So’nggi yangiliklar

18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  1 17:39"Ланс" "Челси" собиқ ҳимоячиси билан битим тузди. У Ҳусановга рақобатчи бўлади  1 17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  0 16:48"Хоразм" бир қатор футболчиларни сафига қўшиб олди  2 16:28"Манчестер Сити" янги мавсум учун захира либосини тақдим этди  1 15:59ФИФА Олимпиада ўйинларидаги воқеаларни текшириш учун эксперт тайинлади  0 15:34Тимур Кападзе: "Мисрнинг кучли томонлари ва имкониятларини яхши биламиз"  9 15:12Иброҳимҳалил ОТЖ лагерини тарк этди, унинг ўрнига бошқа ўйинчини қўшиш мумкинми? Кападзе жавоб берди  26 14:59"Манчестер Юнайтед" Уан-Биссакани Дюмфрисга алмаштирмоқчи  4 14:37Париж-2024. Ўзбекистон Мисрга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  9 14:15АПЛ клублари "Лион" ҳимоячисига даъвогар  1 13:50Симонс "Лейпциг" ва "Бавария"дан бирини танлади  1 13:23"Арсенал" Евро-2024'да ёрқин ўйин кўрсатган ярим ҳимоячининг трансфери борасида музокаралар ўтказмоқда  1 12:57"Ньюкасл" ҳимоячиси Саудия Арабистони чемпионатига ўтиши мумкин  1 12:29Расман: "Комо" ироқлик иқтидор билан шартнома имзолади  1

Intervyu. Aka-uka Abduxoliqovlar hech bahs boylashganmi? Yangiliklar

Intervyu. Aka-uka Abduxoliqovlar hech bahs boylashganmi?

Aka-uka Temurxo'ja va Orifxo'ja Abduxoliqovlar saytimiz ofisiga tashrif buyurishdi.

Temurxo'ja o'tgan yil "Lokomotiv" bilan O'zbekiston chempioni va Kubok sohibi, bundan tashqari, oliy ligada 22ta gol bilan to'purar bo'ldi. U hozirda Qatarning "Al Sayliya" klubida faoliyat olib boryapti.

Orifxo'ja esa birinchi liga vakili "NBU-Osiyo" hujumchisi hisoblanadi. U joriy mavsum hozircha 16ta gol bilan birinchi liganing eng yaxshi to'purari bo'lib turibdi. Aka-uka hujumchilar saytimizga intervyu berib bir qator qiziq savollarga javob qaytarishdi. Qiziq, ular bir-birlari bilan hech bahs boylashib ko'rishganmi? Bu savolga ham quyidagi intervyuda javob topasiz.

- Temurxo'ja, bu yil hisobidan mavsumning ikkinchi yarmini Qatarda o'tkazdingiz. Taassurotlar qanday?

- Qatarga borganimda u erda ikkinchi davra boshlangan, mavsum ayni qizg'in pallaga kirgandi. Lekin klubim "Al Sayliya" pastki o'rinlarda edi. Qatarda chempionat yakunida to'rtta jamoa elitadan tushib ketadi. Bizning jamoa oldiga qo'yilgan maqsad oliy ligada jon saqlab qolish bo'lib buning uchun hamma bor kuchi bilan harakat qilayotgandi. Birinchi borganimda to'g'risi jismoniy holatim to'liq emasdi, chunki bizda hali mavusum boshlanmagan, endi tayyorgarlik ketayotgandi. SHu bois boshida ancha qiynaldim.

- Jamoaga moslashish uchun qancha vaqt yoki bo'lmasa nechta o'yin kerak bo'ldi?

- Ikki-uchta o'yin kerak bo'ldi deb o'ylayman. Aslini olganda, biz uchun har bir bahs finalga teng edi. Jamoalarning ochkosi bir-biriga yaqin bo'lgani uchun g'alaba qozonsangiz 8-o'ringa ko'tarilishingiz, mag'lub bo'lsangiz 12-o'ringa tushib ketishingiz hech gapmasdi.


- Siz uchun yangi chempionatda birinchi golni urib olish juda muhim edi. Har holda hujumchisiz. Ayting-chi, bu qanchalik qiyin bo'ldi?
- Birinchi golni urganimdan keyin orada ikki-uch o'yin tanaffus bo'p qoldi. Albatta, Qatarda legioner hisoblanganim uchun o'ziga yarasha bosim bo'ldi. CHunki mendan gol urish  va maksimal natija ko'rsatish talab etilardi.

 - Orifxo'ja, akangizning Qatardagi gollarini ko'rib turdingizmi?

- Internet orqali deyarli hamma gollarini ko'rib borishga harakat qildim. Qolaversa, butun oilamiz bilan akamga dalda berib turdik.

- Qaysi goli ko'proq yoqdi?

- Hamma gollari yoqdi. CHunki akamning hamma gollari jamoaga yordam berdi. Eng asosiysi "Al Sayliya" mavsumni 8-o'rinda tugatib, oliy ligada qolishni uddaladi.

- Temurxo'ja, 8-o'rindan rahbariyat qoniqdimi?

- Yo'q qoniqishmadi, bu mavsum biz uchun yaxshi o'tmadi deyishdi. Birinchi davrada ko'p ochkolar yo'qotilgandi. Lekin eng muhimi, bu yil tushib ketmadik.

- Qatar yulduzlar ligasida ettita gol urdingiz. Bu ko'rsatkich siz uchun etarli bo'ldimi?

- Albatta, qancha ko'p bo'lsa shuncha yaxshi. Lekin bu ham yomon emas. Gollar hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

- Umuman olganda Qatarda chempionat saviyasi qanday?

- Endi nima desam bo'ladi, plyus tomonlari ham, minus tomonlari ham bor. Eng katta plyus tarafi Qatarda legionerlar saviyasi ancha baland. Har holda ular O'zbekistonda o'ynayotgan legionerlardan kuchli. Minus tomoni esa darvozabon va himoyachilar birmuncha kuchsiz. Qatar klublari ayniqsa himoyada tartibsiz o'yin namoyish etishadi. 



- Demak, u erda gol urish osonroqmi?

- Gol urish hech qaerda oson emas. Faqat to'p darvoza to'riga kirgandan keyin hammasi oson bo'lib ko'rinadi. Qatar klublaridagi sharoit yuqori, infratuzilma kuchli, shuningdek maydonlar holati ham zo'r.

- Bizdan ko'p o'yinchilar borsa o'ynab keta olishadimi?

- Hammasi futbolchining o'ziga bog'liq. Legioner bo'lib borsa bosim ham shunga yarasha bo'ladi. U erga borgandan keyin mahalliy o'yinchilarga qaraganda bir bosh ustun bo'lish kerak.

- Biz ko'pincha arab futbolchilari birmuncha dangasa, ularda puldan muammo yo'q, shunchaki havas uchun futbol o'ynashadi degan gaplarni eshitib qolamiz. Qatarda mahalliy o'yinchilarning futbolga munosabati qanaqa?

- Futbol ular uchun xobbidek ko'rinadi, lekin arablar dangasa emas. Ular ham mashg'ulotlarda hamma qatori ishlaydi. Lekin u erda baribir legionerlarga ko'proq pul to'lanadi. Kim kuchli bo'lsa o'sha ko'p haq oladi. Nafaqat aralblarda, balki dunyodagi barcha millatda dangasa yoki bo'lmasa ishchan odamlar uchraydi.

- U erdagi mashg'ulotlar biznikidan farq qiladimi?

- Deyarli katta farq yo'q. Hozir hamma mashg'ulot o'tkazish tartibini o'rganib olgan va sekin-asta hamma joyda mashg'ulot o'tkazish uslubi bir xil bo'lib bormoqda.

- Siz uchun qaysi biri qiziq: oliy ligada to'p tepishmi yo Qatar chempionatidami?

- Ikkalasi ham qiziq. Oliy ligada ko'pchilikni taniysiz, o'yinni oilangiz, qarindoshlar kuzatib borishadi. Qatarda esa siz kuchli ekanligingizni ko'rsatish maqsadida to'p tepasiz. U erda Qatar xalqi uchun o'ynaysiz, qo'lingizdan nima kelishini isbotlashga harakat qilasiz.   

- Endi keyingi rejalar qanaqa?

- Yanvarda "Al Sayliya" bilan bir yarim yillik shartnoma tuzgandim. SHuning yarim yili o'tdi. Menimcha, shartnomam oxirigacha shu klubda qolaman, keyin nima bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.

- "Al Sayliya" o'zingizga qanchalik maqul keldi?

- Yomon emas, muhimi, bu klubga tezda kirishib keta oldim. Jamoadoshlarim ham yaxshi futbolchilar. Legioner sifatida o'zimni ikkinchi bor chetda sinab ko'rish men uchun ham qiziq edi. O'zimda o'sish bo'lgani sezib turibman: ham ruhiy, ham taktik va jismoniy tomonlama.


- Qatar chempionatiga muxlislar tashrifi qay darajada?
- Judayam achinarli holatda. Stadionlar bo'm-bo'sh, bizda ularga nisbatan hartugul odam ko'p. O'zi Qatar davlatining xalqi kam, hududi ham kichik. Qatarliklar muxlislar tashrifi bo'yicha O'zbekistonga havas qilsa arziydi.

- Nima deb o'ylaysiz, "Al Sayliya" yangi mavsumda chempionlik uchun kurasha oladimi?

- Klub kurashmasa ham o'zim uchun shunga harakat qilaman. Negaki faoliyatim davomida uchinchi o'rindan pastga tushmaganman. 8-o'rin men uchun yangilik bo'ldi. "Al Sayliya" ikki yil oldin chempionatni to'rtinchi o'rinda tugatgan, Amir Kubogida finalga qadar etib borgandi. Demak, jamoamizda salohiyat bor. Harakat qilsak hammasi bo'ladi.

- Endi ukangiz Orifxo'jani ham suhbatga tortsak. Orifxo'ja, hujumchi bo'lishingizga kim sababchi bo'lgan?

- Birinchi navbatda dadam. Dadam ham murabbiy va meni yoshligimda hujum chizig'iga qo'yib ko'rgandilar. SHuningdek, boshqa chiziqlarda ham o'ynaganman. Lekin yakunda hujumga to'xtalganmiz. Akam ham ko'p maslahatlar bergan.

- "NBU-Osiyo"ga borish varianti qanday yuzaga kelgandi?

- Oldingi yil qishda ko'rikka borib mashg'ulotlarda qatnashgandim. Birinchi yil o'yinim unchalik chiqmadi. Lekin bu yil hozircha hammasi yaxshi ketmoqda.

- Birinchi liganing birinchi davrasida 16ta gol urdingiz. Buni yaxshi ko'rsatkich desa bo'ladi. Sizningcha, birinchi ligada to'p kiritish osonmi?

- Akam aytib o'tganidek, hujumchi gol urganidan keyin hammasi oson bo'lib ko'rinadi. Aslida hammasi mehnatga bog'liq.

- Birinchi ligada kuchli klublar ko'pmi?

- Ayniqsa, bu yil kuchayish bo'ldi deb o'ylayman. Birinchi o'rinda borayotgan "Cementchi", shuningdek "Andijon", "Surxon", "Istiqlol" klublari o'ziga yarasha kuchga ega.

- Qaysi o'yinlar qiyin bo'ldi?

- Eng qiyini deb "O'z-Dong Ju"ga qarshi bahsni aytgan bo'lardim. O'shanda biz 2:1 hisobida g'alaba qozondik. Bundan tashqari, "Andijon" bilan o'yin ham o'ziga yarasha qiyin kechdi.   



- "NBU-Osiyo"da oliy ligaga chiqish haqida gap-so'zlar bo'lyaptimi?

- Bu haqda yaqqol gapirishgani yo'q, lekin o'zimiz birinchi o'rinni olib oliy ligaga chiqishni xohlayapmiz.

- "Cementchi"dan o'tib ketsa bo'ladimi?

- Oramizdagi farq olti ochko bo'lib turibdi. Harakat qilsak o'tib ketamiz. Balki nasib qilib qolar.

- Sizningcha, O'zbekistonning eng kuchli hujumchisi kim?

- Men uchun akam Temurxo'ja Abduxoliqov doim birinchi raqamli hujumchi bo'lib qoladi. Akam bo'lgani uchun emas, balki shundoq ham kuchli hujumchi deb hisoblayman.

- Birinchi ligada 16ta gol urgan futbolchi bilan yozgi tanaffusda oliy liga klubi qiziqib qolsa qanday yo'l tutasiz?

- Avvalo kattalar bilan maslahatlashaman. Yani, murabbiyimiz Rufat aka Akramxo'jaev, shuningdek dadam bilan. Hammasi o'zimga bog'liq emas. Qolaversa, hozir bor etiborimni "NBU-Osiyo"dagi o'yinimga qaratganman. Lekin o'zimga qolsa bu mavsumni shu jamoada tugatishni xohlayman.

- Hech aka-uka kim ko'p gol urish bo'yicha bahslashib ko'rganmisiz?

T.Abduxoliqov: - Ha bir marta shunday bo'lgandi. Unda ukam "Lokomotiv"ning ikkinchi liga jamoasida o'ynardi. Ikki yil oldin bahs boylashgandik. Ukam 30tadan ko'p gol urib mendan ancha o'zim ketgandi.

- Temurxo'ja, nihoyat bu yil O'zbekiston milliy terma jamoasida debyut qildingiz. Taassurotlar qanday?

- Endi taassurotlar ko'p ham yaxshimas. Negaki Suriya bilan kechgan bahsda yutqazib qo'ydik. Lekin Xudoga shukur hozircha imkoniyat bor. Agar nasib qilgan bo'lsa jahon chempionatiga chiqamiz.


- Yon atrofdan futbolchilarning terma jamoaga borgisi kelmay qoldi degan gaplarni eshityapmiz. Rostan shunaqami?
- Yo'q, unaqamas. Balki chetdan shunday ko'rinayotgan bo'lishi mumkin. Har bir futbolchi milliy termada o'ynashni xohlaydi va o'zini hurmat qilgan o'yinchi chaqirilmasa xafa bo'ladi. O'yinimiz qovushmagan paytlarda odamlar shunday xayolga borgan bo'lishlari mumkin.

- Eron bilan o'yin shunchalik qiyin bo'ldimi?

- Eron unchalik kuchli emasdi. Har holda bemalol o'ynasak bo'lardi. Lekin hamma ayb o'zimizda, chunki o'z darajamizda harakat qila olmadik. O'sha kuni Eron bizni yutmadi, balki o'zimiz yutqazib qo'ydik.

- Juda ko'p tanqidiy fikrlar bildirish davom etaversa bu futbolchilarga qanchalik tasir qiladi?

- Yoki futbolni tashlab yuboramiz, yo bo'lmasa jahon chempionatiga chiqib ketib qolamiz. YO hammasi buzilib ketadi, yo zo'r bo'lib ketadi. Esingizda bo'lsa, Osiyo Kubogi-2011 oldidan Vadim Abramovni ko'pchilik tanqid qilgandi. Men o'zim ham hayron qolgandim, Abramov nima qilmoqchi deb. Lekin Osiyo chempionatida yaxshi ishtirok etganimiz ko'pchilikning yodida. SHaxsan men barcha tanqidlar to'g'ri yabul yilyapman, chunki xalqimiz uzoq yillardan beri jahon chempionatiga borishimizni kutyapti.  

- Aziz Haydarov intervyu berib, biz o'zi chiqishga tayyormizmi, chiqqan bilan u yoqqa borsak nimaga erishamiz degan manoda gapirdi.

- Eron tayyor deb o'ylaysizmi? Ularda chempionat bizdan battar-ku. Maydon chimlari ham yaxshi emas, qolaversa yopiq davlat. Qatar tayyormi? U erda ichki chempionat o'yinlariga odam kirmaydi. Biz uchun muhimi chiqib olish, agar jahon chempionatiga chiqsak bir yil ichida hamma tayyor bo'ladi. Bu borada mening fikrim shu: tayyor bo'lsak-bo'lmasak xalqimiz uchun, xalqning duosini olish uchun mundialga borishimiz shart.

- Jahon chempionatga borishni hamma siz kabi xohlayaptimi?

- Albatta. Terma jamoaga kelgan futbolchi borki jahon chempionatiga borsam deydi. CHunki bu bizning orzumiz! Masalan, siz jurnalist sifatida kimdan intervyu olishni xohlaysiz?

- Aytaylik, Gvardioladan.

- Demak, biz ham o'z sohamizdan kelib chiqib mashhur futbolchilarga qarshi o'ynasak deymiz. Lekin futbolda xohish boshqa, ishonch boshqa. Xohish hammada bor, lekin ishonch kimdadir ko'p bo'ladi, kimdadir kam. Muxlislar bekorga tanqid qilayotgani yo'q, ular faqat bir narsani xohlashyapti: O'zbekiston jahon chempionatiga chiqishini.


- Saralashda Qatarning Janubiy Koreyani mag'lub etishi biz uchun bosimni yana kuchaytiradimi?
- Yo'q, aksincha bu bizga yordam beradi. Endilikda hammasi o'z qo'limizda. Ikkita o'yinni yutsak bo'ldi, jahon chempionatidamiz. Bosim har doim bo'lgan va bunga tayyor turish kerak. Jahon chempionatiga chiqsak ham bosim kamayib qolmaydi. Mundialga borib sharmanda bo'lib qolmaylik, yaxshi o'yin ko'rsatish kerak degan manoda bosim davom etaveradi. Lekin baribir chiqishimiz kerak.

- Mana endi terma jamoa oldida ikkita o'yin qoldi. Siz bu o'yinlardan nima kutyapsiz?

- SHaxsan men futbolchi sifatida ikkita uchrashuvda ham g'alaba qozonib jahon chempionatiga borishimizni kutyapman. Agar hamma o'z darajasida o'ynasa, Xitoyni ham, Janubiy Koreyani ham mag'lub eta olamiz. CHunki bu jamoalar oldingidek kuchga ega emas. Hammasi o'zimizga bog'liq.

- Bu o'yinlarda bosh murabbiyning roli qanday deb o'ylaysiz?

- Bosh murabbiyning roli juda katta ahamiyatga ega deb o'ylayman. CHunki u rejissyor! Mana shu ikkita bahs murabbiylar uchun ham, futbolchilar uchun ham hayot-mamot jangi bo'ladi.

- Temurxo'ja, Orifxo'ja vaqt topib "Championat.asia" saytiga tashrif buyurganingiz uchun o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelajakdagi faoliyatingizga omad tilaymiz, yanada ko'plab gollar urish nasib qilsin.


X.Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика