So’nggi yangiliklar

08:21"Манчестер Юнайтед" беш футболчига базага киришни тақиқлади — клуб улардан воз кечмоқчи  0 08:00"Финалиссима-2026": Испания ва Аргентина ўртасидаги супероқшом март ойида бўлиб ўтади  0 07:35Мутолаа учун. Раньери, Моуриньо, Карпин. Шомуродов энди туркиялик мураббий билан ишлайди. Аввалги мутахассислар билан қандай саргузаштлар бўлган?  0 01:17Максим Шацких: “Трансфер ойнаси ёпилгунича 2-3 нафар янги ўйинчи оламиз”  3 00:55"Андижон" назорат ўйинида Тожикистон жамоасини мағлуб этди  1 00:41Футболга қайтиш муборак: "Байер" Эрик тен Хагнинг дебют ўйинида йирик ҳисобда мағлуб бўлди  5 00:21"Манчестер Сити" Траффорд билан шартнома имзолаши мумкин  2 23:59"Ақлдан озаётган" "Тоттенхэм" ўз тарихидаги энг қиммат трансферни амалга оширишга тайёрланмоқда  2 23:46Алишер Одилов "Навбаҳор"ни тарк этди  5 23:24Микель Артета: "Мадуэке - АПЛнинг энг яхши ҳужумчиларидан бири"  1 22:50Месси Ямалга қарши: Финалиссима қачон бўлади?  9 22:20Исак "Ал Ҳилол"га ўтиши мумкин  1 21:53"Милан" Спортьеллони собиқ жамоасига қайтариб юборди  0 21:33Гампер Кубоги учун ўйин қаерда бўлади?  6 21:14Расман: Нони Мадуэке - "Арсенал" футболчиси!  5

“Evergrand” va “Buriram”ning namunali boshqaruv yo'li Yangiliklar

“Evergrand” va “Buriram”ning namunali boshqaruv yo'li

Osiyo CHempionlar ligasining joriy mavsumida g'olib chiqqan “Guanchjou Evergrand” joriy mavsumda ko'pchilikning mehrini qozondi.
To'g'ri, bu jamoada moliyaviy imkoniyatlar juda yaxshi, lekin ular puldan qanday foydalanish, o'zi pul ishlab topish borasida ham qolganlarga o'rnak bo'lishdi. SHuningdek, Tailandning “Buriram Yunayted” klubi olib borayotgan ishlar to'g'risida iliq fikrlar bildirish mumkin. Biz har ikki jamoaning pul topishdagi siyosati hamda mablag'dan to'g'ri foydalanishayotgani haqida batafsil to'xtalib o'tmoqchimiz. Bu safar Osiyo klublarini o'z jamoalarimizga namuna sifatida keltiramiz.

2010 yil 21 fevral. SHu sanada Xitoy futbol associaciyasi “Guanchjou Farmasyutikelz” hamda “CHengdu Bleyds”ni superligadan tushirib yubordi. Ular kelishilgan o'yinlarda ishtirok etgani sababli shunday jazoga loyiq ko'rildi. Oradan 4 yil o'tmadi. Guanchjouliklar klublar o'rtasidagi jahon chempionati yarim finalida “Bavariya”ga qarshi final yo'llanmasi uchun maydonga tushdilar. Hayron qolarli holat, to'g'rimi? SHu qisqa muddat ichida “Guanchjou” o'ziga kelishga, kelganda ham Osiyodagi qolgan klublarga o'rnak bo'larli darajada qaytishni uddaladi. Buni qanday amalga oshirishgani to'g'risida atroflicha malumot beramiz.

Bir mavsumdan keyin superligaga qaytgan jamoani shaharda joylashgan “Evergrand Real Isteyt guruhi” sotib oldi. SHartnoma qiymati 15 million AQSH dollariga yaqin bo'lgan. Klubning yangi rahbari Ksyu Jiayin jahonning eng boy 200 insoni qatoridan joy olgandi. SHu bilan birga jamoa o'ta shov-shuvli transferlarni amalga oshirmadi. Faqat bir futbolchi va murabbiylar shtabini taklif qilishda klub xo'jayini maydalashib o'tirmadi. Jamoada to'planib qolgan 3 million dollar miqdorida qarzlar to'langach, xitoylik iqtidorli va tajribali futbolchilar klubga taklif etildi. “Atletiko Mineyro”dan Muriki 3,5 million dollar evaziga xarid qilindi. 2011 yil uchun jamoa byudjeti 70 million AQSH dollari miqdorida bo'lishini klub xo'jayini elon qildi. Transferlar uchun 15 millioncha pul ajratildi. Klub oldiga boshqa jamoalardan farqli o'laroq professional tarzda rivojlanish vazifasi qo'yildi. SHuncha pul ishlatayotgani bilan birga yildan-yilga “Evergrand” o'z harajatlarini ko'proq miqdorda qoplab borishi zarur edi. SHu taraflama guanchjouliklar Xitoydagi boshqa klublardan o'zib ketishdi. SHu bilan birga Xitoy terma jamoasida o'ynaydigan futbolchilarga o'rtacha 1, xorijliklarga esa 3-8 million dollar miqdorida maosh tayinlandi. Ko'pchilik pullar bilan muvaffaqiyatlarni sotib olib bo'lmasligi haqida gapirishga tushgandi. Biroq jamoa boshqaruviga Marchello Lippini taklif qilgan guanchjouliklar adashishmadi. Italiyalik murabbiy 1,5 yil vaqt ichida jamoaga 5ta sovrin yutishga yordam berdi, ayni paytda “Evergrand”ni butun jahonda bilishadi. Lippi mahalliy o'yinchilarning o'sishiga har taraflama hissa qo'shdi.

OCHLda g'alaba qozonishni bosh maqsad qilib qo'ygan “Evergrand” bu turnirdagi har bir g'alaba uchun 600, durang uchun 300 ming funt mukofot puli to'lashni yo'lga qo'ydi. Keyinchalik har bir bosqichda mukofot miqdori 600 ming funtga o'sib borishi belgilab qo'yildi. 2013 yilning o'zida mukofotlar uchun 20 million funt miqdorida pul ketdi. Lekin bu havoga uchmadi. Jamoa oldiga qo'yilgan maqsadni qisqa vaqt ichida uddaladi. Marchello Lippi mahalliy futbolchilarning imkoniyatlarini o'stirdi, ularga futbol o'ynashni o'rgatdi. Aks holda, faqat legionerlarning kuchi yordamida “Guanchjou” OCHLda muvaffaqiyatga erisha olmasdi. Murabbiylar shtabi va futbolchilarni taklif qilish borasida “Evergrand” Xitoydagi boshqa jamoalarga, shuningdek, CHempionlar ligasini yutish yo'lida katta pullar sarflagan, biroq bunga erishmagan jamoalarga o'rnak bo'ldi. Aytaylik, Saudiya Arabistoni, BAA yoki Qatar klublari ham o'tgan yillar mobaynida katta harajatlarga qo'l urishgan. Lekin muvozanat nuqtasini topish ularga nasib qilmagandi.

Pulni sarflash bilan birga “Guanchjou Evergrand” uni ishlab topishda katta faollik ko'rsatdi. Milliy chempionatda eng ko'p muxlislar tashrifiga ega bo'lgan guanchjouliklar muxlislar oqimini ko'paytirish maqsadida chiptalarni ancha arzon narxda belgilashgan. 15 uchrashuvda umumiy hisobda 600 mingdan ko'proq tomoshabin yiqqan “Evergrand” (o'rtacha har bir o'yinda 41 mingga yaqin) muxlislar tashrifidan 3 mln dollarcha ishladi. OCHL, klublar o'rtasidagi jahon chempionati va Xitoy superligasidan mukofot pullari 5 mln dollardan ko'proq bo'ldi. Osiyo CHempionlar ligasida esa o'yin kungi tushumlar miqdori jami 15 mln dollardan ortiqroq summani tashkil qildi. Umumiy hisobda guanchjouliklar 30 mln dollarcha mablag'ni o'zlari topishgani etiborga molik. Homiylik shartnomalaridan ham malum miqdorda pul hisob raqamiga kelib tushadi. Qolgan mablag' esa bosh homiy “Evergrand” kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Hozircha Xitoyda klublar taxminan 13 foiz daromadlarini o'yin kungi tushumlardan ishlab topishadi.

Guanchjou shahri klubi asosiy harajatlarni murabbiylar shtabi va futbolchilarning maoshiga sarflaydi. OCHLda g'olib chiqqan jamoani tuzish uchun transferlarga jami 45 mln dollarga yaqin sarflangan xolos. Aytish mumkinki, bu katta summa emas. 2011 yildan har bir mavsumga taqsimlasak, o'rtacha 15 mln dollarga to'g'ri keladi. Harajatlarning asosiy qismi Dario Konka hamda murabbiylar shtabi maoshini to'lash uchun ketadi. Konka mukofotlar bilan 10, Lippi esa 12 mln evro maosh oladi. Uning shtabidagi 10dan ortiq mutaxassis ham kamida 5 millionga ishlaydi. Demak, ularning o'ziga umumiy 30 mlnga yaqin mablag' sarflanadi.

Jamoa xo'jayini bir yillik byudjet miqdorini 85 million dollar atrofida deb elon qilgan. Yani, “Evergrand” kompaniyasi jamoa ishlab topgan pullardan tashqari yuqoridagi summaga etmagan mablag'ni topib beradi. Tan olish kerak, Xitoydagi futbol klubi uchun bir yilda 30 mln dollarga yaqin pul ishlab topish juda yaxshi ko'rsatkich. CHipta narxlarini oshira olmaslik, translyaciya va associaciyadan egallagan o'rni uchun katta mablag'ga ega bo'lmasdan turib, shunday natijaga erishish uchun katta mehnat talab qilinadi. Bundan avval Xitoyda bir qator jamoalar shunday o'sishga harakat qilishgan, biroq ular deyarli pul ishlab topishmagani sababli tez orada bosh homiylarning etibori susayib ketgandi. “Guanchjou” esa g'oliblik odimini yana davom ettirish ilinjida. Transferlarga sarflangan 45 million dollarning malum qismi futbolchilarni sotish orqali ham qoplangan. Aytaylik, shu yilning o'zida Lukas Barrios “Spartak”ka 7 mln dollarga pullandi. Oldingi mavsumlarda ham jamoa legionerlari sotib yuborilgan yoki boshqa klublarga ijaraga berilgandi. Zamonaviy futbolda faqat katta pulga ega bo'lish emas, balki uni o'rnida sarflash ham katta ahamiyatga ega. Buni “Guanchjou Evergrand” misolida ko'rib turibmiz. Marchello Lippi shogirdlari klublar o'rtasidagi jahon chempionatida Afrika CHempionlar ligasi g'olibi sanalgan “Al Ahli”ni osonlik bilan dog'da qoldirishdi. Bu esa jamoaning o'yin saviyasi ancha yaxshiligini isbotlaydi. Demak, jamoaga sarflangan pullar havoga uchmagan. Eng muhimi, jamoa oldiga aniq vazifa va maqsad qo'yilgan, unga qarab intilish o'z-o'zidan rivojlanishga olib keladi.

“Buriram Yunayted” esa biz u qadar mensimaydigan Tailand chempionati ishtirokchisi sanaladi. 2013 yil jamoa ichki musobaqalarda barcha sovrinlarga ega chiqdi, OCHLda chorak finalgacha etib bordi. Buriramliklarning nimchorak finalda “Bunyodkor”dan ustun kelganini muxlislar haligacha yaxshi eslashsa kerak. Nevin CHidchob prezidentlikni qo'lga olgach, Tailandda haqiqiy professional klub shakllantirishni istadi. Bu yo'lda dastlab jamoa stadioni qurib bitkazildi. Stadion xuddi Evropada maydonga yaqin joylashgan tribunalari bilan ishqibozlarga maqul keladi. Jamoa boshqaruviga yaqindagina ispaniyalik mutaxassis taklif etildi. Bu bilan CHidchob jamoani shakllantirib, o'zining orzusi hisoblangan OCHLni yutish sari yana bir muhim qadamni tashladi deyish mumkin. Vaqt o'tishi bilan Tailandning oddiygina klubi Osiyoda o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda. SHu yilning o'zida chempionat, Qirol Kubogi, FA Kubogi va “Toyota Liga” Kubogida g'olib chiqdi. Faqat OCHLda yarim finalgacha chiqish vazifasi bajarilmadi. Bunda ularga Eronning “Istiqlol” klubi to'sqinlik qildi. “Buriram” keyingi 3 yil ichida Osiyoda tengsiz jamoaga aylanishi mumkinligini tailandliklar etirof etishmoqda. Bunga jamoaning rivojlanish modeli sabab qilib ko'rsatilyapti. To'g'ri, buni uddalash oson bo'lmaydi, lekin klubni qitada grandlar safiga qo'shish jamoaga nasib etmoqda. SHaxsiy stadioniga ega bo'lgan “Buriram” homiylar bilan ishlash, o'yin kungi tushumlardan pul ishlab topish va merchandayzingdan Tailand futboli uchun yuqori sanalgan miqdorda mablag' topdi. Homiylardan 150, merchandayzingdan 120 va o'yin kungi tushumlardan 30 million baxt miqdorida pul ishlab topgan. Buni AQSH dollariga aylantirsak, deyarli 10 million dollar kelib chiqadi. SHuningdek, Tailand chempionligi va OCHLda chorak finalgacha etib kelgani uchun olingan mukofot pullari umumiy miqdorda 600 ming dollardan ortadi. Demak, deyarli 11 million miqdorida mablag'ni buriramliklar o'zlari ishlab topishni uddalashgan. Tarkibda yulduzlar yo'qligini hisobga olsak, “Yunayted” byudjetining kamida 50 foiz qismini o'zi jamg'argan. 11 million dollar katta miqdor. Oliy ligada ishtirok etayotgan etakchi klublarimizning bir yillik byudjeti shuncha raqamga etib bormaydi. SHu tufayli Tailand chempionati yoki klublarini mensimaydigan ishqibozlarimiz dastlab ushbu davlatda futbol jamoalari qanday ish olib borishayotganini tahlil qilib o'tishsa, yaxshi bo'lardi. “Buriram”ning uy o'yinlariga o'rtacha tashrif miqdori deyarli 19 ming nafarni tashkil qilyapti. O'tgan yilga nisbatan o'sish miqdori 23 foizdan iborat bo'ldi. Tailand chempionatining umumiy tashrifi esa 6095 nafar bo'lib turibdi. Bu esa bizdagi ko'rsatkichdan ancha yaxshiroq. Hozir bizda o'rtacha tashrif 19 ming bo'lishini tasavvur qilish ham qiyin. CHempionatimizda qatnashayotgan klublarning hech bo'lmaganda o'z byudjetlarining yarmini o'zlari ishlab topishganda bu bizni juda xursand etgan bo'lardi. CHunki jamoa o'zi pul ishlab topgan taqdirda uni aql bilan sarflashga harakat qiladi, behuda harajatlarni amalga oshirmaydi. Ehtimol, shunda “otkat”lar yo'qolib, klublar menejerlik uchun iqtidori bor shaxslarni tayinlashga chaqirisharmidi. Bizda jamoa rahbarlarini tayinlash odat tusiga kirgan. Ularning futbol yoki boshqaruvni, menejerlik bilimlarini tushunishi bilan hech kimning ishi yo'q. Kamida 10 klubning rahbari faqat pulni sarflashni biladi xolos. 3 qop pulni sarflashni har qanday layoqatsiz odam ham uddalay oladi. Hukumatimiz ajratayotgan mablag'lardan klublar unumli foydalanishmayotgani bizni o'yga toldiradi. Bu futbolimizdagi eng muammoli holatlardan biri hisoblanadi. Jamoalarda o'sish kuzatilmayotgani, infratuzilmani rivojlantirish uchun zarur ishlar qilinmayotgani tufayli zamonaviy futbol standartlaridan ancha vaqtga ortda qolib ketdik. Yangi stadionlar qurib bitirilganini bunga misol qilib bo'lmaydi. CHunki stadionlar ham bevosita hukumatning qo'llab-quvvatlashi ostida bunyod etildi. O'FF Prezidenti Mirabror Usmonov bu haqida hisobot-saylov konferenciyasida to'xtalib o'tgandi. Stadionlar qurilishi uchun hukumatimiz jami 500 million AQSH dollariga teng mablag' ajratgan. Bundan kelib chiqyaptiki, oxirgi yillarda klublarning o'zlari infratuzilma yoki klub boshqaruvini yaxshilash maqsadida foydali ishlarga deyarli qo'l urishmayapti. Eng afsuslanarli holat shunda.

“Buriram” misolni davom ettiradigan bo'lsak, bu klub Chang, Thai AirAsiab King Power, Coca-Cola, Samart I-Mobile, CP, Yamaha, Carabao Dang, Hello Bangkok, Euro Food, Bento singari yirik kompaniyalar bilan hamkorlik shartnomalariga ega. Tailandliklar hali milliy terma jamoa yoki chempionatning umumiy saviyasi borasida qitada etakchilar bilan bellasha olishmas, lekin professionallikka intilish, jamoani rivojlantirish maqsadida qilinayotgan ishlar bo'yicha o'zlaridan etakchi hisoblangan boshqa mamlakat jamoalaridan ilgarilab ketishmoqda. Bizda jamoalar o'zlarining alohida ajratilgan homiyga ega ekanliklari sababli oldinga intilishga unchalik harakat qilishmayapti. Transfer va o'yin kungi tushumlardan pul topish to'g'risida gapirmasayam bo'laveradi. Transferlardan so'nggi yillarda “Paxtakor” va “Bunyodkor” malum miqdorda pul ishlab topish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Boshqa klublar esa o'z tarbiyalanuvchilarini ham shartnoma muddati tugagach, boshqa klubga o'tishini jimgina kuzatib qolishga majbur bo'lishyapti. Bunday paytda shartnoma yakunlanishiga bir yil qolganda futbolchini malum summa evaziga sotib yuborish maqbul yo'l sanaladi. Buning sababi jamoa rahbarlarining futbol klubida ish yuritishni yaxshi bilmasligi, jamoaning ertasi uchun qayg'urmasligidan kelib chiqadi. Hech qanday reja va maqsadsiz jamoa boshqaruviga tayinlangan shaxsdan boshqa ishni kutish ham qiyin.


Behzod NAZAROV.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика