So’nggi yangiliklar

11:38Футзал бўйича Осиё кубоги. Ўзбекистон - Вьетнам 2:1  0 11:15ФАКТ. Ўзбекистон футзал терма жамоаси кетма-кет бешинчи Осиё кубогида ярим финалга чиқди  6 10:54Аллегри «Ювентус»да қолса, туринликлар етакчиси ёзда жамоани тарк этади  2 10:25«Барселона» вице-президенти Хавининг келажаги борасида расмий баёнот берди  11 10:06Хосе Венансио Лопес: «Эрон билан ўйинга тайёргарлик кўрмадик»  6 09:47Фалакнинг гардиши (Бекзод Толибов блоги)  5 09:22«Челси» Почеттинонинг ўрнига бош мураббий топди  5 08:57«Атлетик» афсонаси Икер Муниаин ёзда жамоадан кетишини маълум қилди  5 08:34Фернандо Торрес қайси жамоани бошқариши маълум  5 08:10«Барселона» «Манчестер Сити» етакчиларидан бирини 50 миллион еврога сотиб олиши мумкин  5 07:44Клопп кечаги мағлубиятдан сўнг чемпионлик имкониятлари ҳақида гапирди  13 07:20Лига 1. "Монако" - "Лилль" 1:0  1 07:15Лига 1. "Лорьян" - ПСЖ 1:4  1 07:10АПЛ. "Манчестер Юнайтед" - "Шеффилд" 4:2  1 07:05АПЛ. "Эвертон" - "Ливерпуль" 2:0  0

Endros Taunsend - APL startining kutilmagan yulduzi. Akasidan ajrab qoldi, qimorbozlikni engdi va Benites murabbiyligida o'zini kashf qildi Yangiliklar

Endros Taunsend - APL startining kutilmagan yulduzi. Akasidan ajrab qoldi, qimorbozlikni engdi va Benites murabbiyligida o'zini kashf qildi

Teglar :  Endros Taunsend
"Manchester Yunayted"ga qarshi bahsda kiritgan golini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlagan futbolchining hayot zarvaraqlari haqida hikoya qilinadi.

"Everton" bilan shartnoma imzolaganimda, muxlislar bunday ambiciyaga ega bo'lgan klub qanday qilib meni "Kristal Pelas"dan erkin agent sifatida qo'shib olishganini tushunishmagandi", - dedi Endros Taunsend avgust oyida The Guardian nashriga bergan intervyusida. - Ko'pchilik bu darajaga ko'tarilishimga shubha bilan qarashdi. Lekin hozirda oldingidan ko'ra o'yinga chanqoqman. Men odamlar xato fikrlaganini isbotlamoqchiman. Bu narsa erta tongdan o'rindan turishga majbur qiladi".

Oktyabr oyida Endros Demarey Grey va Dominik Kalvert-Levin bilan birgalikda "Everton"ning eng yaxshi to'purari bo'ldi, APLda oyning eng yaxshi gol muallifi Ronaldu uslubida Krishtianuning ko'z o'ngida nishonladi.

"Everton"ga tashrif buyurish unga oson bo'lmagan. Taunsend 25 ta murabbiy bilan ishlagan.

Taunsend har doim avtohalokatda vafot etgan akasidan ibrat olishga harakat qilgan (ular "Tottenxem"da birga o'ynashni xohlashardi). Endros fojianing 10 yilligida evrokuboklardagi dastlabki golini urdi

Taunsend istedodli bola bo'lgan. Bolaligidan u akasi Kertis singari otasining sevimli jamoasi — "Tottenxem"da to'p surishga intilgan.

7 yoshida Endros "Tottenxem" akademiyasiga o'qishga kirdi. Undan sakkiz yosh katta bo'lgan Kertis "Uimbldon" akademiyasida o'ynagan. Hammasi ko'ngildagidek edi. Ularning otasi bolalarining mashg'ulotiga tashrif buyurardi, ular bir vaqtning o'zida futbol ichidada o's0ib ulg'ayishdi. 2001 yil 15 dekabrgacha Kertis baxtsiz hodisaga uchradi.

U do'stlari bilan birga otasi murabbiylik qilayotgan havaskor "CHesxanta" uchrashuviga bordi. Yigitlar o'yinga biroz kechikishdi, jamoada atigi 10 o'yinchi qolgandi. Hamma Kertisni do'stlari bilan birga kutardi, lekin ular etib kelolmadi.

Yigitlar avtohalokatga uchradi. Kertisning do'stlari tirik qolishdi, u esa yorug' olam bilan vidolashdi.

Oradan roppa-rosa 10 yil o'tib, Endros Taunsend "Tottenxem" safida o'zining evrokuboklardagi dastlabki golini kiritdi - u Evropa ligasida "SHemrok Rovers" darvozasini ishg'ol qildi.

"Bugun Kertis vafot etganiga 10 yil to'ldi", - dedi Endros o'yindan keyin Daily Mail nashriga. - Men uni hech qachon unutmayman. Umid qilamanki, osmondan kuzatib turadi va tabassum qiladi".

Bu Taunsendning "Tottenxem" safidagi birinchi goli emasdi (u Angliya kubogida "CHarlton" darvozasini ishg'ol qilgan). Lekin bu ham Endrosga chempionatda klubning asosiy tarkibiga kira olishiga yordam berolmadi. Taunsend 2011/12 yilgi mavsumda maydonga tushmagan. U mavsumning ikkinchi yarmini CHempionshipda "Birmingem" va "Lids"da ijarada o'tkazdi.

Endros besh yil ijarama-ijara yurdi. 17 dan 22 yoshgacha u butun Angliyani kezib chiqdi: "Yovil Taun", "Leyton Orient", "MK Dons", "Ipsvich", "Uotford", "Miluoll", "Lids", "Birmingem", "KPR".

"Bu yoshda sen hayot haqida tushunchaga ega bo'lib, chin erkak bo'lishing kerak, lekin men besh yilni mehmonxonalarda, avtobuslarda o'tkazdim", deydi Taunsend. - Ha, jamoa sheriklarim bor edi. Ammo biz bir-birimizni tanishga ulgurmasdik. Hayot yolg'izlik va zerikishdan iborat edi.

"Ipsvich"da o'ynab yurgan kezlarida Roy Kin Endrosga: "Sen butun hafta davomida mashg'ulotlarda yaxshi harakat qilasan. Ammo o'yinda — mutlaqo teskarisi", deydi.

Taunsend Premer-ligada "Tottenxem" safidagi startidan so'ng terma jamoada chaqiruv olgan. Xojson uni etakchilardan biri deb hisobladi, maymun haqidagi latifaning ahamiyatini takidladi va jahon chempionatini kutdi (jarohat tufayli o'tkazib mundialga bormadi)

2012/13 yilgi mavsumda Taunsend nihoyat "Tottenxem" tarkibidan o'rin egalladi. 21 yoshli futbolchi Aaron Lennon o'rniga "Reding", KPR va "Aston Villa" bilan o'tkazilgan g'alabali uchrashuvlar so'ngida uch daqiqaga maydonga tushirildi. Albatta, Endros bundan unchalik mamnun emasdi.

Taunsendning baxtiga Garri Rednapp Premer-liganing asosiy autsayderi hisoblangan KPRning yangi murabbiyi etib tayinlandi. Iyun oyida u "Tottenxem"dan ishdan bo'shatildi va noyabr oyida unga oltinchi London jamoasi ishonib topshirildi. Garri Taunsendni jamoasiga taklif qildi.

KPRni qutqarishning iloji yo'q edi, lekin Taunsend nihoyat APLda o'z mahoratini namoyish etish imkoniyatini qo'lga kiritdi. Natija ko'ngildagidek chiqdi: 12 uchrashuvda gol+pas tizimida 2+2. Vinger jamoaning 10 ta golidan 4 tasida ishtirok etdi va "Sanderlend"ga qarshi o'yinda jamoasi joniga oro kirdi. KPR qisqa vaqt ichida 19-o'ringa ko'tarildi.

"Tottenxem"ning yangi ustozi Andre Villash-Boash yosh inglizning imkoniyatlarini fahmladi. Portugaliyalik mutaxassis uning KPRdagi o'yinlarini kuzatdi va "shporlar"da imkoniyat berishga qaror qildi. 

2013/14 yilgi mavsum Taunsendning birinchi haqiqiy yorqin qismiga aylandi. "Tottenxem" Beylni 9 marta jarima zarbasidan mahrum qildi. Portugaliyalik murabbiy Endrosga ishonch bildirdi - urinishlar ko'p bo'lgani sababli Taunsend har doim eng ko'zga ko'ringan va faollardan biri edi, lekin samaradorlik qo'rqinchli edi:

SHunga qaramay, Taunsend Premer-liga o'yinida asosiy tarkibda birinchi marta paydo bo'lganidan keyin Angliya terma jamoasiga chaqirildi. Hatto "Tottenxem" bosh murabbiyi ham buni kutmagandi.

"Taunsendning termaga chaqiruvi meni hayron qoldirdi", dedi Villash-Boash. - Roy Xojson men bilan hech qanday aloqada bo'lmagan. Men Taunsendga qo'ng'iroq qilishdan oldin u bilan bu borada o'z fikrlarimni bo'lishishni maqul ko'rardim. Agar Endros terma jamoada o'z o'rnini topa olsa, bu uning uchun katta qadam bo'ladi".

Villash-Boashning xavotirlari bor edi. "SHporlar"ning bir nechta o'yinchisi avvalroq terma jamoaga chaqirilgan, ammo bu ularning karerasiga yordam bermagandi.

"Umid qilamanki, Jeyk Livermor, Tom Xaddlstoun va Stiven Kolker bilan o'tgan yilgi vaziyat takrorlanmaydi", - davom etdi portugaliyalik mutaxassis. "Ularni terma jamoaga chaqirishdi, lekin u erda o'z o'rnini topa olmadi va klubdagi karerasi pasaya boshladi".

Ammo amalda buning aksi bo'ldi. Terma jamoada Taunsend darhol etiborga sazovor bo'ldi. U CHernogoriyaga qarshi debyut uchrashuvida gol urdi (4:1) va terma jamoadagi ikkinchi o'yindan keyin jamoa uchun muhimligini isbotlagan kulgili epizod qahramoniga aylandi.

Polshaga qarshi bahsda Xojson shogirdlari birinchi bo'lim so'ngigacha 1:0 hisobida oldinda borayotgandi, ammo murabbiy bundan mamnun emasdi. Tanaffusda u futbolchilarni (ayniqsa, o'sha o'yinda o'ng qanot himoyasida o'ynagan Kris Smollingni) Taunsendga tez-tez pas berishga undadi. Xojson Endrosni maymunga qiyoslagan latifa aytib berdi:

"Bortida maymunlar bo'lgan kosmik kemalarni bir necha marta uchirgandan so'ng, NASA nihoyat insonni orbitaga yuborishga qaror qildi. Biroq kosmonavt yolg'iz uchmagan. Maymun u bilan kosmosga chiqdi. Kosmik kema uchirilgandan bir necha daqiqa o'tgach, NASAdan birinchi buyruq radio orqali keldi:

- Maymun, tormoz raketalarini yoq.

Bir necha daqiqadan so'ng ikkinchi buyruq eshitildi: "Maymun, yonilg'i taminotini tekshir".

Yana bir necha daqiqadan so'ng uchinchi buyruq yangraydi: "Maymun, inson hayotini taminlash tizimining ishlash qobiliyatini tekshir".

Bu munosabatidan xafa bo'lgan kosmonavt NASA bilan bog'landi: "Unda men nima qilishim kerak?"

NASA darhol javob berdi: "Maymunni 15 daqiqada ovqatlantir".

Keyin u qo'shimcha qildi: Taunsendga ovqat beringlar.

O'sha paytda Taunsend haqiqatan ham Xojsonning zerikarli jamoasining deyarli eng qiziq o'yinchisi bo'lib tuyulgandi. Klubda ham hammasi yaxshi ketayotgan edi. Endros shartnoma muddatini to'rt yilga uzaytirildi, hatto Ueyn Runidan ham maqtovlar eshitdi. Jamoadoshi Yan Vertongen Taunsend yangi Beylga aylanishi kerakligini aytdi. Ammo bir necha oydan keyin barchasi chilparchin bo'ldi.

Villash-Boash dekabrda "Liverpul"dan 0:5 hisobida qaqshatqich mag'lubiyatni qabul qilib olgach, ishdan bo'shatildi hamda Endros kompaniyaning ikkinchi yarmida tarkibdan chiqib ketdi, u uzoq vaqt jarohatidan tiklandi va yangi murabbiy uslubiga moslasha boshladi. Boashning o'rniga kelgan Tim SHervud Taunsendni oshkora qo'llab-quvvatladi.

"Endros o'zini dunyoning eng yaxshi o'yinchisi bo'lishga tayyorlamoqda", dedi SHervud. - Uning xarakteri shunday. U yana maksimal darajaga ko'tarilishi kerak. Ishonchim komilki, tez orada u nimalarga qodirligini guvohi bo'lasiz. Men Taunsendni yoshligidan beri bilaman, u yaxshi yigit va o'z imkoniyatini namoyon qila oladi".

Taunsend terma jamoa bilan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rdi, lekin aprel oyining oxirida to'pig'idan jarohat oldi. Operaciya tufayli u Braziliya safaridan quruq qoldi.

Ammo "Tottenxem" unga ishonardi: "shporlar" "Sautgempton"ga 12 million funtga sotishdan bosh tortishdi va uni yulduz darajasiga olib chiqmoqchi edi.

Keyinchalik, "The Players Tribune" gazetasining ustunida Taunsend bu maqtovlarni adolatsiz deb atadi:

"G'alati hodisa. Agar ko'chada birovdan Endros Taunsend haqida so'rasangiz, ehtimol, "Ha, u bir paytlar juda yaxshi edi" deya javob qaytarishi mumkin. Meni shunday eslaganlarida odamlar 2013/14 yilgi mavsumdagi o'yinlarimni gapirashi mumkin. Ammo eslaysizmi, o'sha vaqtlarda nechta gol urganman? Bitta. Nechta golli uzatma amalga oshirganman? Nol. Ha, albatta, yorqin o'yin namoysh eta oldim, lekin o'zim o'ylaganim kabi mukammal emasdim. Taqqoslash uchun o'tgan mavsum "Pelas"da (2018/19) 6 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifiga aylandim.

Kelasi mavsumda Maurisio Pochettino "Tottenxem"ga kelib, Taunsendni zaxira o'rindig'iga "mixladi". 

"Balki kimdir meni Pochettino bilan bir-birini yomon ko'radi deb o'ylaydi, - dedi Andros The Athletic nashriga, - lekin unday emas. Men undan doim minnatdor bo'lganman. SHunchaki, uning maslahatiga quloq solishga yoshlik qildim.

U bilan o'tgan birinchi mavsumda qiynaldim. Ruhiy va jismoniy tayyorgarlikdagi muammolar hamda jarohatlar bor edi. Ilgari "Tottenxem"ning eng muhim o'yinchilaridan biri bo'lgan bo'lsam, endilikda tarkibdan o'rin egallash uchun kurashardim. Har hafta Pochettino kabinetida bo'lardim. Avvalgi holatimga qaytish uchun ancha vaqt ketdi. 

Men undan g'azablandim va ranjidim. Aslida biz yaxshi munosabatda edik. Lekin menga jamoani o'zgartirish vaqti kelgandi".

Garchi 2015 yilda Taunsend klub majbur qilmaguncha hech qaerga ketishni xohlamasligini aytgan bo'lsa-da, uning "Tottenxem"dagi sayohati yil oxirida yakunlandi. Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha masul murabbiyi bilan janjallashgandan so'ng, u avval mashg'ulotlardan chetlatildi, so'ngra "Nyukasl"ga sotib yuborildi.

Taunsend ko'p yillar mobaynida qimorga qaramlikdan aziyat chekdi

2015 yilda Taunsendda Pochettinoga nisbatan g'azab va jamoani o'zgartirish istagidan ko'ra ko'proq muammolar bor edi.

Futbolchi bir necha yillardan buyon qimorbozlikdan aziyat chekardi

2012 yilda "Birmingem"da to'p surardi. Bu to'rt yil ichida sakkizinchi ijara klubi edi (faqat bir yildan so'ng u KPRga borib qo'shiladi), Taunsend zerikdi va azoblandi. Umrida birinchi marta pul tikdi. U bukmeykerlik reklamasini televizorda ko'radi, ilovasini yuklab oladi, ammo o'ziga pul tikmadi. Faqat ko'ngilxushlik uchun regbi yoki ot poygasiga garov qo'yardi.

"Men narkotik qabul qilmayman. Umrim davomida tungi klubda bo'lganimga shubha qilaman. SHunday qilib, telefonimdagi ekran klaviaturasini bir marta bosish orqali 46 ming funt boy berdim", - deydi futbolchi. - Men, ehtimol, tarixda Blekpuldagi yotoqda yotib, 46000 funtni yo'qotgan yagona odamman. Keyin "Birmingem" uchun o'ynadim. Bu mavsumning eng muhim o'yini — CHempionship pley-offining yarim finalidan oldingi kecha edi. Men o'z o'rnimga yotdim va dam olishga harakat qildim. Ammo uxlay olmadim va yana pul tikdim".

O'shanda Taunsendning maoshi haftasiga 3 ming funtga yaqin edi.

"Bu haqiqiy tubanlik edi", deydi Endros. - SHundan so'ng, siz butunlay vayronagarchilikni his qilasiz. Siz futbolga, o'zingiz yoqtirgan narsaga etibor qaratishingiz kerak, o'sha lahzadagi miyamda aylanayotgan yagona fikr "Qanday qilib pulimni qaytarib olsam bo'ladi?" degan o'y edi".

Oradan bir yil o'tgach, 2013 yilda Taunsend Angliya yoshlar jamoasiga pul tikish paytida qo'lga olindi. Keyinchalik u deyarli bir yilga futboldan chetlatildi. Ammo aybini tan olinganidan keyin ushbu muddat to'rt oyga qisqartirildi va futbolchi 18 ming funt jarimaga tortildi. 

"Ha, men xato qilganimni angladim, lekin men psixologga borishni majburiy davolanish deb bilardim", - dedi u Sky Sports nashriga. - Hozirda tushundib etdimki, bunday vaziyatda faqat odamlar bilan muloqot qilish kerak. Psixologga borish shart emas, yaqinlar, ota-ona yoki qiz do'st bilan suhbatlashish mumkin. Sizni nima bezovta qilayotganini ularga bayon qiling".

2013 yilda Endros tobelikning eng yuqori bosqichini boshdan kechirdi, biroq yana pul tikish istagi uzoq vaqt davomida uni tark etmadi.

"Agar 10 soat vaqtingizni pul tikishga sarflasangiz, bu vaqtni qisqartirish uchun boshqa yumushlarga chalg'ishingiz kerak", dedi Taunsend. - Masalan, fifa simulyatorini o'ynashingiz, yangi sevimli mashg'ulot topishingiz, til o'rganishingiz mumkin. Men deyarli hamma narsani sinab ko'rdim. Garchi bu aql bovar qilmas tuyulsa-da, Pokemon Go (o'yin 2016 yilning yozida chiqqan) kabi narsalar menga ancha asqotdi".

"Men onam haqiqiy tili hisoblangan yunon tilini o'rgandim", dedi Taunsend "Everton" rasmiy saytiga bergan intervyusida. - SHuningdek, yarim yil davomida Pokemon Go o'ynadim. Soatlab London bog'larini sayr qildim. Agar sizda bolalar bo'lsa va ularga g'amxo'rlik qilsangiz, bu jarayon osonroq kechadi. Lekin ishonchim komilki, menda hatto 30-45 daqiqa ham bo'sh vaqt mavjud emas. Agar bolalar uxlab yotgan bo'lsa va xotinim nima bilandir mashg'ul bo'lsa, men pleysteyshen Formula-1 o'ynayman".

Faqat "Nyukasl"dagi 2019 yilgi hamda "Kristal Pelas"dagi uch mavsumdan so'ng, Taunsend bu qaramlik haqida ochiqchasiga gapira boshladi, asta-sekin undan qutuldi va yaxshi tomonga o'zgara boshladi.

"Yoshligimda men faqat o'zim haqida o'ylardim va juda xudbin edim", - dedi u. - Men yuzaga kelgan muammolarga odamlar qanday munosabatda bo'lishini ko'rdim va nafaqat o'zimga, balki boshqalarga ham yordam berishim kerakligini tushundim. Menga sobiq jamoadoshlarim, yosh yigitlar va umuman ko'p odamlar qo'ng'iroq qilishdi. Ular maslahat yoki yordam so'rashdi".

Taunsend "Kristal Pelas"ga qayta tug'ildi. Zerikarli, lekin mehnatkash va universal bo'lib qaytdi

Taunsendning jamoadagi roli o'zgardi. U, albatta, yulduz emasdi (garchi u 2018/19 yilgi mavsumning eng yaxshi golini urgan bo'lsa ham), eng yaxshi to'purar yoki assistent emas, balki murabbiy g'oyalarini singdiruvchi mehnatsevar futbolchiga aylandi. Taunsend Aaron Van-Bissakening "Kristal Pelas" tarkibida moslashishiga yordam bergan va "Manchester Yunayted"ga 50 million funtga sotilishidan oldin undan maslahatlarini ayamagan.

"Tottenxem"dagi shov-shuvli, ammo bir lahzalik chaqnashdan so'ng Taunsend "Kristal Pelas"da zerikarli barqarorlikni topdi (u bu iborani o'zini tasvirlash uchun ishlatgan).

Taunsend vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlarda samarali harakat qilardi, lekin u raqib futbolchilarini to'xtatib qoladigan mehnatkash futbolchi sifatida ajralib turardi.

Bu ikki baravar ajablanarli, chunki Taunsend karerasining dastlabki bosqichida umuman himoyada harakat qilmagan (uning Pochettino qo'l ostida o'zini ko'rsata olmasligining sabablaridan biri). Sem Ellardays va Roy Xojson maktabi uni bu borada juda ko'p narsalarga undadi. "Faoliyatimda ilk marotaba mudofaa ishlariga katta hissa qo'shmoqdaman, jamoaga yordam berishdan zavqlanaman. O'ylaymanki, hech qachon bunchalik ajoyib va foydali o'yin namoyish etgan emasman", - deydi Taunsend 2017 yilda.

O'shandan beri u mudofaa mashinasiga aylandi. O'tgan mavsumda pressing bo'yicha qanot himoyachilari orasida ikkinchi bo'ldi:

30 yoshida yuqori darajaga chiqish kamdan-kam uchraydigan holat hisoblanadi.

2020/21 yilgi mavsumda u Premer-liganing 34 o'yinida 1+5 ko'rsatkich qayd etdi. Taunsendni yaxshi ko'rgan Roy Xojson "Kristal Pelas"ni tark etdi va Endrosga yangi shartnoma taklif qilinmadi. U boshqa ligalardan takliflar oldi, lekin oxirigacha qoldirildi.

Taunsend Benites tufayli "Everton"da paydo bo'ldi. Ular bir-birlarini anchadan beri bilishadi ("Nyukasl"da qisqa vaqt yo'llari kesishgan) va yaxshi munosabatda edi

Taunsend va Rafa Benitesning yo'li 2016 yilda "Nyukasl"da tutashgandi.

"Men sening kimligingni, jamoaga nima bera olishing mumkinligini bilaman, jarohating borligini tushunaman va shoshmayman", dedi Benites vingerga. "Sen to'liq tayyor bo'lgach, jamoaga qaytasan".

Taunsendga ham yangi murabbiy darhol yoqdi. U ispaniyalik murabbiyni avvalgi muvaffaqiyatli ishlari uchun juda hurmat qilgan.

"Men uni doimo tinglardim", - dedi Taunsend The Athletic nashriga bergan intervyusida. - Benites "Real", "Liverpul", "CHelsi"dagi tarixini aytib berardi, men esa o'tirib, uni diqqat bilan tingladim. Biz yaxshi munosabatda edik, shaxsiy suhbatda u 40 daqiqa davomida hayot va karera haqida gapira olardi. U men uchun o'zgacha nufuzga ega. "Nyukasl"ga tashrif buyurishidan bir necha oy oldin u Krishtianu Ronalduni shug'ullantirgan! SHu bois men unga quloq tutardim".

Ispaniyalik mutaxassis hatto 2017 yilning yanvar oyida Endros bilan yana shartnoma imzolashga harakat qildi. Sky Sports xabariga ko'ra, hammasi kelishilgan edi, lekin so'nggi lahzalarda "Nyukasl" xo'jayini Mayk Eshlining o'jarligi tufayli bitim buzildi.

Benites ham, Taunsend ham birgalikda ishlash uchun yangi imkoniyatni kutishdi. 2021 yilning yozida Endros "Everton"dan taklif kutgan edi.

"Rafa "Everton"ga tayinlanishi bilan nimadir yuz berishini his qildik", - deydi Taunsendning otasi. - Rafa Endrosning imkoniyatlari va kuchli tomonlarini biladi. Ular o'rtasidagi munosabatlar ajoyib".

"Men Taunsendni "Nyukasl"da birga ishlagandan beri bilaman. U men yaxshi biladigan muhim fazilatlarga ega. Transferdan oldin uning o'tgan mavsumdagi fitnes malumotlarini tekshirishim kerak edi. Ular uning ishlash layoqati bo'yicha APLda eng yaxshilaridan biri bo'lib qolayotganini tasdiqlashdi", - dedi Rafa.

"Rafa tajribali murabbiy. U ulkan taktik ishlarni amalga oshiradi, hatto eng kichik detallarga ham etibor beradi. Eng muhimi, u ajoyib inson va futbolchilar bilan yaxshi aloqada. U har bir qaror va munosabatni tushuntiradi".

Amalda, murabbiy va o'yinchi o'rtasidagi tushunchalar quyidagi kartinani namoyon qiladi:

• Rafa Taunsendning himoyaviy fazilatlari va mehnatkashligidan foydalanadi, lekin uni faqatgina tayanch zonasida o'ynashga majburlamaydi, bu unga qarshi hujumlarda yuqoridan boshlashga imkon beradi;

• Hujum tashkillashtirishda Taunsendning asosiy vazifasi - maydon bo'ylab bo'sh zonalar hamda Dominik Kalvert-Levinga imkoniyat yaratish;

• Rafa Endrosni faqat bitta vazifa bilan cheklamaydi - vinger himoyachilar orqasida va jarima maydonchasida paydo bo'lishi mumkin (agar hujum raqib qanoti orqali bo'lsa).

Taunsend endi faoliyatigi eng yaxshi kombinacion vaziyatlarda - Robbenga o'xshash harakatlar bilan qanotlarda, to'psiz va tezkor hujumlarda qatnashmoqda. Rafa futbolchiga ishonch bildirmoqda.

Benites jamoasi 4-4-2 sxemasida zichlashgan va markazlashgan holda himoyalanadi. Vingerlar tirishqoqlik bilan harakat qilishlari kerak, lekin aynan o'rta liniyadagi futbolchilar bilan bir safda (Taunsend o'ngda):

Qarshi hujum vaqtida esa vingerlar tezkor reakciya bildirishlari kerak bo'ladi - Benites bunday usulga alohida etibor beradi.

Rafa o'z uslubi uchun bu poziciyaga qo'yiladigan talablarni (va uning ahamiyatini) juda yaxshi his qiladi, shu sababli bu vazifani ijro etish uchun yozda futbolchilarni o'zi tanlab oldi. "Everton" nafaqat Taunsend, balki Demeray Grey bilan ham shartnoma imzoladi.

Taunsend hujum vaqtida o'ng qanotda bo'sh zonalar yaratish uchun javobgar hisoblanadi. Uning vazifasi - Kalvert-Levinga imkoniyat yaratish.

Taunsend EvertonTVga bergan intervyusida qanday qilib o'ng oyog'ini uzatmalar amalga oshirishga o'rgatganini aytib o'tdi: "So'nggi yillarda zaif oyog'im ustida juda ko'p ishladim. Bizda kuchli hujumchi bor, mening vazifam - u uchun jarima maydonchasiga to'p etkazib berish".

"Manchester Yunayted"ga qarshi o'yinda Taunsend qarshi hujum natijasida gol urdi va uni Krishtianu Ronaldu uslubida nishonladi. Ammo bu provokaciya emasdi. Malum bo'lishicha, Endros shunchaki portugaliyalik yulduzning muxlisi edi.

"Bu erda hech qanday hurmatsizlik yo'q. Ronaldu - mening kumirim. Uning o'yinlarini kuzatib katta bo'ldim. Mashg'ulotlar davomida uning harakatlarini takrorlashga harakat qildim. Uning golini nishonlashini o'rganish uchun ko'p vaqt kerak bo'ldi. Menimcha bu holat Krishtianuga hurmatim katta ekanligini isbotlasa kerak", - dedi Taunsend.

Endilikda Taunsend nafaqat zerikarli mehnatkash, balki yoshlar tarbiyachisi hisoblanadi. Endi u o'z mahoratini namoyish etgan holda klubining kuchli beshlikka kirishi uchun yordam beradi.

Ammo Taunsend shu bilan cheklanib qolmaydi. Hali ham uning tinim bilmasligining aniq bo'lmagan sababi bor. Futbolchi totalizatorga qaytmasligi uchun, albatta, band bo'lishi kerak. Yozda Taunsend ITVda Evro-2020 o'yinlarini sharhladi, shuningdek, B murabbiylik licenziyasini qo'lga kiritdi hamda kelasi yili yana o'qishni maqsad qilgan.

"Men imkon qadar ko'proq murabbiylik kurslarini o'tkazmoqchiman va nafaqaga chiqqach, nima yumush bilan band bo'lishim haqida ko'p o'ylamaslik uchun ommaviy axborot vositalarida ishlashni xohlayman", - dedi u "Everton" rasmiy saytiga bergan intervyusida. "Agar menda tanaffus bo'lsa, yana qimor o'yinlariga mukkasidan ketishim mumkin".


Oqil Abdubarnoev tarjimasi

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика