Faxriylar o'rtasida katta turnir. Bugun qur'a tashlash marosimi o'tkazildi

Xayrulla Xoliqov
22 dek 2021, 17:29
Yurtimizda faxriylar futboliga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shu yilning 25 dekabr hamda 2022 yilning 15 yanvar oralig'ida Toshkentda faxriylar o'rtasida turnir bo'lib o'tadi. Musobaqa O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 30 yilligi hamda "14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan tashkil qilinmoqda. 

Bugun 16ta jamoa ishtirok etadigan mazkur turnirga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi. Qur'a tartibiga ko'ra, faxriylar o'rtasidagi chempionatda kuchli sakkizlikni egallagan jamoalar keyingi sakkiztalik jamoalar orasidan o'z raqiblarini bilib olishdi.

 


25 dekabr, shanba

9:00. "Sardor Veteran" - "Uzinter"

10:00. "Olmazor" - "Olimp"

11:00. "Burgut" - "SardorUz"

12:00. "Evrotim" - "Billur"

26 dekabr, yakshanba

9:00. "Spartak" - "Qoraqamish"

10:00. "Polyot" - "Faxr"

11:00. "Metrostroy" - "O'zgarish"

12:00. "Intersport" - "Yunusobod"

Demak, dastlabki bosqich o'yinlari 25-26 dekabr kunlari "Obod" stadionida bo'lib o'tadi. Musobaqa reglamentiga ko'ra, g'oliblar keyingi bosqichga yo'l oladi, mag'lublar turnir bilan xayrlashadi. Birinchi bosqich yakunlangach, keyingi bosqich uchun alohida qur'a tashlanadi. 

Musobaqa Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan "Faxriylar o'rtasida futbol musobaqalarini o'tkazish" reglamentiga binoan o'tkaziladi. Reglamentga amal qilmagan jamoa(lar) turnirga qatiyan qo'yilmaydi. Musobaqada 1982 yil tug'ilgan va undan katta futbolchilar ishtirok etadi. 


Qur'a marosimida O'zbekiston "VETERAN" jangchi faxriylar birlashmasi rais o'rinbosari Sultonov Rustam Sultonovich so'zga chiqib, barcha ishtirokchi jamoalarga omad tiladi. Shuningdek, musobaqaning asosiy tashkilotchisi - O'zbekiston "VETERAN" jangchi faxriylar birlashmasining sport ishlari bo'yicha rais maslahatchisi Nuriddin Boboev jamoalarni musobaqa reglamenti bilan tanishtirib o'tdi. Qur'a tashlash marosimida taniqli sobiq hakam Rustam Saidov va ishtirokchi jamoalar murabbiylari ishtirok etdi. 

Mazkur musobaqaning bosh tashkilotchisi O'zbekiston "VETERAN" jangchi faxriylar birlashmasi bo'lib, turnir Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi, Mudofaa Vazirligining faxriylar ishlari bo'yicha Markaziy kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o'tkaziladi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia