So’nggi yangiliklar

07:53EЧЛ. Кечаги учрашувларнинг «Man of the match»лари маълум  2 07:37БАА чемпионати. «Шабаб Ал Аҳли» меҳмонда мағлуб бўлди. Ғаниев захирадан майдонга тушди ва ассист қайд этди  0 04:45Чемпионлар лигаси 1/4 финал. "Манчестер Сити" - "Реал Мадрид" 1:1 (Пенальтилар 3:4)   8 04:40Чемпионлар лигаси 1/4 финал. "Бавария" - "Арсенал" 1:0   1 04:35ОЧЛ. "Ал Айн" - "Ал Ҳилол" 4:2   0 04:25U-23 Осиё кубоги. Вьетнам - Кувайт 3:1   0 02:50ЕЧЛ. "Реал Мадрид" пенальтилар сериясида "Ман Сити"ни мағлубиятга учратиб, ярим финалга йўл олди! Финал остонасидаги рақиб - "Бавария"  383 01:56ЕЧЛ. Киммихнинг голи "Бавария"ни ярим финалга олиб чиқди  32 01:00"Манчестер Юнайтед" форварди ёзда клубни эркин агент мақомида тарк этади  2 23:54Малайзия ОТЖ бош мураббийи: "Бугун мусобақанинг энг кучли жамоаларидан бирига қарши ўйнадик"  0 23:35U-23 Осиё кубоги. Ўзбекистон - Малайзия 2:0   1 23:24ОЧЛ. "Ал Айн" кутилмаганда ярим финалнинг илк ўйинида "Ал Ҳилол"ни мағлуб этди  18 23:22"Манчестер Сити" — "Реал". Таркиблар маълум  29 23:05Футзал бўйича Осиё кубоги. Ўзбекистон - Австралия 3:2   1 22:50Абдувоҳид Неъматов: "Мусобақани ажойиб тарзда бошлаб олдик"  2

Ikrom Aliboev: Hatto xorijdan ham takliflar olgandim Yangiliklar

Ikrom Aliboev: Hatto xorijdan ham takliflar olgandim

Amaldagi chempion - Lokomotiv o'quv-mashg'ulotlar yig'inini BAAning Dubay shahrida davom ettirmoqda.

Biz jamoaning BAAga jo'nab ketishi oldidan "Lokomotiv" bilan amaldagi shartnomasini yana 2 yilga uzaytirgan yarim himoyachi Ikrom Aliboevdan intervyu oldik. 

- Ikrom, o'tgan mavsum «Lokomotiv» uchun kutilganidan ham omadli keldi - jamoangiz ketma-ket ikkinchi yil «oltin dubl» qayd etdi. Bu muvaffaqiyatning bosh omili raqobatdan xoli bo'lganinglarmi yoki...?

- G'alabalarimizning asosiy sababi - murabbiylarning tinimsiz izlanishlari va mehnatlari. Qolaversa, klub rahbariyatining yuksak etibori ham muhim ahamiyat kasb etdi. Yana shuni qo'shimcha qilishim kerak, bizda ajoyib va ahil kollektiv, yani jamoa yig'ilgan.

Raqobatga kelsak, undan xoli emasdik. Misol uchun, ikkinchi davrada «Nasaf» izma-iz taqib etdi. Ayni shu holat bir lahzaga ham bo'shashishimizga yo'l qo'ymadi.

- «Lokomotiv»ning chempionatdagi eng qiyin g'alabasi sifatida qay birini tilga olasiz?

- Aslida oson o'yinning o'zi kuzatilmadi, hisob. Lekin birinchi davra doirasida «Paxtakor»ga qarshi kechgan safar o'yinida juda qiynaldik. O'sha uchrashuvni eng murakkablari qatoriga qo'shish mumkin.

- Jamoaning eng alamli mag'lubiyati-chi?

- Qizig'i, alamli mag'lubiyat ham «Paxtakor» bilan o'yinda ro'y berdi. Ikkinchi davradan o'rin olgan o'zaro uchrashuvda sezilarli ustunlikka erishganimizga qaramay, buni natijada aks ettirolmadik.

- «SHo'rtan» maydonidagi mag'lubiyat tasodifmidi?

- Yo'q. «SHo'rtan» o'sha kuni haqli g'alabaga erishgandi. SHaxsan men «SHo'rtan»dan qabul qilingan mag'lubiyatni tasodifga yo'ymayman. G'uzorliklar ajoyib o'yin ko'rsatish asnosida ustun kelishgandi.

Etibor bergan bo'lsangiz, «SHo'rtan» o'z maydonida poytaxtning barcha jamoalarini mag'lubiyatga uchratdi. SHuning o'ziyoq fikrim to'g'riligiga asosdir.

- Ko'pchilikning fikricha, «Lokomotiv»da ikki nafar bosh murabbiy bor: Yelichich va Miklyaev. Klub futbolchisi sifatida bu murabbiylarning asosiy vakolatlari haqida malumot bera olasizmi: kim tarkib tuzadi, kim ko'rsatma beradi?

- Har ikkisi mashg'ulotlarni birdek boshqaradi. To'g'ri, ishning katta qismini Mirko Yelichich bajaradi. Deylik, o'yinlar uchun taktikani ham, ko'rsatmalarni ham aynan avstraliyalik murabbiy belgilaydi.

Bilishimcha, Mirkoda PRO-licenziyasi yo'qligi sabab, rasmiy hujjatlarda Andrey Miklyaev bosh murabbiy sifatida ko'rsatilmoqda.

- Mavsum yakunlangach, sizda biroz ikkilanish kuzatildi. Zero, oldingizda jamoada qolish yoki boshqa klubga o'tish masalasi ko'ndalang turgandi. Mana, oxir-oqibat, «Lokomotiv»da qoldingiz. Bir to'xtamga kelishda nechog'li qiynaldingiz?

- Aslida bu borada ortiqcha bosh qotirmadim, hisob. Axir «Lokomotiv» men uchun xuddi ikkinchi uydek bo'lib qoldi. 6 yildan buyon «temiryo'lchilar» sharafini himoya qilyapman.

To'g'ri, boshqa jamoalardan juda ko'p takliflar tushdi. Xususan, xorij klublariga ham chaqirishdi. Lekin yakunda «Lokomotiv»da yana 2 yil o'ynashni maqul ko'rdim.

- Xorijda faoliyat yuritish har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Nima uchun bunday imkoniyatdan foydalanmadingiz?

- Ha, xorij klublari takliflari moliyaviy tomondan zo'r edi. Lekin ayni payt bunday chorlovlarni qabul qilishda shoshilmasligim kerak. Har holda, salohiyatimni yaxshiroq chempionatlar va kuchliroq klublarda sinab ko'rishni xohlayman.

- Qiziq, aynan qaysi klublar siz bilan aloqaga chiqqandi?

- Keling, shu haqda gapirmaylik. Axir tranfser amalga oshmadi-ku! Aytmoqchimanki, endi jamoalar nomini aytishdan mano yo'q. 

- Ko'plab futbolchilarimiz vaqtida xorij jamoalari taklifini qabul qilmay, keyin afsuslanishgan. Yani fursatni boy berishgan...

- Nasib etsa, menda xorijga chiqish uchun hali imkoniyat bo'ladi. Yuqorida aytganingizdek, har bir futbolchi legioner maqomida o'ynashni orzu qiladi. Tabiiyki, menda ham shunday niyat yo'q emas. Xullas, legioner sifatida o'ynashga hali ulguraman.

- «Lokomotiv»da qolishingizning asosiy omili nima?

- Klubda hammasi ko'nglimdagidek. Muhimi, jamoada o'z o'rnim borligini bilaman va bundan xursandman. Avvalgi mavsum oliy liganing 30ta o'yinidan 22tasida maydonga tushdim.

Jarohatlanmaganimda, balki bu statistika yanada yaxshiroq bo'larmidi? Xullas, asosiy omil - bu erda baxtiyorlikni his etyapman. SHularni hisobga olib, «Lokomotiv» bilan shartnomam muddatini uzaytirdim.

-  Yangi mavsumdan etiboran yo'lga qo'yiladigan Superliga va Pro-ligada ishtirok etuvchi klublar oldiga katta talablar qo'yilmoqda. Deylik, futbolchilar maxsus normativlarni topshirishlari shart. Sizningcha, o'zgarishlar qanday natija beradi?

- Ochig'i, birdaniga va biroz kutilmaganda chiqarilgan bunday qarorlar hamma qatori meni ham hayron qoldirdi. O'zgarishlar futbolimiz va aynan o'yinchilarga nima berishini esa vaqt ko'rsatadi. Oldindan baralla gapirish qiyin. Bunday tizimda biror marta o'ynab ko'rmaganmiz.

CHempionatda o'yinlar soni ko'paygani yaxshi. SHu asnoda ko'proq amaliyotga ega bo'lamiz. Menimcha, Superliga oliy ligadan keskin farqlansa kerak. Xususan, raqobat oshishi tayin. Normativlarga kelsak, bu futbolchilarda masuliyatni oshiradi. 

- Ha, normativlardan ko'zlangan maqsad aniq - futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini yuqori darajaga olib chiqish. Belgilangan meyoriy talablardan o'tgan do'stlaringiz va tanishlaringiz bilan gaplashgandirsiz. Ular nima deyishyapti?

- SHubhasiz, jismoniy tayyogarlik har bir professional futbolchi uchun muhim ahamiyatga ega. O'zi futbolchilar jismoniy holatni mustaqil nazorat qilib borishlari shart. CHunonchi, maydondagi harakatlar qanday chiqishi avvalo, jismoniy tayyorgarlikka bog'liq.

Ko'p klublarda jismoniy tayyorgarlik darajasi pastligi uchun ham, o'yinlar surati taxminan 70-daqiqadan ke-yin pasayib ketadi. SHuni inobatga olsak, normativ talablari juda o'rinli. To'g'ri, qabul qilingan meyorlar haqida nimadir deyishim qiyin. Bu masalada mutaxassislar fikrini eshitish maqul.

- «Lokomotiv» hozirgi tarkibi bilan OCHL-2018 guruh bosqichidan chiqa oladimi? O'tgan yilgi omadsizlikdan to'g'ri xulosa chiqardinglarmi? 

- Guruh bosqichidagi jamoalarning hammasi biz uchun yangi raqib. Hech biri bilan to'qnash kelmaganmiz. Jamoamiz salohiyatini nazarda tutib aytsam, bu guruhdan bemalol chiqish mumkin, menimcha. Har holda, raqiblar orasida engilmaydigani yo'q. Albatta, barchasini amalda uddalash yo'lida bor kuchimizni sarflaymiz.

Eslasangiz, o'tgan yili guruh bosqichida qaysidir manoda sifatli futbol ko'rsatgan edik. Lekin so'nggi daqiqalardagi omadsizlik sabab, «pley-off» raundidan chetda qoldik. Eh, qanday zo'r imkoniyatlarni qo'ldan chiqarib, muhim ochkolardan mosuvo bo'lgandik...

O'ylaymanki, bu yil o'sha xatolarni takrorlamaymiz va g'alabali yurish bilan muxlislarga bayram ulashamiz. Bunday dadil gapirishimga etarlicha asos va sabablar bor. Eng asosiysi, OCHLda o'ziga yarasha tajriba to'pladik.

- O'tgan mavsum avvalida raqamingizni o'zgartirdingiz. Hayotingizda tug'ilgan kuningizdan tashqari, 9-raqam bilan bog'liq yana nimadir bormi?

- Ha, aynan 9 yanvar kuni dunyoga kelganman. Bu safar ham tug'ilgan kunni Vatandan tashqarida nishonlashga to'g'ri keldi. Lekin hayotimda 9-raqam bilan bog'liq boshqa hech nima yo'q.

Avvalo, raqam hech narsani hal qilmasligini aytishim kerak. Aslida menga 10-raqam ko'proq yoqadi. Biroq «Lokomotiv»da «10»ning egasi bor -  Marat Bikmaev. Avvalgi mavsum boshida menga 9-raqamli futbolkani taklif qilishdi. O'sha payt bu raqam bo'sh edi. Natijada o'ylab o'tirmay, uni qabul qildim.

- Yangier futbol maktab internatidagi tahsildan so'ng Respublika olimpiya zaxiralari kollejida shug'ullangansiz. Lekin 3 yillik tahsildan keyin sizni kollejda olib qolishmagan ekan...

- To'g'risi, buning sababini o'zim ham bilmayman. Mendan futbolchi chiqmasligi, gavda tuzilishim talabga javob bermasligini aytishgan. Yaxshiki, murabbiyim Rustam aka Aripov o'z holimga tashlab qo'ymadi. Yani yaqin do'stim Quvondiq Ro'ziev bilan kollejdan «haydalgan» bo'lsakda, murabbiyimiz biz bilan alohida ishladi.

Muhimi, kelajakda munosib futbolchi bo'lishimizga ishontira oldi. Aynan Rustam akaning daldalari kuchimizga kuch, ishtiyoqimizga ishtiyoq qo'shgandi. Aks holda, butunlay tushkun holatda qolardik. SHukrki, murabbiyimiz mehnatlari zoe ketmadi. Fursatdan foydalanib, Rustam akaga yana bir bor minnatdorchik bildiraman.

Futboldagi birinchi ustozim - Muzaffar Beknazarovdan ham bir umr qarzdorman. Yangier futbol maktabida aynan shu kishining yordami bilan ilk qadamlarni qo'yganman. Rustam Aripov bilan esa 11 yildan buyon Toshkentda birgamiz. Har bir o'yinimni alohida tahlil qilamiz. Bu insonni qancha maqtasam, shuncha kam.

Bizni o'qishdan chiqarib yuborishganida, o'z yordamlarini ayamay yotishga ham joy topib bergandi. Qolaversa, eb-ichishimizdan doimiy ravishda xabardor bo'lib turdi. O'zbek futboli uchun bunday jonkuyarlar juda zarur. Rustam Aripov ayni payt  «Paxtakor» ayollar klubida bosh murabbiy sifatida ishlayapti. Umuman, bu murabbiy istalgan joyda ishlab ketadi. Yaqin yillarda yaxshi jamoalarda faoliyat yuritishiga ishonaman.

- «Lokomotiv»ga kelishingizga Ravshan Bozorov sababchi bo'lgan ekan. SHu rostmi?

- Rustam Aripov kollejdan ketgan bolalar uchun «Toshkent» jamoasini tuzib, uning ikkinchi ligada o'ynashini taminlagandi. Bir amallab o'zimizga forma xarid qildik, ijara asosida maydon oldik. SHu tariqa 2011 yilni ikkinchi ligada o'tkazdik. Har holda, yomon o'yin ko'rsatmadik, deylik, Mustaqillik kubogi finaliga chiqdik.

O'sha mavsum «Lokomotiv» oliy ligaga chiqish masalasini hal qildi. Yangi yil arafasida «Toshkent» va «Lokomotiv»ning ikkinchi ligadagi jamoasi o'rtasida nazorat o'yini tashkillashtirildi. Uchrashuvdan keyin esa jamoamizdan men va yana 9 nafar futbolchini «Lokomotiv» yig'iniga taklif qilishdi.

O'shanda bizni aynan Ravshan Bozorov saralab olgandi. Muhimi, uning nazariga tushgan bolalar hozir asosan oliy ligada o'ynamoqdalar - Quvondiq Ro'ziev, Xurshid Muxtorov, Doniyor Usmonov, Temur Usmonov.

- Intervyularda braziliyalik Diegoni ko'p tilga olgansiz. Bu futbolchi kumiringizmi?

- Ha, shunday. 2007 yilgi Amerika kubogida Diegoga mehrim tushgandi. 2008 yili Pekinda o'tkazilgan Olimpiada bahslarida ham uning o'yinlaridan o'zgacha rohatlanganman. Qolaversa, Diego «Verder»ni o'z ortidan boshlardi.

SHu-shu u chin kumirimga aylangan. Hozir ham o'yinlarini ijtimoiy tarmoqlarda tomosha qilib boraman. Ayni payt faoliyatini Braziliyada davom ettiryapti. Aniqrog'i, mashhur «Flamengo» klubi sharafini himoya qilyapti.

- Kun tartibiga nechog'li amal qilasiz? Ikrom Aliboev odatiy bir kunda vaqtni nimalarga sarf-laydi?

- Kun tartibim juda oddiy. Klub bazasida yashayman. Hali bo'ydoqman, shunday ekan, bazada turish eng to'g'ri yo'l. Ertalab yakka o'zim shug'ullansam, kunning ikkinchi yarmida jamoa mashg'ulotlarida qatnashaman.

Kechki ovqatdan so'ng do'stlar bilan TTZ dahasi bo'ylab sayr qilamiz. Keyin internet tarmoqlari va PlayStation o'yiniga ozgina vaqt ajrataman.

Oxirgi vaqtlarda kitob mutolaasidan biroz uzoqlashib qolgandim. Bu yil yana yaxshi kitoblar olib qo'ydim. Men o'qigan oxirgi kitob - Farhodjon Nishonov qalamiga mansub «Afg'on shamoli». Aynan sarguzasht janriga qiziqishim baland.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi  "Interfutbol" gaazetasi

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика