Igor SHkvirin: "Rossiya terma jamoasida barcha sardor bo'lgani kabi, "Turon"da hamma futbolchi asosiy tarkibda o'ynashi mumkin"
11 sen 2021 22:29
Yangiliklar
Igor SHkvirin: "Rossiya terma jamoasida barcha sardor bo'lgani kabi, "Turon"da hamma futbolchi asosiy tarkibda o'ynashi mumkin"
"Fikrimcha, o'yinni ko'rdinglar. Ortiqcha izohga hojat yo'q. "Nasaf" yaxshi jamoa. Ularga qarshi ochiq o'yin ko'rsatish xato. Himoyadagi xatolar qimmatga tushishi malum edi. Bunday o'yinlarda kamroq xato qilish kerak. Umuman olganda, bu o'yinga mashg'ulotlar orqali yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. Pasayish har doim bo'ladi. Futbolchi maydonda borini berishi lozim. Keyingi o'yinga hozirlik ko'rish uchun vaqtimiz kam. Ishlashda davom etamiz. AGMK, "Navbahor", "Paxtakor" bilan masuliyatli uchrashuvlar kutmoqda. "Nasaf" bunga qadar to'rtta o'yindan beri yutmay kelayotgandi. Haqqoniy g'alaba bilan ularni tabriklayman", – deydi Igor SHkvirin.
- Sardor Abduraimovning jamoaga moslashishi qanday ketyapti? U "Mashal"da Humoyun Murtazoev bilan ajoyib tandem bo'lardi. Bugungi o'yinda buni ko'rganimiz yo'q...
- So'nggi paytlarda olgan jarohati o'z so'zini aytdi. U ko'p vaqtni o'tkazib yubordi, moslashishi cho'zildi. Humoyun va Sardor mashg'ulotlarda ham yaxshi chiqishyapti, bu ko'rinyapti. Nima uchun bugun o'xshamadi? Boisi ko'proq himoyalanishimizga to'g'ri keldi. Tezkor hujumlar uyushtirishni imkoni bo'lmadi.
- "Lokomotiv" bilan o'yinda ko'proq oldinga chiqish kerakligi haqida ko'rsatma berdingiz, lekin jamoa nima uchundir orqaga o'ynadi. Balki qo'rqishayotgandir yoki markaziy yarim himoyachilarga ishonch etishmagandir...
- Markaziy yarim himoyachilar bugun birinchi marotaba jamoaga kelgandek taassurot qoldirdi. Yana takrorlayman "Nasaf" yaxshi jamoa, to'p bilan tez harakat qiladi. Zamonaviy futbol ko'rsatadi. O'ziga ishonsa yoki ishonmasa, uzatmani aniq amalga oshirish kerak. Biroq qandaydir sarosima bordek. To'pni ko'p yo'qotishdi.
- To'g'risi taqvim "Turon" uchun juda qiyin kelib qoldi. Ketma-ket kuchli raqiblar bilan o'ynashiga to'g'ri kelmoqda...
- "Turon"ga qiyin taqvim to'g'ri kelib qoldi. Men bunga oddiy qarayman. Qolgan klublarga ham oddiy kelmagan. Xo'sh, nima qilish kerak? Maydonga chiqib o'ynamaslik kerakmi? Ertaga Olmaliqqa boramiz. Ular ham yaxshi jamoa. Gol urish va g'alaba qozonish kerak.
- Jamoaga kelganingizga ikki yarim oydan oshgan bo'lsa-da, futbolchilar bilan hali o'zaro chiqishib ketmagandek ko'rinyapsiz...
- Bugun "Nasaf" bizda nimadir o'xshashiga yo'l qo'ymadi. Ikkinchidan bunga o'zimiz ham aybdormiz. Sizga savol: bir jamoani qurish uchun necha yil vaqt talab qilinadi? Kundan kunga oldinga qarab intilib boryapmiz. Ikki oyda jamoani qurib bo'lmaydi. Oldimizga jamoani Superligada olib qolish vazifasi qo'yilgan. Umid qilamanki, vazifani bajara olamiz. SHartnoma imzolayotganimda bunga ko'zim etganki, rozi bo'lganman.
- Asosiy tarkibni aniqlab olganmisiz?
- Asosiy yoki zaxira tarkibi degan narsa yo'q. Masalan, o'yingacha hafta davomida kim mashg'ulotlarda yaxshi qatnashsa, o'sha tushadi. Yoki o'yingacha kimdir betob bo'lib qolishi ham mumkin. Masalan, bugun Toshtemirov va Kasmininni asosiy tarkibda tushirish rejalashtirilgandi. Rossiya terma jamoasida barcha futbolchilar sardor bo'lgani kabi, bizda ham hamma asosiy tarkib futbolchisi bo'lishi mumkin. O'yin kuni kim maydonga tushsa, o'sha asosiy tarkib futbolchisi.
Fikrlar