So’nggi yangiliklar

00:44"Барселона" Германия терма жамоаси ўйинчисини трансфер қилишга яқин  0 00:02Моуринью Рэшфордни Туркияга чорламоқда  0 23:31Азизов, Эрматов, Аҳмедов, Маматқулов, Имомхўжаев ва бошқалар. Янги очилган футзал федерацияси тақдимотидан ГАЛЕРЕЯ  0 23:16Каземиро Ла Лигага қайтиши мумкин  0 22:45Янги федерацияни нималар кутмоқда?  2 22:17Янги футзал федерацияси раҳбари қандай ваъдалар берди?  0 21:46ПСЖ АПЛдан ҳужумчи олиши мумкин  0 21:15"Арсенал" Гёкереш борасида бир қарорга келди  4 20:41"Тоттенхэм" Сон Хён Мин билан хайрлашиши мумкин  2 20:17"Бавария" "Боруссия Д" вингерига даъвогар  0 19:581 йилдан бери гол урмаётган Грилиш "Сити"дан кетиши мумкин  2 19:52Санжар Турсунов — "Локо"нинг тушиб кетиши, Бердиевни табриклагани, клубдаги мантиқсиз ишлар ва келажаги ҳақида   5 19:35МЮ Брунунинг ходимлар харажатларини тўлаш таклифини рад этгани маълум бўлди  3 19:20Расман: Ўзбекистон футзал федерацияси ташкил этилди. Унинг раҳбари ҳам маълум  7 19:10Баҳодир Сейткамолов: "Мени Сейткамолов қилган "Навбаҳор" бўлади, Россияда юрдим лекин футболни соғиндим"  11

"Maqsadim jahon chempionatida ishlash ekanligini aytganimda, bazilar meni aqldan ozgan deb o'ylashgan". Ravshan Ermatov bilan katta intervyu Yangiliklar

"Maqsadim jahon chempionatida ishlash ekanligini aytganimda, bazilar meni aqldan ozgan deb o'ylashgan". Ravshan Ermatov bilan katta intervyu

Yaqinda Championat.asia'da mehmon bo'lgan rossiyalik taniqli jurnalist Igor Rabiner O'zbekiston futbol associaciyasi birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov bilan intervyu uyushtirdi.

O'zbekiston jahon chempionatida hakamga muxlislik qiladigan yagona davlat bo'lsa kerak. Mamlakat terma jamoasi ikki marta jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin kelgan, biroq hozircha u erda debyut qilgani yo'q. Ammo hakam Ravshan Ermatov birdaniga JCHda ishlagan — JAR-2010, Braziliya-2014 va Rossiya-2018. Alohida aytish joiz, u Janubiy Afrika Respublikasida o'tgan JCHda 5 ta o'yinda faoliyat ko'rsatdi – mezbon JAR hamda Meksika o'rtasidagi ochilish o'yinidan boshlab yarim final doirasidagi Urugvay – Niderlandiya uchrashuvigacha. Bungacha bitta turnirda faqat ikkita hakam shunchalik ko'p o'yin o'tkazgan.

Ermatovning so'nggi bosqichlarda o'tkazgan 11 uchrashuvi hakamlar uchun JCH tarixidagi rekord hisoblanadi. U hech qachon jahon chempionatida ishtirok etmagan davlat vakili ekanini hisobga olsak, bunga erishish qanchalik qiyin bo'lganini tasavvur qiling! SHuningdek, uning hisobida klublar o'rtasidagi jahon chempionatining ikkita finali, Osiyo kubogi finali mavjud. Bu yil u yana bir jahon chempionatida qatnashib, rekord o'rnatishi mumkin edi, ammo 2019 yilda O'zbekiston futbol associaciyasi birinchi vice-prezidenti bo'ldi va bu imkoniyat o'z-o'zidan yo'qqa chiqdi. 

Ermatov 2014 yilning kuzida Moskvada Rossiya – Ozarbayjon o'rtoqlik o'yiniga hakamlik qilish uchun kelganida u bilan batafsil suhbatlashgan edik. Oradan etti yarim yil o'tib, uning taklifiga binoan o'zbekistonlik sport jurnalistlari uchun mahorat darsi o'tish uchun Toshkentga keldim va Ravshanni yangi lavozimda futbol associaciyasining go'zal shtab-kvartirasida (Islom Karimov ko'chasida, Milliy olimpiya qo'mitasi va "Paxtakor" stadioni yonida joylashgan) ko'rdim. Lekin u yaxshi sport formada – semirib ketmagan!

Maqsadim jahon chempionatida ishlash ekanligini aytganimda, bazilar meni aqldan ozgan deb o'ylashgan

– Hakamlikni sog'indingizmi? 

– Albatta, borimni bag'ishlagan sevimli ishimni sog'indim. 18 yoshgacha futbol o'ynaganman, keyin jiddiy jarohat olib, boshqa narsa qilish kerakligini tushundim. Yordamchi murabbiy bo'lib ishlaganimda tasodifan o'yinga tushib qoldim va menga hakamlik qilishni taklif qilishdi. O'shanda uchta jahon chempionatida ishlashimni tasavvur ham qila olmasdim. Lekin o'z ustimda ishlashni boshlaganimda, qoidalarning barcha talqinlarini o'rganib, rivojlanish borligini his qila boshladim, maqsadim esa jahon chempionatida ishlash ekanligini aytdim. Bazilar meni aqldan ozgan deb o'ylashdi.

– Qaysi vaqtda jahon chempionatida ishlash mumkinligiga ishonchingiz komil bo'ldi?

– 2000-yillarning boshlarida. 1997 yilda hakamlik bilan yaqindan shug'ullana boshladim va bir necha yil o'tgach, ishonch paydo bo'ldi. CHet tillarini o'rgandim, chunki busiz iloji yo'qligini bilardim. Yoshi katta hamkasblarimga jahon chempionatida hakamlik qilishimni aytdim. Nega bunday turnirlarni orzu qilmasligimiz kerak degan qarash bo'lardi. 2002 yilda Janubiy Koreya va Yaponiyada bo'lib o'tgan jahon chempionatida hakamlar ishini diqqat bilan kuzatib bordim va men ham buni uddalay olaman, degan his yaraldi.

Jahon chempionatida va O'zbekistonda hakamlik bir-biridan sezilarli farq qiladi, degan tuyg'u bo'lmagan. 2003 yilda FIFA referisi bo'ldim, 2010 yilda esa JARda bo'lib o'tgan jahon chempionatiga bordim va o'zini uzoq vaqt parvozga tayyorgarlik ko'rgan va nihoyat, orzusini ro'yobga chiqargan kosmonavtdek his qildim. Keyin esa yana ikkita chempionatda ishladim. Bularning barchasini boshdan kechirganingizdan keyin kasbda nimadir tugallanmagan, deb o'ylash noshukurlik bo'lardi.

– SHunga qaramay, JCH-2022da ishlash istagingiz bo'lmaganiga ishonmayman. Buning ustiga, birinchidan, yoshingiz mos kelaveradi. Ikkinchidan, tarixda hech kim to'rtta jahon chempionatida hakamlik qilmagan...

– Ha, Rossiyada bo'lib o'tgan jahon chempionatidan so'ng oldimda navbatdagi maqsad Qatar bo'lib turgandi. Yoshim va tajribamdan kelib chiqsak, to'g'ri kelaman. Tayyorgarlikni boshlagandim, 2019 yilda Osiyo chempionatining beshta o'yinini, xususan, finalni ham boshqarib bordim. Agar siz Osiyoda birinchi raqamli bo'lsangiz, jahon chempionatiga aniq borasiz. Men o'sha turnir bilan JCH-2022 licenziyasini amalda qo'lga kiritdim, shunchaki saviyani saqlab qolishim kerak edi.

Biroq keyin o'zbek futboli rivojiga hissa qo'shish taklifi tushdi. Bu – katta masuliyat. Vatanparvarligimni hisobga olib, qaror qabul qilish qiyin bo'ldi. Tarozining bir tomonida faoliyatim va navbatdagi jahon chempionati, ikkinchi tomonida ko'p ishlar qilinishi kerak bo'lgan o'zbek futboli rivoji yotardi. Vatanga bo'lgan muhabbat shaxsiy vazifalardan og'irroq tosh bosdi.

– Hamma menga jahon chempionatida butun mamlakat sizga muxlislik qilganini takidladi...

– Ha, jahon chempionatida hakamni qo'llab-quvvatlaydigan yagona davlat – O'zbekiston ekanligini aytishdi! (kuladi.) SHunga qaramay, bu erdagi va xorijdagi ustozlarim bilan maslahatlashib, futbol jamoatchiligi taklifini qabul qilishga qaror qildim. Xalqaro maydonda men allaqachon malum yutuqlarga erishgandim, keyin esa o'z mamlakatimga yordamim tegishi mumkin bo'lgan fursat keldi.

– Bu ikki rolni birlashtirib bo'lmasmidi?

– Yo'q. Agar siz milliy futbol associaciyasida ishlasangiz, xalqaro o'yinlarga qatnasha olmaysiz, chunki bu manfaatlar to'qnashuvi. Avvaliga bu mumkin deb o'ylagandim, ammo unday emas ekan. 

Avvalari kamida bir marta jahon chempionatiga chiqishni va u erda kamida bitta o'yin o'tkazishni maqsad qilib qo'ygan damlarimni esladim. Orzularim ushaldi, natijada 3 ta chempionlik va 11 ta uchrashuvda qatnashdim. Agar klublar o'rtasidagi jahon chempionatlari va boshqa yirik xalqaro musobaqalar — U-20 va U-17 jahon chempionati, London Olimpiadasi (u erda men Buyuk Britaniya – Nigeriyaning ochilish o'yinida ishlaganman va o'yinda qirollik oilasi azolari bor edi), Osiyo chempionatlarini qo'shadigan bo'lsak, FIFAning 16 ta turnirida ishlagan bo'laman.

– Aytishlaricha, yaqinda sizni Viktor Kashshai o'rniga Rossiya hakamlar tizimi rahbarligiga taklif qilishgan, biroq siz yana o'sha sabablarga ko'ra rad javobini bergansiz...

– Ha, shunday gap-so'zlar bor edi, lekin men associaciyada ishlayotganim tufayli ularni ko'rib chiqmadim. Menga xorijdan bir nechta takliflar bo'lgan, lekin bu vatanimga nisbatan nohaqlik bo'lardi.

Biz professionalmiz va hech qachon ataylab xato qilmaymiz

– Rossiya hakamlar tizimining ham o'z flagmani bor. Sergey Karasev ko'plab muhim xalqaro o'yinlarni boshqargan, JCH-2018, ikki Evro, UEFA Superkubogi. Rossiyalik hakamlar anchadan beri bunday darajadagi o'yinlarda ishlamaganini inobatga olsak, uning muvaffaqiyati sirini nimada ko'ryapsiz?

– Sergey katta tajribaga ega, u o'z vazifasini juda professional bajaradi. Bundan tashqari, uning fel-atvori ham yaxshi – u doimo xotirjam, sovuqqon. U epizodlarda to'g'ri qaror chiqaradi, barqaror faoliyat ko'rsatadi. Qolaversa, u juda yaxshi brigadaga ega edi.

– U bilan yaqin munosabatdamisiz?

– Vaqti-vaqti bilan messenjerlar orqali muloqot qilib turamiz. Bayramlarda qo'ng'iroqlashamiz. Men uni terma jamoamiz o'yiniga taklif qilgandim, lekin u o'sha paytda band edi. Keyinroq pandemiya boshlanib ketdi.

– Karasev top-turnirlarning hal qiluvchi bosqichlari sari ishonch bilan odimlab boryapti. U yozda 43 yoshga to'ladi. Sizningcha, Rossiya sportiga kiritilayotgangan sankciyalar unga qanday tasir qiladi?

– Men sport va siyosatni aralashtirmagan bo'lardim. Menimcha, Sergey – top-darajadagi xalqaro o'yinlarni boshqara oladigan saviyali hakam.

– U xevi-metal (rok musiqa janri – tahr.)ning muxlisi, sahnada gitara chaladi va yaqinda omma oldida hakamlik tartibi xususida aniq va jonli gapirdi. Uning mediafaolligiga qanday qaraysiz?

– Bu yaxshi! Ko'pgina yosh hakamlar Sergeydan o'rnak olishadi. U hakamlikni faol ravishda targ'ib qiladi va men bunga juda ijobiy qarayman.

– Rossiya hakamlari va mamlakatning eng nomdor murabbiylaridan biri Leonid Sluckiy o'rtasidagi qarama-qarshilikni kuzatdingizmi?

– Rostini aytsam. yo'q. Nima bo'lgandi?

- Bu ancha oldin, u bolalar teleko'rsatuvida hakamlar haqida qattiq hazillashgani va ular xafa bo'lib, kechirim so'rashini talab qilganidan boshlangan. Sluckiy afsuslanmadi va vaziyat ham oxirigacha davom etmadi. O'tgan mavsumda Vitaliy Meshkov (hakam – tahr.) Sluckiyga qo'l uszatishdan bosh tortdi. Yaqinda bu hakam yana Sluckiy jamoasining o'yiniga tayinlandi – va yana janjal. Murabbiy yana hakamlarga hujum qildi va hakamlar boshlig'i Ashot Xachaturyanc munosabatlarining bunday tarixini hisobga olib, Meshkovni ushbu o'yinga tayinlash xato bo'lganini tan oldi.

- Faoliyatimda xato qilgan paytlarim ko'p bo'lgan va murabbiylar bilan kelishmovchiliklar kelib chiqishi ham mumkin edi. Lekin biz professionalmiz va u yoki bu shaxsga shaxsiy munosabatimizni oshkor qilmasligimiz kerak. Agar oldingi o'yinda biror narsa yuz bergan bo'lsa, doim maydon tashqarisida qoldirganman. Bunday hollarda murabbiyda ham hurmat qilish bo'yicha tushuncha paydo bo'ladi.

Biz professionalmiz va hech qachon ataylab xato qilmaymiz. Barcha his-tuyg'ularni tushunaman, men ham futbolchi va murabbiy bo'lganman. Va men bunday vaziyatlarda  har doim to'g'ri tushunishga intilganman. Maydonda birov bilan qo'l berib ko'rishmagan holatim hech qachon kuzatilmagan.

– Meshkov noprofessional yo'l tutdimi?

– Hakam hamisha diplomat bo'lishi kerak va u o'zi bilan eski gina-kudurat saqlab yurmasligi lozim. Har bir o'yin – yangi hikoya. Hayotda muloqot qilmasangiz ham, lekin inson sifatida maydonda o'zingizni boshqacha, hurmat bilan, fair play ruhida tutishingiz kerak. Agar hakamlar tomonidan hurmat bo'lmasa, bu ularning imijiga katta tasir qiladi.

– Siz RPLda hech qachon hakamlik qilmagansiz, shundaymi?

– Yo'q. Lekin chaqirilganman. Kelishuvlar, takliflar bo'lgan, ammo oxiriga etmay qolgan. Men har doim juda tig'iz jadvalga ega bo'lganman. SHu tufayli bazida hatto O'zbekiston chempionatida ham oylab hakamlik qila olmagan vaqtlarim kuzatilgan.

Hakam o'yin qahramoni bo'lmasligi kerak

– Oxirgi yillarda terma jamoaning o'yinida hakam O'zbekiston emas, raqib foydasiga xato qilgani haqida baland ovozda gapirgan holatlar bo'lganmi? Yoki eski korporativ birdamlik bunga yo'l qo'ymaydimi? 

– Murabbiylar, futbolchilar va hakamlar qilgan har qanday xatoga hurmat bilan qaraladigan etiket shakllangan. Buni yaxshi tushunaman. O'yindan keyin biz uchrashishimiz, eski xotiralarga ko'ra gaplashishimiz, hakamlik mavzusini muhokama qilishimiz mumkin. Turli mamlakatlardan bo'lgan ko'plab hakamlar hali ham men bilan muayyan vaziyatlarda maslahatlashishadi.

O'yin qoidalari har yili o'zgarib boradi va bu jarayonni nazorat qilishga to'g'ri keladi. Bu menga qiziq. Tanqid qilishga kelsak, tanqid qilmayman, chunki men futbol maydonida hakam sifatida ishlash qanchalik og'irligini bilaman, puls bir daqiqada deyarli 200 zarba bo'lib turgan vaqtda, olti yoki ettita mezonni bir zumda tahlil qilib, qaror qabul qilish kerak. Ayniqsa, top-terma jamoalar o'ynasa va xatoning narxi nihoyatda yuqori bo'lsa. Hayriyatki endi VAR paydo bo'ldi, bu hakamlarga xatoni tuzatish imkoniyatini taqdim qiladi.

– RPLda bu ancha uzoq davom etadi...

– Bazida juda qiyin vaziyatlar yuzaga keladi – bir ko'rishda bir nechta omillarni tekshirish kerak: ofsayd, hujumdagi qoidabuzarliklar va hokazo... Lekin asosiysi, to'g'ri qaror qabul qilish. O'tkazilgan daqiqalarni o'yin oxirida qo'shib qo'yish mumkin, ammo agar hakam o'yin natijasiga tasir qiladigan xato qilsa, u uzoq vaqt esda qoladi.

– O'zbekiston chempionatida ham VAR bormi?

– Ha. O'zbekiston Superligasi o'yinlarining 70-80 foizida VAR ishlaydi. Bu ham natija, chunki boshida bir turda ikki-uch o'yinga VAR qo'yilardi.

– Doimiy ravishda ro'y berayotgan qoida o'zgarishlari sizga yoqadimi? Masalan, qo'l bilan bog'liq hozirgi kundagi talqin – aytaylik, to'p hatto o'yinchining ochiq qo'liga, uning tanasining boshqa qismidan kelib tegsa va bu qoidabuzarlik emasligi?

– Ko'p nyuanslar, mezonlar bor. Qo'l tananing hajmini oshiradimi yoki yo'qmi, qo'lning to'pga qarab harakati yoki to'pning qo'lga yo'nalishi va hokazo. Men uchun agar to'p tanadan qo'lga uchib ketsa, o'ynashda davom etishi yoki to'pni o'z jarima maydonchasi ichidan tashqariga tepib yuborayotgan o'yinchi o'z sherigi qo'lini poylasa – bu qoidabuzarlik sifatida hisoblanmasligi tarafdoriman.

– Jahon chempionati final bosqichining 11 ta o'yinida siz penalti qo'ymagansiz, ammo 1 ta qizil kartochka ko'rsatgansiz...

– Men o'ynashga qo'yib berishga va barqaror bo'lishga harakat qilardim. Markazda hushtak chalgan bo'lsam, jarima uchun chalardim. Engil qoidabuzarliklarni deyarli hech bir joyda qayd etmasdim. 

– Qarorlaringizning to'g'riligi va jahon chempionatlarida ko'p o'yinlarni boshqarganligingiz o'rtasida bog'liqlik ko'rasizmi? 

– Hakam o'yin qahramoni bo'lmasligi kerak. Uning vazifasi futbol jamoalariga sifatli xizmat ko'rsatishdan iborat. Agar o'yindan keyin siz haqingizda gapirmasalar, demak, siz yaxshi ishlagansiz. Hech kim hakamni maqtamaydi. Odatda hakam har bir uchrashuvda o'rtacha ikki yuzta o'yin epizodlari bo'yicha qaror qabul qilishi lozim. Agar u kamida bitta jiddiy xatoga yo'l qo'ygan bo'lsa, hamma bu haqda gapiradi va u to'g'ri ish qilgan 199 holatni unutishadi. SHuning uchun hamisha epizodga yaqin joyda bo'lishga harakat qilib, to'g'ri poziciya tanlardim, o'yin va futbolchilarning fikrlarini o'qishga intilardim.

– "Men juda ko'p harakat qilardim" degan so'zlaringizni Karasev tasdiqlaydi. U: "Jahon chempionati kabi musobaqalarda o'tmishdagi yutuqlar emas, birinchi o'yin ishlaydi. Ravshan Ermatov shunchalik ko'p o'yinlarni boshqarib, ochilish uchrashuvidan yarim finalgacha borishini hech kim kutmagandi. O'shanda uni kam odam tanigan, hozir esa taniqli, obro'li hakam. JAR – Meksika ochilish o'yinini juda yaxshi eslayman, o'shanda Ermatov katta tezlik olgandi. Yuqoridagi kamera bu harakatlarni yaxshi ko'rsatib bergandi va, ehtimol, bu kerakli vaqtda cho'qqiga chiqish uchun maxsus jismoniy tarbiya murabbiyi bilan ishlangani natijasidir", degan. Sergey to'g'ri aytganmidi?

– Mutlaqo to'g'ri. 80-yillar bilan solishtirganda futbol o'zgardi, u juda shiddatli, tezkor qarshi hujumlarga boyidi – hakamning jismoniy tayyorgarligi esa o'yin tempi darajasiga mos kelishi kerak. Buni anglab etgan holda fitnes-murabbiy Jamshid Umarov bilan ishlashni boshlagandim. Biz jarayonga ilmiy yondashdik. O'sha paytda hakamlarning ko'pchiligida jismoniy murabbiylari yo'q edi va biz qanday yuklamalar qachon kerakligini, tiklanish vaqti qancha vaqt olishini, qanday vitamin qabul qilish, qanday ovqatlanish zarurligini bilardik. Natija esa shundan boshlanadi.

– Yani, o'zingiz ishtirok etgan birinchi jahon chempionatidan olti yil oldin jismoniy tarbiya murabbiyi bilan ishlashni boshlaganmisiz?

– Ha. Faoliyatim davomida hech qachon fitnes-testdan o'tmagan paytim bo'lmagan. Men ularni har doim ortig'i bilan bajarganman, garchi talablar juda yuqori edi. Misol uchun, tezlikka chidamlilik uchun "yo-yo" testi mavjud. Bundan tashqari, 40 metrga yugurish bo'yicha sinov bor, u katta boshlang'ich tezlikni talab qiladi.

Futbolda bu omil juda muhim. 50-60 metr uzunlikdagi pas bilan to'p ikki soniya davomida qarshi hujumda uchadi. Hatto Useyn Bolt ham bunchalik tez yugura olmaydi. Siz u erga borishingiz kerak, aks holda, siz xato qilasiz. Bitta xato hakamni jahon chempionati havzasidan chiqarib yuborishi mumkin va raqobat – aql bovar qilmas darajada. Men, ayniqsa, yosh hakam sifatida xato qilishga haqqim yo'q edi.

O'yindan oldin Robbenni simulyaciya qilmaslikka chaqirgan. Biz tanaffusga quchoqlashgan holda chiqib ketdik

– Hakam sifatida siz duch kelgan eng aqldan ozgan murabbiy kim?

– O'ylashimcha, Maradona. U bir o'yinning o'zida jentlmen, shoumen yoki tajovuzkor shaxsga aylanishi mumkin edi.

– Axir u siz ishlagan o'yindan keyin qo'lingizni siqib qo'ygan-ku?!

– Ha. Argentina JCH-2010da Germaniyaga 0:4 hisobida mag'lub bo'lganidan keyin! Jamoasi yirik hisobda mag'lub bo'lgan murabbiy hakamning oldiga kelib, qo'l siqib qo'yadi va hakamlik borasida hech qanday muammo yo'qligini aytadi – bu juda yoqimli.

– Hakamlar simulyuantlarni yoqtirishmaydi. Bu borada siz uchun eng yoqimsiz futbolchi kim? Neymarmi?

– Neymar va Robben. 2014 yilgi JCH chorak finali doirasidagi Niderlandiya – Kosta-Rika uchrashuvida xizmat qilganimda, Robben bilan shunday holat bo'lgan. Niderlandiyaliklarning o'yinlarini tahlil qildim va Robben tez-tez simulyaciya qilishga uringanini ko'rdim. O'yindan oldin tunnelda unga shunday dedim: "Aren, men sizning oldingi o'yinlaringizni ko'rdim va siz har birida ikki martadan simulyaciya ishlatdingiz. Axir siz top-futbolchisiz, sizga yoshlar qarab turishibdi! Keling, bugun shunday qilmang!"

O'yin davomida men uni diqqat bilan kuzatdim, doimo uning yonida bo'lishga harakat qildim. Birinchi bo'lim tugadi, Robben menga qaradi va kuldi: "Ref! Men bir necha marta "sho'ng'ishni" xohladim, lekin har gal siz mening yonimda ekanligingizni ko'rdim! Hattoki, bizning quchoqlashgan holda tanaffusga chiqib ketayotgan suratimiz ham bor. Qolgan vaqtda u umuman "sho'ng'ishga" urinmadi.

– JCH-2010da yarim finalga, JCH-2014da chorak finalga qadar etib borgansiz. Nega JCH-2018da faqat guruh bosqichi ikki o'yinida ishladingiz?

– O'sha chempionatda yordamchim jarohat olgan edi, uning o'rnini bosadigan hech kim yo'q edi. Albatta, bu achinarli hol. Jahon chempionatining har bir o'yini bir umr siz bilan qoladi. Ammo 2018 yilgi jahon chempionatidan keyin 2019 yilgi Osiyo chempionati ham bor edi, u erda ham yorqin lahzalar bo'ldi.

– Hakam sifatida xayrlashuv uchrashuvini o'tkazdingizmi?

– Hali ulgurmadim. Lekin buni amalga oshirish mumkin. Associaciyada yuqori saviyada o'ynagan, ammo xayrlashuv uchrashuvida qatnashmagan bir qancha sobiq futbolchilar ishlaydi. 2022 yilda O'zbekiston futbolining 110 yilligi nishonlanmoqda. Ushbu sanaga atab bir paytlar O'zbekiston terma jamoasida o'ynagan ko'plab sobiq futbolchilar bilan xayrlashuv o'yini tashkil qilmoqchimiz. Balki hushtak bilan maydonga chiqib, rasman xayrlasharman. Biroq hozircha bularning barchasi muzokaralar bosqichida.

– Hissiy jihatdan bunday muhim lahzani kimlar bilan birgalikda boshdan kechirishni xohlaysiz? Qaysi hakamlarni taklif qilgan bo'lardingiz?

– Evropaliklardan ko'p yillar davomida Viktor Kashshai va Milorad Majich bilan birga hakamlik qilganmiz. SHuningdek, Nikolo Riccoli, Damir Skomina, belgiyalik Frank de Bleker va albatta, Sergey Karasevni chaqirgan bo'lardim. Bundan tashqari, Osiyolik do'stlarimizni taklif qilardim. 

– Oxirgi yillarda qandaydir norasmiy o'yinlarda hakamlik qildingizmi?

– Xalqaro darajada – yo'q. O'zbekistonda turli turnirlar, xayriya o'yinlarida ishtirok etdim. Vaqti-vaqti bilan hamkasblarim, do'stlarim bilan futbol o'ynab turaman.

– Hakam sifatida ko'proq nimadan faxrlanasiz?

– Maydonda milicioner bo'lmaslikka harakat qildim, lekin futbolni yaxshilashga yordam beradigan odam bo'lishni xohlardim. Esingizda bo'lsa, avvallari tajovuzkor, jahldor hakamlar ko'p bo'lardi. Men esa doim tabassum bilan ishlashga harakat qildim. Qarashim bilan "Do'stim, sariq kartochka sen uchun bir malumot. Ehtiyotkorroq bo'l" demoqchi bo'ldim. Men hakamlikka yondashuvni va futbolchilarning hakamlarga bo'lgan munosabatini biroz o'zgartira olganimdan g'ururlanaman. O'zaro ishonch va hurmat paydo bo'ldi, chunki barchamiz birgalikda futbolni yaxshilashni istaymiz.

– CHet ellik hakamlar sizning hikoyangiz ular uchun ilhomlantiruvchi va rag'batlantiruvchi omilga aylanganini aytishganmi?

– Ko'pincha shunday bo'ladi, yosh hakamlar maslahat so'rab, murojaat qilishadi. Bu men bekorga shuncha yo'l bosib o'tmaganimni bildiradi, juda yoqimli. Faoliyatimga nazar tashlaydigan bo'lishsa, hakamlar ular bilan ham shunday bo'lishi mumkinligiga ishonishadi.

Yana bir necha yillardan keyin Ahmedovning akademiyalari ishi samarasini terma jamoada his qilamiz

– Hakamdan funkcionerga aylanishdagi eng qiyin va ehtimol, yoqimsiz narsa nima?

– Men buni yoqimsiz deb aytmagan bo'lardim. Eng qiyini, avvallari faqat o'z ishim uchun masul bo'lgan bo'lsam, endi hamkasblarim bilan birgalikda butun mamlakatimiz futboli rivoji uchun ishlashimiz zarur. Va bu juda katta masuliyat. SHunday bo'ladiki, terma jamoa jamoa mag'lubiyatga uchragach, muxlislarning katta shikoyatlarini eshitishga to'g'ri keladi (JCH-2022 saralash bosqichi boshida mehmonda Falastindan qabul qilib olingan mag'lubiyatdan so'ng Ermatov yurak xurujiga uchragan, deyishadi). O'zbekiston chempionatida hakamlar xatoga yo'l qo'yishsa, bu ham tanqidga sabab bo'ladi. Lekin biz doimo bunga to'g'ri munosabatda bo'lishga harakat qilamiz va o'z ishimizni tahliliy va tizimli ravishda rivojlanishga yo'naltiramiz. Futbolda hamma xato qiladi, asosiysi, o'sha xatolarni takrorlamaslik.

– Dunyoda hakamlar rahbarlik qiladigan boshqa associaciya (federaciya)lar ham bormi?

– Ha, bor. Masalan, SHveciya va boshqa bir qancha davlatlar. Oktyabr oyida u erda o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik, SHveciya federaciyasi prezidenti bilan tanishdik. U shuningdek, sobiq FIFA referisi. Hakamlar – tartibli, intizomli insonlar va bunday ishlarda bu sifat qadrlanadi.

– Nega tanlov sizning gardaningizga tushdi?

– Xalqimiz futbolni sevadi, futbol – bizning birinchi raqamli sportimiz. Biroq ko'p narsalarni professional darajaga qo'yish kerak. Zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, bolalar futbolini tizimli rivojlantirishga jiddiy yondashishimiz lozim. Ehtimol, futbol jamoatchiligimiz bu ishni qanday qilib qurish va buni amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy darajada tajriba va aloqalarga ega ekanligimni bilishgandir. O'z zimmamga olmaslik va yuksak ishonchni oqlashga urinmaslik mumkin emasdi.

– Siz birinchi vice-prezidentsiz, barcha operativ faoliyat uchun javobgarsiz. Associaciya prezidenti, O'zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov bu ishga qanchalik yaqin?

– Yuqori lavozim va ish bilan band bo'lishiga qaramay, deyarli har kuni futbolga etibor qaratishga vaqt topadi. U futbolni juda yaxshi ko'radi va o'z vaqtida ""O'zbekneftgaz" AJ rahbari sifatida "Mashal" (Muborak) klubida mamlakatdagi birinchi futbol akademiyasini tashkil etganini, uning tarbiyalanuvchilaridan biri Eldor SHomurodov ekanligini tushunadi. Abdusalom Abdumavlonovich klubni rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqdi.

Asosiy masalalarda men doimo uning fikrlariga quloq tutaman. Yana bir vice-prezidentimiz Odil Ahmedovni Rossiya futbolida hamma biladi. Men har doim aytaman: "Jamoa yaxshilanishni istasa, eng yaxshi o'yinchilarni oladi. SHunday qilib, associaciyamiz tarkibni Odil Ahmedov bilan kuchaytirdi". Uning Rossiyadan Xitoygacha bo'lgan ko'plab mamlakatlardagi ulkan o'yin tajribasi bizga ko'p yordam beradi. Bundan tashqari, Ahmedovning bolalar akademiyasi mavjud bo'lib, u erda professional ish olib bormoqda.

 – Ahmedovga "Krasnodar" prezidenti Sergey Galickiy akademiya ochish taklifini bergani rostmi?

– Men ham buni eshitdim. U "Krasnodar"da o'ynab yurgan paytlarida akademiya ochishni reja qilgan. Hozir uning juda yaxshi tarbiyalanuvchilari bor, ular O'zbekiston yoshlar terma jamoasiga jalb etilishmoqda. Yana bir necha yillardan keyin Ahmedovning ishi samarasini terma jamoada his qilamiz.

– Bir paytlar "O'zbek Messisi" deb atalgan, Moskvaning "Lokomotiv"iga o'tish atrofida juda g'alati voqeaga o'ralashib qolgan Jasur Jaloliddinovda ahvollar qalay?

– Jasur haqiqatan ham juda iqtidorli futbolchi, lekin, nazarimda, u ham jismonan, ham ruhiy jihatdan kuchli bo'lishi kerak edi. Rossiyada u o'rganib qolgan futboldan boshqacha, ancha tajovuzkor va zichroq futbol o'ynashadi. O'tgan mavsumni shu erda, "Andijon"da o'tkazgan bo'lsa, hozir Olmaotaning "Qayrat" klubida Qurbon Berdiev qo'l ostida o'ynamoqda. Murabbiy unga ishonadi, u haqida ijobiy gapiradi. Jaloliddinov hozircha har doim ham asosiy tarkibda maydonga tushgani yo'q. U ulkan salohiyatga ega va o'zini ayamasdan ishlashda davom etishi kerak.

– Endi haqiqiy Messiga to'xtalsak. U va Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelganini o'zbek futboli muzeyida ko'rdim. Bu qanday sodir bo'lgandi?

– Bu O'zbekistonda futbol tashviqoti harakatlari natijasi edi. Messi, Ronaldu va boshqa ko'plab jahon futboli yulduzlari bizda mahorat darslarini o'tkazishgan. Yigitlarimiz ularni o'zlari kabi inson ekanligini, futbolda hamma narsaga erishish mumkinligini his qilishlari uchun federaciya bu tadbirlarni tashkil qilgan. Ular bilan uchrashuvlarga yoshlar jamoalari jalb qilingan, matbuot anjumanlari tashkil etilgan, akademiyalarda yulduzlar yosh futbolchilarimiz bilan uchrashishgan.

– Men Messini qor bilan qoplangan mashg'ulot stadionida tushgan suratini ko'rdim...

– Ha. O'sha kuni qor yog'di va Lionel uchun bu g'ayrioddiy holat edi. Ammo unga ob-havoga mos ekipirovka berishdi va u futbol o'ynashga bordi.

– "Bunyodkor"ga Ziko va Skolari murabbiylik qilgan, Rivaldo o'ynagan davrlardan farqli o'laroq, hozirgi o'zbek futbolini boy deb bo'lmaydi, shundaymi?

– Men bunday demagan bo'lardim. Ammo pul bo'lganda ham undan oqilona foydalanish kerak. Birinchidan, infratuzilmani tartibga solish, murabbiylar malakasini oshirish, bolalar futbol akademiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritish zarur. SHunda taraqqiyot bo'ladi, barqarorlik va natijalar keladi. Agar pul faqat kattalar jamoalariga sarflansa, unda quyi pog'onalar rivojlanishi uchun mablag' etarli bo'lmaydi. Biz hamma narsani to'g'ri tashkil qilishimiz kerak va keyin biz bir marta tasodifan yuqoriga chiqib, keyin yana 25 yilga g'oyib bo'lmaymiz, balki eng yaxshi musobaqalarda doimiy qatnashamiz.

Bizda o'nlab Qosimovlar, Ahmedovlar, SHomurodovlar, Masharipovlar bo'lishi kerak

– O'zbekiston terma jamoasi uzoq vaqtdan beri birinchi marta hatto uchinchi saralash bosqichiga ham chiqa olmadi. Nima bo'ldi?

– Futbol associaciyasi bu muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o'z zimmasiga oladi. Va biz jarohatlar yoki boshqa sabablarga murojaat qilish mumkin emasligini tushunamiz. Tan olaman, biz ko'p yillardan buyon shunday natijaga qarab ketayotgandik. Afsuski, terma jamoaga o'yinchilarni tanlab olish imkoniyati cheklangan. Katta o'yinchilarning etishmasligi sifatli murabbiylarning etishmasligi, yuqori malakali murabbiylarning etishmasligi esa o'z navbatida sifatli murabbiylik talimining yo'qligi natijasidir.

SHu bois hozir O'zbekistonda murabbiylik talimiga alohida etibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, birinchi marta O'zbekiston terma jamoalari uchun "Do'stlik" markazi quriladi.

O'zbekistondek davlatda terma jamoadagi har bir o'rin uchun kamida 5-6 nafar futbolchi kurash olib borishi kerak. Lekin, afsuski, futbolchilar o'rtasida etarlicha raqobat yo'q. SHu bois biz nafaqat murabbiylar shtabida o'zgarishlar qildik, balki chuqurroq narsalarda – murabbiylik talimi, bolalar futboli, umuman, tashkiliy jihatdan ko'p narsani qayta ko'rib chiqdik.

– Terma jamoani saralash bosqichida halokatli tarzda boshqargan Vadim Abramov o'rniga sloveniyalik Srechko Katanec olib kelindi. Nega aynan u?

– Katanecni yaxshi o'rgandik. U katta tajribaga ega – Sloveniyani Jahon va Evropa chempionatlariga olib chiqqan, Osiyo futbolini yaxshi biladi, Birlashgan Arab Amirliklari va Iroq terma jamoalariga ustozlik qilgan. Juda principial va talabchan murabbiy, u chinakam professional shtabga ega – yordamchilaridan tortib fizioterapevtlarigacha. Nomzodlar ko'p edi, lekin murabbiylar kengashi uning variantida to'xtadi.

– Katanecning Italiyada o'ynagani va jamoangiz sardori Eldor SHomurodov kabi italyancha gaplashishi tasir ko'rsatmadimi?

– Katanecni bosh murabbiy etib tayinlaganimizda SHomurodov hali terma jamoa sardori emasdi va italyanchani endigina gapira boshlagandi. Demak, bu mezon ko'rib chiqilmagan.

– Abramovga qadar terma jamoani mashhur argentinalik Ektor Kuper boshqardi. U Osiyo chempionatining 1/8 finaliga chiqdi va 2022 yilgi jahon chempionati saralashining birinchi o'yinida O'zbekiston Falastinda mag'lub bo'lgach, ishdan bo'shatildi. Nega u bilan xayrlashishga qaror qilindi?

– Murabbiylar kengashiga ko'ra, Kuper terma jamoaga singdirmoqchi bo'lgan uslub o'zbek futboli mentalitetiga to'g'ri kelmaydi. Futbolchilarga uning talablariga moslashish qiyin bo'ldi. Aksariyat uchrashuvlarda Kuper himoyaviy o'ynashga harakat qildi. Bu jamoatchilikka ham, mutaxassislarga ham, futbolchilarga ham yoqmadi. SHu sababli murabbiylar kengashi taklifiga ko'ra, u bilan shartnomani bekor qilishga qaror qilindi.

– SHomurodov mavzusiga qaytamiz. Eng mashhur futbolchingiz terma jamoada qanchalik yaxshi o'ynaydi?

– Yaxshi o'ynaydi. Albatta, Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birida to'p tepgan birinchi futbolchimiz terma jamoa va uning muxlislarining umidi, u har doim bizning qutqaruvchimiz bo'la oladi. U muntazam ravishda terma jamoa safida gol uradi – yaqinda o'tkazilgan "Navro'z Kubogi"da Qirg'iziston va Ugandaga qarshi o'yinda 4 ta gol urdi. Murabbiylar shtabi va jamoatchilik undan mamnun.

– "Roma" "Yuventus"ga 3:4 hisobida imkoniyatni boy bergach, rimliklar bosh murabbiyi Joze Mourinyuning shaxsan o'zi uni tanqid qilganida xafa bo'ldingizmi?

– Ha. Murabbiy o'z o'yinchilarini oshkora tanqid qilishi tarafdori emasman. Menimcha, bu jamoa ichida bo'lishi kerak.

– SHomurodov yo'lini takrorlay oladigan o'zbek yigitlari bormi?

– Ular ko'p, ammo ismlarini aytmoqchi emasman. Hamma maqtovni yaxshi ko'radi, lekin maqtov bir qulog'idan kirib, ikkinchisidan chiqishi kerak. Agar ular buni xayolda saqlab qolishsa, xalaqit qiladi, oyoqlari erdan uziladi. SHuning uchun men bunga juda ehtiyotkor qarayman. Odamlar chindan ham biror narsaga erishganlarida maqtashga vaqtimiz bo'ladi.

Menimcha, o'zbek futbolining salohiyati shundayki, bizda o'nlab Qosimovlar, Ahmedovlar, SHomurodovlar, Masharipovlar bo'lishi kerak. So'nggi yillarda esa bolalar va yoshlar bilan ishlashni shunday yo'lga qo'yishga harakat qilyapmizki, besh yildan so'ng top-ligalarda o'zbekistonlik ko'plab futbolchilarni ko'rasiz. Hozirda Eldorning o'zi haqida hujjatli film suratga olyapmiz, bu bazida o'ziga ishonmaydigan ko'plab yosh futbolchilarimizga ilhom baxsh etishi lozim.

– Yosh iqtidor egalaridan biri Oston O'runov "Spartak"da o'ynab keta olmadi. Nimaga bunday bo'ldi, nima deb o'ylaysiz? Ko'pchilik uning o'yin qobiliyati bilan yulduz bo'lish uchun to'g'ri mentalitetga ega emasligini aytadi...

– O'runov hali yosh futbolchi va o'ylaymanki, kattalar darajasidagi Rossiya chempionati unga jangchi xarakterini shakllantirishga yordam beradi. Engil jarohati bor ko'plab futbolchilar jamoaga kerakligini tushunib, maydonni tark etishmaydi. O'ylaymanki, vaqt o'tadi va Oston unga katta umid bog'langanini tushunadi va o'ynab ketadi. Uni diqqat bilan kuzatib borishadi va milliy terma jamoada ko'rishni juda xohlashadi, biroq qator jarohatlar unga doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lishga imkon bermayapti.

O'zbekistonlik yosh futbolchilarga etishmaydigan yana bir jihatga to'xtalib o'tmoqchiman. SHaxsan men psixologlar bilan ishlashni zarur deb bilaman. Jahon chempionatlariga tayyorgarlik ko'rayotgan hakamlar doimo shunday qilishadi. 2010 yilda bizga Ispaniyadan ikkita juda malakali psixolog yordam berdi. Ochilish o'yiniga tayyorgarlik jarayonida ular bilan nihoyatda qizg'in ishladik. Janubiy Afrika Respublikasi tribunalarida o'ziga xos xususiyatlar bor edi, vuvuzelalarni yaxshi eslasangiz kerak. Ulardan shunday ovoz eshitiladiki, yaqiningizdagi hech kimni eshitmaysiz. Bir-birimizni bir metr masofadan ham eshitmasdik, hatto televizorda ham ular tufayli o'yinni ko'rish noqulay edi.

Ammo mendan bu bilan qanday kurashganimni, qanday qilib diqqatimni jamlaganimni so'rashganda, ularni umuman eshitmaganimni his etgandim! O'yindan keyin o'zim ham o'ylardim — qanday qilib? Begona shovqindan qay tariqa butunlay uzilishga muvaffaq bo'ldim? Va men bu aynan psixologlarning xizmatlari, degan xulosaga keldim.

– Associaciyaga, O'zbekiston terma jamoasiga psixologlarni jalb qilmoqchimisiz?

– Terma jamoaga kelsak, buni doim murabbiylar shtabi hal qiladi. Agar bosh murabbiy psixolog zarur deb topsa, qidiramiz. Yoshlar va yoshlar darajasida hozir bizda psixologlar ishlamoqda. Yana bir narsa shundaki, malakali sport psixologlari juda kam. Bunday mutaxassis o'yinchi, hakam o'yin oldidan o'zini qanday his qilishini, hayajon qo'rquvga aylanib qolmasligi uchun uni qanday engish kerakligini bilishi kerak. Bizda iqtidorli, ammo psixologik jihatdan beqaror futbolchilar ko'p. SHuning uchun xalqaro maydonda hech narsa ko'rsata olmaymiz.

Palovni haftada faqat bir marta tanovul qilaman

– 2014 yilda o'zbek ananalariga ko'ra, ota-onangiz bilan birga yashayotganingizni aytgan edingiz...

– Ha, hali ham shunday. Men ota-onamni hech kimga ishonmayman (tabassum qiladi). Bizda shunday anana bor, o'g'illardan biri doimo ular bilan yashaydi, ularga g'amxo'rlik qiladi. Qanday qilib alohida yashashni tasavvur ham qila olmayman.

– Ko'ryapmanki, siz ajoyib sport formadasiz. Bir gramm ortiqcha vazn yo'q...

– Harakat qilyapman. Ortiqcha vaznim deyarli yo'q. Ammo doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shug'ullanish imkoniga ega emasman, vaqt etarli emas. G'aftasiga ikki marta sport zaliga boraman.

– O'zbekistonda taomlar mazali, biroq shunchalik yog'liki, bu erda vaznni saqlash ancha qiyin...

– Men hakamlik davrimda har doim ovqatlanishda o'zimni cheklashga va dietologlar maslahatiga quloq solishga harakat qilardim. CHunki doimiy ravishda o'zbek taomlarini istemol qilsangiz, forma va vaznni saqlab bo'lmaydi. SHuning uchun hozir ham hech qanday qiyinchiliklar yo'q. Tartibga amal qilaman, bu – hayot tarzi. Biroq O'zbekistonda gastronomiya juda mazali, bu haqiqat! Bu haqda hamma gapiradi va biz bundan faxrlanamiz.

– Tez-tez palov eb turasizmi?

– Xaftada bir marotaba. Lekin men har kuni eyishni xohlayman, chunki juda mazali-da!

– Xorijlik hamkasblaringizni osh bilan mehmon qilganmisiz?

– Doim! Xorijlik hakamlar O'zbekistonga kelish uchun navbatda turishibdi!

SHerzod Nurmatov tayyorladi

Reyting: -7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика