Gvardiola jamoasining ko'rinmas quroli borligini bilasizmi?
28 may 2019 13:33
Yangiliklar
Aprel oxiridagi Manchester derbisidan oldin ingliz mediasi Sulsher va Gvardiola o'rtasidagi aytishuvlardan rohat oldi. Norvegiyalik "Siti" juda ko'p va tez-tez fol ishlatishini aytib, uning shogirdlari bunga tayyor bo'lishi kerakligini takidladi. Gvardiola esa bu gaplarga qo'shilmadi: "Yunayted"ga qarshi bahsda fol ishlatamizmi? Yo'q, albatta, yo'q. Jamoam buni uddalay olmaydi. 10 mavsumdan beri murabbiylik qilayotgan bo'lsam, bu narsalar haqida o'ylamaganman. Hech qachon".
Gvardiola aldadi. Bir necha soat o'tib "Manchester Yunayted" muxlislari "Tvitter"da 2017/18 mavsumda "Siti" haqida suratga olingan All or Nothing filmidan skrinshot tashlashdi. O'sha onda Pepning yordamchisi Mikel Arteta jamoa yarim himoyachilari De Bryuyne, Gyundogan va Silvani to'p yo'qotilganda qoida buzishga chorlayotgan edi.
All or Nothing filmidan skrinshot: Artetaning so'zlari: "David (Silva), Kevin (De Bryuyne), Gyundo (Gyundogan nazarda tutilyapti), qoidani buzing. Agar to'p yo'qotsak, fol ishlating".
Gvardiola nega yolg'on gapiryapti?
"Siti" haqiqatdan ham ligada hammadan ko'p fol ishlatadi
Pepni birinchi marta follarni yoqtirishda ayblashmayapti. 2017 yilning dekabrida Joze Mourinyu bu haqida gapirgan edi: "Ular ko'pchilik bo'lib hujumga o'tishadi, shu sababli to'p yo'qotilganda ular taktik follardan foydalanishadi". Mourinyu haq bo'lib chiqdi, ammo "Siti" o'sha mavsum juda qo'pol follar ishlatar edi: "shaharliklar" dekabrgacha APLda 27ta sariq va 2ta qizil kartochka ishlab olishdi.
Gvardiola mavsum o'rtasida muammoni omma oldida tan oldi. Mish-mishlarga ko'ra, u Angliyada hakamlik qanday tashkil qilinganini yaxshiroq tushunish uchun Angliya referilar qo'mitasi rahbari Mayk Rayli bilan suhbat o'tkazgan ekan. Bu Fernandino mavsumdagi uchinchi qizil kartochkani olganidan so'ng sodir bo'lgan. Gvardiola muammoni hal qilishga uringanidan keyin, braziliyalik tayanch yarim himoyachisi hozirgacha chetlatilmadi. Sabab oddiy: Gvardiola yana bir bor moslashdi, "Siti" yuqoriroqda - markazda emas, raqib maydonida fol ishlatishni boshladi. Ammo bu haqida keyinroq
Agar statistikaga etibor beradigan bo'lsak, Gvardiola jamoasi bitta uchrashuvdagi follar soni bo'yicha ligadagi eng "toza" klublardan biri deb hisoblash mumkin. Bu borada "Liverpul" (8,2ta fol) "Siti"dan (8,4ta fol) biroz "tozaroq". Biroq hammasi oddiy emas. To'pga egalik qilayotgan jamoalar himoyalanayotganlardan kamroq fol ishlatadi va qoidabuzarlikning sezilarli qismi to'pni olib qo'yishga urinishda sodir bo'ladi. SHu sababli jamoalarning to'psiz qolgan paytdagi follarini qayta hisoblash kerak.
Agar bunday bo'lsa, "Siti" chempionatning eng qo'pol jamoasiga aylanadi:
Bo'yiga - APL jamoalari, eniga - jamoalarning to'psiz qolgan paytda ishlatgan follari.
Umuman follarda olganda uyaladigan narsa yo'q. "Siti" qoidani qaysi hududlarda buzishi muhimroq. Bu holat deyarli har doim raqib maydonida sodir bo'ladi. Qo'pollik darajasidan qatiy nazar, bu follarning maqsadi - raqib hujumini buzish. Pep jamoasi ko'p fol ishlatsada, juda kam jazolanadi: Ko'rsatilgan sariq va qizil kartochkalar bo'yicha "Siti" - chempionatning eng "toza" jamoalaridan biri.
Bunday qoidabuzarliklarga ko'plab misollar keltirish mumkin. "Tottenxem"ga qarshi apreldagi bahsda Gvardiola jamoasi 11 marta qoida buzdi. Hammasi raqib maydonida.
"Siti" "Tottenxem"ga qarshi bahsda (1:0) qoida buzgan zonalar. Barcha qoidabuzarliklar - "Tottenxem" yarim maydonida.
Hakamlar odatda bunday yuqori zonalarda kartochka bermaydi: Agar fol qo'pol bo'lmasa, futbolchilarni jazolashdan mano yo'q, chunki hujum endi boshlanyapti va himoyalanayotgan "Siti" darvozasiga xavf solmayapti.
Yagona muammo shundaki, "Siti" har uchrashuvni shunday o'tkazadi. "Tottenxem"ga qarshi bahsdan ikki hafta o'tib Pep jamoasi "Lester" bilan o'ynadi. Bu erda ham o'sha manzara: 12ta foldan 9tasi raqib yarim maydonida sodir bo'lgan.
"Siti"ning "Lester"ga qarshi bahsdagi (1:0) qoidabuzarliklari.
Bunaqasi mavsumda birinchi marta sodir bo'lmayapti. O'tgan yili ham "Siti" to'psiz paytda qoida buzish bo'yicha etakchi edi. Bu odat - tasodif yoki "shaharliklar" futbolchilarining o'z qarori emas. Hammasi Gvardiola tufayli sodir bo'ladi. Buni qaerdan bilamiz?
Xosep bu ishlarni "Bavariya" va "Barselona"da ham qilgan.
Agar taktik follar qo'llanilmasa, Gvardiolaning tizimi kuchsiz bo'lib qoladi
Pep nega bunday qilishini tushunish uchun, u boshqargan jamoalarning to'pga egalik qilish tuzilmasini o'rganib chiqish kerak. Gvardiola to'pga egalik qilishni himoyaning eng yaxshi uslubi deb hisoblaydi: Agar raqib to'psiz qolsa, u gol ura olmaydi. "Siti" to'psiz qolganida ularning sxemasi 4-3-3 bo'lsa, to'p bilan harakatlanayotgan "Manchester Siti" 2-3-5 sxemasiga o'zgaradi.
Bunday sxema qarshi hujumlarga bardosh berishi qiyin, shu sababli Gvardiolada taktik fol ishlatadigan futbolchi doimo tayyor to'radi. "Barselona"da bu rolni Buskets, "Bavariya"da - Xavi Martines ijro etgan. "Siti"da esa - Fernandino qoidalarni buzmoqda. Braziliyalik birinchi mavsumda olgan qizil kartochkalar endi yo'q.
Bu uch futbolchi poziciyani to'g'ri tanlaydi va to'p uchun yaxshi kurashadi, ammo to'pni qaytara olishmasa, o'sha joyda fol ishlatishadi. Bu Gvardiolaning yagona taktik uslubi emas.
"Siti" tizimi qanotlardan bo'ladigan qarshi hujumlarni qaytara olmaydi: Fernandino asosan markazda turgani tufayli, u qanotda to'p olish yoki qoida buzishga ulgurmaydi. Aynan shu sababli Gvardiolaning vingerlari himoyada muhim rolni bajaradi: Ular to'pni toza olish imkoniyatidan mahrum bo'lishi bilan raqib maydonida qoida buzishi lozim. Bu so'zlarni tekshirib ko'rish juda oson: "Siti"ning 2018/19 mavsumdagi eng ko'p qoida buzuvchi futbolchilari - Sterling va Fernandino (40tadan fol).
Pepning boshqa jamoalarida ham tizim xuddi shunday ishlagan. "Barselona"ning 2008/09 mavsumiga etibor qarating: Pep jamoasi har bir o'yinda to'pga raqibdan ko'proq egalik qilgan, bazi o'yinlarda meyoridan ortiq follar qayd etilgan. Bitta o'yinda 20ta qoidabuzarlik.
Xulosa: Qoida buzish bo'yicha ko'rsatmani Gvardiola beradi.
Gvardiola bu taktik qoidabuzarliklarsiz buyuk "Siti"ni, kuchli "Bavariya"ni, dahashtli "Barselona"ni yarata olmas edi. Pep taktik follarni futbolning bir qismi sifatida qabul qiladi. Bu bo'lak qiziq va tomoshabop bo'lmasada, ammo aynan shu narsa mag'lubiyatlardan asraydi.
"Siti"ni mag'lub etish uchun Yurgen Kloppning maslahatlariga quloq tutish kerak. 2017/18 mavsumda "Siti" ustidan qozonilgan g'alabadan (4:3) so'ng, germaniyalik o'zi bilgan malumotlar bilan bo'lishdi: "Manchester Siti" ustidan g'alaba qozonmoqchi bo'lsangiz, hujumkor futbol namoish etish lozim. Aks xolda lotereyaga umid qilib, o'z jarima maydonchangiz ichida qolib ketasiz". Klopp "Siti" bilan o'yinda qarshi hujumlardan foyda yo'qligiga ishora qildi. "Siti"ni o'z darvozasiga qamab qo'ygan jamoada imkoniyat ko'proq bo'ladi. Gvardiola qarshi hujumlarning davosini topganini Klopp juda yaxshi biladi, ammo "Siti" kombinacion hujumlarni qaytarishda qiynaladi. Buni faktlar tasdiqlaydi: 2018/19 mavsumda Pep jamoasi qarshi hujumdan gol o'tkazib yubormadi. Kloppning maslahatlariga quloq solishmagani tufayli, deyarli hech kim "Siti"ni APLda to'xtatib qola olmadi.
Balki keyingisida to'xtatadigan jamoa topilar.
Fikrlar