So’nggi yangiliklar

01:21МЮ янги устози: "Манчестер Сити" - дунёнинг энг яхши жамоаси, Гвардиола эса энг яхши мураббий"  0 01:01ЭЛИТ ОЧЛ. Неймар яна жароҳат олди, "Ал Ҳилол" йирик ғалабага эришди  5 00:06Мората ижтимоий тармоқлар ҳақида: "Родри қолганлардан хотиржамроқ"  0 23:09Фирмино ва Махрезнинг голлари туфайли "Ал Аҳли" йирик ғалабани тантана қилди  0 23:04Элит ОЧЛ. Остон Ўрунов жамоаси дурангга рози бўлди  4 22:42Эшитдик-да! "Пахтакор"нинг Эрон клубига қарши ўйини Тожикистонда ўтиши мумкин  6 22:13"Арсенал"ни тарк этаётган Эду Гаспар бирданига 3та клубни бошқаради ва маоши 3 баравар ошади  1 21:35"Ал-Райян" бош мураббийи: "Дастлабки турларда Саудия "гранд"ларига қарши ўйнадик. Икки жамоа учун ҳам очколар жуда-жуда зарур"  3 21:17Аморим "Манчестер Сити"га қарши баҳс ҳақида: "Агар "Спортинг" ютса кимлардир МЮга янги Фергюсон келяпти дейди"  3 19:52Бруну Фернандеш: "Тен Хагдан кечирим сўрадим"  5 19:211 ой олдин "Насаф"га мағлуб бўлган мураббий "Рома"да Шомуродовнинг янги устозига айланиши мумкин  6 18:52МЮ афсонаси: "Манчестер Юнайтед" - мутлақо ўртамиёна жамоа"  1 18:25Дербида кучлар тенг келди ГАЛЕРЕЯ  0 17:5619 ёшли тўпурар ва бошқалар — Суперлигада 23-турнинг энг яхшилари  3 17:30Эшитдик-да! "Металлург" ва "Қизилқум"га таъқиқ қўйилади, "Нефтчи" ва "Навбаҳор" ҳам жазоланиши мумкин  8

INTERVYU. Ikrom Aliboev: "Kuper bizga shoshmaslikni va sabrli bo'lishni o'rgatdi" Yangiliklar

INTERVYU. Ikrom Aliboev: "Kuper bizga shoshmaslikni va sabrli bo'lishni o'rgatdi"

Janubiy Koreyaning “Seul” klubida faoliyatini davom ettirayotgan Ikrom Aliboev bilan suhbatimiz davom etadi.

Suhbatning ikkinchi qismida futbolchining Koreyadagi hayoti, “Lokomotiv” klubi, O'zbekiston milliy terma jamoasi hamda boshqa mavzular haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.


- Koreyada o'rtacha bir kuningiz qanday o'tadi? 

-  Agar mashg'ulotlar ikki mahal bo'lsa, ertalab 8:30da turaman. Nonushta qilib olgach, bazaga yo'l olaman. Mashg'ulot payti bir soat oldin hamma bazada bo'lishi shart. Bizda mashg'ulot vaqti ko'proq, ikki soatga yaqin shug'ullanamiz. Ertalabki mashg'ulotdan bo'shab ko'pincha jamoadoshlar bilan kafega boramiz. 

Koreyscha ovqat emayman va o'rniga Evropa taomlariga buyurtma beraman. Kechki mashg'ulot soat 16:00da boshlansa, ovqatlanib yana bazaga qaytamiz va ikkinchi mashg'ulotga hozirlik ko'ramiz. Keyin uyga borib dam olaman. Agar mashg'ulot bir mahal bo'lsa, ertalab shug'ullangandan so'ng kun bo'yi bekor bo'laman. Bazan shahar aylanaman, do'konlarga boraman. Men uchun bir yil juda tez o'tib ketdi.

 

- Hozircha yonimda tanishim yo'q, bir o'zim istiqomat qilyapman dedingiz. Zerikarli emasmi? 

- Endi o'rganib ketdim. Professional futbolchining hayoti shu, zerikarli bo'lsa ham ko'nikishga majbursiz. Qolaversa mashg'ulot va o'yin bilan bo'lib vaqt o'tganini sezmay qolasiz.

 

- Koreyaliklarda jamoaviy yig'ilib gaplashib o'tirish odati bormi? 

- Bor. Bazan yoshi kattalar alohida, yoshlar alohida yig'ilib turamiz. Bazan esa asosiy tarkib va o'rinbosarlar birga yig'ilib  ovqatlanamiz. Albatta, o'yin-kulgu bo'lmaydi, faqat ovqatlanib u yoq bu yoqdan suhbatlashib o'tiramiz.

 

- Koreys tilini qanchalik o'rgandingiz? 

- O'zim uchun kerakli so'zlarni bilaman. Jamoadoshlarim va murabbiylar gapini tushunib boryapman. Ko'chaga chiqqanda ham muammo bo'lmayapti. Narxlarni so'rash va u-bu kerak bo'lib qolsa nima deb aytishni bilaman. Koreyscha unchalik murakkab emas. U erda juda ko'p o'zbeklar mahalliy tilni o'zlashtirib olgan.

 

- Koreyaliklar bizning futbolga qiziqadimi? O'zbek futboli haqida nimalarni so'rashadi? 

- Ha, bizning futbolga juda qiziqishadi. SHuningdek, nihoyatda hurmat qilishadi. O'zbekiston - Janubiy Koreya o'rtasidagi har qanday bahs principal tarzda kechadi. SHu bois ularning bizga etibori katta. Yoshlar jamoasidan tortib milliy terma jamoagacha qiziqib so'rashadi. 

Yana shuni aytishim mumkin, ular doim bizdan hayiqib turadi. U-23 Osiyo chempionatidagi O'zbekiston - Janubiy Koreya bahsidan oldin mendan jamoamiz haqida so'rashdi. Jasur Yaxshiboev zo'r futbolchi ekan deb maqtab qo'yishdi.


- Lekin negadir o'zaro o'yinlarda doim ular yutib ketadi. Bu nimaning evaziga deb o'ylaysiz? 

- To'g'risi, nima uchun ular g'alaba qozonishini bilmayman. Agar bilganimizda biz ham ularni engib jahon chempionatiga chiqqan bo'lardik. Faqat shuni aytishim mumkin, koreyaliklar o'zbek futbolini hurmat qiladi va sizlar yaxshi o'yin ko'rsatasizlar deydi. 

Hozirgi paytda Janubiy Koreyada foaliyat olib borayotgan futbolchilarimiz beshtaga etdi. Bu ham bejiz emas deb o'ylayman. Koreyaliklar uchun osiyolik legioner limitini to'ldirishda bizning futbolchilardan foydalanish qulay bo'lib qoldi. Ular osiyolik futbolchi deganda bizni va avstraliyaliklarni tushunadi. Yaponlar kelmaydi, ularning o'z chempionati kuchli. Xitoyda katta pullar berilyapti. Arablar kelmasligi shundoq ham malum. SHunday bo'lganidan keyin biz bilan Avstraliya qolyapti.

 

- “Seul”da nazariy mashg'ulotlar uzoq davom etadimi? 

- Nazariy mashg'ulot har kuni bo'lavermaydi. Ko'pincha maydonga chiqib shug'ullanamiz. Lekin futbol nazariyasi bo'lib turadi. Odatda o'yindan ikki kun oldin nazariy mashg'ulot bo'ladi. Bunda ko'pincha bo'lajak raqibni o'rganish bilan mashg'ul bo'lamiz. 


- Mahalliy aholining yashash tarzi qanaqa?

- Ko'chada bekorchilarni ko'rmaysiz. Qachon qarama hamma ish bilan band bo'ladi. Odamlarning bir-biriga hurmati va muomalasi yuqori darajada. Odatlari haqida aytadigan bo'lsam, men yashaydigan joyga yaqinroqda park bor va haftaning shanba-yakshanba kuni odamlar oilasi bilan kelib dam olib ketadi. 


- Ko'chada sizni tanib qolishayotgan bo'lsa kerak? 

- Men istiqomat qiladigan joyda ko'pchilik biladi. Birinchi borganimda ham futbolchi ekanligimni bilishgan. Odamlar taniydi qachonki piyoda sayr qilsam, mashina mingan paytim buning iloji yo'q. Bilasizmi, ularda birinchi raqamli sport turi golf hisoblanadi. Golf haqida ko'rsatuvlar ko'p, hatto alohida kanallar ham bor. Undan keyin beysbol turadi va uchinchi o'rinda futbol.

 

- Koreyada futbol qanchalik yoritiladi? Matbuot etibori kuchlimi?

- Juda yuqori. Futbolga oid uchta telekanal bo'lib, hammasi o'yinlarni bo'lib olgan. Mavsum boshlanishidan oldin kanallar Key liga bilan shartnoma imzolab o'yinlarni bo'lib olishadi. Uchrashuvlarga juda ko'p jurnalistlar, fotosuratchilar tashrif buyuradi. Markaziy o'yinlarda matbuot anjumani xonalari to'ladi.

   

- “Seul”ning ashaddiy raqibi “Suvon” muxlislari sizni tanib qoldi deylik...

- SHunaqa bo'ldi ham. “Suvon”ga qarshi birinchi o'yinni muxlislar qatorida kuzatdim. Ko'p muxlislar tanib qoldi va menga iliq munosabatda bo'lishdi. Birga suratga tushdik. 


- O'zbek futbolini qanchalik kuzatib boryapsiz? 

- O'zimizning futbolga oid har bir yangilikni o'tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Hozir internet davrida hamma narsaning iloji bor. “Sport” kanaliga ham rahmat, o'yinlar Youtube orqali namoyish qilinmoqda. Bu esa mamlakatdan chetda yashayotganlarga qulaylik tug'diryapti. 


- “Lokomotiv”ning o'tgan yilgi ishtirokini qanday baholaysiz? 

- Mavsum yaxshi boshlandi. Jamoa Superkubokni qo'lga kiritdi. Lekin Osiyo chempionlar ligasida “Loko” guruhdan chiqa olmadi. Natijada yozda murabbiy almashdi. Yangi murabbiy o'z falsafasi bilan keldi. SHunga qaramay ikkinchi o'rinni olgani yaxshi natija deb o'ylayman. 


- “Paxtakor” o'tgan yil uchala sovrinni qo'lga kiritdi. “Lokomotiv” bilan taqqoslaganda “Paxtakor” ancha kuchaydi deb hisoblaysizmi? 

- “Paxtakor” ham ko'p ijobiy ishlarni amalga oshiryapti. Lekin bu jamoani juda kuchayib ketdi demagan bo'lardim. Ular bilan bemalol o'ynasa bo'ladi.

 

- “Seul” bilan “Lokomotiv”ni solishtira olasizmi? Aytaylik, o'zaro uchta o'yin o'tkazilsa nima bo'ladi? 

- Bu savolga javob berish qiyin. Agar har uchala bahs durang bilan yakun topsa bu meni qoniqtiradi.


- “Seul” klubi rahbariyati jamoa azolari bilan uchrashib turadimi?

- U erda futbolchilarni yig'ib majlis o'tkazish degan narsa yo'q. Klub rahbariyati uchrashsa asosan jamoaga omad tilaydi. Har o'yinga rahbarlar tashrif buyuradi va o'yindan keyin jamoani kiyim almashtirish xonasi oldida kutib oladi. 

O'tgan yil boshida klubimiz rahbariyati, homiylar bir joyga yig'ilib mavsum oldidan qiziqarli tadbir tashkil etgandi. Muxlislar uchun turli viktorinalar o'tkazilib, yutuq sifatida futbolchilar formasi qo'yilgandi. Lekin bu yil koronavirus tufayli shu tadbir bekor qilindi. 


- Keling, endi biroz O'zbekiston milliy terma jamoasi haqida suhbatlashsak. Jahon chempionati saralashida keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz? 

- Hammasi o'z qo'limizda. Hech kimga qarab qolgan joyimiz yo'q. Keyingi uchta o'yinni yutsak, guruhdan birinchi o'rin bilan chiqamiz. Keyingi bosqichga chiqish borasida shaxsan menda shubha yo'q. Faqat hamma gap hal qiluvchi bosqichni qanday o'tkazishimizda. O'ylaymanki, harakat qilsak jahon chempionatiga albatta boramiz.

 

- Bu bosqichda eng og'ir o'yin Saudiya Arabistonida bo'ladi. 

- Ungacha esa ikkita uchrashuvni o'z foydamizga hal qilishimiz kerak. Agar navbatdagi ikki bellashuvda g'olib bo'lsak, safarga xotirjam kayfiyatda yo'l olamiz. Toshkentda ham saudiyaliklar bilan yaxshi o'ynadik, faqat qandaydir besh daqiqa ichida ikkita gol o'tkazib yubordik. Lekin o'yin tomonlama mag'lub bo'lmadik. Menimcha, Saudiya Arabistoni dahshatli raqib emas va ular bilan o'ynasa bo'ladi.


- Keyingi bosqichga chiqdik ham deylik. Junubiy Koreya bilan bir guruhga tushishni xohlarmidingiz? 

- Menimcha, qiziq bo'lardi. Koreyada ham shu savolni berishdi. Koreyalik jurnalistlar O'zbekiston va Janubiy Koreya bitta guruhdan joy olsa, o'zaro bahslar qanday ko'rinish oladi deb so'rashdi. Men esa qiziqarli tarzda javob qaytarishga harakat qildim. 

Yani, agar shunday bo'lsa men har ikki bahsni uyda o'tkazgandek bo'laman dedim. Negaki Toshkent shundoq ham uyimiz, Janubiy Koreya terma jamoasi Seuldagi bahsni “Seoul World Cup” stadionida o'tkazadi. Bu esa jamoamizning uy stadioni hisoblanadi. Menimcha, bu javob jurnalistlarni qoniqtirdi.

 

- Ektor Kuper bilan ishlash qanday taassurot qoldirdi? 

- Ektor Kuper tajribali murabbiy va bu borada gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Faqat uning uslubi bizga to'g'ri kelmadi deb o'ylayman. Malumki, o'zbek futboli azaldan hujumkorlikka yo'naltirilgan. Kuper kelib himoyaviy o'yinni o'rgata boshladi, lekin bu uslub bizga mos kelmadi.

 

- Kuperdan o'zingiz uchun nimalarni oldingiz? 

- Ko'p narsa o'rgandim. Kuper bizga birinchi navbatda tartibli bo'lishni uqtirdi. SHuningdek, o'yin paytida shoshmaslikni va sabr qilishni o'rgatdi.

 

- O'tgan bir yil ichida o'z o'yiningizda qanday o'zgarishlarni sezdingiz? 

- Koreys futboliga uch-to'rt oy ichida to'liq ko'nikib ketdim. Qanday o'zgarishlarni sezganim haqida gapiradigan bo'lsam, avvalo o'zimga bo'lgan ishonch ortdi. Qolaversa uyoqda ko'proq yugurishga majbur bo'lyapman. CHunki Koreyada to'psiz yugurishni juda qadrlashadi. 


- Klub bilan shartnomangiz qancha muddatga tuzilgan? 

- 2021 yil oxirigacha “Seul” bilan shartnomam bor. Nasib qilsa shartnomani to'liq yakunlab qo'yishni istayman. Mabodo klub boshqa jamoaga sotmoqchi bo'lsa bu haqda menga malum qilishadi.

 

- U erda ashaddiy raqiblar bir-biridan futbolchi oladimi? 

- Bunday holatlar kuzatilgan. O'zim bilganim “Seul”ning chernogoriyalik legioneri Deyan Damyanovich klubni tark etib ashaddiy raqibimiz “Suvon”ga o'tib ketgandi. U o'n yildan beri Koreyada o'ynab kelyapti. Damyanovich dastlabki besh yilni “Seul”da o'tkazib, so'ngra “Suvon”ga yo'l olgan. Bundan esa jamoamiz muxlislari juda norozi bo'lib hozir ham bu hujumchini yoqtirishmaydi. Hatto uning suratlari ustiga iks chizib tashlashgan. Hozirda Damyanovich “Tegu” sharafini himoya qilmoqda.

 

- Faraz qiling, “Seul” sizni katta pul evaziga “Suvon”ga sotmoqchi. Qanday yo'l tutasiz? 

- Bu juda qiyin savol. Faqat shuni aytishim mumkin, bir yil o'ynaganimga qaramay “Seul” yuragimdan joy oldi va yana ko'p mavsum shu jamoada to'p tepishni xohlayman. Menimcha, “Seul”ni tark etib “Suvon”ga o'tmagan bo'lardim. Va bu o'rinda pulga ham unchalik etibor bermayman.

 

- Key liga koronavirus tufayli martda ham boshlanmadi deylik. O'yin amaliyotisiz yurish qanchalik tasir qiladi? 

- Bu holat har bir futbolchiga salbiy tasir o'tkazadi. Ikki hafta to'p tepmang, o'yin ritmidan chiqib qolasiz. Bu o'rinda nafaqat men, balki Koreyada o'ynayotgan Jamshid Iskanderov, Xurshid G'iyosov, Doston Tursunov, Rustam Ashurmatov kabi terma jamoa azolari ham amaliyotsiz qolib ketamiz. Xohlardimki, koronavirus butkul bartaraf etilib yana hammasi iziga tushsa, bundan hammamizga faqat foyda bo'lardi.

 

- Janubiy Koreyada o'ynamoqchi bo'lgan futbolchilarga qanday maslahat berasiz? 

- Avvalo buning uchun ko'p ishlash kerak. Qolaversa miyani ishlatgan holda ko'p yugurishga to'g'ri keladi. Bizdagi futbolchilarning koreyaliklardan kam joyi yo'q va u erga borib bemalol o'ynab ketsa bo'ladi.

  

- Suhbatimiz oxirida “Lokomotiv” muxlislariga tilaklaringiz. Har holda shu jamoada o'ynab xalqqa tanildingiz. 

- “Lokomotiv”da o'ynab ajoyib etti yilni o'tkazdim va buning uchun klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchi do'stlarim va albatta muxlislarga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Bundan tashqari stadion ishchilari va bazamiz xodimlariga ham katta rahmat. 

SHu darajaga etishishimda “Lokomotiv”da ishlagan yoki ishlab kelayotgan har bir insonning hissasi bor. Sobiq jamoamga bu yilgi mavsumda omad tilayman. O'ylaymanki, “Loko” bu yil uchala sovrinni ham qo'lga kiritadi. Jamoa ishqibozlariga esa sog'lik-salomatlik va hamisha xursandchilik tilayman.

  

- Ikrom, ajoyib suhbat uchun rahmat. Faoliyatingiz yanada porloq kechishini tilab qolamiz. 


X.Xoliqov suhbatlashdi.

Intervyuning 1-qismi> Ikrom Aliboev: “Janubiy Koreyada oson o'yinlar yo'q” 

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика