Futbolchimizni kuchliroq bo'lganda qaytararsiz, yoxud Madridning transfer siyosati
03 fev 2017 12:05
Yangiliklar
Futbolchimizni kuchliroq bo'lganda qaytararsiz, yoxud Madridning transfer siyosati
Darhaqiqat, XXI asrga kelib futbol shunchaki sportning bir turidan, yaxshigina biznes loyihaga aylanib bo'ldi.
Bundan 15-20 yil avvalgidan farqli o'laroq, hozirda boyroq jamoalar uncha-muncha futbolchini tarkiblariga muammosiz qo'shib olishmoqda. Bazi futbolchi va jamoalar mo'may daromad oldida ikkilanib qolishmoqda. Bunga Xitoyga yo'l olganlar yaqqol misol bo'ladi.
Qo'sha-qo'sha mashina sotib olayotganlar ham, yaxta, kurortlarda dam olish va boshqa qimmatbaho xaridlar, hashamatli uylar uchun millionlab pul sarflayotganlar ham bevosita shu soha vakillari hisoblanadi. To'g'ri, bu kabi holatni nafaqat futbol ichidagi insonlar, balki boshqa soha vakillari misolida ham uchratishimiz mumkin. Bazilar bu kabi infonlarni keskin tanqid qiladilar. "Ex, pul topib aql topmaganlar", - deganlarni ham eshitganman.
Lekin, ammo, biroq...
Har bir inson topishiga yarasha sarflaydi. U o'zi ishlab topgan pulini sarflayapti, biz o'zimiznikini. Va, umuman olganda, birovning karmonidagi pulni hisoblash odob meyorlariga ham to'g'ri kelmaydi.
Futbolchilar oylik, bonuslar, reklama shartnomalaridan daromad qilishlarini yaxshi bilasiz.
Klublarda esa bu ro'yxat biroz uzunroq. Ulardan biri, o'z o'yinchisini ijaraga berish.
Ijaradan kelishi mumkin bo'lgan foyda:
1. Futbolchining ijarasidan jamoa malum miqdorda pul ishlab oladi (ijara puli).
2. O'sha sportchining oyligi "yonga qoladi".
3. Agar yaxshi o'ynab ketsa, jamoa uni bemalol ortga qaytarib olaveradi.
Yomon emas-a? "Futbolchimizni maoshini to'lab turing, o'ynab ketsa qaytarib olarmiz". Albatta, har ishda bo'lgani kabi, buni ham eplagan qiladi.
Kuni-kecha Madridning "Real" jamoasi braziliyalik yarim himoyachi Lukas Silvani ona yurtiga qaytarib yubordi. Futbolchi 2018 yilning 30 iyuniga qadar "Kruzeyro" sharafini himoya qiladi. Ushbu kelishuv, ispan klubining ish berayotgan so'nggi yillardagi transfer siyosatini yana bir bor ko'rsatib berdi. Yosh futbolchilar "Real Madrid"dek jamoada birdaniga o'ynab ketishlari qiyin masala. Axir, Raul va Kasilyasdek futbolchilar har kuni akademiyadan chiqavermaydiku.
SHu sababli, rahbariyat ularni Evropaning boshqa jamoalarida tajriba orttirib qaytishlari tarafdori. O'z vaqtida Dani Karvaxal, Lukas Vaskes, Kazemiro, Marko Asensio va Alvaro Morataning har biri bu yo'lni bosib o'tgan. Bugungi kunga kelib, ular asosiy jamoa g'alabalariga munosib xissa qo'shishmoqda.
Bu usul, ayniqsa, 2012 yilda yorqin namoyon bo'ldi. Yodingizda bo'lsa, o'sha yili Dani Karvaxal Leverkuzenning "Bayer" klubiga ijaraga berildi va birinchi mavsumdayoq Bundesliga kashfiyotlari qatoridan joy oldi.
Madridga endi o'z kuchiga ishongan, imkoniyatlarini yaxshi biladigan Dani qaytib keldi va rivojlanishda davom etdi. Jamoaning asosiy tarkib azosi terma jamoa bilan Evropa CHempionatiga faqatgina alamli jarohat tufayli bora olmadi.
Ijara ishlarida esda qolarli vaziyatlar 2014/15 mavsum transfer bozorida sodir bo'ldi. Lukas Vaskes "Espanol"ga o'tdi, Kazemiro - "Portu"ga, Alvaro Morata esa turinning "Yuventus" azosiga aylandi (shu o'rinda "Real" futbolchini aniq belgilangan summaga sotib olish huquqi o'zida saqlab qoldi). Bu futbolchilarning barchasi ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishni istardi, ammo o'sha vaqtda asosiy tarkibning yulduzlari joyini olib qo'yish qiyin masala edi.
Noyabrdan beri jarohat sabab maydondan chetda qolgan Garet Beylni o'rnini bildirmaslikka harakat qilayotgan Vaskes o'sishni istadi va "Espanol"da tinimsiz mehnati sabab o'z niyatiga erishdi. 2015 yil yozida Rafa Benites uni Madridga qaytardi, iyun oyida esa yarim himoyachi terma jamoada debyut uchrashuvini o'tkazdi. Zinedin Zidan ham Vaskesga etarlicha o'yin vaqti taqdim etmoqda.
Kazemiro. Ijara uslubining yana bir mevasi. Maydon markazida unga non yo'qligini tushungan Kazemiro, Portugaliyaga yo'l oldi. Bir mavsum "Portu"da o'ynagan, o'ynaganda ham zo'r o'ynagan futbolchini jamoa to'liq sotib olgisi kelib qoldi, ammo "Real" tezda uni ortga qaytardi. Benites qo'l ostida balki bazi savollar bo'lgandir, lekin Zidan jamoasida Kazemironing o'rni beqiyos.
Alvaro Morata tarixi esa boshqacharoq. BBS soyasida qolishni istamagan hujumchi ko'proq o'ynash niyatida "Yuventus"ga o'tib ketdi. SHu joyda "Real" rahbarlarining kallasi yana bir bor ishlab qoldi va shartnomaga qaytib sotib olish bandi qo'shib qo'yildi. 2016 yilning 21 iyunida, "CHelsi" futbolchi uchun 70 million evro taklif qilib turgan bir vaqtda, Morata Ispaniya poytaxtiga qaytib keldi.
"CHelsi" meni tarkibiga chorlagandi. Italiyaga kelishimga ham aynan Konte (o'shanda Antonio Konte endigina "CHelsi" boshqaruvini qo'lga olgandi) sababchi bo'lgandi. Lekin "Real"dagilar jamoaga kerakligim va menga ko'z tikib turishganini eshitishim bilan, boshqa gap-so'zga o'rin qolmadi. Bu mening orzuim. "Real" uchun jonimni berishga ham tayyorman" - degandi Alvaro Morata.
To'g'ri, balki futbolchi hozir ham unchalik ko'p o'yin amaliyotiga ega bo'lmayotgandir, biroq u 10 ta gol bilan jamoa to'purarlari poygasida 3-o'rinda bormoqda.
2014 yilda "Real Madrid" Marko Asensioni sotib oladi, ammo kelishuv shartlariga binoan "Malorka"da o'ynashda davom etadi. 2015 yil yozida futbolchiga "Espanol" qiziqish bildiradi va endi Marko Kataloniyaga yo'l oladi. Ijara muddati yakuniga etgach, u "Qirollik klubi"ga qaytdi va endi bevosita asosiy tarkib uchun kurash olib bormoqda.
Bu safar jamoa Diego va Markos Lorente, Xesus Valexo, Burgi, Borxa Mayoral va Martin Edegorni ijara berib yubordi. Norvegiyalik vunderkind Gollandiyaga ko'chib o'tdi, Bundesligada o'zini yaxshi tomondan ko'rsata olayotgan Valexo kelasi mavsumdayoq Pepening o'rnini egallashi mumkin. Markos Lorente – La Liga muxlislari yaxshi bilib ulgurgan futbolchi. "Alaves" sharafini himoya qilayotgan o'yinchi jamoa bilan birga mutaxassislar tilidan tushmay qoldi. Yangi mavsum boshida u ham "Madrid"ga qo'shilishi mumkin.
Qolgan futbolchilar tajriba orttirishda davom etishadi chog'i. Taklif bilan kelayotganlarga esa o'sha gap, "futbolchimizni kuchliroq bo'lganda qaytararsiz".
Omonjon To'xtamirzaev
Fikrlar