”ni ham, meni ham qoniqtirdi. Natijada faoliyatimni endi Xitoyda davom ettirishimga to'g'ri keladi. Lekin bu narsadan sira afsuslanmayman. Bu o'zimning shaxsiy qarorim.

-   SHu o'rinda “Anji” va “Krasnodar”dagi faoliyatingiz yaxshi chiqdi. Ikkala klubda ham mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb etirof etilgansiz. Bu klublardagi faoliyatingizni taqqoslay olasizmi?
-   Rossiyadagi faoliyatimdan ko'nglim to'ldi. Bu haqida gap ketganda menga omad kulib boqdi desam ham bo'ladi. “Anji” va “Krasnodar” xo'jayinlari – Suleyman Karimov va Sergey Galickiy bilan munosabatim juda yaxshi. Ular o'zimni ham, o'yinlarimni ham hurmat qilishadi. Birga o'ynagan barcha futbolchilar, murabbiylar hamda rahbarlar bilan aloqam ajoyib bo'ldi. Rossiyada olti yil davomida to'p surgan bo'lsam, shuncha vaqt faoliyatimdan qoniqib kelganman. Men bu haqida faqat ijobiy gaplarni gapirishim mumkin.

-   Ikkala klubni taqqoslash haqidagi savolni bejiz bermagandim. CHunki boya aytganimdek, rossiyalik mutaxassislarning Xitoyga ko'chib o'tganingiz haqidagi fikrlarini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Masalan, yana bir mutaxassis siz to'g'ringizda gapirib: “Odil “Krasnodar”da oxirgi vaqtlarda zerikib qolgandi. SHu bois o'yin saviyasida ham qisman o'zgarishlar sezilgandi” degan fikrlarni bildirdi. Aynan shu holat “Krasnodar”ga hayotingizda bilinganmidi?
-   Yo'q. Men haqimda nima uchun shunday degan? CHunki “Krasnodar”da men o'z poziciyamda o'ynamadim. U erdagi faoliyatimning katta qismini boshqa chiziqda o'tkazdim. Maydonda to'psiz ko'p qolib ketdim. Agarda markazda o'ynasam 10 ta pasdan barchasini olishim mumkin. Qanotga ko'chganimda esa 10 ta pasdan faqat 2 yoki 3 tasini qabul qilib olishim mumkin. Kuchli jihatim nimada ekanini o'zim yaxshi bilaman. Aynan to'p bilan ko'proq muomala qilsam o'zimni yaxshiroq his qilaman. SHundagina o'zimga bo'lgan ishonch ham ortib ketadi va o'z o'yinimni topib olishim mumkin. “Krasnodar” murabbiyi SHalimov meni ko'proq boshqa poziciyada o'ynatishga qaror qilgani sababli men aksariyat holatda maydonda to'psiz qolib ketdim. Lekin Rossiyada olti yil davomida hech qachon o'zimdan yomon taassurot qoldirmaganman. SHu bois meni boshqa chiziqqa qo'yyapti deya atayin o'ynamaslik niyatim ham bo'lmagan. U erdan o'zimga yarasha hurmatim borida ketdim deb o'ylayman.


-   Rostini aytaman: biz ham sizning Evropada to'p surishingizni juda xohlagandik. “Paxtakor”ni tark etib, Rossiyaga ko'chib o'tganingizda bu sizning faoliyatingizda yaqqol ko'tarilish bo'lgandi. SHu kungacha o'zbek futbolchisini Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birida to'p surganini ko'rmadik. Lekin bu narsani sizdan kutgandik. Afsuski, bizning o'yinchilarimiz uchun Rossiya yuqori cho'qqi va shu bilan birga chegara bo'lib qolmoqda. Nima deb o'ylaysiz, siz uchun hali Evropa chempionatida to'p surish imkoniyati saqlanib qolganmi?
-   To'g'risini aytaman: men uchun Evropada to'p surish imkoniyati yopildi desam ham bo'laveradi. Baribir vaziyatga to'g'ri baho bergan yaxshi-da! Xitoydan keyin Evropaga ko'chib o'tish bu murakkab masala. Xitoydagi faoliyatimdan so'ng siz istagandek Evropaning biror-bir chempionatiga keta olmayman. Buning ustiga men xitoyliklar bilan uch yillik shartnoma tuzdim. Uch yildan keyin nima bo'lishini Xudo biladi.

-   Yaqinda Xitoy men uchun ortga tashlangan qadam emas, deb aytgandingiz. Evropada to'p surish imkoniyati siz uchun yopilganini inobatga olsak, balki bu gapingiz...
-   Bilasizmi, mening transfer narxim katta edi. O'ylashimcha, bunday transferni Evropada “Manchester Yunayted”, “Barselona”, umuman shularga o'xshagan yirik jamoalar ko'tara olardilar. Rosti, bu transfer bahosini Evropaning o'rtamiyona klublari ko'tara olishmasdi. Yoshim ham 30 ga borib qoldi. Evropaliklar esa o'sha narxga 30 yoshli futbolchini emas, balki 18-19 yoshdagi o'yinchini sotib olishni istashadi. Endi o'zingiz o'ylang, Xitoydagi faoliyatimni tugatganimdan keyin mening 32 yo 33 yoshimda Evropaga ketishim bu haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

-   Siz uchun Evropadan ham takliflar bor edi. Siz esa o'z qaroringizni elon qilib bo'ldingiz. Balki endi bemalol aytsangiz bo'lar, aynan Evropaning qaysi klublari siz bilan qiziqishgandi?
-   SHu paytgacha Germaniya chempionatidan takliflar bo'lgandi. Sizga ochig'ini aytadigan bo'lsam, menga oxirgi taklif Franciyaning “Nicca” jamoasidan bo'ldi.

-   Bu taklif qachon bo'lgandi?
-   “Nicca”ga qarshi o'yindan keyin.

-   Yaqindami? CHunki “Krasnodar” Evropa ligasi doirasida “Nicca” bilan o'ynagandi...
-   Ha, shunaqa.

-   Muzokaralar muvaffaqiyatli chiqmadimi?
-   Ular tomonidan bildirilgan ko'p narsalar meni ham, “Krasnodar”ni ham qoniqtirgani yo'q.

-   Tushunarli. Xitoyga qachon ketasiz?
-   Bugun uchib ketaman (suhab 1 yanvar kuni uyushtirilgan).

-   Xitoy siz uchun yangi mamlakat, yangi mintalitet. SHuning uchun o'z oldingizga qanday vazifalar qo'ymoqdasiz?
-   Maqsadlarim faqat oliy. Mening ortimda O'zbekistonning 30 milliondan ortiq aholisi, vatanim shani turibdi. Menga ishongan insonlarning yuzini erga qaratmaslik uchun ham qo'limdan kelganicha harakat qilaman. Yangi jamoamda ham o'z o'rnimni topib, faqat yaxshi natijalarga erishishni niyat qilganman.


-   Siz ushbu taklifni qabul qilishdan avval hamma narsani hisobga olganingizga ishonamiz. Xitoyliklar ham O'zbekistonning eng yaxshi o'yinchisi xarid qilinganini yaxshi tushunib turishibdi. Qizig'i, jahon chempionati saralashida Xitoy bilan O'zbekiston terma jamoalari bir guruhdan joy olishgan. Endi xitoyliklar o'z chempionati orqali sizning imkoniyatlaringizni yanada yaxshiroq ko'rish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Bu holat terma jamoalarning o'zaro to'qnash kelishganida o'z tasirini ko'rsatmaydimi?
-   Yo'q, bunday bo'lmaydi. Agarda futbolchiga qarshilik ko'rsatishni barcha yaxshi bilganida u holda vaziyat boshqacha bo'lardi. SHuning uchun hamma narsa, ayniqsa, o'yinchining maydonda o'zini qanday his qilishi o'ziga bog'liq. Men qaysi chempionatda to'p surishimdan qatiy nazar, O'zbekiston terma jamoasiga kelganimda unga bor kuchimni sarflayman. O'z o'yinimni ko'rsatishimda menga hech nima to'sqinlik qilmaydi.

-   Milliy terma jamoamizning o'yin saviyasi haqida gap ketganida hamma uni bevosita ichki chempionatimiz bilan bog'lashmoqda. Yani, oliy ligamiz sifatining u qadar yaxshi emasligi terma jamoaga ham o'z tasirini ko'rsatayotgani bu achchiq haqiqat. Ushbu masalada sizning munosabatingizni ham bilmoqchimiz.
-   Men ham bu gaplarga qo'shilaman. Ichki chempionat qanchalik kuchli bo'lsa, bu milliy terma jamoaga shunchalik tasir qiladi. Ayniqsa, bu holat kuchli terma jamoalarga qarshi o'yinlarda bilinib qoladi. Ana shunday pallalarda ichki chempionatimiz saviyasi pastligi ko'rinib qoladi. SHu bois oliy ligamizga yanada katta etibor berish kerak. Mana, O'zbekiston chempionatidagi o'yinlarni ko'ring, rostdan ham bizda maqtasa arziydigan hujumchi yo'q. Qolaversa, yaxshi himoyachilar ham deyarli yo'q. Haqiqatan ham bu biz uchun muammo. Agarda terma jamoamizda Anzur Ismoilov o'ynamaydigan bo'lsa, uning safini to'ldiradigan tuzukroq himoyachi yo'q. SHunday ekan, oliy ligaga bo'lgan etiborni tubdan kuchaytirish bu dolzarb masala.

-   Siz bu vaziyatda muammoning echimini nimada ko'ryapsiz?
-   Muammoning echimi? Har bir viloyatda juda yaxshi jamoalarni tuzish darkor. “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Lokomotiv”ga o'xshagan klublarimiz ko'payishini istayman. Bazi paytda futbolchilarning ahvolini ko'rib achinib ketasan kishi. Ular shu darajada o'ynashadiki, kerak bo'lsa 10-12 oylab pul olishmaydi. Natijada bundan kelib chiqib o'yinni sotishga o'tadilar yoki boshqa narsa qilishadi. Qarabsizki, muammolar yana ko'payaveradi. Siz futbolchimisiz, unda faqat futbol haqida o'ylashingiz kerak.

-   “Navbahor” klubini oliy ligada olib qolinishida siz ham katta hissa qo'shganingizni eshitdik. Bosh murabbiy Ilhom Mo'minjonov ham buni alohida aytgandi. Namanganlik muxlislar esa sizning jamoaga befarq bo'lmaganingiz uchun rahmat aytishdi. “Navbahor”ni oliy ligada olib qolish harakatidagi vaziyatni qanday tushuntirgan bo'lardingiz?
-   Bilasizmi, Namanganda tug'ilib o'sganim uchun baribir “Navbahor”ga befarq bo'lmaganman. Oxirgi paytlarda klubga futbolni tushunmaydigan odamlar kirib kelishdi. Murabbiylar ham ko'p almashtirildi. Oxiri esa klub juda achinarli ahvolga tushib qoldi. Viloyat hokimi bilan gaplashganimda klubni oliy ligada saqlab qolishni reja qilgani haqida aytdi. SHundan so'ng taklifim bilan jamoaga Ilhom Mo'minjonovni olib keldik. U qo'lidan kelganicha harakat qilib, “Navbahor”ni oliy ligada olib qoldi. Men ularga qandaydir maslahat berishim mumkin, lekin jamoa azosi emasman. Ammo Mo'minjonov bosh murabbiy va hamma narsani o'zi hal qilyapti.  


-   Yana bir narsa bizni xursand qildi. Yani, siz Namanganda futbol akademiyasini ochish masalasi bo'yicha viloyat hokimi bilan gaplashdingiz. Aytingchi, bu qachon amalga oshadi?
-   Viloyat hokimi bilan gaplashganimizda yordam beraman degandi. Yoz oylarida ko'rik-tanlov boshlanishi kutilyapti. Ikki-uchta turnir uyushtirib, akademiya yoshida bo'lgan futbolchilarni ko'rikdan o'tkazamiz. Buning uchun alohida murabbiylar bilan hamkorlik qilamiz. Yozda imtihon qilsak, avgust yoki sentyabr oylaridan ishni boshlaymiz.

-   Tabiiyki, siz Xitoyda bo'lasiz. Xo'sh, ushbu akademiyani kim boshqaradi?
-   Bu kabi barcha masalalarni o'ylab qo'yganmiz. O'zimizning reja va maqsadlarimiz bor. Kim boshqarishi, qaysi murabbiylar ishlashi borasida ham bir to'xtamga kelganmiz. Yaqin orada bu haqida ham xabardor bo'lasizlar.

-   SHu o'rinda sizning Xitoydagi faoliyatingizga muvaffaqiyat tilaymiz. Ishonamizki, u erda ham siz o'zingizdan iliq taassurot qoldirasiz. Bu borada omad yor bo'lsin.
-   Katta rahmat.


FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting: +56   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика