So’nggi yangiliklar

10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  0 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  0 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  3 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  5 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  9

Fabio Kapello: “Zidanga vaqt berish kerak” Yangiliklar

Fabio Kapello: “Zidanga vaqt berish kerak”

“Real”, “Milan”, “Roma” va “Yuventus” klublarining sobiq bosh murabbiyi Fabio Kapello Ispaniyaning “AS” nashriga intervyu berdi.


Unda u o'zining Madriddagi faoliyati va hozirgi “Real”ning muammolari xususida to'xtaldi.


- Nima uchun Benitesning “Real”dagi ishlari o'xshamadi?

- Bu savolga javob berish uchun jamoa kiyinish xonasida bo'lish darkor. SHu sababli bilmayman.

- Futbolchilar undan o'zlari qutulishga qaror qilishdi degan fikr bor.

- Agar o'yinchilar va murabbiy o'rtasida aloqa bo'lmasa, muvaffaqiyatga umid qilish qiyin. lekin Benites yaxshi murabbiy va unda katta tajriba mavjud.

- Balki, u haddan tashqari himoyaviy o'yinga etibor bergandir?

- Ehtimol, Anchelottini Benitesga almashtirish juda og'riqli bo'lgan. Madridda barchasi prezidentlarga bog'liq. Ular ananaga ko'ra katta tasir kuchiga ega.

- Jamoa muammosi murabbiylardami? Oxirgi 12 mavsumda 11 marta murabbiy almashdi.

- Muammo ko'p. “Real” o'ziga xos klub: agar prezident murabbiy ortida futbolchilar bilan muloqot qilsa va ular bilan muammolarni muhokama etsa, unda o'yinchilar murabbiylar shtabini hurmat qilish ehtimoli kam. Ular murabbiy hech narsani hal qilmasligi va hech narsani bildirmasligi haqida o'ylashni boshlashadi.

- Klubda sport direktori yo'qligiga qanday munosabat bildirasiz?

- U erda ishlaganimda bor edi.

- Hozir yo'q. Transferlar bo'yicha qarorni kim qabul qiladi?

- Murabbiy, shekilli. Boshqachami? Odatda shunday, lekin oxirgi so'z baribir prezidentda qoladi.

- Florentino Peres Zidan bo'yicha qaror qilishdan oldin sizga qo'ng'iroq qildimi?

- Yo'q (kuladi). Hozir nafaqadaman va Florentinoga boshqa prezident qo'l ostida ishlaganim yoqmaydi. U muhim qarorlarni qabul qiluvchi yagona inson bo'lishni, klubda barcha holat u bilan bog'lanishini xohlaydi. U ortga nazar tashlashni yoqtirmaydi.

- “Real” Krishtianu-Benzema-Beyl uchligi bilan zafar quchishi mumkinmi?

- O'ylashimcha, ha. Bu erda raqiblarga ham ko'p narsa bog'liq. “Barsa”ga qarang, Messi va Neymar yoniga Suaresning qo'shilishi o'yinni qanday o'zgartirdi. Anchelottining “Bavariya”dagi ishini kuzatish ham qiziq bo'ladi. SHunday ijrochilarga ega jamoalar ham bazida hujumda kamchiliklarga duch kelishadi.

- Zidanda jamoa bilan ishlashga etarli tajriba bormi?

- Unda intilish mavjud va bu juda muhim.

- Bu g'alaba uchun etarlimi?

- Unga vaqt berish kerak: futbolchilar xato qilmaguningga qadar senga ishonishadi. Murabbiy esa obro'sini doim ko'rsatishi va isbotlashi kerak.

- Madridga yangi kelgan murabbiy 6-7 nafar futbolchiga tegib bo'lmasligini biladimi?

- Ular chinakamiga mahoratli futbolchilardir. Menga hayotimda prezident bir marta tarkib borasida maslahat bergan: o'shanda Marselo, Gago va Iguain olib kelingandi. Prezident Ramon Kalderon nega ularni qo'ymayotganimni so'ragandi. Bunga javoban hamma narsaning vaqti borligi va ularni jamoada katta kelajak kutayotganini aytgandim.

- Sizni himoyaviy futbol tarafdori deb aytadiganlarga qanday munosabatdasiz?

- Bu jahondagi eng katta yolg'on! Bu “Milan” bilan birinchi mavsumda chempionlikni qo'lga kiritganimda ko'p g'alabalarning 1:0 hisobida erishilganidan keyin paydo bo'lgan. Madriddagi ilk mavsumimda barchasi boshqacha edi. Yarim himoyada Redonda o'ynardi, Zeedorf esa hujumkor futbolchi sifatida harakat qilardi. Hujumda 4 nafar futbolchi bor edi: Viktor va Raul qanotlarda, SHuker va Miyatovich markazda. Bu himoyaviy variantmi?

- Ikkinchi safar kelganingizda yarim himoyada Emerson-Diarra juftligi o'ynagani-chi?

- Bizda to'pni nazorat qilish bilan muammo bor edi. Yana Ronaldoni sotganimizda ishlar ortga ketgandi. Futbolchilarni tinchlantirib, La Ligada g'alaba uchun kurashishda davom etgandik.

- Lorenso Sans bilan yaxshi munosabatda bo'lganmisiz?

- Birgina muammo u “Real” tarkibida o'g'lini ko'rishni istashi bilan bog'liq edi. Fernando yaxshi yigit edi. Mashg'ulotlarda bor kuchi bilan ishlardi, biroq otasi uning o'ynashi kerakligini aytardi. Bunday bo'lishi mumkin emas.

- Siz boshqargan qaysi “Real” kuchliroq edi?

- Birinchisi ajoyib jamoa edi. Unda ko'proq mahoratli va haqiqiy erkaklar jamlangandi.

- O'sha jamoada kim etakchi bo'lgan?

- Yerro, Raul, Bodo Illgner. O'sha jamoa etakchilik qobiliyatiga ega shaxslardan tashkil topgandi. Ular o'yinni o'ziga olardi: Miyatovich, Redondo, SHuker. Yana ular sabr bilan ishlashardi ham.

- Ikkinchi jamoa qanday edi?

- Unda ko'proq suhbatlar bo'lardi. Yaxshi o'yinchilar ko'p, biroq ahillik yo'q edi. Maydonda ham, kiyinish xonasida ham. Jamoa guruhlarga bo'linib ketgandi.

- Ronaldoning muammosi nimada edi?

- U 96 kilogramm vaznga ega edi. Undan jahon chempionatida qancha bo'lganini so'ragandim. Bunga u 84 kg deb javob bergandi. Undan hech bo'lmaganda 90 kilogramm bo'lishni so'radim, ammo u bunday qilmadi.

- Uni zaxiraga o'tkazish oson bo'lmagandir?

- Hech qanday shaxsiy narsa bo'lmagan. Barchaga hurmat bilan munosabatda bo'lganman. Ronaldoni doim o'zim bilan ishlagan futbolchilar ichida ramziy jamoaga kiritaman. Men bilan ishlagan eng yaxshi hujumchilar deb Van Basten va Ronaldoni bilaman.

- Sizni qattiqqo'l murabbiy deb hisoblashadimi?

- Sen 40 kishidan iborat erkaklar jamoasida etakchi va obro'li bo'lishing kerak. Sen qattiqqo'llik qilib, shu bilan birga ularga hurmat ko'rsatishing lozim. Hurmatsiz jamoani qurib bo'lmaydi. Men jiddiy va masuliyatliman.

- Zamonaviy futbolda qanday jihatlar rivojlanayotganini ko'ryapsiz?

- Jamoalar “Barsa” avvalroq o'ynagani kabi harakat qilishga intilayotganini ko'ryapman. Senda o'shanday ijrochilar bo'lmasa, bu axmoqlik. Zamonaviy futbolda eng chiroyli narsa – to'pni tez olib qo'yish va darhol hujumni boshlash. Bunday vertikal futbolni “Barselona”va“Bavariya” ko'rsatmoqda. Malum manoda “Liverpul”va“Napoli”da ko'zga tashlanyapti. Bunday o'yin mening afzal ko'rganim va hozir bu o'yin taraqqiyotida muhim o'rin tutmoqda. Luis Enrike “Barsa”ga shu jihatni qo'shdi va jamoa qanday o'ynab ketdi. Buyuk ijrochilarsiz katta murabbiylar bo'lmaydi. SHtefan Kovachda Kruiff va Neeskens, “Milan”da – Gullit, Van Basten, Raykard, Barezi, Maldini, “Barselona”da Xavi, Messi, Inesta, Buskets.

- Futbolchilik faoliyatingiz ajoyib chiqqanini ko'pchilik yaxshi bilmaydi. Futbol o'ynashni qaerda boshlagansiz?

- Pieris shaharchasida, u erda tug'ilganman. Taxminan ming nafarcha odam yashardi. Italiya uchinchi ligasida jamoasi bor joylar ichida o'sha joy eng kichigi edi. SHunga qaramay, shaharchamizdan chiqqan 9 futbolchi “A” seriyada o'ynagan va uch nafari terma jamoa uchun to'p tepgan (Kapello, Tortul va Zorcin).

- Otangiz futbol o'ynaganmi?

- U maktabda o'qituvchi edi. Biz qishloq xo'jaligi va kema qurish bilan kun kechirardik. Yaqin joyda “Falcon” kompaniyasi faoliyat yuritardi.

- Faoliyatingiz qanday boshlangan?

- 13 yoshimda Ferraraning “SPAL” klubi ko'rigida bo'lganman. O'shanda bu jamoa “A” seriyada o'ynardi va ular yoshlar jamoasiga qabul qilganlar. O'sha yili “Milan” sport direktori kelib, meni olib ketmoqchi bo'lgan. Lekin otam “SPAL” bilan kelishganimni aytgan va 17 yoshimda “A” seriyada debyut qilganman. Maydon markazida dispetcherlik vazifasini bajarardim.

- Ko'proq hujumga o'tganmisiz yoki himoyalanganmisiz?

- O'yinim De Rossining harakatlariga o'xshash edi. Buzishda ham, ijodkorlikda ham qatnashardim. Asosiy muammo tizzamdagi jarohatlar bilan bog'liq edi. Uch marta jiddiy jarohat olgandim. Elenio Errera “Inter”ga chaqirganda prezident ruxsat bermagan. 20 yoshda esa “Roma”ga ko'chib o'tganman. Uni siyosatchilar boshqarardi. Dastlab Franko Evanjelisti, keyin klubni Alvaro Markini sotib olgandi.

- Jamoada kimlar o'ynardi?

- Elenio Errera kelganda jamoada haqiqiy yulduzlar paydo bo'lgan: Xoakin Peyro, Jair – bizda kuchli jamoa bor edi. Italiya Kubogini yutib, Kubok egalari Kubogida g'alabaga yaqin kelgandik. Yarim finalda Polshaning “Gurnik” klubi bilan uch marta durang o'ynadik va yakunda qura orqali raqib finalga chiqqandi.

- Elenio Errera qanday bo'lgan?

- U taktik qarashlar borasida boshqa murabbiylarni 10 yil ortda qoldirib ketgandi. Futbolchilarni birinchi bo'lib to'psiz ishlashga majbur qilgan. Yana u haqiqiy olg'a boshlovchi edi. Qanday shug'ullansak, shunday o'ynashimizni gapirardi. O'yin kuni ertalab futbolchilarni tanlar ekan, barchamizga eng yaxshiligimizni aytardi. Mashg'ulotlarda yaxshi ishlamagan o'yinchilarni chetlatardi. Futbolchilarga jamoaviy o'yinni tushunish qiyin bo'lib qolardi. SHu tariqa Errera o'yinchilarning bor kuchini berishiga erishgan.

- Yana qaysi murabbiy sizga tasir ko'rsatgan?

- Nils Lidxolm: hech qachon ovozini ko'tarmasdi, muammolar bor chog'da ham. “Milan”ni boshqargan paytida men futbolchi sifatida oxirgi sovrinimni yutganman. Uning mashg'ulotlarida asosan texnika ustida ishlanardi. SHunday uslubda hozir Anchelotti ishlaydi. Karlo Lidxolm qo'l ostida “Roma”da o'ynagan.

- Italiya terma jamoasida eng yaxshi o'yiningiz qaysi bo'lgan?

- Bu 1973 yil noyabrda “Uembli”da kechgan. O'shanda inglizlarni birinchi bor yutganmiz, 1:0 hisobida. U Italiya uchun juda muhim g'alaba bo'lgandi.


Behzod NAZAROV tayyorladi.

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика