Eshitdik-da: Nasafda bayram kayfiyatidan asar ham yo'q - Maoshlar, mukofot pullari va medallar ham topshirilmagan

Narzulla Saydullayev
29 dek 2020, 14:29
Joriy mavsum Superligadagi eng yosh jamoa bo'lgan Nasaf musobaqaning kumush medallarini qo'lga kiritdi.

Jamoa o'z oldiga qo'yilgan vazifani a'lo tarzda uddalaganiga qaramasdan, rahbariyat tarafdan munosib taqdirlinmagan. championat.asia ma'lumotiga ko'ra, jamoa a'zolariga klub 3 oylik maosh, 7ta g'alabali o'yindagi mukofot pullari va kumush medalni qo'lga kiritgani uchun hech qanday bonuslar berilmagan. Yani klub ayni paytda futbolchilar 3 oylik maosh, 7ta mukofot pullari va bajarilgan vazifa uchun vada qilingan qo'shimcha bonuslarni olmagan.

Ustiga-ustak Nasaf PFL tayyorlab qo'ygan kumush medallarini ham olib ketmagan va yangi yil oldidan taqdirlash marosimi ham o'tkazgani yo'q.

Bu haqda Nasaf futbolchilari ham saytimizga ma'lum qilishdi.

Jamoa futbolchilari va boshqalar rahbariyat tomonidan bunday e'tiborsizlikdan juda ranjishgan. Ular o'zlarini kumush medallarini qo'lga kiritgandek emas, balki quyi ligaga tushib ketgan jamoadek his etishmoqda.

Nasaf rahbariyati esa qator qo'ng'iroqlarni javobsiz qoldirmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev yil avvalida Nasaf jamoasi bilan uchrashgan va klub oldiga sovrinli o'rinlarni egallashni vazifa qilib qo'ygandi. Mavsum o'rtasida esa klub bilan uchrashib, barcha sharoitlar yaratilishi va kelasi mavsum uchun shartnomasi tugayotgan futbolchilar bilan shartnoma uzaytirish masalasi hal etilishi, klubning moliyaviy ahvoli yaxshilanishini ma'lum qilgandi.

Ayni paytga qadar Nasaf hech bir futbolchi bilan shartnomani uzaytirmagan va aksincha, qarzdorliklar ham uzilmagan. Zoyir Mirzaev faqatgina Nasafni kumush medallarini qo'lga kiritgani bilan tabriklash bilan kifoyalandi.

Hozirgi kunda Nasafning ko'plab futbolchilari mavjud sharoitdan norozi va ketish kayfiyatida.

Nasaf bosh menederi Sergey Kucherenko esa bizdagi ma'lumotlarga ko'ra o'z yurtiga jo'nab ketgan va futbolchilarga vada qilingan pullarni to'lanishini taminlay olganicha yo'q.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia