Intervyu. Aleksandr Lobanov: "Odamlar biz futbolchilar maydonda bor kuchini bermaydi deb o'ylashadi, bu katta xato"
11 may 2020 20:46
Yangiliklar
Intervyu. Aleksandr Lobanov: "Odamlar biz futbolchilar maydonda bor kuchini bermaydi deb o'ylashadi, bu katta xato"
Darhaqiqat, jamoa yutqazsa yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrasa muxlislar tomonidan birinchi etiroz va tanqid maktublari darvozabonlarga yo'llanadi. Ishqibozlarga yaxshi tanish bo'lgan posbon Aleksandr Lobanov bir necha yil oldin terma jamoadagi o'yinlari sabab ko'p bor tanqid qilingandi. Futbol shunaqa narsaki, yutuq ham, mag'lubiyat ham butun jamoaniki. Faqat, o'sha futbolchi sababchi bo'lishi mumkin, xolos. Ammo, oxirgi yillarda u Bekobodning “Metallurg” jamoasi tarkibida o'z o'yinini topa oldi. Yaqinda futbolchi bilan intervyu tashkil qildik va o'zimizni qiziqtirgan savollar bilan yuzlandik.
- Sir emaski, JCH-2018 saralash bosqichida sizga nisbatan yomon fikrlar, turli xil etirozlar yuzaga kelgandi. Sizni hazil tariqasida sahnaga olib chiqqanlar ham bo'ldi. Xo'sh, bu jarayonni engib o'tish qanday bo'ldi?
- Savolingizga qisqa javob beraman. Aytadigan bo'lsam gaplar ko'p. Lekin, jim turishni o'zim uchun maqul deb bilaman.
- O'shanda siz malum vaqt Eronning “Persepolis” klubida o'ynab qaytgandingiz. Ochig'i, xorijdagi faoliyatingiz ko'pga cho'zilmadi...
- Men o'z xohishim bilan ketdim. Klub meni qo'yib yuborishni istamagandi. U erda hech narsa qila olmasligimni tushunib etdim va ortga qaytdim.
- Milliy terma jamoamizning Rossiyadagi Jahon chempionatiga yo'llanma qo'lga kirita olmaganini qanday izohlaysiz? Ko'pchilik orasida futbolchilar pulni o'ylab shunday qilishdi degan gaplar paydo bo'lgandi...
- Afsuski, bizning terma jamoamizga doim bitta ochko yoki bitta gol etmay qolaveradi. Bu qachondir yakuniga etadi, o'zgaradi. Bunga barcha ishonishi kerak. Futbolchilar terma jamoa libosida maydonga tushar ekan, pul haqida emas, faqatgina g'alaba haqida o'ylashlari kerak. Ko'pchilik futbolchilar maydonda bor kuchini bermaydi deb o'ylaydi. Lekin, bu katta xato.
- Eron bilan safarda kechgan uchrashuvni faoliyatingizdagi eng yomon uchrashuv desak to'g'ri bo'ladimi?
- Yo'q, unday emas. Statistikaga qarangchi Eron bilan safardagi o'yinlarimiz qanday o'tgan.
- Janubiy Koreya bilan o'yindan oldin barchaning kayfiyati tushib ketgandi. Menimcha, o'shanda jamoaga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy emas, yuqori malakali ruhshunos kerak edi. Baribir, uch kun, besh kun mobaynida jismoniy holatni yuqori notaga olib chiqib bo'lmasdi. Aslida, futbolchilar o'z klublaridan jismoniy jihatdan tayyor bo'lib kelishlari kerak...
- Ha, kayfiyat va holatimiz juda yomon edi. Ammo, bizda yagona imkoniyat qolganligini bilardik. Biz darhol o'zimizni tiklab oldik. G'alaba qozonishni istagandik.
- “Paxtakor”da bir necha yil davomida asosiy darvozabon bo'lib keldingiz, ajralmas azosiga aylandingiz. Ketishingiz jamoaga kelgan yangi murabbiy bilan bog'liqmi yoki raqobat...
- O'ylashimcha, men “Paxtakor”da raqobatda ustun kelib, asosiy darvozabon sifatida faoliyat olib borayotganimda jamoaga yangi xorijlik murabbiy tayinlandi. Uning qo'l ostida ham malum vaqt o'ynadim. Murabbiy o'zining tanlovini maqul ko'rdi. Ketishga qaror qildim va “Metallurg” safiga borib qo'shildim.
- Oxirgi ikki yil mobaynida sizda avvalgiga qaraganda ijobiy o'zgarishlarni sezdik. O'yiningizda ham o'sish borligini ko'rdik. Bu “Metallurg” jamoasi va murabbiylarining ishonchining samarasi bo'lsa kerak...
- To'g'risi, saytingiz meni birinchi tur ramziy terma jamoasiga kiritganida, hayratda qolgandim. Yangi klubga kelgach men barchasini qaytadan boshladim. O'z ustimda ikki barobar ko'proq ishlashim kerakligini tushunib etdim. “Metallurg” meni bejizga taklif qilmaganini hali yana ko'p bor isbotlayman.
- “Paxtakor” tarkibida bekobodliklarga qarshi ko'p bor to'p tepgansiz. Siz qarshi o'ynagan o'sha paytdagi jamoa bilan, bugungi kundagi jamoani o'rtasidagi tafovutni ayta olasizmi?
- Bu jamoa doim har qanday raqibga bosh og'riq va muammo bo'lib kelgan. “Metallurg” istasa hamma jamoani yutishi mumkin. Fikrimcha, hozirda jamoada barqarorlik yuzaga kelgan, natijalarimiz ham yomon emas.
- So'ngi ikki mavsumni jamoa beshinchi o'rinda yakunladi. “Metallurg” bundan ham ko'prog'iga qodirmi?
- Biz har yili yanada ko'prog'ini istaymiz, xohlaymiz. Buni isbotlashga harakat qilamiz. Bilasiz, chempionatimizda raqobat yuqori. To'g'ri, “Paxtakor” bu borada yaqqol favorit. Ammo, qolgan jamoalar ham qarab turmaydi deb o'ylayman.
- Joriy yilni Bekobod shahri jamoasi yaxshi boshladi. Dastlabki ikki turda futbolchilar tartibli o'yin namoyish qilishdi. Jamoaviy harakatlarda bog'liqlik kuzatildi. Lekin, “Paxtakor” bilan o'yinda yuqoridagilarni birortasini ko'rmadik...
- Oddiy gollarni o'tkazib yubordik. Uchrashuvda hisob ochilguniga qadar bizda ham vaziyatlar bo'ldi. O'z xatolarimiz evaziga yutqazdik. Muxlislarimizni daldasini his qilib turdik. Ularga o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Koronavirusni engishimizga oz qoldi. Hammasi yana avvalgidek bo'lishiga ishonaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar