Intervyu. Murod Xolmuhammedov: "Vaziyat taqozo etsa darvozaga turishga ham tayyorman"
30 avg 2020 11:23
Yangiliklar
Intervyu. Murod Xolmuhammedov: "Vaziyat taqozo etsa darvozaga turishga ham tayyorman"
Har tomonlama jamoa sifatida shakllanayotgan "Qo'qon-1912" jamoasi barcha uchrashuvlarda raqiblariga etarlicha kurash taqdim qila oldi deya olamiz. Baxtiyor Ashurmatov, Zohid Nurmatov, Davron Fayziev, Andrey Baklanovlardan iborat murabbiylar shtabi futbolchilarni har bir uchrashuvga munosib tayyorlashda jonbozlik ko'rsatishdi. Albatta o'yinchilar ham ularni ishonchini so'ndirmagan holda maydonda bor kuchlari bilan harakat qilishdi. "Navbahor"ga qarshi uchrashuv bilan birinchi davrani yakunlagan qo'qonliklar tanaffusga ko'tarinki kayfiyatda yo'l olishdi. Biz esa jamoaning haqiqiy etakchi futbolchisi, standart vaziyatlardan mohirona foydalanadigan Murod Xolmuhammedovni suhbatga chorladik.
- Keling birinchi galda o'zingizni sog'lig'ingiz, ayni paytdagi holatingiz haqida malumot berib o'tsangiz. CHunki, orada malum vaqt sog'lig'ingizdagi muammolar sababa bir nechta uchrashuvlarni o'tkazib yubordingiz...
- Sog'lig'im ancha yaxshi. Kasallikdan butkul tuzalib bo'ldim. Lekin, hali sport formamga kirib olganim yo'q. Jismoniy holatim yaxshi emas. Davolanishga juda katta vaqt yo'qotdim. 20 kun futbolchi uchun juda katta vaqt deb o'ylayman.
- "Qo'qon-1912" jamoasini birinchi davrani muvaffaqiyatli tugatib olgani bilan tabriklaymiz. Jamoa har bir uchrashuvda har qanday jamoa bilan teng kurash olib bordi. Jamoangizni birinchi davradagi ishtiroki haqida fikringizni eshitsak...
- Tabrik uchun rahmat. Aytib o'tganingizdek mavsumni yomon boshlamadik va birinchi davrani yaxshi o'rinda tugatib oldik. Buning sababi tinimsiz qilingan mehnat va omaddir. Biz ahil oila bo'la olmoqdamiz. Ichki muhit, murabbiylar va futbolchilar o'rtasida munosabat bari alo darajada. SHu omillar hisobiga birinchi davrani uchinchi o'rinda yakunladik deb o'ylayman. Agarda omad kelmasa bari befoydadir.
- Baxtiyor Ashurmatov ustozlik qilayotgan "Qo'qon-1912" jamoasi avvalgi mavsumdagilardan nimasi bilan farq qilmoqda deb o'ylaysiz? Nazarimda Baxtiyor Ashurmatov futbolchilarga o'ziga bo'lgan ishonchni qaytara olgan ko'rinadi...
- Murabbiymizni ajralib turadigan hislatlaridan biri juda ham qattiqqo'l va intizomni birinchi o'yinga qo'yadi. Yaxshi natijalarga erishishimizga Baxtiyor aka futbolchilik faoliyatlarida himoya chizig'ida ishonchli va ajoyib o'yin ko'rsatganlar, shu bois himoyamizdagi muammolarni to'g'irlay olganlarini sabab sifatida ko'rsatishim mumkin. Bu o'z samarasini bermoqda. Ayni paytda biz eng kam gol o'tkazgan 3-4 jamoani ichiga kiramiz.
- Har bir uchrashuv qiyin o'tgani aniq. SHunday bo'lsada jamoa uchun nisbatan eng og'ir o'tgan uchrashuv sizningcha qaysi deb o'ylaysiz?
- Menimcha "Andijon" bilan kechgan bahs birinchi davradagi eng og'ir o'yin bo'ldi deb o'ylayman. Bu mening shaxsiy fikrim.
- Jamoa safarda bir muncha qiyinchilikka uchrayotgan edi, qisqasi omadi kelmayotgandi. Biroq, markazlashtirilgan chempionatga "Qo'qon-1912" Superliganing boshqa klublariga qaraganda tezda moslasha oldi...
- Biz futbolchilar uydami yoki safardami baribir muxlislarsiz o'ynashimizga to'g'ri kelardi. Markazlashgan chempionatga tezda moslashib ketdik, qiyinchilik tug'dirmadi. Aksincha biz uchun juda qulay va omadli bo'ldi.
- Oxirgi o'yinlarda murabbiy aytganidek futbolchilar o'zida qo'shimcha kuch topa oldi. Bu holat nima bilan bog'liq?
- Turnir jadvalida yuqorida ketayotganimiz bizga qo'shimcha kuch va motivaciya berdi. Jamoa qancha tepada yursa shuncha oldinga ko'proq intiladi. Yuqorida aytganimdek ko'p uchrashuvlarda omad ham bizga kulib boqdi. SHuningdek biz bilan yonma-yon ketayotgan jamoalar ochko yo'qota boshlagani foyda bo'ldi.
- Doimgidek birinchi davrada jamoangizni to'purari bo'ldingiz. Barchaga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, O'zbekiston chempionatida standart vaziyatlarni, penaltilarni siz kabi aniq ijro etadigan kam sonli futbolchilardan birisiz. Penalti tepishdagi bunday aniqlikka qanday erishgansiz?
- Bu menga xudo tomonidan berilgan iqtidor deb hisoblayman. Hayotda va maydonda erishayotgan har bir yutuqlarimni barchasi xudodan.
- Bilamiz siz o'z vaqtida Ahmad Ubaydullaev boshchiligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasida to'p tepgansiz. O'shanda Osiyo chempionatida Xitoy bilan uchrashuvda penaltilar seriyasida darvozaga turib qahramonlik ko'rsatganingiz hamon yodimizda. Agar vaziyat taqozo etsa yana darvozaga turishga tayyormisiz? O'shanda nega aynan siz darvozaga turgandingiz?
- Albatta, har qanday holatga tayyorman. Eng muhimi jamoamga foyda keltirsam bo'lgani. Osiyo chempionatida Xitoy bilan mundial chiptasi tikilgan uchrashuvda penaltini qaytara olishimga boshqa jamoadoshlarimga nisbatan menda qandaydir juda katta ishonch paydo bo'lgandi. Darvozada turish qarorini o'zim qabul qilganman. Jamoadoshlarim esa qo'llab-quvvatlab turishgan. Bu esa yanada ko'proq kuch bergan edi.
- "Qo'qon-1912" jamoasi ikkinchi davrada ham shu tempni saqlab qola oladimi?
- Oldindan hech narsa demayman. Lekin, biz oxirigacha kurashamiz va har bir o'yinga jangga chiqqandek chiqamiz. Har bir ochko uchun jon jahtimiz bilan kurashamiz. Jamoadoshlarimga ishonaman. Biz bir oilamiz, ahillikda gap katta. Xudo xohlasa shu tempni yo'qotmagan holda oldinga intilishga harakat qilamiz!
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar