

MTJning Dubayda o'tkazilgan navbatdagi yig'ini yakunlandi. Ushbu yig'in yanvar oyida o'tkazayotganligi va asosan Superligada to'p tepadigan futbolchilar yig'inga jalb etilgani uchun omma e'tiboridan chetda qoldi. Kannavaro shogirdlari kuni kecha "Urartu"ga jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o'tkazishdi va 4:2 hisobida g'alaba qozondi. Bir necha kun avval esa Xitoy terma jamoasiga qarshi bahs 2:2 hisobi bilan yakunlangan edi. Ushbu yig'inning asosiy maqsadi terma jamoaga nomzod bo'lgan futbolchilarni sinovdan o'tkazib olish, shuning uchun ham Xitoyga qarshi o'yindagi natijani hech kim jiddiy qabul qilgani yo'q.
Tabiiyki, ushbu yig'inga jalb etilgan futbolchilarning deyarli 90% mundialga yo'l oladigan yakuniy tarkibdan joy olmaydi, shuning uchun ushbu yig'in Kannavaro "eksperimentlari" uchun eng mos davr. Yana bir muhim jihatni ta'kidlab o'tishimiz kerak, hozirgi kunda MTJda nafaqat futbolchilar tarkibi, balki murabbiylar shtabi va xodimlar ham tez-tez o'zgarib turibdi. Ushbu maqolaning chop etilish asosiy sababi va mavzusi ham aslida shu. Kannavaroning dastlabki yig'ini, yani oktyabr oyidagi FIFA kunlarida Kapadze hali murabbiylar shtabida edi va italiyalik hamkasbiga yangi muhitga ko'nikib olish va futbolchilar bilan tanishib olishda ko'maklashdi. Noyabr oyidagi FIFA kunlarida esa terma jamoa murabbiylar shtabiga o'sha vaqti "Bunyodkor"da faoliyat olib borayotgan tahlilchi Karlo Alberto Bertone yordam berdi. "Al Ain Cup" musobaqacidan oldin yana bir muhim o'zgarish ro'y berdi, aniqrog'i terma jamoaga doimiy ravishda oshpaz va nutriciolog biriktirildi. Hozirgi kunda uch nafar mutaxassis, yani ispaniyalik bosh oshpaz Adrian Xidalgo Gomez va ikki nafar nutriciolog(Alvaro Leo Romeo va yana bir mahalliy mutaxassis) MTJ a'zolarining to'g'ri ovqatlanishini nazorat qilishmoqda.

Yanvar oyidagi yig'in ham kadrlar almashinuvidan mustasno bo'lmadi. Bu safargi yig'inga Fabio Kannavaroning ukasi Paolo Kannavaro jalb etildi va terma jamoaning mashg'ulotlari aks etgan suratlarda ko'rinish berdi. Paolo Kannavaro ham akasi kabi markaziy himoyachi bo'lgan va 2006-2014 yillar oralig'ida "Napoli" sharafini himoya qilib, 236ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Paolo faoliyati davomida "Parma", "Verona" va "Sassuolo" klublarida to'p tepishga ulgurgan. 2017 so'ngida butsalarini mixga ilgan Paolo, hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan band. Paolo "Guanchjou Evergrand", "Bennevento" va "Udineze" klublarida faoliyat yuritishga muvofiq bo'lib, ushbu klublarda bosh murabbiylik qilgan akasi Fabioning assistenti bo'lgan. 2024 yilning iyun oyida esa Fabio Kannavaroning murabbiylar shtabini tark etib, faoliyatida ilk marotaba bosh murabbiy lavozimini egallaydi va S seriya ishtirokchisi hisoblangan "Pro Verchelli" klubini boshqaradi, ammo 29-noyabr sanasida mavsumni yomon natijalar bilan boshlagani tufayli tezda iste'foga chiqariladi.

2018 yilning iyul oyida Paolo Kannavaro, "Napoli" sobiq futbolchilari Pepe Reyna va Salvatore Aronika bilan birga Italiya mashhur va qudratli bo'lgan "Kamorra" mafiyasida yuqori lavozimlarni egallashi bilan mashhur bo'lgan Espozito aka-ukalar bilan bo'lgan aloqalari yuzasidan Italiya futbol federatsiyasi tomonidan maxsus tinglovga chaqiriladi.

Endi asosiy mavzuga qaytsak, Fabio Kannavaro terma jamoaga bosh murabbiyi lavozimiga kelgandan buyon bir nechta mutaxassislarni terma jamoaga jalb etdi va yangiliklar qilishda davom etmoqda. Shuningdek, Fabio Kannavaro terma jamoa sobiq murabbiyi Srechko Katanets bilan aloqada bo'lib turibdi va JCHga qadar o'zaro uchrashib olishga kelishishgan. Kannavaro tarkib masalasida Katanetsning fikrlariga qiziqish bildirgan. Hozirgi vaqtda Kannavaro shtabidan joy olgan murabbiylar va doimiy ravishda terma jamoada faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan tanishib olsak:
Dilshod Hakimov - xavfsizlik bo'yicha mutaxassis
Hasan Pirmuhammedov - fotograf
Franchesko Troice - yordamchi murabbiy
Paolo Kannavaro - Fabio Kannavaroning ukasi va murabbiy
Jamoliddin Solihov - tahlilchi
Shukurillo Ashirov - mamur
Sarvar Tadjiev - mamur
Shohruz Xo'jaev - jamoa menejeri
Martin Magistr - murabbiy
Eudjenio Albarella - jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy
Antonio Kimenti - darvozabonlar murabbiyi
Ahmadjon Hasanov - fizioterapevt
Gurgen Israelyan - fizioterapevt
Islombek Usmonov - fizioterapevt
Alisher Aripov - shifokor
Davron Ahmedov - tarjimon
Kamoliddin Abdullaev - media vakili




