So’nggi yangiliklar

15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  2 14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  10 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  21 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5

Igor SHkvirin: “Olmaliq”ni hisobdan chiqarishga hali erta” Yangiliklar

Igor SHkvirin: “Olmaliq”ni hisobdan chiqarishga hali erta”

Igor SHkvirin bosh murabbiylik qilayotgan “Olmaliq” klubi joriy mavsumda o'z oldiga jiddiy maqsadlar qo'yganligi haqida bir necha bor xabar bergandik.

Ayni paytda klub oldiga qo'yilgan vazifa uchun jiddiy kurashmoqda. Albatta, SHkvirinning tajribasi katta o'rin tutadi. Lekin hozircha uning jamoasini sovrindorlar qatorida deb ayta olmaymiz. Umuman olganda, Igor Anatolevichning ish uslubini ko'pchilik yoqtiradi. O'tgan haftada olmaliqliklarning Andijonga kelishi biz uchun ayni muddao bo'ldi. SHu sababli oldindan bosh murabbiy bilan suhbatlashishni rejalashtirib qo'yganimiz bois ular joylashgan besh yulduzli “Bog'ishamol” mehmonxonasiga bordik va Igor SHkvirin biz bilan suhbatlashish uchun vaqt ajratdi.

- Igor Anatolevich, klub oldiga mavsum boshida Osiyo CHempionlar ligasiga chiqish vazifasi qo'yilgandi. Lekin hozircha jamoangiz 6-o'rinda boryapti. Hali ham vazifa bajarilishiga ishonyapsizmi?
- Bizning imkoniyatlarimiz etarli darajada deb o'ylayman. SHu sababli hali vazifani bajarilmadi deyish noo'rin. Oldimizda yana ko'plab o'yinlarimiz bor. SHu sababli vaziyatni to'g'rilash uchun etarlicha vaqtimiz bor deb o'ylayman. Dastlabki o'rinlarda borayotgan jamoalar bir-biriga qarshi o'ynashadi va bu uchrashuvlarda ularning ochko yo'qotishiga shubham yo'q. Biz esa keyingi o'yinlarda imkon qadar g'alaba qozonishga harakat qilamiz. SHuning uchun imkoniyatlarimizni u qadar yomon deb hisoblamayman. Agar biz har bir uchrashuvda g'alaba qozonib uch ochkoni yig'ib boraveradigan bo'lsak, o'ylaymanki, muammo o'z-o'zidan hal bo'ladi hamda biz ko'zlagan maqsadimizga erishamiz. Ha, bu qiyin vazifa. Lekin nazariy jihatdan biz hali hech narsa yo'qotganimiz yo'q. Hattoki, bizda birinchi o'rinni egallash imkoniyati ham bor. SHunday ekan, vazifa o'z kuchini yo'qotmaydi va biz oldimizga qo'yilgan maqsadni bajarish sari oldinga intilaveramiz. 


- “Olmaliq” ikkinchi davraga tayyorgarlikni Turkiyada olib bordi. Lekin ikkita mag'lubiyat bilan boshladi va asosiy raqiblariga yutqazdi. Nima uchun?
- Agar biz Kubok bahslaridan chiqib ketmaganimizda Turkiyadagi yig'inga bormagan bo'lardik. “Nasaf” yoki “Paxtakor”ni oladigan bo'lsak, ularing Kubokdagi o'yinlari bor edi va shu bois ikkinchi davraga tayyorgarlikni o'z qarorgohlarida olib borgan bo'lishlari mumkin. Ular ham bizning holatimizda bo'lishganida, xorijga chiqishlari mumkin edi.

- Umuman aytganda, “Olmaliq” 2008 yildan beri oliy ligada qatnashib kelyapti va klubini asosan siz boshqarib kelyapsiz. Ammo jiddiy natijani hali ham ko'rmayapmiz.
- Qiziqarli savol. CHempionatni qanday natija bilan tugatishimizni vaqt ko'rsatadi. Mavsum tugaganidan keyin siz bilan yana bir bor gaplashganimizda hammasini bilib olasiz. Men yana bir bor qaytarib aytaman: biz kurashishni davom ettiramiz. Imkoniyatlarimiz hali tugagani yo'q. Bu mavsumda ko'zlagan maqsadimizga erishishimizga ishonaman. Yaxshisi, mavsum tugaganidan keyin ushbu savolni bersangiz maqsadga muvofiq bo'lardi. O'shanda hammasiga oydinlik kiritgan bo'lardik. Sizning savolingizdan shunday narsani tushunyapmanki, biz uchun barchasini tugagandek hisoblayapsiz.

- Siz tabiatan shunday insonsizki, uncha-bunchaga jamoa almashtirmaysiz. Ammo klublarni tez-tez almashtirib yuradigan murabbiylar bor va ularga nima degan bo'lardingiz?
- Bunday murabbiylar haqida nima deyishim mumkin? Klubda hamma narsa murabbiyning xohishiga bog'liq bo'lmayapti-ku. Murabbiy bunday holatda nima qilyapti? Yana boshqa joyga borib ishlashga majbur bo'lyapti. Ko'rinib turibdiki, murabbiylar uchun ishlashga etarli vaqt berilmayapti. Bunday holatlarda o'ylanib qolaman. Rahbarlar futbolni to'liq tushunishmayapti. Har qanday jamoaning shakllanishi sekin-astalik bilan amalga oshadi. Masalan, Rossiyaning “Krasnodar” klubini olaylik. Ikkinchi ligadan birinchi ligaga chiqdi. U erda shakllangach, premer-ligaga yo'l oldi va hozir u erda yaxshi o'yin ko'rsatyapti. Futbolni tushunadigan rahbarlar mana shunday jamoalarni boshqarishyapti va bu o'z natijasini bermoqda. Jamoa top-klub darajasiga etishishi uchun unga birinchi navbatda vaqt kerak. Uni bosib o'tgandan keyingina har qanday jamoadan natija kutish talab etiladi. Bizning bugungi ayrim rahbarlarimizga esa sabr etishmayapti. Murabbiydan darrov natija talab qilishyapti. Misol uchun bizning jamoamizni oladigan bo'lsak, rahbarimizning futbolga qarashlari o'zgacha. U futbolda vaqt nimaligini yaxshi tushunadi. Oddiy misol, mening faoliyatimga nazar soladigan bo'lsak, u menga jamoani ishonadi. Dastlab mendan yuqori natijalar talab qilinmagan va faoliyatimga aralashmagan. Bugungi kunda jamoamiz sekin-astalik bilan natija ko'rsatishni boshlayapti. SHuning uchun ham ko'p yillardan beri “Olmaliq”da ishlab kelyapman. Rahbariyat tomonidan ishonch bildirib kelinayotgan murabbiylardan Rustam Mirsodiqovni ko'rsatishim mumkin. SHuningdek, ko'p yillar “Neftchi”ni boshqargan Yuriy Sarkisyanni ham aytishim mumkin. Yaqingacha Aleks Fregyusson ham Sarkisyan kabi bir jamoada uzoq ishlagan va kerakli natijalarni ko'rsatgan. SHu bois aytmoqchimanki, murabbiyning bir jamoada uzoq ishlashi rahbariyatning ishonchiga ham bog'liq. SHuningdek, “Andijon”ga o'xshagan holatni “So'g'diyona”da ham ko'rishimiz mumkin. Endi xulosani qarang: Oxirgi paytlarda elitani kim tark etyapti? “Andijon”- “So'g'diyona” yoki “So'g'diyona” - “Andijon. Davron Fayzievning faoliyatini hurmat qilaman. SHunday jamoani boshqarayotgani uchun unga qoyil qolish kerak. Lekin rahbariyat ham shunga munosib tarzda unga imkoniyat va sharoitlarni taminlab berishi kerak deb o'ylayman.


- Ko'p mutaxassislar milliy chempionatimizni yildan-yilga rivojlanib boryapti deb hisoblashyapti. Bu borada sizning fikringiz qanday?
- Milliy terma jamoa xalqaro miqyosidagi o'yinlarda nisbatan o'sganligi ko'rinib turibdi. Ammo milliy chempionatimiz saviyasi avvalgi yillarga nisbatan biroz to'xtagandek tuyulmoqda. Buning sababi esa aksariyat klublarning kuchi va saviyasi bir xilligida deb o'ylayman. Oldinlari “Paxtakor” jamoasi yaqqol favorit bo'lgan bo'lsa, keyinchalik “Bunyodkor” paydo bo'lib kuchlilar safiga qo'shildi. Bugun esa yana “Paxtakor” avvalgi mavqeiga chiqib oldi deb hisoblayman. Umuman, yuqori o'rindagi klublarga nazar tashlasangiz, ularning ham kuchi bir xil. “Bunyodkor”ning yulduzli davrida Rivaldo kabi mashhurlar o'ynagandi. Bugun esa bunday holatni ko'rmayapmiz. Bu esa qaysidir jihatdan yaxshi ham bo'lishi mumkin. Boisi yoshlarga ko'proq imkoniyatlar berilyapti. “Paxtakor” – “Bunyodkor” o'rtasidagi Kubok uchrashuvi qiziqarli o'tdi. Ilgarlari esa o'yindan avval qanday natija qayd etilishini ayta olardik. Bugun esa bunday emas. “Nasaf” esa “Lokomotiv”ni 2:0 hisobida yutdi va buni ham qiziqarli natija deyish mumkin. Ko'rinib turibdiki, “Paxtakor”ning o'z maydonida “Bunyodkor”ga mag'lubiyatga uchrashi, safarda ko'proq hisobda g'alaba qozonishi kerakligini anglatyapti. Bu qiziqarli holat emasmi? Albatta qiziqarlidir.   

- O'tgan yili kelishilgan o'yinlar haqida ko'p gapirildi. Bu yil ushbu narsaning “xidi”ni sezmayapsizmi?
- Kelishilgan o'yinlar doim bo'lgan, hatto jahon chempionatlarida bunday o'yinlarning yuz berganligini ham kuzatish mumkin. Bunday o'yinlarni yomon “bakteriya” deb atash mumkin va bu futbolga o'zining salbiy tasirini ko'rsatadi deb o'ylayman. Biz esa bunday yomon qirralarga qarshi barchamiz birdek kurashishimiz kerak. Bunda siz jurnalistlarning ham o'rni kattadir. Kelishilgan uchrashuvlarda o'ynagan o'yinchilarning ham kelajagini yo'q degan bo'lardim. Xo'sh, bunday futbolchilar terma jamoaga chaqirilsa nima bo'ladi? Bu holat o'zbek futbolining saviyasini tushirib yuboradi.

- Samvel Babayan milliy terma jamoani boshqarishga kirishdi va uning olib borayotgan siyosatiga munosabatingiz qanday?
- Nima deyishim mumkin? Birinchi navbatda Babayan kuchli tashkilotchi. U futbolni yaxshi tushuna olishini “Paxtakor”da ishlab barchaga ko'rsatib qo'ydi. U bir qadam orqaga yurdi va keyin ikki qadam oldinga tashladi. Yani, jamoani yoshartirish siyosatini muvaffaqiyatli olib bordi. Dastlab bu o'z natijasini bermagan bo'lsa-da, o'tgan yili “Paxtakor” chempionlikka erisha oldi. Demak Babayan to'g'ri ishni amalga oshirgan. Terma jamoa haqida gapiradigan bo'lsam, hozircha aniq fikr bildirishga ojizman. Boisi jamoa va uning ichidagi muhitni yaxshi bilmayman. U o'ziga nisbatan o'ta talabchan. Bitta plyus tomoni shundan iboratki, terma jamoaning yutug'i uchun hamma bilan uchrashib fikr-mulohaza yurityapti. Bir oy avval murabbiylar bilan uchrashib suhbatlashdi. SHaxsan menga ham qo'ng'iroq qilib bir futbolchimizni terma jamoaga jalb etish maqsadida fikrlarim bilan o'rtoqlashdi. Ko'rinib turibdki, u yangiliklarga qo'rqmasdan qo'l uryapti. Bu esa uning ijobiy hislatlaridan biridir. Samvel Babayan hech nimadan cho'chimayaptimi, demak uning qilayotgan ishi menga yoqyapti. SHunday murabbiylar borki, ular hech kim bilan maslahatlashishmaydi, o'z bilganidan qolmaydi. Babayan esa hamma bilan – muxlislar, murabbiylar, jurnalistlar bilan maslahatlashyapti.


- Ko'pchilik Babayanni kuchli tashkilotchi, lekin kuchli murabbiy emas deb hisoblashyapti. Bunga siz qanday qaraysiz?
- Kuchli tashkilotchiligi to'g'ri, lekin bu uni kuchsiz murabbiy degani emas. “Paxtakor”ni shu darajaga olib chiqqanidan ko'rinib turibdiki, unda ikkisi ham mavjud. Terma jamoada esa tashkilotchilikni ham, murabbiylikni ham o'z o'rnida bajarish kerak deb hisoblayman. Bu ishlarni bir-biridan ajratib bo'lmaydi. Terma jamoada ko'proq natija talab qilinadi va bu o'ta masuliyatli vazifa. SHu bois barcha ishlar sifatli darajada amalga oshirilishi kerak va bunga Babayanning qodirligiga shubham yo'q.

- Ochig'ini aytganda, terma jamoa bosh murabbiyligiga Samvel Babayan tayinlanishidan avval ko'pchilik bu lavozimga sizni xohlashgandi...
- Terma jamoa bosh murabbiyligini xohlamayman degan javob noto'g'ri bo'lishi mumkin. CHunki termani boshqarish bu har qanday murabbiy uchun sharaf. Agar taklif bo'lganida boshqarishim ham mumkin edi. Har bir murabbiyga “Siz terma jamoani boshqarasizmi”, deb savol bering, albatta rozilik berishi tabiiy. CHunki bu chinakam sharaf. SHu bilan birgalikda yaxshigina masuliyatli vazifa hisoblanadi. Rahbariyat Babayanni maqul ko'rdi va u o'z ishini boshladi. Hozircha mening nomzodimni qo'yishmadimi, demak hali vaqti bo'lmadi.

- Umuman, terma jamoaning hozirgi holati haqida nima deya olasiz?
- Muxlislarga avvalo sabr tilayman. Albatta, bizni Yamanga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. Oldindan bir narsa deb bo'lmaydi. CHunki futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Jamoamizda yangi murabbiy va yangi futbolchilar bilan shakllantirilyapti. O'ylaymanki, bu o'yinchilar o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashadi. Birinchi navbatda terma jamoamizning asosiy o'yinchilariga ko'p narsa bog'liq bo'ladi. Ayniqsa, Server Jeparovga ko'p narsa bog'liqligi barchamizga yaxshi ayon. Jeparov bugungi kunda o'z jamoasida katta mablag' evaziga to'p suryapti. Terma jamoamizda ham imkon qadar yaxshi o'ynashga harakat qilyapti. Lekin mening nazarimda u avvalgidek termada o'ynay olmayapti. U bundan-da kuchli o'ynashi kerak. CHunki futbol orqali muxlislar mehriga sazovor bo'ldi. Aynan bugungi darajaga chiqishida ishqibozlarning ham o'rni bor deb hisoblayman. To'g'ri, uning yoshi ulg'ayib boryapti. Lekin ayni damda terma jamoadagi kuchli o'yinini namoyish etishi shart. Muxlislar Serverdan doimo yuqori darajadagi o'yinni kutishadi. O'yinchi har xil yoshda termadagi faoliyatini to'xtatishi mumkin. Muxlislarning qalbida esa uning so'nggi yillardagi o'yinlari saqlanib qoladi. Niyatim Jeparovdan xalqimiz doimo xursand bo'lib yurishlarini istab qolaman.


- “Olmaliq”da moliyaviy muammolar mavjudmi?
- Moliyaviy muammolarni hozircha yo'q deyishim mumkin. O'yinchilarning maoshlarini o'z vaqtida to'lashga harakat qilyapmiz. Kombinatimiz bizni belgilangan muddatda mablag' bilan taminlab turibdi. Oylik maoshlarning ushlanib qolinishi etakchi jamoalarda ham yuzaga kelyapti.

- Sizningcha, “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf” va “Lokomotiv” darajasiga chiqish uchun nima qilish kerak? Ko'rinib turibdiki, “Olmaliq” hozircha ularni ortda qoldira olmayapti.
- “Paxtakor”, Nasaf”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” moliyaviy jihatdan o'zlariga to'q klublar hisoblanadi. Biz esa bu yo'lni bosqichma-bosqich bosib o'tyapmiz.

- O'g'lingiz Nikita SHkvirin bir necha yildan beri “Olmaliq”da faoliyat olib boryapti. Lekin uni asosiy tarkibda ko'rayotganimiz yo'q. Hozirda Valeriy Fomichyov bilan Umid Xonimqulov asosiy posbonlar bo'lib turishibdi. Nikita uchun yana qancha vaqt kerak?
- Uni hozir asosiy tarkib o'yinchisi deb hisoblay olmayman. CHunki u Xonimqulov va Fomichyov bilan raqobatlasha olmayapti. Qachonki, ulardan ustunroq bo'lsa shunda maydonga tushirishim mumkin. Fikrimcha, u hozirda asosiy tarkib o'yinchisi emas. Mening o'g'lim bo'lsa-da, qachonki asosiy tarkib talabiga javob bersagina shunda maydonga tushiraman. Meni turli xil gap-so'zlarga toqatim yo'q. Ota-bolani bir jamoada faoliyat olib borishi bir muncha muammolarni keltirib chiqarar ekan. Bugungi kunda unga qo'yadigan birinchi talablarimdan biri Xonimqulov va Fomichyovdan kuchliroq harakat qilsin. Men uchun avvalo u kim bo'lishidan qatiy nazar raqobatda yutib chiqib kuchli o'yin ko'rsatsin.


- Serbiyalik hujumchi Nemanya Yovanovichni nima maqsadda taklif qilgandingiz? U kam gol uryapti va hattoki bo'sh qolgan darvozani ham ishg'ol qilma olmayapti.
- Uning ajoyib o'yinlari hali oldinda. Bazi vaziyatlarda himoyachilar unga umuman o'yin berishmadi. Yana bazida o'zimiz alohida taktik sxemalar tuzib chiqyapmiz. Balki shu sababli kamroq gol urayotgan bo'lishi mumkin. Ammo u doim harakat qilyapti. Har bir jamoada hujumchilar muammolari bo'ladi. Muhitga moslashish va yana boshqa sabablar futbolchining faoliyatiga tasir ko'rsatishi mumkin. Ha, aytgancha kelasi yildan chempionatimizda xorijiy darvozabonlar bo'lmaydi. Aksariyat klublarda darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar bor. Men futbolchilikni boshlagan davrimda esa bunday murabbiylar bo'lmasdi. Lekin o'sha davrda kuchli darvozabonlar etishib chiqqan. Hozir esa ular uchun alohida murabbiylar bo'lsa-da, bizda kuchli posbonlar yo'q. CHetdan kuchli darvozabonlar kelmasa, o'sib kelayotgan yoshlarga kim tajriba beradi? Keling, u holda xorijdan himoyachilar kelishini taqiqlab qo'yaylik. Yoki umuman xorijlik futbolchilarni o'ynashiga ruxsat bermaylik. Albatta, buni noo'rin degan bo'lardim. Yosh o'yinchilarni kim o'qitadi? Xorijdan kelayotgan tajribaliroq futbolchilar o'yini bo'yicha ularga tajriba beradi. SHu bois milliy chempionatimizga saviyali legionerlar kerak.

- Bizda kelasi yil uchun xorijiy darvozabonlarga taqiq qo'yildi. Ammo “Olmaliq” ikkinchi davraga Belorussiyadan Valeriy Fomichyovni taklif qildi. Aslida kelasi yil uchun legioner posbonlarning o'ynashiga ruxsat berilmasligidan xabardormidingiz?
- Sizdan shunday savolni kutgandim. Nima ham qilardik, PFL shunday qarorga keldi. Biz kelajakka hozirdan zamin qo'yib boryapmiz. Agar o'zimizning posbonlarimiz ishonchimizni oqlay olmasa Fomichyovni asosiy tarkibda tushiramiz va bizda sog'lom raqobat bor.


FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика