Germaniyada o'ynayotgan o'zbekistonlik futbolchi bilan eksklyuziv intervyu
16 may 2020 10:47
Yangiliklar
Germaniyada o'ynayotgan o'zbekistonlik futbolchi bilan eksklyuziv intervyu
Germaniya U-17 Bundesligasida o'ynayotgan yosh futbolchimiz haqida eshitganmisiz? Uning yutuqlarini eshitib aloqaga chiqdik va intervyu qilishga qaror qildik.
Tanishing, SHohjahon Xayrilloev 2003 yilning 27 yanvar kuni Buxoro shahrida tug'ilgan. Ampluasi hujumchi. Hozirda Germaniyaning “Karlsrue” U-17 jamoasida to'p tepmoqda. Germaniyaning “Karlsrue” jamoasi 2-divizionda ishtirok etadi. U o'tgan mavsum Germaniya 3-divizioni jamoasi safida 12 o'yinda 15 ta gol urgandi. 2020 yil yanvar oyida SHohjahon “Karlsrue” klubiga ko'chib o'tdi.
- Assalomu alaykum SHohjahon. Qisqacha millionlar o'yiniga qanday kirganingizni aytib bersangiz.
- Assalomu alaykum. Kichkinaligimdan futbolga bo'lgan mehrim o'zgacha bo'lgan. Hamma bolalar singari mahallada ko'cha changitib futbol o'ynaganman. Keyinchalik esa murabbiyimiz Farhod Nematovich qo'llarida futbol sir asrorlarini o'rganishni boshladim. Buxoro shahridagi “Sitora” klubida ham to'p tepdim. 13 yoshimda esa “Bunyodkor” akademiyasiga yo'l oldim. Akademiyada 4 yil futbolo'ynadim. Keyinchalik O'zbekiston U-18 chempionatida ishtirok etdim. Jasur Jaloliddinov jamoadoshim edi. Keyinchalik u asosiy tarkibga yo'l oldi.
- Har bir futbolchi hayotida legioner bo'lishni xohlaydi. Sizning Germaniyaga ketish tarixingiz qanday bo'lgan?
- Ha, har bir futbolchi hayotida legioner bo'lishni, Evropada o'ynashni xohlaydi. Men ham Buxoroda o'ynab yurgan kezlarim legioner bo'lishni orzu qilganman va intilganman. “Bunyodkor” tarkibidagi xalqaro musobaqalar esa bu orzuim amalga oshishi uchun yordam bergan. “Qaldirg'ochlar” tarkibida Qozog'iston, Rossiya davlatlarida o'tgan musobaqalarda yutuqlarga erishganman. Qozog'istondagi musobaqada “Eng yaxshi to'purar” bo'ldim. 2018 yilda esa agentim orqali Germaniyaning 3-divizionidagi jamoaga kelib qo'shilganman. Jamoa tarkibida 12 ta o'yinda 15ta gol urishga muvaffaq bo'lganman. Bundesliga jamoalari tarkibiga kirish juda qiyin. SHu uchun har bir o'yinda ko'proq gol o'rishga harakat qilganman. SHundan so'ng, menga Bundesligadagi “Xoffenxaym”, “Nyurnberg”, Frankfurtning “Ayntraxt” klublaridan va hozirgi jamoam “Karlsrue”da takliflar kelgan. SHu yilning yanvar oyida “Karlsrue” taklifini qabul qilib, shartnoma imzoladim va hozirda U-17 jamoasi tarkibida to'p tepmoqdaman.
- O'ynayotgan klubingiz hamda u erdagi sharoitlar, mashg'ulotlar haqida aytib bersangiz?
- “Karlsrue”U-17 jamoasidagi sharoitlar Bundesliga asosiy tarkibdagi sharoitlari bilan teng desam adashmagan bo'laman. Jamoada 6 nafar legioner futbolchilar bor. Ular Turkiya, Franciya, Greciya davlatlaridan. Har bir futbolchiga o'zgacha etibor. Mashg'ulotlar juda qiziq va asosan futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratiladi. Doimo shifokorlar nazoratidamiz. O'yinlardan oldin va keyin tiklanish mashg'ulotlarini bajaramiz. SHaroitlar juda ham zo'r. Germaniyada futbolni sevishadi. Biz yosh jamoa bo'lsak-da, minglab muxlislar stadionga tashrif buyuradi.
- Pandemiya davrida futbol to'xtadi. Germaniya Bundesligasi esa qaytish arafasida. Sizlarda ahvol qanday?
- Karantin paytida bir oy mashg'ulot qilmadik. Lekin bu dam olish degani emas. Murabbiylarimiz reja asosida uyda individual mashg'ulot olib bordik. Trenajyor zallarida shug'ullandik, yugurish mashqlarini bajardik, umuman olganda to'psiz ishladik. Hozirda esa mashg'ulotlarga qaydik. 24 futbolchini 5 guruhga bo'lishdi va oradagi masofa 2 metr bo'lgan holda, 2 murabbiy, 5 ta futbolchi bitta maydonda mashg'ulotlarni davom ettirmoqdamiz. Bundesliga 16 may kuni qaytadi. Lekin yoshlar Bundesligasi qachon boshlanishi nomalum. Hozirda kichik guruhlarda tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz.
- Sizni o'rganish davomida sizga Evropaning bir qator nomdor klublaridan qiziqish bo'lganligi haqida xabar topdim. Bularning orasida Turkiyaning “Galatasaroy” klubi ham bor ekan.
- Ha, agentim orqali bir qator klublardan qiziqish bo'lgani haqida eshitdim. Hozirda meni “Karlsrue”jamoasi bilan 2 yillik shartnomam bor. Bu erda usishda davom etmoqchiman va jamoamga yordam berishni istayman.
- O'zbekiston Superligasini kuzatasizmi?
- Ha albatta. Asosan “Paxtakor” va “Bunyodkor” ishtirokidagi o'yinlarni kuzataman. Bu erdan farqli ularoq, o'zbek futbolchilarida jismoniy holat yuqori emas. Texnik tomondan esa ustun. Germaniyada futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga yuqori etibor beriladi. Murabbiylar esa biz bilan individual tarzda ishlashadi.
- Qaysi futbol klubi muxlisisiz va sevimli futbolchinigiz kim?
- “Barselona” muxlisiman. “Barselona”ning o'yinlarini ko'rib katta bo'lganman. Sevimli futbolchim esa Lionel Messi. Uning o'yinlaridan zavq olaman.
- Kelajakdagi rejalaringiz haqida...
- Kelajakda rejalarim bisyor. Nasib etsa Germaniya Bundesliga eng kuchli jamoalarning asosiy tarkibiga kirish. Buning uchun tinmay mehnat qilishga harakat qilaman. Keyinchalik esa Angliya Premer-ligasida to'p tepish va albatta O'zbekiston terma jamoasi tarkibida Jahon chempionatida o'ynash eng katta orzum.
- Suhbat uchun rahmat. Sizga Germaniyadagi faoliyatingizda omad va zafarlar tilaymiz. Umid qilamizki O'zbekiston sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilasiz. Yurtimizdagi futbol muxlislariga tilaklaringiz?
- O'zbek xalqimizni ulug' Ramazon oyida sabr toqat tilayman. Karantindan eson-omon chiqib olib, yana futbol havosidan bahramand bo'lishi tilakdoshiman. Biz muxlislar uchun futbol o'ynaymiz va nasib etsa Germaniyada ham O'zbekiston bayrog'ini baland ko'tarib yurishga harakat qilaman.
Dildora Xolbaeva suhbatlashdi
Fikrlar